Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Prezident muammoli mahallada bo'lib, aholining dardini eshitdi

5089 February 19, 2021 Print Download (PDF 26 Kb)


Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-fevral kuni Namangan shahrining Bunyodkor mahallasini borib ko'rdi.


Bu yerdagi ahvol mahalla nomiga zid. Ichimlik suvi yo'q, ichki yo'llar yomon, atrof obodonlashtirilmagan. Mahalla idorasining o'zi ham harob, bino orqasida chiqindilar yotibdi.

Davlat rahbari mahalla raisi va maslahatchisi bilan muloqotda bo'ldi. 

- Sizlar odamlarni uyushtirishingiz, boshqalarga o'rnak bo'lishingiz kerak. Shu mahallaning egasi-ku sizlar! Mo'min-musulmon-ku sizlar! Daraxt eksa bo'ladimi? Chiqindini tozalatib qo'ysa bo'ladimi? Devorni oqlasa bo'ladimi? Shunga ko'p narsa kerakmi? Biz mahallaga shuncha e'tibor qaratyapmiz, katta vakolatlar beryapmiz. Bu holatda qanday islohotchi bo'lasizlar, odamlarni qanday ergashtirasizlar, - deya savollar qo'ydi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident Namangan shahar hokimi va ushbu mahallaga mas'ul sektor rahbari bo'lgan shahar prokuroriga ham tanbeh berdi.

- Balandparvoz gaplar bilan hisobot berasizlar. Qanday vijdon bilan lavozimda o'tiribsizlar?! Bu mahallada 12 ming odam yashaydi. Ahvolni qaranglar, bu sizning yuzingiz, - dedi davlat rahbari.

Shu yerga to'plangan aholi bilan ham muloqot bo'ldi. Nuroniylardan biri mahallada ichimlik suvi, tabiiy gaz, ishlab chiqarish korxonasi yo'qligini, yo'llar ta'mirga muhtojligini aytdi.

- Men shuning uchun kelganman, - dedi Prezident.

Mutasaddilarga zarur muhandislik tarmoqlarini tortib, mahalladagi sharoitlarni yaxshilash bo'yicha ko'rsatma berildi.

                                                                                                                                                          https://president.uz

Interactive services

The Single Portal of interactive state services