O'zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash yo'lidа
Avval xabar qilinganidek, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom
Karimovning taklifiga binoan Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Muhammad
Navoz Sharif 17-noyabr kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.
Ko'ksaroy qarorgohida Pokiston Islom
Respublikasi Bosh vazirini rasmiy kutib olish marosimi bo'ldi. Oliy
martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Islom Karimov va Navoz
Sharif shohsupaga ko'tarildilar. Ikki mamlakat davlat madhiyalari yangradi.
O'zbekiston Prezidenti va Pokiston Bosh vaziri faxriy qorovul safi oldidan
o'tdilar.
Islom Karimov va Navoz Sharif
uchrashuvida asosiy e'tibor mamlakatlarimiz o'rtasidagi hamkorlikning bugungi
holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari, mintaqaviy xavfsizlikni
mustahkamlash masalalariga qaratildi.
– O'zbekiston Pokistonga nafaqat
yaqin qo'shni mamlakat, balki ulkan siyosiy-iqtisodiy, harbiy-texnikaviy va
insoniy salohiyati, qulay geosiyosiy o'rni va vazmin tashqi siyosati tufayli
mintaqada, muhim xalqaro masalalarni hal etishda yetakchi rol o'ynayotgan
davlat sifatida qaraydi. Ushbu rasmiy tashrifingizni uzoq muddatli O'zbekiston
– Pokiston munosabatlarida muhim yangi bosqich, mamlakatlarimiz ikki tomonlama,
mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan o'zaro
ishonch va ochiqlik ruhidagi oliy darajadagi muzokaralarni davom ettirishga,
ko'p qirrali va manfaatli o'zaro hamkorligimizni yanada rivojlantirishga tayyor
ekanining yorqin ifodasi deb bilamiz, – dedi Prezidentimiz.
– O'zbekistondek buyuk mamlakatga yana bir bor
tashrif buyurganimdan g'oyat mamnunman. Muhtaram Prezident, Sizning
oqilona va uzoqni ko'zlagan siyosatingiz samarasida O'zbekistonda tinchlik va
barqarorlik ta'minlanmoqda, barcha sohalar izchil taraqqiy etmoqda. Xalqaro
iqtisodiyotdagi murakkabliklarga qaramay, O'zbekiston yalpi ichki mahsulotining
o'sishi keyingi yillarda 8 foizdan ziyod bo'lib kelayotgani buning tasdig'idir.
Oliy darajadagi muloqotlarning muntazamligi samarasida mamlakatlarimiz
o'rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni, xavfsizlik borasidagi
hamkorligimizni yanada mustahkamlash, energetika sohasidagi aloqalarimizni
kengaytirishning yangi imkoniyatlari paydo bo'lmoqda, – dedi Pokiston Bosh
vaziri.
O'zbekiston Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasi o'rtasidagi diplomatik munosabatlar 1992-yil 10-mayda o'rnatilgan. Turli darajadagi siyosiy muloqotlar muntazamlik kasb etgan. Bu hamkorlikni izchil rivojlantirish, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar bo'yicha yondashuvlarni muvofiqlashtirib borish imkonini bermoqda.
O'zbekistonning ulkan iqtisodiy
salohiyati, geostrategik o'rni, rivojlangan infratuzilmasi Pokiston uchun muhim
ahamiyatga ega. Pokiston mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlashdagi o'rni, dengiz
portlariga chiqish imkoniyati, yirik bozori bilan O'zbekiston uchun
istiqbollidir.
Ikki mamlakat xalqaro maydonda
bir-birini qo'llab-quvvatlab kelmoqda. Shu yil iyul oyida Shanxay hamkorlik
tashkilotining Ufa shahrida bo'lib o'tgan sammitida Pokistonni ShHTga qabul
qilish jarayonini boshlash bo'yicha qaror imzolandi. Bu mamlakatlarimizning
o'zaro va ko'p tomonlama hamkorligini rivojlantirishda yana bir muhim omil
bo'ladi.
O'zbekiston va Pokiston
Afg'onistonning yaqin qo'shnilari sifatida bu mamlakatda tinchlik o'rnatilishi
va barqarorlik ta'minlanishidan manfaatdor. Bu mamlakatlarimiz o'rtasida
to'g'ridan-to'g'ri transport tarmoqlarini barpo etish, savdo-iqtisodiy
aloqalarni yanada kengaytirish uchun imkoniyat yaratadi.
Islom Karimov va Navoz Sharif
o'zaro hamkorlik rivojiga bevosita daxldor bo'lgan mazkur masalaga alohida
e'tibor qaratdilar. Afg'oniston muammosini faqat bir yo'l – BMT shafeligida
tinch siyosiy muzokaralar o'tkazish va o'zaro kurashayotgan tomonlarni murosaga
keltirish orqaligina hal etish mumkinligi haqida yakdil fikr bildirildi.
Mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, terrorizm, ekstremizm, narkotrafik kabi
tahdidlarga qarshi kurashish borasidagi hamkorlikka doir masalalar muhokama
qilindi.
Muzokarada savdo-iqtisodiy,
sarmoyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari
yuzasidan fikr almashildi.
Mamlakatlarimiz o'rtasida turli sohalarga oid
42 hujjat imzolangan. Savdo-iqtisodiy hamkorlik, o'zaro
investitsiyalarni rag'batlantirish va kapital qo'yilmalarni himoya qilish,
daromadlarning ikki tomonlama soliqqa tortilishiga yo'l qo'ymaslik hamda
daromad soliqlarini to'lashdan bosh tortishni bartaraf qilishga oid bitimlar
savdo-iqtisodiy aloqalar rivojiga xizmat qilmoqda.
O'zbekiston Pokistonga paxta tolasi, ko'nchilik
xomashyosi, transport va turizm xizmatlari eksport qiladi. Pokiston
mamlakatimizga dori vositalari, kimyo va qishloq xo'jaligi mahsulotlari
yetkazib beradi, transport xizmati ko'rsatadi.
Mamlakatimizda Pokiston kapitali ishtirokida 57
korxona tashkil etilgan. Ular savdo, to'qimachilik, ko'nchilik,
oziq-ovqat, qog'oz ishlab chiqarish, transport va turizm sohalarida faoliyat
yuritmoqda. Yaqinda Toshkentda bo'lib o'tgan Xalqaro investitsiyaviy forumda
pokistonlik ishbilarmonlar faol qatnashdi.
Muzokarada o'zaro tovar aylanmasi
O'zbekiston bilan Pokistonning iqtisodiy salohiyati va keng imkoniyatlari
darajasida emasligi ta'kidlandi. Foydalanilmayotgan resurslarni ishga solish,
savdo aylanmasi hajmini oshirish va diversifikatsiyalash masalalari muhokama
qilindi. Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo'yicha O'zbekiston –
Pokiston hukumatlararo komissiyasi ishini faollashtirish, uning majlislarini
muntazam o'tkazishga kelishib olindi.
Tomonlar O'zbekiston bilan
Pokiston o'rtasidagi hamkorlik rivoji nafaqat mamlakatlarimizning uzoq
istiqbolli manfaatlariga xizmat qilishi, balki butun mintaqada xavfsizlikni
mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, kommunikatsiya va gumanitar aloqalarni
rivojlantirishga ijobiy ta'sir etishini alohida ta'kidladilar.
O'zbekiston va Pokiston tarixi
bir-biriga bog'liq, ajdodlarimiz ilmiy-ijodiy merosi xalqlarimizning umumiy
mulkiga aylangan. Bunday yaqinlik madaniy-gumanitar aloqalar rivojiga mustahkam
asos bo'lmoqda. 1991-yildan buyon faoliyat yuritayotgan "O'zbekiston –
Pokiston" do'stlik jamiyati tomonidan ko'plab ilmiy-madaniy tadbirlar o'tkazib
kelinmoqda. Ikki mamlakat vakillari O'zbekiston va Pokistonda o'tkaziladigan
turli konsertlar, festival va ko'rgazmalar, sport musobaqalarida faol ishtirok
etib kelmoqda. Xususan, pokistonlik san'atkorlar Samarqandda o'tadigan "Sharq
taronalari" xalqaro musiqa festivalida muntazam qatnashib keladi.
Pokistonda Abu Ali ibn Sino,
Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodiy faoliyatiga
bag'ishlab ilmiy-amaliy konferensiyalar o'tkazilgan. Ko'plab o'zbek olimlari,
shoir va yozuvchilarining asarlari urdu tiliga tarjima qilingan. 2009-yilda
Toshkent davlat sharqshunoslik institutida urdu tili va adabiyoti kabineti
tashkil etilgan. Institut mutaxassislari tomonidan "Urducha-o'zbekcha lug'at"
hamda "O'zbek va urdu tillaridagi umumiy so'zlar lug'ati" chop etilgan.
Mamlakatlarimiz sayyohlik sohasida ham ulkan
imkoniyatlarga ega. Pokistonda O'zbekistondagi tarixiy obidalar,
muqaddas qadamjolarni ko'rishni xohlovchilar ko'p.
Muzokaralar yakunida Islom Karimov va Navoz Sharif O'zbekiston Respublikasi bilan Pokiston Islom Respublikasi o'rtasidagi Qo'shma deklaratsiyani imzoladilar. Shuningdek, o'zaro savdo munosabatlarini rivojlantirish, soliq sohasida qo'shimcha imtiyozlar yaratish, tashqi ishlar vazirliklari o'rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga doir qator hujjatlar imzolandi.
O'zbekiston Prezidenti va
Pokiston Bosh vaziri ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda
ochiq va amaliy ruhda o'tgan muzokaralarda o'zaro aloqalarni rivojlantirishning
muhim masalalari, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik muammolar yuzasidan
fikr almashilganini ta'kidladilar. Ushbu tashrif va unda erishilgan kelishuvlar
mamlakatlarimiz o'rtasidagi uzoq muddatli va o'zaro manfaatli hamkorlik
rivojida yangi sahifa ochishi, unga qo'shimcha sur'at bag'ishlashi qayd etildi.
Pokiston Islom Respublikasining Bosh vaziri
Muhammad Navoz Sharifning mamlakatimizga rasmiy tashrifi davom etmoqda.