Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

O'zbekistonda foydadan olinadigan soliq stavkasi 1995-2016-yillarda 38 foizdan 7,5 foizga tushirildi

8814 August 11, 2016 Print Download (PDF 13 Kb)

Soliq stavkasining bunday sezilarli pasaytirilishi xo'jalik yurituvchi subyektlarga ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish hajmini oshirish, mahsulot va xizmatlar eksportini kengaytirish, yangi ish o'rinlari yaratish imkonini bermoqda. 

Mamlakatimizda makroiqtisodiy barqarorlik, iqtisodiyot o'sishining yuqori sur'atlari ta'minlanayotgani aholining turmush darajasi sifati muttasil oshishiga zamin yaratayotir. Bu boradagi islohotlar samaralari xalqaro moliya institutlari va jahon hamjamiyati tomonidan yuqori baholanmoqda. 

Davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, mustaqillikka qadar yurtimizda umuman mavjud bo'lmagan, bugungi kunda jamiyatimizning qudratli tayanchiga aylanib borayotgan o'rta sinf – mulkdorlar sinfi jadal rivojlandi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 56,5 foizga yetdi. Ayni shu tarmoqda ish bilan band aholining 77,9 foizi mehnat qilib, mamlakatimiz ravnaqiga munosib hissa qo'shayotir. 

– 2016-yilning birinchi yarmida besh yuz mingga yaqin yangi ish o'rni yaratilgan bo'lsa, uning salmoqli qismi kichik biznes hissasiga to'g'ri keladi, – deydi O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasi yuridik shaxslarga soliq solish bosh boshqarmasi boshlig'i Hamidjon Habibiddinov. – Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratilayotgani, ularning huquqiy erkinligini ta'minlashga qaratilgan izchil siyosat olib borilayotgani bunga keng yo'l ochdi. 

Faoliyat yuritayotgan subyektlar borki, ular moliyaviy jihatdan soliq tizimi bilan uzviy bog'liq. Soliq hisoboti topshirish, soliq to'lash, tekshirishlar o'tkazish va boshqa holatlarda qulaylik yaratilishi ular erkin faoliyat yuritishining muhim omilidir. Bu jihatlarga doimiy e'tibor qaratilib, soliq yuki yildan-yilga yengillashtirilayotgani tufayli tadbirkorlik jadal rivojlanmoqda. 

Bu yo'nalishda soliq siyosatini yanada liberallashtirish, soliqqa tortish tartibini soddalashtirish, soliq yukini pasaytirish, xo'jalik subyektlarining huquq va erkinliklarini himoya qilish, ularning moliya-xo'jalik faoliyatlariga noqonuniy aralashishga chek qo'yish bo'yicha choralar majmui amalga oshirildi. 

Buni aniq raqamlarda ko'rish mumkin: hozirgi paytda ko'plab mamlakatlarda korxona va muassasalar foydasidan olinadigan soliq stavkasi o'rtacha 12,5-39,5 foizni tashkil etayotgan bir paytda O'zbekistonda bu ko'rsatkich 1995-2016-yillar mobaynida 38 foizdan 7,5 foizga tushirildi. 

Soliq stavkasining bunday sezilarli darajada pasaytirilishi xo'jalik yurituvchi subyektlar uchun ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish imkonini bermoqda. Bu aylanma mablag'larni ko'paytirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish, mahsulot va xizmatlar eksportini kengaytirish, yangi ish o'rinlari yaratish uchun sharoit yaratayotir. 

Soliq sohasida olib borilayotgan izchil islohotlar soliq to'lashdan bosh tortish va daromadlarni yashirish darajasini keskin pasaytirdi. 

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash choralari tufayli 2010-2015-yillarda ro'yxatga olingan (fermer va dehqon xo'jaliklaridan tashqari) subyektlar soni 193 ming 800 dan qariyb 226 mingga yetdi. Mahsulot va xizmatlarning yalpi ichki mahsulot hajmidagi ulushi keyingi o'n yilda 1,8 barobarga oshdi. 

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning tezkor rivojlanishiga ijobiy ta'sir qilgan muhim omillardan biri – soliqqa tortishning soddalashtirilgan tizimi joriy etilganidir. Masalan, so'nggi yillarda mikrofirma va kichik korxonalar tomonidan to'lanayotgan yagona soliq to'lovi stavkasi keskin pasaytirildi. 2016-yildan boshlab iqtisodiyot tarmoqlarida xizmat ko'rsatuvchi korxonalarda yagona soliq to'lovining stavkasi 5 foizga tushirildi. 

Prezidentimiz rahbarligida ishlab chiqilgan Inqirozga qarshi choralar dasturi asosida qabul qilingan qo'shimcha choralarga muvofiq sohaga yana bir qator imtiyoz va preferensiyalar berildi. Xususan, jismoniy shaxslarning mikrofirma va kichik korxonalarni ta'sis etishdan oladigan dividend ko'rinishidagi daromadlari, yuridik shaxslarning kapitallashuvga, investitsiyalarga, ilgari olingan kreditlar bo'yicha hisob-kitob qilishga yo'naltirilgan mablag'lari besh yil davomida soliqdan ozod qilindi. 

Davlatimiz rahbarining 2015-yil 15-maydagi "Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta'minlash, ularni jadal rivojlantirish yo'lidagi to'siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to'g'risida"gi farmoni tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish yo'lidagi mavjud to'siqlarga barham berishga xizmat qilmoqda. 

Shu asosda mikrofirma, kichik korxona va fermer xo'jaliklari faoliyatiga oid barcha tekshiruvlar rejali tartibda nazorat organlari tomonidan to'rt yilda bir marta amalga oshirilmoqda. Boshqa xo'jalik subyektlarida faqat O'zbekiston Respublikasi Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi respublika kengashi qaroriga asosan uch yilda bir martadan ko'p bo'lmagan tartibda amalga oshiriladi. Moliya-xo'jalik faoliyati bilan bog'liq bo'lmagan rejali tekshiruvlar o'tkazish muddati 10 kalendar kunidan oshmaydi. Tadbirkorlik subyektlarining moliya-xo'jalik faoliyatini rejali tekshirishlar faqat so'nggi tekshiruvdan keyingi davrni qamrab oladi. Qo'zg'atilgan jinoiy ishlar munosabati bilan xo'jalik yurituvchi subyektlar faoliyati huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan xo'jalik yurituvchi subyekt jalb etgan advokatlar ishtirokida amalga oshiriladi. 

Soliqlar yoki boshqa majburiy to'lovlarni to'lashdan bo'yin tovlash jinoyatini birinchi marta sodir etgan, bu holat aniqlangandan keyin 30 kun ichida davlatga yetkazilgan zararni to'liq qoplagan, penya va boshqa turdagi moliyaviy sanksiyalarni to'lagan shaxsga nisbatan jinoiy ish qo'zg'atilmaydi va u javobgarlikdan ozod qilinadi. 

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan bunday chora-tadbirlar aholi farovonligini oshirish, yangi ish o'rinlari yaratish, mahsulot va xizmatlar bozori mo'l-ko'lligi va sifati oshishiga olib kelmoqda. 


Norgul Abduraimova, O'zA

Interactive services

The Single Portal of interactive state services