Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasi raisi A.Abduvalievning "Yo'l transporti va muxandislik kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish istiqbollari" mavzusidagi 24-noyabr 2017-yil xalqaro ilmiy-texnikaviy anjumandagi ma'ruzasi
Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasi raisi A.Abduvalievning "Yo'l transporti va muxandislik kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish istiqbollari" mavzusidagi xalqaro ilmiy-texnikaviy anjumandagi ma'ruzasi
Hurmatli xonimlar va janoblar, qadrli anjuman qatnashchilari va mehmonlari, muhtaram hamkasblar!
Eng avvalo Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasi jamoasi va shaxsan o'z nomimdan "Yo'l transporti va muxandislik kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish istiqbollari" mavzusida xalqaro ilmiy-texnikaviy anjumani qatnashchilarini qizg'in qutlashga ijozat bergaysizlar.
O'zbekistonda yo'l-transport kommunikatsiyalari ishlab chiqarishning hamda ijtimoiy infratuzilmaning muhim tarkibiy qismi bo'lib, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotida muhim o'rin tutadi.
Bugungi kunda Respublikamizdagi temir yo'llari uzunligi 8,0 ming kilometrni, avtomobil yo'llari – 184 ming, magistral truba o'tkazgichlari esa – 13,9 ming kilometrni tashkil etadi.
Shundan avtomobil yo'llari orqali tashuvlar eng yuqori o'rinlarda turib, yuklarning 91 foizi, yo'lovchilarning esa 98 foiz hissasi aynan mazkur yo'llarga to'g'ri keladi.
O'zbekiston Respublikasi avtomobil transporti va yo'llariga daxldor bo'lgan 30 dan ortiq xalqaro konventsiyalar, kelishuvlar va shartnomalarning teng huquqli a'zosi hisoblanadi. Shuningdek, xalqaro tashkilotlar tomonidan ishlab chiqilgan, milliy transport kommunikatsiyalarni rivojlantirish, milliy tizimlarni xalqaro transport tizimlari bilan uyg'unlashtirishga qaratilgan qator dasturlar ishtirokchisi sanaladi.
Respublika hududi orqali 20 dan ortiq xalqaro transport marshrutlari va yo'nalishlari o'tadi.
Shu bilan bir qatorda Buyuk ipak yo'lining asosiy yo'nalishlari ham o'tgan.
Mustaqillik yillarida respublikada yo'l-transport infratuzilmasini yaxshilash, avtomobil yo'llari tarmog'ini rivojlantirish bo'yicha keng qamrovli ishlar olib borilishi natijasida umumiy foydalanishdagi halqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo'llarining holati tubdan yaxshilanib respublika, viloyat va tuman markazlarini havfsiz transport aloqasi bilan ta'minlashga erishildi.
Muhim tranzit arteriyalari bo'lmish – Qamchiq dovonidan o'tgan, ikkita tunnel qurilishini o'z ichiga olgan "Toshkent-O'sh", "Toshkent-Termiz", "Samarqand-Buxoro-Olot", "Qo'ng'irot-Beynov", "G'uzor-Buxoro-Nukus-Beynov" kabi avtomobil yo'llari, bundan tashqari shu yo'llardagi yirik aholi punktlari bo'lmish – Jizzax, Guliston, Qo'qon, Kattaqo'rg'on, Bo'ka, Olot va Sayrob shaharlarini aylanib o'tish yo'llari yangidan qurildi.
"Guliston-Ohangaron" yangi avtomobil yo'lining qurilishi esa Respublikaning Farg'ona vodiysini janubiy, shimoliy-g'arbiy mintaqalar bilan qisqa muddatda bog'lash barobarida ularga poytaxtni aylanib o'tish imkonini berdi.
2700 km dan iborat "O'zbek Milliy magistrali"ni rekonstruktsiya qilish va rivojlantirish loyihasi bugungi kunda ham izchil davom etmoqda. Bunda "Beynov-Qo'ng'irot-Buxoro-Samarqand-Toshkent-Andijon", "Buxoro-Olot", "Buxoro-Qarshi-G'uzor-Termiz" va "Samarqand-G'uzor" kabi yo'nalishlardagi 2 tasmali yo'llar birinchi kategoriya hisoblangan – 4 tasmaliga o'tkazilib, tegishli geometrik talablarga javob bergan holda bir o'qqa tushadigan yuk og'irligi 10 tonnadan 13 tonnaga o'tkazilishiga e'tibor qaratilmoqda. 500 kilometrdan ortiq yo'llar esa tsement-beton qatlamlikka o'tkazilmoqda.
Dasturlar doirasida, shuningdek, Buxoro, Qarshi, Beruniy, To'rtko'l shaharlarini aylanib o'tish yo'llari, ko'prik va yo'l o'tkazgichlar barpo qilinmoqda.
Avtomobil yo'llari qurilishi va rekonstruktsiyasini jadallashtirish maqsadida xalqaro moliya institutlarining 2,04 mlrd. AQSh dollariga teng miqdordagi mablag'lari jalb etilgan. Jumladan:
Osiyo taraqqiyot banki mablag'lari hisobidan - A-380 avtomobil yo'lining Qoraqalpog'iston Respublikasi va Xorazm viloyati hududlaridagi 40 km qismi asfalt-beton qoplamaliga o'tkazilib, 141 km yo'l esa esa tsement-beton qoplamali tarzda rekonstruktsiya qilindi, "Qamchiq" dovonida – Toshkent va Namangan viloyatlaridagi tog'li hududlardan o'tgan 58 km avtomobil yo'li, Buxoro viloyati hududidagi 125 km avtomobil yo'llari tsement-beton qorishmali qoplamaga o'tkazilmoqda;
Islom taraqqiyot banki mablag'lari hisobidan – Surxondaryo viloyatidagi 100 km asfalt-beton qoplamali yo'llar rekonstruktsiya qilinmoqda;
Jahon banki mablag'lari hisobiga Toshkent, Andijon, Namangan va Farg'ona viloyatlaridagi mahalliy ahamiyatga eka avtomobil yo'llarini rivojlantirish loyihalari amalga oshirilmoqda;
Sauliya rivojlanish jamg'armasi va arab iqtisodiy rivojlanishi Quvayt jamg'armasi mablag'lari hisobiga Qashqadaryo viloyatidagi 35 km avtomobil yo'llari rekonstruktsiya qilinmoqda.
Shu bilan birga, respublikaning jadal iqtisodiy rivojlanishi – avtomobil yo'llaridagi sun'iy inshootlar hajmining ham ta'mirlanishini talab qiladi.
Sohadagi boshqaruv tizimining shu paytgacha bo'lgan holati ba'zi bir tashkiliy masalalarni hal etishni talab qilardi. Shu paytgacha avtomobil yo'llarini boshqarish, ularni yaxshi holatdagi transport-ekspluatatsiyasini ta'minlab turish uchun yagona davlat boshqaruvi mavjud emas edi. Masalan, 42654 km uzunlikdagi umumiy foydalanuvdagi avtomobil yo'llari, ya'ni umumiy avtomobil yo'lining 23 foizi – sobiq "O'zavtoyo'l" DAK balansida bo'lgan bo'lsa, qolgan 142 ming km avtomobil yo'llari (umumiy tizimning 77 foizi) – mahalliy hokimiyatlar qoshidagi kommunal xo'jalik bo'limlari va obodonchilik boshqarmalari ixtiyorida edi.
Tumanlardagi kommunal xo'jalik birlashmalari o'z hududlaridagi yo'llarni loyihalash, ta'mirlash va qurishda o'sha yo'llarning egasi sifatida o'zlarining texnik siyosatlarini yuritar, bu esa umumiy yo'l xo'jaligi siyosatini yuritishda salbiy asoratini qoldirmay qo'ymas edi.
Loyiha-smeta hujjatlari texnik talablarga to'liq javob bera olmas, bundan tashqari avtomobil yo'llarini saqlash va joriy ta'mir etishda mutaxassis kadrlarning taqchilligi oqibatida ichki xo'jalik yo'llarining umumiy holati qo'yilgan talablarga javob bera olmay qolgandi.
Avtomobil yo'llari va sun'iy inshootlarni loyihalashtirish, qurish va ulardan foydalanish ishlariga kompleks yondashish asosida yo'l xo'jaligini boshqarishning samarali tizimini shakllantirish, ularni moliyalashtirish tizimini takomillashtirish, bu borada loyihalashtirish va yo'l-qurilish ishlari sifatini oshirish imkonini beradigan to'laqonli buyurtmachi xizmatini yaratish maqsadida joriy yilning fevral oyida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining "Yo'l xo'jaligini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi Farmoni va qator qarorlari qabul qilindi.
Ularga asosan Avtomobil yo'llari qurish va foydalanish davlat-aktsiyadorlik kompaniyasi ("O'zavtoyo'l" DAK) negizida
O'zbekiston Respublikasi Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasini tashkil etildi.
Yo'l xo'jaligini boshqarishning yangi tizimi tashkil etildi.
Davlat qo'mitasi - avtomobil yo'llarini boshqarish bo'yicha maxsus vakolatlarga ega bo'lgan davlat organi sifatida belgilandi.
Umumiy foydalanuvdagi hamda xo'jaliklararo qishloq avtomobil yo'llari, shahar ko'chalari, shahar posyolkalari, qishlov va ovullarning ko'chalarida loyihalashtirish, qurish, rekonstruktsiya qilish va ta'mirlash ishlarida buyurtmachi vazifasini bajarish – qo'mitaning tegishli bo'linmalari ixtiyoriga berildi.
Qo'mita tarkibida qo'shimcha tarzda avtomobil yo'llari va ko'priklarni qurish va ta'mirlash, yo'l-qurilish materiallari ishlab chiqish hamda ko'kalashzorlashtirish va obodonlashtirishga ixtisoslashgan qo'shimcha korxonalar tashkil etildi.
Qo'mitaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
avtomobil yo'llari sohasida yagona texnik siyosatni olib borish;
avtomobil yo'llari tarmoqlarini rivojlantirish va takomillashtirish istiqbollarini belgilash;
avtomobil yo'llarining xalqaro tranzit yo'laklarini shakllantirish;
zamonaviy transport oqimi sharoitida avtomobil yo'llaridan foydalanuvchilarning manfaatlarini hisobga olib, avtomobil yo'llarini moliyalashtirish, loyihalashtirish, qurish, ta'mirlash va ulardan foydalanish masalalari kompleks hal etilishini ta'minlash hamda buyurtmachi xizmatining samarali faoliyatini tashkil etish;
xo'jaliklararo qishloq avtomobil yo'llarining, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar va ovullar ko'chalarining mavjud tarmog'i saqlanishini ta'minlash ishlarini muvofiqlashtirish, ulardan transportda foydalanish darajasi yuqori bo'lishini ta'minlash;
ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, avtomobil yo'llarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruktsiya qilish, ta'mirlash va saqlash sohasida innovatsion texnologiyalar va zamonaviy standartlarni joriy etish;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo'llarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruktsiya qilish, ta'mirlash va saqlash sohasidagi shaharsozlik normalari va qoidalari, sifat standartlariga rioya etilishini ta'minlash;
avtomobil yo'llari sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni, jumladan, chet ellarda o'quv-amaliyot kurslari va seminarlar tashkil etish.
Avtomobil yo'llarini qurish va rekonstruktsiya qilish dasturi to'liq qayta ko'rib chiqildi.
Mintaqaviy avtomobil yo'llarining yo'l qoplamalari holatini zarur darajaga keltirish va ularni ekspluatatsiya qilish xususiyatlarini oshirish orqali yo'l-transport infratuzilmasini yanada takomillashtirish, aholining hayot faoliyati uchun, ayniqsa, qishloq joylarda qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlarini va hududlarini yaqin yillarda va kelajakda istiqbolli rivojlantirish belgilab olindi.
Qabul qilingan dasturga asosan 2018-2020 yillar davomida "O'zbek Milliy avtomagistrali" tarkibiga kirgan 1 227,8 km avtomobil yo'llari, shuningdek, ko'priklar, yo'l o'tkazgichlar va transport yechimlarini qurish va rekonstruktsiya qilish belgilangan. Ulardan:
• A380 "G'uzor-Buxoro-Nukus-Beynov" avtomobil yo'lining 698-765 km, 796-812 km, 916-964 km (umumiy uzunligi 57 km bo'lgan) qismlarini rekonstruktsiya qilish.
• A380 "G'uzor-Buxoro-Nukus-Beynov" avtomobil yo'lining 964-1204 km (umumiy uzunligi 240 km bo'lgan) qismini rekonstruktsiya qilish.
• M37 "Samarkand sh.- Buxoro-Turkmanboshi" avtomobil yo'lining umumiy uzunligi 20 km qismini rekonstuktsiya qilish.
• A-380 avtomobil yo'lining Buxoro-Qarshi-G'uzor yo'nalishidagi 0-49 km, 70-130 km oralig'idagi (umumiy uzunligi 103 km bo'lgan) 4 tasmali qismlarini bir o'qqa tushadigan 13 tonnaliga aylantirish.
• A373 avtomobil yo'lining Toshkent-Andijon yo'nalishidagi 135-kilometr qismida, 353-388 km va 423-450 km (umumiy uzunligi 90 km) qismlarini bir o'qqa tushadigan 13 tonnaliga aylantirish.
• A 373 "Guliston-Ohangaron" avtomobil yo'lining umumiy uzunligi 26 km bo'lgan qismini rekonstruktsiya qilish.
2018-2025 yillar davomida umumiy foydalanuvda bo'lgan avtomobil yo'llarida quyidagi ishlar amalga oshirilishi ko'zda tutilmoqda:
• A-378 avtomobil yo'lining "Navoiy-Nurobod" yo'nalishidagi (Navoiy viloyatidagi 4R52 yo'lining 142-155 km, Samarqand viloyatidagi 4R52 0-80 km, umumiy uzunligi 95 km bo'lgan) 2 polosali yo'llarni bir o'qqa tushadigan 13 tonnaliga aylantirish.
• M-39 avtomobil yo'lining Boysun-Denov-Sariosiyo yo'nalishidagi (Surxandaryo viloyatidagi 4R105b; 4R105; 4R100 avtomobil yo'llari, umumiy uzunligi 125 km bo'lgan) 2 polosali yo'llarni bir o'qqa tushadigan 13 tonnaliga aylantirish.
Ma'ruza davomida shu kabi yana bir nechta misollarni keltirib o'tishimiz mumkin.
Shu bilan birga, yuqorida ko'rsatilgan muddatlarda xalqaro moliyaviy institutlarning mablag'lari hisobiga 1 172,5 km avtomobil yo'llari va ko'priklar, yo'l o'tkazgichlar va transport yechimlarini qurish va rekonstruktsiya qilish rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, 2015-2030 yillar davomida quyidagilar ham ko'zda tutilganini alohida qayd etmoqchiman:
8 ming km uzunlikdagi xalqaro ahamiyatda bo'lgan umumiy foydalanuvdagi, jumladan, xalqaro transport yo'laklari tizimiga kirgan avtomobil yo'llarini qurish va rekonstruktsiya qilish;
"Navoiy-Buxoro-Qarshi-G'uzor" yo'nalishiga muqobil bo'lgan "Navoiy-Ko'kdala-G'uzor" yo'nalishini qurish va rekonstruktsiya qilish;
Navoiy – Zarafshon – Uchquduq – Qizilo'rda, Jizzax – Nurota – Tuproqqal'a, keyinroq Urganch va Nukus yo'nalishlari bo'ylab, bosqichma bosqich tarzda qator yangi xalqaro hamda mintaqalararo avtomobil yo'llari yo'nalishlarini ochish;
Qariyb 28 ming km uzunlikdagi davlat va mahalliy ahamiyatda bo'lgan avtomobil yo'llarida – shag'al qatlamdan asfalt qatlamga o'tkazish hisobiga kapital ta'mirlash ishlarini amalga oshirish;
tig'iz transport tugunlari va suv inshootlari bo'lgan hududlarda 50 dan ortiq transport yechimlari qurildi, bu ishlarni davom ettirish;
2 ming kilometrga yaqin pulli avtomagistrallar va tezyurar yo'llar qurilishi ko'zda tutilmoqda;
Asosiy e'tibor hududlardagi mahalliy avtomobil yo'llarini yanada rivojlantirishga qaratiladi.
Avtotransport vositalarining tranzit qatnovlarini ko'paytirish maqsadida quyidagi yo'nalishlarda xalqaro yo'laklar holati yaxshilanadi:
Rossiya Federatsiyasi, Ukraina va Yevropa mamlakatlariga chiqish uchun shimoliy va shimoliy-g'arbiy yo'nalishlarda;
- Kavkaz, Eron, Turkiya va Yevropa davlatlariga chiqish maqsadida g'arbiy va janubiy-g'arbiy yo'nalishlarda;
- Afg'oniston, Eron va Chahbahor, Bandar Abbos dengiz portlariga chiqish, shuningdek, muqobil yo'nalish sifatida Afg'oniston, Pokiston orqali Karachi, Qosim, Gvadar kabi dengiz portlariga chiqish maqsadida – Transafg'on xalqaro transport yo'lagini rivojlantirish;
- Xitoy Xalq Respublikasiga chiqish maqsadida sharqiy yo'nalishlarni kengaytirish.
O'zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu chora-tadbirlar mintaqadagi yo'l-transport infratuzilmasini rivojlantirish barobarida – mamlakatdagi, shu bilan bir vaqtda xalqaro transport yo'laklarini yanada taraqqiy ettirish imkonini beradi.
Bugungi anjuman hamkorligimizni yanada mustahkamlashga, shu barobarda, o'zaro aloqalarimizni bundan buyon yo'lga qo'yish strategiyasini belgilashda o'zining munosib hissasini qo'shishiga umid bildiraman.
Anjuman qatnashchilariga – kunni sermazmun va muvaffaqiyatli o'tkazishlarini tilayman!
E'tiboringiz uchun rahmat!!
O'zbekiston Respublikasi Avtomobil yo'llar davlat qo'mita raisi: A. Abduvalievning ma'ruzasi