Aholi farovonligiga xizmat qiladigan istiqbolli investitsiya loyihalari uchun barcha sharoit yaratiladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 yanvar kuni 2019 yilda Toshkent shahrida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalariga oid maʼlumotlar bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbari 2018 yil 21 dekabr kuni xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida poytaxtimizga yirik biznes vakillari va salohiyatli investorlarni jalb qilish, shaharda eng qulay investitsiya muhitini yaratish zarurligini taʼkidlagan edi.
Shunga muvofiq, joriy yil 4 yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "Toshkent shahrini infratuzilmaviy rivojlantirishga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi qarori qabul qilindi. Mazkur qarorga koʻra, 2019 yilda Toshkent shahri iqtisodiyotiga 2 milliard 700 million dollar miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb etish, buning evaziga 273 ta loyihani amalga oshirish belgilangan.
Taqdimotda mazkur loyihalarning sohalari va joylari, mablagʻlarni oʻzlashtirish muddatlari tahlil qilindi.
Masalan, metallurgiya, toʻqimachilik, oziq-ovqat, qurilish, farmatsevtika, neft-kimyo va boshqa sanoat tarmoqlarida jami 115 ta, xizmat koʻrsatish sohasida 103 ta, turar joylar yoʻnalishida 55 ta loyiha rejalashtirilgan. Bu 37 mingga yaqin ish oʻrni yaratish va aholining maishiy sharoitlarini yanada yaxshilash imkonini beradi.
Prezidentimiz loyihalarning iqtisodiy samaradorligi va ijtimoiy ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratdi. Xorijiy investorlarga koʻmaklashish, loyihalarning belgilangan muddatlarda amalga oshirilishini nazorat qilish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Investitsiya boʻlmasa, iqtisodiyot rivojlanmaydi. Investorlarga muhit, infratuzilma yaratsak, ish joyi boʻladi, mahsulot koʻpayadi, soliq tushadi. Korxonalarning faoliyatini yanada rivojlantirishga eʼtibor qaratish kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari 8 yanvar kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida investitsiyalarning asosiy qismini oʻzlashtirishni yilning oxirgi oylariga qoldirish amaliyotiga chek qoʻyib, barcha tarmoqlar va hududlarda buni birinchi yarim yillikda kamida 35 foizga, toʻqqiz oylikda 70 foizga yetkazish boʻyicha topshiriq bergan edi. Shunga muvofiq, Toshkent shahrida ham joriy yilgi investitsiyalarning 70 foizini I-III choraklarda oʻzlashtirish rejalashtirilgan. Har bir loyihaning bosqichlari, masʼullari va muddatlari aniq belgilangan.
Taqdimotda investitsiya loyihalarini amalga oshirishni monitoring va nazorat qilish mexanizmi haqida ham soʻzlab berildi. Unga koʻra, Toshkent shahar prokuraturasi boshchiligida poytaxtimizning har bir tumanida ishchi guruhlar tuzilgan. Investorlarga yer ajratilishidan boshlab, loyiha foydalanishga topshirilguncha boʻlgan barcha bosqichlardagi chora-tadbirlar aniq belgilab qoʻyilgan. Bu loyihalarni rasmiylashtirish va amalga oshirish jarayonida shaffoflik, halollik taʼminlanadi, korrupsiyaga yoʻl qoʻyilmaydi.
Shavkat Mirziyoyev loyihalarni qoʻllab-quvvatlash, ularni amalga oshirishda yuzaga keladigan masalalarni tezkor hal qilish, korxonalar ishga tushgandan keyin ham ularning samarali faoliyat koʻrsatishiga yordam berish zarurligini taʼkidladi.
Toshkent iqtisodiyotiga doir yana bir yangilik – Sergeli tumanida 100 gektardan ziyod hududda Yevropa standartlari boʻyicha zamonaviy industrial texnoparkni ishga tushirish rejalashtirilgan. Buning investorlar uchun qulayligi shundaki, barcha bino-inshootlar toʻliq tayyor holda topshirilib, zarur infratuzilma bilan taʼminlanadi.
Bugungi kunda texnoparkni loyihalash ishlari boshlab yuborilgan, hozirdanoq 85 foiz yer tadbirkorlarga ajratib berilgan. Bu yerda 10 mingdan ortiq ish oʻrni yaratish moʻljallangan.
Mutasaddilarga texnoparkni tezroq ishga tushirish, yuqori qoʻshimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Toshkent shahrida kommunal xizmatlar sifatini oshirish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish masalalariga ham eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, Yunusobod tumanidagi koʻp qavatli uylarni boshqarish tizimini tajriba tariqasida professional boshqaruv kompaniyalariga oʻtkazish loyihasi haqida maʼlumot berildi.
Yunusobod tumanida 1 ming 212 ta koʻp qavatli uy bor. Rejaga koʻra, ushbu uylarga xizmat koʻrsatish professional boshqaruv kompaniyalariga beriladi. Buning natijasida tizimdagi moliyaviy holatni sogʻlomlashtirish, muammoli kreditlarni hal etish, moddiy-texnik bazani mustahkamlashga erishish koʻzda tutilgan. Shunday boʻlgach, aholi murojaatlari bilan ishlash ham yaxshilanadi, tunu kun ishlaydigan avariya-dispetcherlik xizmati yoʻlga qoʻyiladi.
Prezidentimiz koʻp qavatli uylarning holati, odamlarning roziligi bu tizimga bogʻliq ekanini taʼkidlab, ushbu tajribani shaharning boshqa tumanlarida ham tatbiq etish, sohaga ixtisoslashgan kadrlar tayyorlashni takomillashtirish boʻyicha topshiriqlar berdi.
Toshkent shahrida zamonaviy uylar, mehmonxonalar, taʼlim va tibbiyot muassasalari hamda boshqa inshootlar barpo etish, issiqlik taʼminoti tizimini rivojlantirish, kommunal xizmatlar boshqaruv markazini tashkil etish loyihalari yuzasidan ham tegishli koʻrsatmalar berildi.