Azaliy doʻstlik va qardoshlik aloqalarining yangi davri
Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida 15-oktyabr kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining yettinchi sammiti boʻlib oʻtdi.
Sammitda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdoʻgʻon, Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov, Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev ishtirok etdi.
Anjumanda kuzatuvchi mamlakat vakili sifatida Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban, shuningdek, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi oʻrinbosari Purli Agamuradov qatnashdi.
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev sammitni ochar ekan, Prezident Shavkat Mirziyoyevni Oʻzbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga aʼzo boʻlgani munosabati bilan tabrikladi. Oʻzbekiston rahbarining bu tarixiy qarori turkiy tilli davlatlarning hamjihatligi va izchil taraqqiyotiga xizmat qilishini qayd etdi.
Haqiqatan ham, Oʻzbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammitida ilk bor toʻla huquqli aʼzo sifatida ishtirok etdi. Mamlakatimiz ushbu nufuzli xalqaro tuzilmaga joriy yilda qoʻshildi.
Shavkat Mirziyoyevning ochiq va pragmatik tashqi siyosati, uzoq va yaqin davlatlar bilan oʻzaro munosabatlarni mustahkamlash borasidagi tashabbuslari tufayli keyingi yillarda Oʻzbekistonning doʻstlari, xayrixohlari koʻpaydi. Qoʻshni, yaqin va uzoq mamlakatlar bilan mutlaqo yangi – sogʻlom siyosiy va iqtisodiy aloqalar yoʻlga qoʻyildi. Xalqaro hamkorlikning yangi yoʻnalishlari, yangi mexanizmlari joriy etilmoqda.
Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi ana shunday yangi muloqot maydonlaridan biridir. Bu tashkilot 2009-yil 3-oktyabrda Ozarbayjonning Naxichevan shahrida tuzilgan boʻlib, dastlab unga Turkiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston va Qirgʻiziston aʼzo edi.
Keyingi yillarda mazkur davlatlar bilan aloqalar mustahkamlandi. Oliy va yuqori darajadagi tashriflar amalga oshirildi. Prezidentimiz 2018-yil 3-sentyabr kuni Qirgʻizistonning Choʻlponota shahrida boʻlib oʻtgan sammitda faxriy mehmon sifatida ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari Choʻlponotadagi sammitda xalqlarimizni azaldan oʻxshash til, mushtarak maʼnaviy qadriyatlar va hamkorlik rishtalari bir-biriga bogʻlab kelayotgani, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi doirasida oʻzaro manfaatli sheriklik uchun keng imkoniyatlar mavjudligini taʼkidlar ekan, bu boradagi asosiy yoʻnalishlarga toʻxtalib, bir qancha muhim tashabbuslarni ilgari surgan edi. Dastlabki tashabbuslar amalga osha boshlaganiga bugun barchamiz guvoh boʻlib turibmiz. Xususan, joriy yil 5-oktyabrda Toshkentda Turkiy tilli davlatlar Ishbilarmonlar kengashi biznes forumi oʻtkazildi. Unda Oʻzbekiston, Turkiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Ozarbayjon, Vengriyadan 500 dan ziyod tadbirkor qatnashdi.
Oʻzbekiston bilan tashklotga aʼzo mamalakatlar oʻrtasidagi aloqalar faol rivojlanar ekan, ularni huquqiy jihatdan yanada mustahkamlash zarurati paydo boʻldi. Joriy yil 14-sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashini tuzish toʻgʻrisidagi Naxichevan bitimini ratifikatsiya qildi. Mazkur tashabbus tashkilotning kengayishi va uning xalqaro maydondagi nufuzi oshishida jiddiy qadam boʻldi. Shu bois barcha aʼzo mamlakatlar Oʻzbekistonning bu qarorini mamnuniyat bilan qabul qildi. Rasmiy shaxslar, ekspertlar xalqimizning turkiylar tarixidagi oʻrni, bugungi salohiyatini eʼtirof etdi.
Aslida turkiy xalqlarning kelib chiqish tarixi miloddan avvalgi ming yilliklarga borib taqaladi. Turk hoqonligi, Qoraxoniylar, Gʻaznaviylar, Saljuqiylar va Xorazmshohlar kabi qadimgi turkiy davlatlar oʻz davrining eng qudratli saltanatlaridan boʻlgan. Ularning taʼsirida turkiy til va turmush tarzi keng yoyila boshlagan, ilm-fan, madaniyat va sanʼat yuksak rivojlangan, koʻplab buyuk allomalar yetishib chiqqan. Ularning ulkan kashfiyotlari, nodir asarlari nafaqat turkiy tilli xalqlar, balki butun jahon sivilizatsiyasiga salmoqli hissa boʻlib qoʻshildi.
Turkiy xalqlar oʻrtasidagi yaqinlik nafaqat mushtarak madaniyat, til, din va oʻxshash qadriyatlar, balki qadimdan savdo aloqalari yoʻlga qoʻyilib, oʻzaro bordi-keldi, hamkorlik qilib kelingani bilan ham bogʻliq. Bu rishtalar sobiq ittifoq davrida uzilib qolgan, cheklangan boʻlsa-da, ammo mustaqillik yillariga kelib qon-qardoshlik tuygʻusi yana eski oʻzanini topdi. Sobiq ittifoq tarkibidagi turkiy mamlakatlarda milliy oʻzlikni anglashga eʼtibor kuchaydi, tarixiy anʼanalar qayta tiklandi, turkiy tilli davlatlar bilan oʻzaro aloqalar faollashdi.
Turkiy tilda soʻzlashuvchi davlatlar rahbarlari 1990-yillarning boshidayoq tili, dili, madaniyati va diniy eʼtiqodi umumiy boʻlgan qardosh xalqlarning teng huquqli hamjamiyatiga tamal toshi qoʻyganlar.
2009-yilda Ozarbayjonning Naxichevan shahrida Turkiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston va Qirgʻiziston bu doʻstlik va hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarish maqsadida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashini tuzish haqida kelishib oldi. Tashkilot faoliyatining asosiy prinsiplari 2016-yilda qabul qilingan Istanbul deklaratsiyasida belgilab qoʻyildi.
Tashkilot tarkibi Turkiy tilli davlatlar rahbarlari kengashi, Tashqi ishlar vazirlari kengashi, Katta mansabdor shaxslari qoʻmitasi, Oqsoqollari kengashi va Bokudagi Parlament assambleyasi, Nur-Sultonda Turk akademiyasi, Anqarada Turk madaniyati xalqaro tashkilotidan iborat. Turkiy kengash kotibiyati Istanbul shahrida joylashgan.
Bugungi kunda turkiy tilli davlatlarda yashayotgan xalqlarning umumiy soni 150 milliondan oshadi. Ushbu kengashga aʼzo davlatlar hududi qariyb 4 million kvadrat kilometrni tashkil etadi. Oʻzbekiston qoʻshilgandan soʻng Turkiy kengash nufusi, salohiyati va ahamiyati jihatidan Yevroosiyo markazidagi yirik tuzilmaga aylandi.
Bu tashkilotning asosiy maqsadi qardosh mamlakatlar oʻrtasida ishonch va aloqalarni mustahkamlash, savdo-iqtisodiyot, transport, energetika, turizm va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni rivojlantirish, mintaqada tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirishdir.
Oʻzbekistonning mazkur xalqaro tashkilotga qoʻshilishi davlatimiz tashqi siyosatidagi tarixiy qadamlardan boʻlib, mamlakatimiz, xalqimiz uchun gʻoyat muhim ahamiyat kasb etadi.
Xoʻsh, Turkiy kengashga aʼzolik nima beradi?
Avvalo, Oʻzbekiston tashqi siyosatida yangi yoʻnalish ochildi, mamlakatimiz Markaziy Osiyo va undan kengroq mintaqada faoliyat koʻrsatayotgan yana bir yirik xalqaro tashkilotning teng huquqli aʼzosi boʻldi. Ayni paytda xalqimizning milliy oʻzligi, olis oʻtmishi, tili, tarixiy kelib chiqishi va shakllanishi bilan bogʻliq azaliy qadriyatlari hamda qoʻshni va uzoq qardosh mamlakatlar bilan doʻstona aloqalari qoʻshimcha vositalar bilan mustahkamlandi.
Qolaversa, Turkiy kengashga aʼzo va kuzatuvchi davlatlar bilan nafaqat ikki tomonlama, balki koʻp tomonlama formatda ham toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlikni rivojlantirish imkoniyati yaratildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev sammitda soʻzlagan nutqida Oʻzbekistonning tashkilotga aʼzo boʻlishi, hech shubhasiz, tabiiy va tarixiy jarayonlar ifodasi ekanini taʼkidladi. Yurtimiz zaminida umumiy tariximizning shonli sahifalari bitilgani, jahon ilm-fani va madaniyatiga beqiyos hissa qoʻshgan Muhammad Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek kabi mutafakkirlar, muqaddas dinimiz tarixida oʻchmas iz qoldirgan Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband singari buyuk allomalar, turkiy dunyoni qalam bilan birlashtirgan Alisher Navoiy singari ulugʻ shoirlar nafaqat oʻzbek xalqi, balki barchaning faxru iftixori ekanini qayd etdi.
– Turkiy kengashga aʼzolik xalqimizning tub manfaatlariga toʻla javob beradi. Bugungi kunda mamlakatlarimiz oʻrtasida nafaqat madaniy-maʼnaviy aloqalar, balki savdo-iqtisodiy munosabatlar ham yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Oxirgi uch yilda davlatlarimizning oʻzaro savdo hajmi salkam ikki barobar oshdi, mingdan ortiq yangi qoʻshma shirkatlar ochildi. Transport qatnovlari kengaymoqda, vizasiz tartib asosida turistlar oqimi tobora koʻpaymoqda, xalqlarimizning qardoshlik rishtalari mustahkamlanmoqda, – dedi davlatimiz rahbari.
Shavkat Mirziyoyev sammit kun tartibiga kiritilgan masalalar boʻyicha oʻz fikr va takliflarini bildirdi.
Davlatimiz rahbari tadbirkorlar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri va ishonchli aloqalar oʻrnatish uchun eng qulay sharoitlar yaratib berishni ustuvor vazifa sifatida qayd etdi. Bu borada qoʻshma texnoparklar, startap innovatsiya kompaniyalari va venchur jamgʻarmalari tashkil etish, qoʻshma investitsiya jamgʻarmasi va turkiy davlatlar savdo uylarini birgalikda barpo etish tashabbusini ilgari surdi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan yaqinda Toshkentda muvaffaqiyatli oʻtkazilgan Turkiy tilli davlatlar Ishbilarmonlar kengashi majlisi va Investitsiya forumi aynan shu maqsadga qaratilgan edi. Turkiy kengashning yettinchi sammiti doirasida Bokuda tashkil etilgan biznes forumda mamlakatimiz iqtisodiyot tarmoqlari, hududlar va tadbirkorlik subyektlaridan 120 nafar vakil ishtirok etdi. Biznes forum yakuniga koʻra yurtimizdan Ozarbayjonga avtomobillar, maishiy texnika jihozlari va boshqa tovarlar yetkazib berish boʻyicha umumiy qiymati 430 million AQSH dollaridan ziyod boʻlgan 75 ta shartnoma imzolandi.
Davlatimiz rahbari oʻz nutqida yirik transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirish Markaziy Osiyo – Turkiya transport yoʻlagi orqali Yevropa, Xitoy va Janubiy Osiyo bozorlariga chiqish uchun salmoqli imkoniyatlar yaratishini, "Boku – Tbilisi – Kars" yangi temir yoʻlining salohiyatidan unumli foydalanish zarurligini taʼkidladi.
Transport va logistika markazlarini barpo etishda aʼzo mamlakatlar hududidagi dengiz portlarining zamonaviy infratuzilmasini ishga solish hamda tashqi savdo yuklarini tashishda Turkiy kengashga aʼzo mamlakatlar uchun oʻzaro kelishilgan chegirma va imtiyozlarni qoʻllash masalasini koʻrib chiqish taklif etildi.
Shavkat Mirziyoyev sayyohlik sohasidagi hamkorlikni jadallashtirish zarurligini qayd etdi hamda Oʻzbekiston Tashkilotning oʻtgan yili ishlab chiqilgan "Zamonaviy Ipak yoʻli" sayyohlik dasturida faol ishtirok etishga tayyorligini bildirdi. 2020-yilda koʻhna Xiva shahri "Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti" deb eʼlon qilinishi qardosh xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishga, abadiy doʻstligimizni mustahkamlashga katta hissa qoʻshishini taʼkidladi.
Prezidentimiz Kengashga aʼzo mamlakatlar aholisining 40 foizidan ortigʻi yoshlar ekanidan kelib chiqib, ularni tadbirkorlikka keng jalb etish maqsadida Turkiy kengash doirasida Yosh tadbirkorlar forumini taʼsis qilish va uning birinchi yigʻilishini kelasi yilda Oʻzbekistonda oʻtkazishni taklif qildi.
Oʻzbekiston Prezidenti madaniy-gumanitar sohalar ahamiyatiga alohida toʻxtalib, Kengashga aʼzo davlatlar adabiyotining eng sara namunalaridan iborat "Turkiy adabiyot xazinasi" deb nomlangan yuz jildlik kitoblar turkumini har bir mamlakatning ona tilida nashr etish taklifini ilgari surdi.
– Biz Tashkilot qoshidagi Xalqaro turkiy akademiyaga aʼzo boʻlib kirishga tayyormiz. Shu bilan birga, Kengashga aʼzo mamlakatlarning zamonaviy adabiyot va sanʼat, tarix va meʼmorchilik sohasida ulkan yutuqlarga erishgan ijodkorlarini ragʻbatlantirish maqsadida Xalqaro TURKSOY mukofotini taʼsis etishni taklif etamiz, – dedi davlatimiz rahbari.
Shavkat Mirziyoyev pirovardida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga raislik Ozarbayjon Respublikasiga oʻtishi munosabati bilan Ilhom Aliyevni qutlab, unga ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.
Turkiy kengashning bu galgi sammiti kichik va oʻrta tadbirkorlikni rivojlantirish mavzusiga bagʻishlandi. Shu munosabat bilan sammitda turkiy davlatlarning iqtisodiy hamkorligi va hamjihat taraqqiyoti bilan bogʻliq masalalar ham muhokama qilindi. Tashkilot doirasida hamkorlikning iqtisodiy jihatdan kengayishi dunyodagi siyosiy va iqtisodiy tangliklarga nisbatan turkiy davlatlarning barqarorligini kuchaytirishi taʼkidlandi.
Uchrashuv yakunida hujjatlarni imzolash marosimi boʻldi. Delegatsiyalar rahbarlari Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining yettinchi sammiti deklaratsiyasi, Turkiy kengashning muvofiqlashtiruvchi qoʻmitasini tashkil etish toʻgʻrisidagi qaror va boshqa hujjatlarni qabul qildilar.
Turkiy kengashga aʼzo davlatlar rahbarlarining Oʻzbekiston Respublikasining toʻla huquqli aʼzo sifatida Tashkilotga qoʻshilishi toʻgʻrisidagi Qoʻshma bayonoti sammitning muhim voqeasi boʻldi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifingda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi bosh kotibi Bagdad Amreyev delegatsiya rahbarlarining samarali muloqoti mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlariga mos ravishda oʻzaro foydali sheriklik oʻrnatish boʻyicha navbatdagi qadamlarni belgilashga imkon berganini taʼkidladi.
Sammit doirasida Boku shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdoʻgʻanning uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Davlat rahbarlari bir-birini samimiy qutlar ekan, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik, koʻp qirrali hamkorlik va strategik sheriklik munosabatlari mustahkamlanib borayotganini alohida mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Turkiya Prezidenti Oʻzbekiston rahbarini mamlakatimizning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga qoʻshilgani bilan samimiy tabriklab, bu qaror ikki tomonlama aloqalar va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.
Muzokaralarda konstruktiv siyosiy muloqotni davom ettirish, iqtisodiyot, savdo, investitsiyalar, energetika, turizm va boshqa yoʻnalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Ikki mamlakatning yetakchi kompaniyalari ishtirokidagi qoʻshma investitsiya loyihalarini qoʻllab-quvvatlash muhimligi taʼkidlandi.
Oʻzbekiston va Turkiya Prezidentlari xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar, shuningdek, boʻlajak oliy darajadagi tadbirlar rejasini koʻrib chiqdilar.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanni qabul qildi.
Uchrashuv avvalida Vengriya hukumati rahbari Prezidentimizni Oʻzbekistonning kengashga qoʻshilgani bilan samimiy tabrikladi. Ushbu tashkilot doirasida hamkorlikni rivojlantirish mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali sheriklikni mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Suhbat chogʻida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi sheriklik istiqbollari koʻrib chiqildi.
Amaliy hamkorlikka oid, avvalo, qishloq xoʻjaligi, chorvachilik, sanoat, farmatsevtika, turizm va boshqa yoʻnalishlardagi loyihalarni ilgari surishda ikki tomonlama Hukumatlararo komissiyaning uchrashuvlarini muntazam tashkil etish muhimligi qayd etildi.
Xalqaro ahamiyatga molik, jumladan, Oʻzbekiston – Yevropa Ittifoqi yoʻnalishidagi sheriklikning dolzarb masalari ham koʻrib chiqildi.
Turkiy kengash sammiti doirasida Bokuda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan uchrashdi.
Davlatimiz rahbari Nursulton Nazarboyevni Turkiy kengashning faxriy raisi etib saylangani hamda Turkiy dunyoning oliy ordeniga sazovor boʻlgani bilan tabrikladi.
Qozogʻistonning Birinchi Prezidenti Kengashga asos solinishi va uning rivojlanishiga, tashkilot doirasida oʻzaro manfaatli hamkorlikning kengayishiga katta hissa qoʻshgani alohida taʼkidlandi.
Elboshi Nursulton Nazarboyev oʻz navbatida Oʻzbekistonning Turkiy kengashga qoʻshilishi ushbu tuzilmaning xalqaro nufuzini va hamkorlik samaradorligini oshirishga xizmat qilishini qayd etdi.
Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarga oid, shuningdek, global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Shu bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjon Respublikasiga tashrifi yakunlandi.