"Amu – Buxoro" kanali ustidagi yangi ko'prik foydalanishga topshirildi
Navro'z ayyomi shukuhi davom etayotgan shu kunlarda yo'lsozlar yana bir yirik bunyodkorlik loyihasini amalga oshirishdi. O'zbekiston milliy avtomagistrali tizimidagi Qorovulbozor tumani orqali o'tuvchi G'uzor – Buxoro – Nukus – Beynov xalqaro avtomobil yo'lidagi viloyatlararo Amu – Buxoro kanali ustida barpo etilgan yangi zamonaviy ko'prik foydalanishga topshirildi.
Investitsiya dasturiga kirgan ushbu ob'ekt Avtomobil yo'llari Davlat qo'mitasi tarkibidagi "Qashqadaryo ko'prik xo'jaligiga ixtisoslashtirilgan saqlash ta'mirlash va foydalanish" korxonasi tomonidan qurilib, unda uchun 11 milliard 800 million so'mlik qurilish-montaj ishlari bajarildi.
Avval xabar qilganimizdek, ko'prikni loyihalashtirish ishlari 2016 yil iyulida boshlangan edi. O'shanda 1961 yilda qurilgan eski ko'prikning bir qismi qulab tushgan edi.
Ko'prik avvalgisiga nisbatan uch barobar keng bo'lib, eni 27, uzunligi 72 metrni tashkil etadi. To'rt tasmali yo'ldagi yangi ko'prikning o'tkazish qobiliyati, harakat xavfsizligini ta'minlash darajasi keskin oshdi. Inshootning ikki tomonida piyodalar uchun yo'laklar barpo etilgan.
Matbuot xizmati