Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasi raisi A.Abduvalievning "Markaziy Osiyo xalqaro transport tizimida: strategik istiqbol va amalga oshirilmagan imkoniyatlar" mavzusidagi Xalqaro konferentsiya arafasida – 2018-yil 17-sentyabrda o'tgan Xalqaro press-klubdagi ma'ruzasi

7215 18-Sentyabr, 2018 Chop etish Yuklab olish (PDF 15 Kb)

Assalomu alaykum, qadrli press-klub qatnashchilari!

Hurmatli ommaviy axborot vositalari vakillari!

So'zim avvalida shuni aytishim kerakki, barchamiz mamlakat hayotidagi katta bir anjuman arafasida turibmiz. Bu kabi voqea 30 yil davomida kuzatilmagani bois, eng avvalo qo'mita tomonidan bunday yuqori anjumanga tayyorgarlik to'g'risida qisqacha to'xtalib o'tmoqchi edim.

Xalqaro konferentsiyani yuqori saviyada o'tishini ta'minlash va unga puxta tayyorgarlik ko'rish maqsadida Qo'mita tomonidan tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Ishlab chiqilgan chora-tadbirlarning har bir bandi bo'yicha mas'ullar belgilangan va tegishli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, xalqaro konferentsiyaga yo'l qurilishi va eksplutatsiyasi sohasidagi chet el xamkorlarining 50 kishilik ro'yxati shakllantirildi va Tashqi ishlar va Tashqi savdo vazirliklariga taqdim etildi. 

Taklif etilgan mehmonlar orasida – Xalqaro yo'l federatsiyasi vakillari, TRASYeKA Hukumatlararo komissiya bosh kotibi, Xalqaro yo'l assotsiyasining bosh kotibi, Osiyo taraqqiyot banki ekspertlari, Singapur transport va kommunikatsiya vazirligi, Yaponiya, Germaniya, Turkiya hamda Markaziy Osiyoning yo'l sohasidagi kompaniyalari top-menedjerlarini kiritish mumkin.

Konferentsiyaga tayyorgarlik doirasida – yo'l sohasida bajarilayotgan ishlar, xalqaro marshrutlar, ularni yanada rivojlantirish bo'yicha olib borilayotgan tadbirlar, yangi xalqaro marshrutlarini ochish, avtomobil yo'llari holatlari hamda yo'llarni ta'mirlash uchun xalqaro moliya institutlar bilan olib borilayotgan ishlar to'g'risida ma'lumotlar tashkilotchilarga hamda taklif etilgan mehmonlarga taqdim etildi.

Anjumanga puxta tayyorgarlik ko'rish maqsadida – Tashqi savdo vazirligi boshchiligida tuzilgan Operativ shtabga qo'mita tomonidan doimiy asosda ishlaydigan 4 nafar xodim ajratildi.

Bugungi kunga qadar qo'mita tomonidan taklif etilgan mehmonlarning 27 tasi – Xalqaro konferentsiyada ishtirok etishlarini tasdiqladi va konferentsiyani o'tkazish bo'yicha yaratilgan saytdan ro'yxatdan o'tdilar.

Shuni ta'kidlashni istardimki, Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasi Konferentsiya doirasidagi 3-chi sektsiya majlisida qatnashadilar. Mazkur sektsion yig'ilish qatnashchilari soni 110 ta bo'lib, unda xorijiy mehmonlardan 71 ta, O'zbekiston tomonidan esa 39 ta mutaxassis ishtirok etadi. Ushbu sektsiya majlisida Mustaqil davlatlar hamdo'stligining Hukumatlaro yo'lchilar kengashi kotibiyati boshlig'i professor B.Karimovning "Mustaqil davlat hamdo'stligi davlatlarida yo'lovchi va yuk tashishda xalqaro avtomobil yo'llari" mavzusida ma'ruza qilishi kutilmoqda. 

Shu bilan birga, TRASYeKA Hukumatlarro komissiyasi bosh kotibi Mircha Chiopra va Singapur transport vaziri o'rinbosari Kelvin Fua yuqorida ko'rsatib o'tilgan sektsiya majlisida o'z ma'ruzalari bilan ishtirok etishganini ma'lum qilganlar. 

Jahondagi xalqaro transport kommunikatsiyalari va xalqaro yo'laklar masalasi tilga olinganda, O'zbekistondagi mazkur kommunikatsiyalarning bevosita uzviy qismi bo'lgan – avtomobil yo'llari ham tilga olinadi. Bu borada keyingi paytlarda amalga oshirilayotgan ishlar xususida ham to'xtab o'tmochqchi edim. 

Bu – o'ta muhim masala. Chunki quyidagi raqamlarga e'tibor qilsangiz, bunga amin bo'lish mumkin:

So'nggi ikki yil ichida jahon miqyosida avtotransport vositasida yuklarni tashish hajmi 50,8 foizdan – 70,6 foizga oshgan. Shundan kelib chiqqan holda, transport-tranzit avtomobil yo'llaridan samarali foydalanish – har qanday davlat uchun ulkan daromad manbaidir. 

2017 yilning oxirida muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan O'zbekiston – Markaziy Osiyodagi transport kommunikatsiyalarini rivojlantirishning yagona dasturini ishlab chiqish tashabbusi bilan chiqdi. Qo'shnilarimiz bilan samimiy aloqalar tiklangani esa ko'p sohalar qatori ular bilan hamkorlikda yangi avtomobil yo'llari qurish, u orqali xorij davlatlariga yo'l ochish, ayni paytdagi avtomobil yo'llarini esa birgalikda ta'mirlab, foydalanish kabi g'oyat samarali ishlar haqida kelishib olmoqdamiz.

Bularning natijasida yuklarni avtomobil yo'llari orqali tashish hajmi – o'tgan yil yakunlariga ko'ra 1,04 milliard tonnani tashkil etib, bu – oldingi yilga qaraganda 3,7 foizga ko'p. Tranzit yuklarni tashish hajmi ham yildan-yilga ortib bormoqda. 

Bugungi kunda O'zbekistonda 10 ta xalqaro transport yo'laklari hamda ushbu yo'nalishlardagi avtomobil yo'llarini ta'mirlash, qayta qurish va foydalanish bo'yicha ishlar olib borilmoqda. Mamlakatimiz bu boradagi 11 xalqaro konventsiya a'zosi hisoblanadi, 29 davlat bilan sohaga tegishli shartnomalarga imzo chekkan.

Ushbu tadbirlar doirasida – O'zbekiston Respublikasi hududidan xalqaro yuklarni tashishga mo'ljallangan 52 ta avtomobil yo'llari belgilangan.

Ikki og'iz bugun mamlakatimiz avtomobil yo'llaridagi qurilish va ta'mirlash ishlari haqida.

Respublika bo'yicha jami 184 ming km avtomobil yo'llari mavjud bo'lib, shundan 116 ming 560 km ichki xo'jaliklararo, qishloq, shahar va ovullarning avtomobil yo'llari hamda 42 ming 676 km umumfoydalanuvdagi avtomobil yo'llaridan iborat.

Bu borada qilingan va qilinayotgan ishlar haqida soatlab gapirishim mumkin. Lekin keling, qilinayotgan ishlarning raqamlardagi aksiga murojaat qilib qo'ya qolaylik. Men Sizga hozir 2018 yilning 1-yarmida qilingan ishlarni – o'tgan yilgi shu davrga taqqoslangan solishtirma ma'lumotlarni keltiraman:

a) Qurish, rekonstruktsiya qilish va kapital ta'mirlash bo'yicha:

2017 yilda – 40 km qurilib, rekonstruktsiya qilingan, 21,5 km kapital ta'mirlangan, jami – 61,5 km

2018 yilda – 137,7 km qurilib, rekonstruktsiya qilingan, 20,5 km kapital ta'mirlangan, jami 158,2 km

Ko'rsatkich o'tgan 2017 yilga nisbatan 257 foizga o'sgan

b) Joriy ta'mirlash va saqlash bo'yicha:

2017 yilda – 1120 km

2018 yilda – 1275 km

Ko'rsatkich o'tgan 2017 yilga nisbatan 113,8 foizga o'sgan

v) Ichki xo'jalik yo'llari va shahar ko'chalari bo'yicha:

2017 yilda – 2760 km yo'llar ta'mirlangan

2018 yilda – avvalgi dasturlar bo'yicha – 1682 km, "Obod qishloq" dasturi bo'yicha – 1351 km, "Obod mahalla" dasturi bo'yicha – 26 km, 

jami – 3059 km

Ko'rsatkich o'tgan 2017 yilga nisbatan 110,8 foizga o'sgan

Bu raqamlar ortida – minglab yo'lsozlarimizning ulkan mehnatlari yotibdi.

Mazkur tadbirlarni amalga oshirish orqali yo'l ishlari uchun ajratilayotgan mablag'lardan samarali va maqsadli foydalanishga erishildi hamda ta'mirlanadigan yo'l qismlarining ko'payishi bilan birga, ularning uzoq muddat xizmat qilinishi ta'minlash yo'lida harakatlar olib borilmoqda. 

E'tiboringiz uchun rahmat.

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali