Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

QONUNCHILIK PALATASIDA ESHITUV BO'LIB O'TDI

3733 November 26, 2021 Print Download (PDF 30 Kb)


Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo'mitasi tomonidan soha vakillari, deputatlar, aloqador vazirlik va idoralar mutasaddilari ishtirokda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-6155-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan 2017–2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini "Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili"da amalga oshirishga oid davlat dasturining 89-bandida nazarda tutilgan vazifalar ijrosi yuzasidan eshituv tashkil etildi.


Eshituvda davlat dasturining 89-bandida nazarda tutilgan vazifalar ijrosidan bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo'llari qo'mitasi raisi o'rinbosari Jamshid Tursunov axborot berdi. Jumladan:

Respublikamizda yo'l-transport sohasini rivojlantirish bo'yicha olib borilayotgan islohotlar natijasida so'nggi besh yil davomida 653 ta yirik ko'priklar va yo'l o'tkazgichlarning qurilishi, 907 ta ko'priklar va yo'l o'tkazgichlarning rekonstruktsiya qilinishi va ta'mirlanishi transport infratuzilmasining rivojlanishiga o'zining ijobiy ta'sirini ko'rsata boshladi. Yirik shaharlarimizda xorijiy mutaxassislar bilan birga zamonaviy loyihalar asosida yangi ko'priklarni qurish orqali transport oqimini boshqarishda ijobiy natijalarga erishildi.

Shu bilan birga, avtomobil yo'llaridagi mavjud ko'priklar, yo'l o'tkazgichlar, tonnellar, transport yechimlari va boshqa sun'iy inshootlar soz holatda saqlanishi, ta'mirtalab ko'prik inshootlarni tiklanishi bo'yicha kechiktirib bo'lmas aniq choralarni ko'rish maqsadida respublikadagi mavjud ko'prik inshootlari xatlovdan o'tkazildi.

Avtomobil yo'llaridagi mavjud ko'prik inshootlari qayta xatlovdan o'tkazilishi natijasida 2021 yil 1 mart holatiga ko'ra respublikada 278 508,0 pm uzunlikdagi jami 14 755 dona ko'prik inshootlari mavjud ekanligi; 3 324 dona ko'prik inshootlari idoraviy mansub tashkilotlarga biriktirilmaganligi, 1 009 dona ko'prik inshootlari avariyaoldi va avariya holatida ekanligi, 5 930 dona ko'prik inshootlari ta'mirtalab ahvoldaligi aniqlandi.

Inventarizatsiya natijalaridan kelib chiqib, idoraviy mansub tashkilotlarga biriktirilmagan ko'prik inshootlarini tegishli vazirlik va idoralarga hamda mahalliy hokimliklarga biriktirish bo'yicha amaliy choralar belgilangan. Shuningdek, avariyaoldi va avariya holatida bo'lgan ko'priklarni tiklash ishlarini amalga oshirish bo'yicha Vazirlar Mahkamasi Rayosatining tegishli qarorlariga muvofiq manzilli ro'yxatlar shakllantirildi va tasdiqlandi.

Amaldagi dasturlarga muvofiq joriy yilda ta'mirtalab ko'prik inshootlarini qurish, rekonstruktsiya qilish va ta'mirlash ishlari maqsadida 400,0 mlrd so'm miqdorida mablag' ajratilib, ushbu mablag'lar hisobidan 328 dona ko'prik inshootlarini tiklash ishlari amalga oshirilishi belgilandi.

Shu jumladan, 37 dona umumiy foydalanishdagi avtomobil yo'llaridagi ko'prik inshootlarida qurish va rekonstruktsiya qilish ishlari; 107 dona umumiy foydalanishdagi avtomobil yo'llaridagi ko'prik inshootlarida kapital va joriy ta'mirlash ishlari; 71 dona shahar ko'chalari va ichki yo'llardagi ko'prik inshootlarida qurish va rekonstruktsiya qilish ishlari; 113 dona shahar ko'chalari va ichki yo'llardagi ko'prik inshootlarida kapital va joriy ta'mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.

2021 yil 1 noyabr holatida tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq ushbu ko'priklarni tiklash ishlari uchun 616,9 mlrd so'm miqdorida mablag' ajratilgan bo'lib, amalda 230 dona ko'prik inshootlari foydalanishga topshirildi va 388,8 mlrd so'm miqdoridagi mablag'lar o'zlashtirilgan.

Bugungi kunda ko'prik inshootlarini joriy ta'mirlash ishlari bo'yicha 10 dan ortiq me'yoriy hujjatlar ishlab chiqilib, amaliyotda qo'llanila boshlandi.

Ma'lumki, avtomobil yo'llari va ko'priklarni loyihalashda ularning yuk ko'tarish qobiliyati hisoblanib, ko'priklar 1938-1952 yillarda 60 tonna, 1953-1983 yillarda 30-80 tonna, 2012 yildan 100 tonnaga mo'ljallanib qurilgan. Ko'priklarning aksariyati 1960-1990 yillarda qurilib, foydalanishga topshirilgan bo'lib, ularning yuk ko'tarish qobiliyati 30-80 tonnani (ichki xo'jalik yo'llaridagi ko'priklarda yuk ko'tarish qobiliyati 30 tonna) tashkil qiladi.

Mavjud ko'priklarni yuk ko'tarish holatidan kelib chiqib, tegishli yo'l belgilari o'rnatilishiga qaramasdan, yuk avtotransport vositalarining belgilangan me'yorlardan ortiq yuk bilan harakatlanishi natijasida ko'priklarni yaroqsiz holga kelishining asosiy sabablardan biri bo'lmoqda.

Bugungi kunda ko'prik va yo'l o'tkazgichlar qurilishi sohasida yangi texnologiyalar, jumladan ko'prikning oraliq qurilmasini monolit betondan barpo etish texnologiyasi qo'llanilmoqda.

Ushbu texnologiyaning afzalligi ko'prik oraliq qurilmalarini zavod sharoitida yig'ma temir-betondan tayyorlashning oldi olinib, ortiqcha zavod xarajatlari va transport xarajatlarining tejalishiga olib keladi. Zavod sharoitida tayyorlangan yig'ma temir-beton mahsulotini ishlatishga tayyor holga kelishi uzoq muddatni talab qilib, monolit holda barpo etilgan oraliq qurilmalar qisqa muddatda foydalanish uchun imkon yaratadi.

Shuningdek, ko'prikni qoziq qoqish usulidan burg'ulash usulida qoziq qurishga o'tish, ko'prikni himoyalovchi polizol materiallari o'rniga sifatli uzoq muddat ishlashini ta'minlaydigan geotekstil materiallarini qo'llash amaliyotga kiritilmoqda.

Qo'mita tomonidan tashkil etilgan eshituvda davlat dasturining

89-bandida nazarda tutilgan vazifalar ijrosini ta'minlash doirasidagi bu kabi chora-tadbirlar barcha hududlarda izchillik bilan tashkil etilayotgani, ushbu yo'nalishda olib borilayotgan amaliy ishlar aholi farovonligini ta'minlash, fuqarolarga qulay shart-sharoit yaratishga xizmat qilayotgani ta'kidlandi.

Deputatlar tomonidan respublikada joriy yilda va keyingi yilda amalga oshirilayotgan ishlar, sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish bo'yicha bir qator taklif va tavsiyalar berildi.

Eshituv yakunida muhokama etilgan masalalar yuzasidan kelgusida amalga oshirilishi lozim bo'lgan vazifalar belgilab olindi va tegishli qaror qabul qilindi.

Avtomobil yo'llari qo'mitasi

Matbuot xizmati

Interactive services

The Single Portal of interactive state services