Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Xalqimiz dahosining buyuk timsoli

21503 9-Aprel, 2016 Chop etish Yuklab olish (PDF 25 Kb)


Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida Amir Temurning nomi, boy merosi tiklandi. 1996-yil mamlakatimizda Amir Temur yili, deb e'lon qilindi, Sohibqiron tavalludining 660-yilligi xalqaro miqyosda keng nishonlandi. Toshkent, Samarqand va Shahrisabzda muhtasham haykallari qad rostladi. Ulug' bobomiz sharafiga orden ta'sis etildi. 2011-yili davlatimiz rahbari so'zboshisi bilan "Temur tuzuklari" mukammal holda, yuksak sifat bilan yangidan chop etildi. 

Bu yil ulug' bobokalonimizning 680-yilligi keng nishonlanmoqda. 

An'anaga ko'ra 9-aprel kuni poytaxtimizdagi Amir Temur xiyobonida Sohibqiron tavalludi kuni munosabati bilan tantanali tadbir bo'lib o'tdi. Unda senatorlar, deputatlar, hukumat a'zolari, yozuvchi va shoirlar, olimlar, talaba-yoshlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. 

Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi raisi Nozim Habibullayev, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Muhammad Ali, yuridik fanlar doktori, professor Akmal Saidov, Fransiyaning O'zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Jak-Anri Ols va boshqalar Amir Temur shaxsi, buyuk xizmatlari, jahon tarixidagi o'rni qadr topgani, Sohibqiron siymosi O'zbekiston sha'n-shavkati timsoliga aylanganini ta'kidladi. Bu xalqimizni ulug' maqsadlarga safarbar etish, yoshlar ma'naviyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etayotir. 

Amir Temur merosi shijoat, mardlik va adolat timsoli sifatida yuksak qadr va e'zozga loyiq. Sohibqiron o'z davrining eng qudratli davlati asoschisi, ilm-fan, madaniyat va ma'naviyat homiysi, dunyo sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo'shgan buyuk bunyodkordir. 

Mamlakatimizda milliy davlatchilikni shakllantirish, farzandlarimiz uchun hech kimdan kam bo'lmagan hayot barpo etish, yoshlarni jismonan, aqlan va ma'nan yuksaltirish borasidagi barcha islohotlar Amir Temur bobomizning dunyoqarashi va tutumlariga mohiyatan uyg'un. Zotan, davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, Amir Temurni anglash – o'zligimizni anglash demakdir. Amir Temurni ulug'lash – tarix qa'riga chuqur ildiz otgan tomirlarimizga, madaniyatimizga, qudratimizga asoslanib, buyuk kelajagimizni, ishonchimizni mustahkamlash demakdir. 

Ulug' ajdodimiz o'z tuzuklarida "...amr etdimki, kimki biron sahroni obod qilsa yoki koriz qursa, yo biron bog' ko'kartirsa, yoxud biron xarob bo'lib yotgan yerni obod qilsa, birinchi yili undan hech nima olmasinlar, ikkinchi yili raiyat o'z roziligi bilan berganini olsinlar, uchinchi yili (oliq-soliq) qonun-qoidasiga muvofiq xiroj yig'sinlar", deb yozadi. Bugun mamlakatimizda qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilib, tadbirkorlarga keng imtiyozlar berilayotgani Sohibqiron tutumi avlodlari tomonidan hayotga joriy etilayotganining yorqin ifodasidir. 

Xalqqa doim mehr-muruvvatli bo'lgan Amir Temur adolat va haqiqat uchun kurashgan, saltanatni ham ana shu mustahkam asosga qurgan. 

Amir Temur davrida fuqarodan birining uy-imorati buzilib, tuzatishga qurbi yetmasa, darhol kerakli uskunalar yetkazilib, yordam berilgan. Bugun mamlakatimizda kam ta'minlangan oilalarga yordam ko'rsatish, iste'mol kreditlari ajratish keng yo'lga qo'yilgan. Bu bilan qanchadan-qancha ro'zg'orlar butlanib, xalqimiz turmush madaniyati, dunyoqarashi va didi yuksalmoqda. 

Bu boradagi islohotlar Sog'lom ona va bola yilida yanada kengaymoqda. Sog'lom va mustahkam oila qurish, mehnat bilan turmushini obod etish, farzandlarining yorug' kelajagini ta'minlash yurtdoshlarimizning oliy maqsadiga aylangan. 

Marosimda shoir Sirojiddin Raupov "Sohibqironim" she'rini o'qib berdi. "Amir Temur tavalludining 680-yilligiga – 680 ming qadam" shiori ostida Shahrisabzdan Toshkentga qadar piyoda kelgan 65 yoshli havaskor sportchi Abdujabbor Xolboyev Sohibqiron ruhi unga ma'naviy kuch bag'ishlagani haqida so'zladi.

Yoshlar Amir Temur bobomizning ibratli hayoti, adolatparvarlikka yo'g'rilgan faoliyati haqida dunyo olimlari tomonidan bildirilgan fikrlarni o'zbek, ingliz, rus, fransuz, yapon va boshqa tillarda o'qib berdi. 

Tadbir qatnashchilari Amir Temur haykali poyiga gullar qo'ydi. 

Marosimda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov ishtirok etdi. 

* * *

Shu kuni Temuriylar tarixi davlat muzeyida "Amir Temur va Temuriylar davridagi ilm-fan va madaniyat rivojining jahon tamaddunidagi o'rni" mavzuida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo'lib o'tdi. Tadbirda Temuriylar tarixiga oid eng yaxshi tasviriy va publitsistik asarlar tanlovi g'oliblari taqdirlandi. 

Temuriylarga oid durdonalar, nodir qo'lyozmalar, istiqlol yillarida Amir Temur va temuriylar tarixi haqidagi kitoblar ko'rgazmasi tashkil etildi. 

Amir Temur tavalludining 680-yilligiga bag'ishlangan tadbirlar Qoraqalpog'iston Respublikasi va barcha viloyatlarda davom etmoqda. 

Havola: http://uza.uz/uz/society/xalqimiz-dahosining-buyuk-timsoli-09-04-2016

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali