2016-yilgi Navro'z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish to'g'risida
O'zbekiston Respublikasi
Prezidentining qarori
Azal-azaldan xalqimizning ezgu va go'zal qadriyatlarini, uning olijanob
orzu-intilishlarini o'zida mujassam etib, qadim ajdodlarimizdan bizga o'lmas
meros sifatida bezavol o'tib kelayotgan Navro'zi olam mustaqillik yillarida
mamlakatimizda yashayotgan, millati, tili va dinidan qat'iy nazar, barcha
vatandoshlarimiz orziqib kutadigan, tom ma'nodagi umumxalq bayramiga aylanib
qoldi.
Sharqona yangi yilning boshlanishi, tabiat uyg'onishining ramzi, asl milliy,
eng ardoqli bayram bo'lmish Navro'zning odamzotning tabiat bilan uyg'un va
hamohang bo'lib yashashida, jamiyatimizda mehr-oqibat va hamjihatlik,
insoniylik, bag'rikenglik va bunyodkorlik, xayr-saxovat muhitini yanada
mustahkamlash, yosh avlodimizni milliy an'analarimizga sadoqat va umuminsoniy
qadriyatlarga hurmat ruhida kamol toptirishdagi o'rni va ta'siri tobora ortib
borayotganini inobatga olib hamda bu qutlug' ayyomni yuksak saviyada nishonlash
maqsadida:
1. 2016-yilgi Navro'z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish
bo'yicha tashkiliy qo'mita tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Tashkiliy qo'mita Navro'z bayramini poytaxtimiz Toshkent shahrida,
Qoraqalpog'iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida, barcha shahar, tuman
va qishloqlarda umumxalq sayillari shaklida yuqori darajada o'tkazishga
qaratilgan tashkiliy-amaliy, madaniy-ma'naviy tadbirlar rejasini o'n kun
muddatda ishlab chiqsin va amalga oshirsin.
2. Tadbirlar rejasini tayyorlashda quyidagi masalalarga alohida e'tibor
qaratilsin:
Navro'z kunlarida inson o'zini tabiat bilan uzviy bog'langanini, uning ajralmas
bir qismi sifatida his etishini ifoda etadigan, atrof-muhitni, ona zaminni
ardoqlab, uning ne'matlarini, bugungi tinch hayotni qadrlab, shukronalik
tuyg'usi bilan yashashga da'vat qiladigan ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarni
uyushtirish;
barcha shahar va qishloqlarimizda bo'lib o'tadigan tadbirlarda, ommaviy axborot
vositalarida Navro'z bayramining tarixi, uni nishonlash bilan bog'liq urf-odat,
an'ana va qadriyatlarimizning mohiyati va ahamiyatini keng yoritish;
Navro'zning ruhi va falsafasida o'z aksini topgan mehr-muruvvat, ahillik va
totuvlik, yoshi ulug' insonlar, tabarruk otaxon va onaxonlarni har tomonlama
e'zozlash, ko'makka muhtoj kishilarga beg'araz yordam berish bilan bog'liq
xayriya tadbirlarini amalga oshirish;
yangi dehqonchilik mavsumining boshlanishi, yasharish va yangilanish,
qut-baraka, obodlik va farovonlik ramzi bo'lmish Navro'z faslida mahallalarda,
shahar va qishloqlarimizda hasharlar, keng ko'lamdagi obodonchilik va
ko'kalamzorlashtirish ishlarini tashkil etish;
Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida
bo'lib o'tadigan bayram dasturlariga folklor guruhlari, badiiy havaskorlik
jamoalari, oilaviy ansambllar, baxshilar, shuningdek, professional va
iste'dodli estrada ijrochilarini tanlov asosida jalb etish;
bayram dasturlarini tayyorlashda folklor san'atining eng yaxshi namunalarini,
el-yurtimizning dilidan chuqur joy olgan qadimiy urf-odatlar, ezgu insoniy
tuyg'ularni tarannum etadigan mumtoz kuy va qo'shiqlar, o'lan va laparlarga
keng o'rin berish.
3. Belgilab qo'yilsinki, o'tkaziladigan bayram tadbirlari:
Qoraqalpog'iston Respublikasi byudjeti va viloyatlarda mahalliy byudjetlar
hamda joylardagi homiylik xayriya mablag'lari hisobidan;
Toshkent shahrida respublika byudjeti va Toshkent shahar mahalliy byudjeti
mablag'lari hisobidan teng ulushlarda qoplanadi.
4. O'zbekiston Milliy axborot agentligi, O'zbekiston Milliy
teleradiokompaniyasi, "Jahon" axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot
vositalariga Navro'z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish
bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borish tavsiya
etilsin.
5. Mazkur qarorning ijrosini ta'minlash O'zbekiston Respublikasining Bosh
vaziri Sh.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
O'zbekiston Respublikasi
Prezidenti I.Karimov
Toshkent shahri,
2016-yil 19-fevral