Aholini dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta'minlash tizimini takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Aholini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish va arzon narxlarda dori vositalari hamda tibbiyot buyumlari bilan ta'minlash maqsadida narxlar shakllanishini tartibga solish tizimini takomillashtirish, farmatsevtika sanoatini qo'llab-quvvatlash va ichki bozorni mahalliy dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan to'ldirish bo'yicha chora-tadbirlar qabul qilindi.
Xususan, ulgurji va chakana savdo uchun cheklangan savdo ustamalari belgilandi, ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarini o'rnatilgan narxlarda sotish tizimi joriy etildi.
Fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish, aholiga dori vositalari va tibbiyot buyumlarini oshirilgan narxlarda sotish holatlarini profilaktika qilish va ularning oldini olish maqsadida tovar cheklarini berish talabi kiritildi.
Farmatsevtika tarmog'ida tuzilmaviy o'zgarishlar amalga oshirildi, mahalliy ishlab chiqaruvchilarga soliq va bojxona imtiyozlari berildi, farmatsevtika sanoatini jadal rivojlantirish uchun erkin iqtisodiy zonalar tashkil etildi.
Shu bilan birga, mazkur yo'nalishda aholini dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta'minlash ahvoliga salbiy ta'sir ko'rsatuvchi bir qator jiddiy xato va kamchiliklar mavjud, jumladan:
birinchidan, ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarini yetkazib berish muddatlarini sun'iy kechiktirish hamda ichki bozorda taqchillikning yuzaga kelishiga olib keluvchi import qilishdagi ortiqcha tartib-taomillar;
ikkinchidan, valyuta resurslaridan oqilona foydalanish, import va mahalliy ishlab chiqarish muvozanatini ta'minlash uchun dori vositalari hamda tibbiyot buyumlariga bo'lgan ehtiyojlarni belgilashning aniq mexanizmlari mavjud emasligi;
uchinchidan, chetdan olib kelinayotgan va respublikada ishlab chiqarilayotgan ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlariga cheklangan narxlarni belgilash tartibining mukammal emasligi;
to'rtinchidan, mahalliy xomashyo resurslaridan yetarli darajada foydalanilmasligi sababli mamlakatimiz farmatsevtika korxonalarining chetdan xarid qilinadigan xomashyo va materiallarga yuqori darajada qaramligi;
beshinchidan, dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chakana sotish uchun litsenziya berish bo'yicha hududiy komissiyalar ishidagi kamchiliklar, shu jumladan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiruvchi tuzilmalarning mavjud emasligi.
Yuqorida ko'rsatilgan muammolarni bartaraf etish, aholini dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan uzluksiz ta'minlash, sun'iy taqchillik va narxlarning oshirib yuborilishiga yo'l qo'ymaslik maqsadida:
1. Belgilab qo'yilsinki:
2017-yil 1-avgustdan boshlab Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarining ro'yxatiga kiritilgan dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chetdan xarid qilish istisno tariqasida "O'zmedeksport" respublika tashqi iqtisodiy davlat korxonasi (keyingi o'rinlarda "O'zmedeksport" RTIDK deb yuritiladi) tomonidan Tibbiyot muassasalari va aholini dori vositalari hamda tibbiyot buyumlari bilan ta'minlashni nazorat qilish bo'yicha respublika komissiyasi tasdiqlaydigan narxlarda to'g'ridan-to'g'ri shartnomalar bo'yicha tender savdolari o'tkazilmasdan amalga oshiriladi;
2017-yil 1-iyulgacha tuzilgan import kontraktlari bo'yicha dori vositalari va tibbiyot buyumlarini yetkazib berish va sotish ularni tuzish sanasida amalda bo'lgan shartlar va belgilangan narxlarda amalga oshiriladi;
tibbiyot mahsulotlarini sertifikatlashtirish faqatgina "O'zstandart" agentligida o'rnatilgan tartibda akkreditatsiya qilingan davlat sertifikatlashtirish organlari tomonidan amalga oshiriladi.
"O'zmedeksport" RTIDK Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarining ro'yxatiga kiritilgan dori vositalari va tibbiyot buyumlarini 2017-yil ikkinchi yarim yilligida ularga bo'ladigan qo'shimcha ehtiyojdan kelib chiqib yetkazib berilishini ta'minlasin.
"O'zmedeksport" RTIDKga dori vositalari va tibbiyot buyumlarini yetkazib berish bo'yicha agentlarni shartnoma asosida jalb etish huquqi berilsin.
O'zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko'maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo'mitasi, Sog'liqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi hamda Investitsiyalar bo'yicha davlat qo'mitasi bilan birgalikda ikki hafta muddatda "O'zmedeksport" RTIDKning ombor va muzlatish xonalari, shuningdek logistika tarmoqlarini tashkil etish bo'yicha taklif kiritsin.
2. Belgilansinki, dorixonalar 2018-yil 1-yanvarga qadar dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chakana sotishni amalga oshirish litsenziyalarini Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida qayta rasmiylashtirishlari shart.
3. O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi hududiy organlari boshqaruv xodimlarining cheklangan sonini 30 taga oshirgan holda Qoraqalpog'iston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi, viloyatlar sog'liqni saqlash boshqarmalarida 2 nafar, Toshkent shahar sog'liqni saqlash bosh boshqarmasida 4 nafar shtat birligidan iborat dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chakana sotish sohasida litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish sho'balari tashkil etilsin.
O'zbekiston Respublikasi sog'liqni saqlash vaziri (A.Shadmanov) ikki hafta muddatda Qoraqalpog'iston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi, viloyatlar sog'liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sog'liqni saqlash bosh boshqarmasining tuzilmalariga o'zgartishlar kiritsin.
4. O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi:
Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi savdo vazirligi, Markaziy bank, Davlat bojxona qo'mitasi, "O'zfarmsanoat" DAK bilan birgalikda bir oy muddatda Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarining ro'yxatini tanqidiy qayta ko'rib chiqib, natijasi bo'yicha shifokorning qat'iy retseptiga asosan sotiladigan dori vositalarini ro'yxatga kiritish orqali uni kelgusida zaruratga ko'ra yangilashni inobatga olgan holda maqbullashtirish bo'yicha takliflar kiritsin;
Davlat statistika qo'mitasi, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda kasallanish, bemorlar soni, davolanish kurslari va boshqa mezonlarni inobatga olgan holda dori vositalari va tibbiyot buyumlariga bo'lgan ehtiyojni aniqlashning samarali metodologiyasi, shuningdek manfaatdor vazirlik va idoralar, farmatsevtika korxonalari va ulgurji tashkilotlarga ehtiyoj haqidagi ma'lumotlarni yetkazishni nazarda tutuvchi Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlariga ehtiyojni aniqlash tartibi to'g'risidagi nizomni tasdiqlash bo'yicha Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. Tibbiyot muassasalari va aholini dori vositalari hamda tibbiyot buyumlari bilan ta'minlashni nazorat qilish bo'yicha respublika komissiyasi bir oy muddatda belgilangan narxni shakllantirish jarayoniga kurs farqlari o'zgarishining ta'sirini kamaytirishni nazarda tutgan holda Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarining ro'yxatiga kiritilgan dori vositalari savdo nomlari va tibbiyot buyumlariga belgilangan ulgurji va chakana narxlarni o'rnatish tartibini takomillashtirish bo'yicha takliflar kiritsin.
6. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mutaxassislarni jalb etgan holda bir oy muddatda "O'zfarmsanoat" DAK va uning tizimiga kiruvchi korxonalarning faoliyatini, shu jumladan ishlab chiqariladigan dori vositalari va tibbiyot buyumlari narxlari shakllanishini, shuningdek korxonalarni ishlab chiqaruvchi deb tan olish uchun mahalliy xomashyodan foydalanish darajasini tanqidiy o'rganib chiqsin.
7. Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
ikki hafta muddatda Qoraqalpog'iston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi, viloyatlar sog'liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sog'liqni saqlash bosh boshqarmasining dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chakana sotish sohasida litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish sho'balari shtat jadvalini tasdiqlasin hamda oliy farmatsevtika ma'lumotiga va farmatsevtika sohasida kamida uch yillik mehnat stajiga ega yuqori malakali mutaxassislar bilan to'ldirilishini ta'minlasin;
O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasi, Tashqi savdo vazirligi, "O'zeltexsanoat" AK, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, tijorat banklari bilan birgalikda bir oy muddatda dorixonalar va ularning filiallarini tovar cheklarini berish bo'yicha asbob-uskuna va dasturiy komplekslar bilan jihozlash yuzasidan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqsin;
O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda 2018-yil 1-yanvarga qadar dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chakana sotish faoliyatini litsenziyalash bo'yicha yangilangan talablardan kelib chiqqan holda dorixonalarning amaldagi litsenziyalari qayta rasmiylashtirilishini ta'minlasin.
8. O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi bir oy muddatda qat'iy hisobi yuritiladigan blank hisoblanadigan, tovar cheklarini berish bo'yicha asbob-uskunalar mavjud bo'lmagan yoki nosoz bo'lgan yoxud elektr energiyasi vaqtincha o'chirilgan hollarda dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chakana sotishda foydalaniladigan tovar cheklari kitobining shaklini tasdiqlasin.
9. O'zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Sog'liqni saqlash vazirligi, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda Sog'liqni saqlash vazirligi tomonidan qonun hujjatlari buzilishi, shu jumladan dori vositalari va tibbiyot buyumlarining narxini shakllantirish tartibi qo'pol buzilganligi oqibatida litsenziyasi tugatilgan dorixonalar manzillari va qonunbuzilishlarga bevosita aloqador xodimlar (provizorlar, farmatsevtlar)ning barcha uchun ochiq bo'lgan yagona reyestrini shakllantirish bo'yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqsin.
Dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chakana sotish uchun litsenziya berish bo'yicha hududiy komissiyalar Sog'liqni saqlash vazirligiga har oyda dorixonalarning yagona manzillar reyestri va xodimlar (provizorlar, farmatsevtlar)ning reyestriga kiritish uchun ma'lumotlarni taqdim etib borsin.
10. O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Adliya vazirligi hamda Xususiylashtirilgan korxonalarga ko'maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo'mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda:
ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta'minlash darajasini oshirish maqsadida o'zining ijtimoiy dorixona tarmoqlarini tashkil etish;
fuqarolar tomonidan dori vositalari nazoratsiz qo'llanilishining, shu jumladan dori vositalarini faqatgina shifokorlar retsepti asosida sotish to'g'risidagi talablarning so'zsiz bajarilishini ta'minlash orqali oldini olish, Retseptsiz sotiladigan dori vositalari ro'yxatiga kiritilgan dori vositalari bundan mustasno;
shifokor retsepti bo'yicha beriladigan ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalarining sotilishini monitoring qilishni ta'minlovchi axborot tizimlarini joriy etish bo'yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqsin.
11. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi (A.N.Yunusxodjayev) ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarini ishlab chiqarish hamda aholini va respublikaning davolash-profilaktika muassasalarini ular bilan ta'minlash ahvolini monitoring qilish bo'yicha ishchi guruhi tashkil etsin.
Ishchi guruhi monitoring jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo'yicha zarur chora-tadbirlar ko'rilishini ta'minlasin.
12. O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O'zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyati, shu jumladan ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlari uchun belgilangan narxlarga rioya qilishning ahamiyati ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini tashkil etsin.
13. O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o'zgartish va qo'shimchalar to'g'risidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N.Yunusxodjayev va O'zbekiston Respublikasining Bosh prokurori I.B.Abdullayev zimmasiga yuklansin.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2017-yil 17-iyul
* * *
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining
"Aholini dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan
ta'minlash tizimini takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha
chora-tadbirlar to'g'risida"gi qaroriga
SHARH
Fuqarolarni arzon narxlarda zarur dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta'minlash sog'liqni saqlash va aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida davlat siyosati samarali amalga oshirilishining muhim sharti hisoblanadi.
Shu munosabat bilan sog'liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida aholini arzon dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta'minlash, shuningdek ularning narxlarini sun'iy oshirib yuborish holatlarining oldini olish masalalariga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Jumladan ulgurji savdo uchun – sotib olingan qiymatning 15 foizidan ko'p bo'lmagan miqdorda, chakana savdoda esa – ulgurji narxning 20 foizidan ko'p bo'lmagan miqdorda cheklangan savdo ustamalari belgilandi.
Xorijda va mamlakatimizda ishlab chiqarilgan ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarini belgilangan narxlarda sotishning tizimi joriy etildi.
Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish maqsadida tuzilmaviy o'zgarishlar amalga oshirildi, mahalliylashtirilayotgan mahsulotlarni kengaytirish va ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish uchun mahalliy dori vositalari va tibbiyot buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga soliq va bojxona imtiyozlari berildi.
Shu bilan birga, aholini zarur dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta'minlash ahvoliga salbiy ta'sir ko'rsatuvchi bir qator jiddiy xato va kamchiliklar kuzatilmoqda, jumladan:
amaldagi ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarini import qilishdagi ortiqcha tartib-taomillar ularni yetkazib berish muddatlarining sun'iy kechiktirilishi va ichki bozordagi taqchilligi yuzaga kelishiga olib kelmoqda;
dori vositalari va tibbiyot buyumlariga bo'lgan ehtiyojni belgilash bo'yicha aniq mexanizmlarning mavjud emasligi import va mahalliy ishlab chiqarish muvozanatini ta'minlash hamda mahalliy korxonalar tomonidan farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni prognoz qilish imkonini bermayapti;
import qilinayotgan va respublikada ishlab chiqarilayotgan ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlariga cheklangan narxlarni belgilash tartibining mukammal emasligi kuzatilmoqda;
farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishning yetarli darajada mahalliylashtirilmaganligi mahalliy farmatsevtika korxonalarining import xomashyosi va materiallariga yuqori darajada qaramligini yuzaga keltirmoqda, oqibatda dori vositalari va tibbiyot buyumlarining narxlari keskin oshmoqda;
dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chakana sotish uchun litsenziya berish bo'yicha hududiy komissiyalarining faoliyati to'g'ri yo'lga qo'yilmagan, bu litsenziya talab va shartlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda.
Yuqorida qayd etilganlardan kelib chiqib, shuningdek 2017-2021-yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan ushbu qarorda aholini ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta'minlash tizimini yanada takomillashtirish, ularning taqchilligi vujudga kelishiga yo'l qo'ymaslikka qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda.
Jumladan ushbu qarorga muvofiq 2017-yil 1-avgustdan boshlab ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chetdan xarid qilish faqatgina "O'zmedeksport" respublika tashqi iqtisodiy davlat korxonasi tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu korxonaga ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarini joriy yilning ikkinchi yarmida qo'shimcha ehtiyojdan kelib chiqib yetkazib berilishini ta'minlash topshirildi.
Bundan tashqari, tibbiyot mahsulotlarini sertifikatlash sifatini yanada oshirish maqsadida ushbu faoliyatning faqatgina davlat sertifikatlashtirish organlari tomonidan amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.
Dorixonalar faoliyatini tashkil etish bo'yicha yangidan joriy etilgan talablarga asosan ularning dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chakana sotish bo'yicha amaldagi litsenziyalari 2018-yil 1-yanvarga qadar qayta rasmiylashtirilishi shartligi belgilandi. Bunda qayta rasmiylashtirish yangi litsenziyalovchi organ – Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan amalga oshiriladi.
Ushbu maqsadlarda Qoraqalpog'iston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi, viloyatlar sog'liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sog'liqni saqlash bosh boshqarmasi tuzilmasida dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chakana sotish sohasida litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish sho'balari tashkil etilmoqda.
Shu bilan birga, O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarining ro'yxatini qayta ko'rib chiqish, natijasi bo'yicha uni maqbullashtirish yuzasidan takliflar kiritish;
Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlariga ehtiyojni aniqlash tartibi to'g'risidagi nizomni ishlab chiqish;
Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarining ro'yxatiga kiritilgan dori vositalarining savdo nomlari va tibbiyot buyumlariga belgilangan ulgurji va chakana narxlarni o'rnatish tartibini takomillashtirish bo'yicha taklif kiritish;
dorixonalar va ularning filiallarini tovar cheklarini berish bo'yicha asbob-uskuna va dasturiy komplekslar bilan jihozlash yuzasidan kompleks chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish, shuningdek tovar cheklarini berish bo'yicha asbob-uskunalar mavjud bo'lmagan yoki nosoz bo'lgan yoxud elektr energiyasi vaqtincha o'chirilgan hollarda dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chakana sotishda foydalaniladigan tovar cheklari kitobining shaklini tasdiqlash vazifalari yuklatildi.
Shuni alohida qayd etish kerakki, aholini ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta'minlash darajasini oshirish maqsadida Sog'liqni saqlash vazirligining ijtimoiy dorixona tarmoqlari tashkil etilib, aholiga dori vositalari va tibbiyot buyumlarini belgilangan narxlarda sotish ularning asosiy vazifasi etib belgilandi.
Umuman olganda, qabul qilingan qaror fuqarolarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish, aholini arzon narxlarda dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta'minlashga salbiy ta'sir ko'rsatayotgan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish imkonini beradi.