Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

RASMIY BAYONOT

3513 November 28, 2020 Print Download (PDF 20 Kb)


So'z va OAV erkinligini ta'minlash O'zbekiston siyosatining ustuvor yo'nalishi hisoblanadi. Mamlakatda axborot sohasini demokratlashtirish, xalq bilan muloqotni yo'lga qo'yish, axborot olishni kengaytirish borasida faol sa'y-harakatlar amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda ommaviy axborot vositalari aholiga jamoatchilik uchun zarur bo'lgan axborotni faol va muvaffaqiyatli yetkazib bermoqda, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli o'zgarishlarni har tomonlama yoritib bormoqda va bunda fuqarolarning dolzarb muammolarini hal etishga yaqindan e'tibor qaratmoqda.

Shunga ko'ra, AOKA o'z vakolatlari doirasida bugungi kunda "to'rtinchi hokimiyat" rolini haqli ravishda bajarishga kirishayotgan ommaviy axborot vositalari manfaatlarini doimo qo'llab-quvvatlagan va quvvatlashda davom etadi.

Biroq keyingi paytlarda, ayrim ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoq va turli messenjerlarda tasdiqlanmagan axborotlarni chop etish kuzatilmoqda, yolg'on  ma'lumotlarni tarqatish faktlari mavjud. Ushbu masala yuzasidan Agentlik tomonidan 2020 yil 10 oktabr, 19 oktabr hamda 11 noyabr kunlari "Ommaviy axborot vositalari to'g'risida"gi, "Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to'g'risida"gi, "Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to'g'risida"gi, "Shaxsga doir ma'lumotlar to'g'risida"gi, "Davlat tili haqida"gi, "Yoshlarga oid davlat siyosati to'g'risida"gi, "Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida"gi va boshqa qonunlarning tegishli moddalari talablariga mos kelmaydigan faktlarni ko'rsatgan holda alohida bayonotlar berilgan edi.

AOKA tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda yoritilayotgan materiallar borasida bayonot taqdim etish uchun yetarli asos va faktlar mavjud bo'lib, ayrim OAVda dinlararo nizo keltirib chiqarish (Effect.uz, Hordiq.uz), pornografiya va zo'ravonlikni targ'ib qilish (Nova24.uz) kabi taqiqlangan kontentni tarqatish holatlari aniqlangan edi.

Shuningdek, Agentlik O'zbekiston Respublikasining axborot sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish bo'yicha vakolatli davlat organi hisoblanadi. Shu bois aniqlangan qonun talablariga rioya etmaslik holatlari yuzasidan ogohlantirish, ko'rsatma va taqdimnomalar berish vakolatiga ega.

Xususan, 20-23 noyabr kunlari ommaviy axborot vositasi sifatida davlat ro'yxatiga olingan "Kun.uz", "Daryo.uz", "Gazeta.uz", "Podrobno.uz", "Repost.uz" veb-saytlariga amaldagi qonunchilik talablariga mos kelmaydigan axborotlarni tarqatish holatlari bo'yicha  ogohlantirish xatlari yuborilgani shular jumlasidandir.

Masalan, "Kun.uz" saytida ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim foydalanuvchilarining turli sharhlari, haqoratli fikrlari va chaqiriqlari jamoatchilik fikri sifatida taqdim etilgan.

Shuningdek, 17 noyabr kuni "Gazeta.uz", "Daryo.uz", "Podrobno.uz", "Repost.uz" veb-saytlarida joylashtirilgan materiallarda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar statistikasi shubha ostiga olingan va ushbu masala yuzasidan rasmiy izohlar taqdim etilmagan.

Agentlik jurnalistikaning asosiy maqsadi — jamiyatga har tomonlama tekshirilgan, barcha nuqtai nazarlar mujassamlashgan, xolis axborotni mas'uliyat bilan yetkazishdan iborat ekaniga ishonadi.

Ommaviy axborot vositalarida e'lon qilinayotgan, aholini qiynayotgan muammolarga tegishli davlat organlarining rahbar va mas'ul xodimlaridan munosabat olish, mavjud kamchiliklarga ularning e'tiborini qaratish maqsadida joriy yilning mart oyidan buyon Agentlikning o'zida 700 dan ortiq matbuot anjumani va brifinglar tashkil qilindi. Ushbu tadbirlar doirasida tegishli davlat organlari rahbarlari va mas'ul shaxslari aholi uchun dolzarb va ahamiyatli masalalarga bevosita javob qaytarishdi va OAV ko'targan muammolarga tezkor munosabat bildirishdi.

Bu kabi tadbirlar bundan keyin ham davom ettiriladi. Xususan, Agentlik tomonidan AOKA press-xoli hamda O'zbekiston milliy matbuot markazida o'tkaziladigan tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Media-rejada 100 dan ortiq matbuot anjumani va 80 dan ziyod press-turlar o'rin olgan.

Shuningdek, ochiqlikni ta'minlash, jurnalistlar va fuqarolarning axborot olishga doir konstitutsiyaviy huquqlarini to'laqonli qondirish uchun Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda hokimlar, davlat organlarining hududiy boshqarmalari rahbarlari ishtirokida joylarda matbuot anjumani, ochiq muloqot hamda media-turlar o'tkazishga doir rejalar ishlab chiqilib, Agentlikning rasmiy veb-resurslariga joylashtirildi.

Joriy yilning noyabr-dekabr oylarida har bir hududda 120-150 tagacha turli ko'rinishdagi matbuot tadbirlari o'tkazilishi rejalashtirilgan. Bularning barchasi ommaviy axborot vositalarining zarur axborotni birinchi manbadan moneliksiz olishiga imkon beradi.

Ta'kidlash lozimki, dekabr oyida davlat organlari faoliyatining ochiqligini aniqlash mezonlari tasdiqlanishi rejalashtirilmoqda. 2021 yildan boshlab har chorakda ushbu mezonlar bo'yicha tuzilgan reyting e'lon qilib boriladi. Reyting natijalari Parlamentning tegishli yig'ilishida muhokama qilinadi.

Agentlik hamda uning hududiy boshqarmalari huzurida "Dialog maydonchasi" faoliyati yo'lga qo'yilayotgani yana bir muhim qadamlardan biridir. Bu loyiha ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlarning huquqlarini ta'minlash, ularni himoya qilish, zarur huquqiy maslahatlar va ko'mak berishga yo'naltirilgan.

Agentlik jurnalist va blogerlarga davlat organlarining OAV bilan konstruktiv va ochiq muloqotda bo'lishlari uchun har tomonlama amaliy yordam ko'rsatishga tayyorligini bildiradi, shuningdek, mamlakatda so'z erkinligi va ommaviy axborot vositalari rivojlanishini ta'minlashni kafolatlaydi. https://aoka.uz/article/schntpbvwsih-rasmij-bajonot

Interactive services

The Single Portal of interactive state services