Barcha ezgu ishlarimiz xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirishga yo'naltirilgan
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, olib borilayotgan islohotlar jarayoni, yirik loyihalar bilan tanishish va xalq bilan muloqot qilish maqsadida 10-mart kuni Buxoro viloyatiga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari o'zining saylovoldi dasturida mamlakatimizning barcha hududlari qatori Buxoro viloyatini ham rivojlantirish bo'yicha ulkan rejalarni bayon etgan edi. Prezidentimiz Buxoro viloyatiga tashrifi davomida ana shu rejalar ijrosi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, istiqbolli loyihalar bilan tanishmoqda.
Buxoro asrlar davomida jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga ulkan hissa qo'shib kelgan, haqli ravishda shariflik maqomiga sazovor bo'lgan muqaddas shaharlardan.
Mustaqillik yillarida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida Buxoroda beqiyos bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. "Buxoro madaniy markazi", uning tarkibidagi "Ko'hna va boqiy Buxoro" monumenti buxoroliklar va viloyatga keluvchi sayyohlarning sevimli maskaniga aylangan.
So'nggi yillarda bu boradagi ishlar viloyatda yanada keng ko'lamda amalga oshirilmoqda. 2016-yilda viloyat iqtisodiyotida barqaror o'sish sur'atlari ta'minlanib, yalpi hududiy mahsulot hajmi 7,9 foizga oshdi. Viloyat yalpi hududiy mahsuloti tarkibida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushi 67,9 foizni tashkil etdi.
Qandim gazni qayta ishlash majmuasi qurilishi davom etmoqda. Majmua tarkibiga yiliga 8,1 milliard kub metr tabiiy gazni qayta ishlash quvvatiga ega zavod, 114 qazish qudug'i, 11 maxsus maydon va 4 yig'uv punktini o'z ichiga olgan tabiiy gazni to'plash tizimi kiradi. 370 kilometr gaz quvuri, 160 kilometr avtomobil yo'li qurish rejalashtirilgan bu loyiha O'zbekiston gaz konlarini o'zlashtirishni yangi bosqichga ko'taradi. Markaziy Osiyodagi yirik ishlab chiqarish majmualaridan biri bo'lgan ushbu zavodda 2 mingdan ziyod doimiy ish o'rni yaratiladi.
2016-yili eng ulug', eng aziz bayramimiz arafasida Toshkent – Buxoro yo'nalishida yuqori tezlikda harakatlanuvchi "Afrosiyob" elektr poyezdining ilk qatnovi amalga oshirildi. Bundan viloyat ahlining ko'ngli ko'tarilib, ertangi kunga ishonchi yanada mustahkamlandi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev viloyatga tashrifini buyuk allomalarimizdan biri Bahouddin Naqshband me'moriy majmuasini ziyorat qilishdan boshladi.
Eski tuzum davrida bu muqaddas maskan xarob bo'lib qolgan edi. Istiqlol yillarida milliy, madaniy va ma'naviy qadriyatlarimizni, tarixiy obidalarimizni tiklash borasida keng ko'lamli ishlar amalga oshirildi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 1993-yilda Bahouddin Naqshband tavalludining 675-yilligi munosabati bilan mazkur ziyoratgoh ta'mirlandi. Majmuadagi daxmalar, maqbaralar, masjidlar, ayvonlar va madrasaning tarixiy qiyofasi tiklanib, qutlug' qadamjoga aylantirildi.
Bugun bu maskan yurtdoshlarimiz va xorijiy sayyohlar qadami uzilmaydigan ziyoratgohlardan biridir.
Taomilga binoan Qur'on tilovat qilindi.
Prezidentimiz mazkur yodgorlik majmuasini yanada obodonlashtirish bo'yicha mutasaddilarga tegishli ko'rsatmalar berdi.
Buxoroning jahon sivilizatsiyasi va islom madaniyati rivojiga qo'shgan hissasi beqiyos. Bu zaminda ko'plab allomalar tavallud topgan va yashagan. Ularning boy merosini chuqur o'rganish va keng targ'ib qilish uchun bu yerda Toshkent islom universitetining maxsus fakultetini tashkil qilish kerak, dedi davlatimiz rahbari.
Shavkat Mirziyoyev Buxoro temir yo'l vokzalida yo'lovchilar uchun yaratilgan sharoitlarni borib ko'rdi.
Uzoq istiqbolga mo'ljallangan maxsus dasturlar, loyihalar asosida ushbu sohada keng ko'lamli islohotlar, ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Buning samarasida o'tgan yillarda yangi temir yo'l liniyalari barpo etilib, mavjudlari rekonstruksiya qilindi, elektrlashtirildi. Yangi yo'nalishlar ochilib, yangi temir yo'l vokzallari qurildi, mavjudlari ta'mirlandi.
Mazkur vokzal Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2015-yil 6-martdagi 2015-2019-yillarda muhandislik-kommunikatsiyalari va yo'l-transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish va rivojlantirish dasturi to'g'risidagi qaroriga asosan yangidan qurilib, foydalanishga topshirilgan.
Vokzalda VIP va turli xizmatlar ko'rsatish zallari, tibbiyot, ona va bola, dam olish xonalari, kutubxona, savdo shoxobchalari mavjud. Bino tashqarisida 4 yangi chiptaxona va favvora qurilgan.
Maydoni 2,9 gektar bo'lgan vokzal bir vaqtning o'zida 500 dan ziyod yo'lovchiga xizmat ko'rsatadi. Bir kecha-kunduzda 2 mingdan ortiq yo'lovchini kutib olib, jo'natish imkoniyatiga ega.
Davlatimiz rahbari shu yerda Buxoro – Miskin temir yo'l qurilishining borishi bilan tanishdi. Ushbu temir yo'l 350 kilometrdan ziyod. Loyihaning umumiy qiymati 283 million dollarni tashkil etadi. Mazkur yo'nalish bo'yicha quriladigan temir yo'lda 8 temir yo'l stansiyasi va razyezdlar barpo etish belgilangan.
2015-yil 6-noyabrda "O'zbekiston temir yo'llari" aksiyadorlik jamiyati va Ispaniyaning "Patentes Talgo, S.L.U" kompaniyasi o'rtasida yuqori tezlikda harakatlanuvchi yana 2 elektropoyezdni xarid qilish bo'yicha shartnoma imzolangan edi. Shartnomaga muvofiq, ushbu zamonaviy elektropoyezdlarning bittasi mamlakatimizga olib kelindi.
Prezidentimiz yangi "Afrosiyob" elektropoyezdining imkoniyatlari, yo'lovchilar uchun yaratilgan qulayliklar bilan tanishdi.
Zamonaviy elektropoyezd oldingilariga qaraganda yanada keng imkoniyatlarga ega. Xususan, shu vaqtga qadar harakatlanayotgan yuqori tezlikdagi elektropoyezdlar 215 yo'lovchi sig'imiga ega edi. Yangi poyezd 287 yo'lovchiga mo'ljallangan. Unda "ekonom" toifali vagonlar soni 2 ta ko'p.
Tez kunlarda elektropoyezdning ikkinchisi ham olib kelinadi. Poyezdlar harakatini yo'lga qo'yish barobarida qo'shimcha ish o'rinlari yaratilib, 15 mashinist va 50 ga yaqin vagon kuzatuvchisini ish bilan ta'minlash ko'zda tutilgan. "O'ztemiryo'lmashta'mir" unitar korxonasi hududida yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarga xizmat ko'rsatish sexi qurilmoqda. Bu ham yangi ish o'rinlarini ko'paytirish imkonini beradi.
Prezidentimiz "Buxoro brilliant silk" O'zbekiston – Xitoy qo'shma korxonasida bo'lib, viloyatda aholi farovonligini oshirish, yangi ish o'rinlari yaratishga qaratilgan bir qancha loyihalar bilan tanishdi.
2010-yilda tashkil etilgan, zamonaviy texnologik uskunalar bilan jihozlangan korxonada pilla qayta ishlanib, turli o'lcham, ko'rinish va rangdagi matolar tayyorlanmoqda. Bunda buyurtmachi taklifi va bozor talabi asosida ish tutilmoqda. Hozir bu yerda "Bahor", "Yomg'ir", "Yulduzlar" kabi o'nlab ko'rinishdagi matolar ishlab chiqarilmoqda. Matoga bosilgan gullarning o'ziga xosligi shundaki, ularning rangi o'chmaydi, suv va quyosh nuriga chidamli.
Ipak matolar ekologik toza, har qanday iqlimga mos. Mahsulot buyurtma asosida Farg'ona, Samarqand, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahridagi xaridorlarga yetkazib berilmoqda. Tayyor mahsulotni eksport qilish bo'yicha xorijiy hamkorlar bilan muzokaralar olib borilayotir.
Ayni paytda "Buxoro brilliant silk" qo'shma korxonasining ipak tolalari xorijda xaridorgir. O'tgan yili Eron, Vetnam, Turkiya, Hindistonga qariyb 2,5 million dollarga teng mahsulot eksport qilindi.
Bunday korxonalarni ko'paytirishimiz kerak, dedi davlatimiz rahbari. Bu korxonalar uchun malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, hududdagi kasb-hunar kollejlari bilan hamkorlik qilish lozimligini qayd etdi.
Shavkat Mirziyoyev shu yerda "O'zbekengilsanoat" aksiyadorlik jamiyati tomonidan sobiq "Buxoroteks" AJ negizida tashkil etiladigan "Indorama Indast LTD" O'zbekiston – Singapur qo'shma korxonasi loyihasi bilan tanishdi.
Buxoro viloyatida yetishtirilgan paxta tolasini qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan korxona ishga tushgach, 400 ga yaqin ish o'rni yaratiladi. Korxonaga Shveytsariyaning "Riter" kompaniyasida ishlab chiqarilgan zamonaviy va energiyatejamkor texnologiyalarni o'rnatish ko'zda tutilgan.
Mamlakatimizning barcha shahar va tumanlarida paxtani qayta ishlaydigan zamonaviy korxonalar tashkil etilmoqda. Bu hududda yetishtirilgan paxta tolasini shu yerning o'zida qayta ishlash, tayyor mahsulot ishlab chiqarish, yangi ish o'rinlari yaratish imkoniyatini kengaytirmoqda.
Prezidentimizga "O'zbekengilsanoat" aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2017-2018-yillarda Buxoro viloyatida paxta tolasini qayta ishlash dasturi loyihasi haqida ma'lumot berildi.
Bugun Buxoroda yetishtirilayotgan paxta tolasining 20,6 foizi viloyat hududida sanoat usulida qayta ishlanmoqda. Yangi loyiha bo'yicha viloyatning 7 shahar va tumanida 13 yirik sanoat korxonasini foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Bu viloyatda yetishtirilgan paxta tolasining 65 foizini qayta ishlash, 5 mingga yaqin ish o'rni tashkil etish imkoniyatini yaratadi.
Dasturni bajarish uchun mamlakatimiz tijorat banklari mablag'lari va chet el investitsiyasini jalb qilish rejalashtirilgan.
Erdan unumli foydalanish, tutzorlar barpo etish bo'yicha yangi loyiha taqdimoti ham bo'lib o'tdi. Mamlakatimizda yetishtirilgan ipak tolasiga dunyo bozorida talab yuqori. Davlatimiz rahbari mazkur sohani yanada rivojlantirish, tutzorlarni ko'paytirish bo'yicha ko'rsatmalar berdi. Bu boradagi ishlarni tizimli yo'lga qo'yish maqsadida tashkil etilayotgan "O'zbekipaksanoat" uyushmasining tarkibiy tuzilmasi bilan ham tanishdi.
Viloyatda agrar tarmoqni yanada rivojlantirishda hududdagi kasb-hunar kollejlarida qishloq xo'jaligining biz yangidan o'zlashtirayotgan sohalari bo'yicha mutaxassislar tayyorlash tizimini yo'lga qo'yish kerak, dedi davlatimiz rahbari.
Buxoro shahrida ishga tushirilayotgan "Buxoro kotton tekstil" korxonasi loyihasi bilan tanishar ekan, Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda yetishtirilgan paxtani tola ko'rinishida sotish eng kam daromad keltirishini, paxta tolasini qayta ishlab, eksportbop tayyor mahsulot ishlab chiqarishni yanada kengaytirish zarurligini ta'kidladi.
1000 kishining bandligi ta'minlanishi ko'zda tutilgan korxonada 6,5 ming tonna ip-kalava, 10 ming kvadrat metr jinsi mato va 1,5 million dona tayyor tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqariladi.
Prezidentimizga Olot tumanidagi "Merganteks" mas'uliyati cheklangan jamiyati, Peshku tumanidagi ip-kalava ishlab chiqarishga ixtisoslashgan ko'p tarmoqli korxona, Buxoro shahrida paxta yetishtirishdan tayyor to'qimachilik mahsuloti ishlab chiqarishgacha bo'lgan jarayonni qamrab oladigan paxta-to'qimachilik klasteri tuzish, tabiiy va kimyoviy tolalardan integratsiya asosida tayyor mahsulot ishlab chiqarishni tashkil qilish loyihalari haqida ham batafsil ma'lumot berildi.
Shavkat Mirziyoyev Buxoro shahridagi Ark qo'rg'oni majmuasida viloyatning turizm salohiyatini yanada oshirish dasturi taqdimotida ishtirok etdi.
Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi tomonidan Buxoro viloyatining turizm salohiyatini yanada oshirish dasturi asosida 39 loyiha hayotga tatbiq etiladi.
Mamlakatimizda turizmning ziyorat qilish, ekologik, ma'rifiy, etnografik, gastronomik, sport, davolash-sog'lomlashtirish, qishloq, sanoat, ishbilarmonlik turizmi va boshqa turlarini rivojlantirish bo'yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Dastur doirasida BMTning Butunjahon turizm tashkiloti (YuNVTO) hamda turizm bo'yicha nufuzli xalqaro va milliy tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish, sayyohlik industriyasi obyektlarini jadal rivojlantirish, yo'l-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini qurish va rekonstruksiya qilish chora-tadbirlariga 18,5 milliard so'm mablag' sarflanishi ko'zda tutilgan.
Davlatimiz rahbari sohada kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish, gidlar va boshqa xodimlarning bilim va malakasini muntazam oshirib borish bo'yicha zarur ko'rsatmalar berdi.
Viloyatda raqobatbardosh turizm mahsulotlari va xizmatlarini yaratib, ularni ichki va xalqaro turizm bozorlarida targ'ib qilish bo'yicha strategiya ishlab chiqish, sohada reklama-axborot faoliyatini keng yo'lga qo'yish bugungi kun talabidir.
Buxoroning ko'hna va boqiy shahar, deb atalishida katta ma'no bor, dedi Shavkat Mirziyoyev. Bu yerdagi qadimiy obidalar, osori-atiqalar, xalqimizning betakror qadriyatlari, o'lmas an'analari asrlar osha yashab kelmoqda. Chet elliklarning, tarixchi va mutaxassislarning ularga qiziqishi doimo yuqori bo'lgan. Bundan samarali foydalanish kerak.
Buxoroda kichik halqa yo'li bunyod etish, yo'laklarga marmar va ishlov berilgan toshlar yotqizish, bino va yo'llarning yoritish tizimini zamonaviylashtirish, mehmonxona va inshootlar qurish, ular atrofiga hududning tabiiy iqlim sharoitiga mos daraxt va gullar ekish, mahalliy va chet ellik investorlar uchun barcha qulaylik va imkoniyatlar yaratish yuzasidan zarur topshiriqlar berildi.
Prezidentimiz Buxoro tarixi davlat muzeyi loyihasini ko'zdan kechirdi.
1,2 gektar maydonni o'z ichiga oladigan ushbu muzey qurilishiga byudjet mablag'lari hisobidan 68,3 milliard so'm sarflanishi mo'ljallanmoqda. Muzey ishga tushirilganidan so'ng, Ark qo'rg'onida saqlanayotgan noyob eksponatlar u yerga ko'chiriladi. Oltmishdan ortiq ish o'rni yaratiladi.
Shavkat Mirziyoyev madaniy meros obyektlarining bugungi kundagi holati va ularni saqlashga doir loyihalar taqdimotlari bilan ham tanishdi.
Buxoro viloyatida 660 madaniy meros obyekti mavjud. Ularning aksariyati arxeologik obyektlar, monumental san'at asarlari, arxitektura yodgorliklaridir.
Prezidentimiz ushbu madaniy meros obyektlari xalqimizning bebaho boyligi, ularni asrash va avlodlarga bezavol yetkazish barchamizning burchimiz ekanini ta'kidladi. Madaniy meros obyektlarini saqlash va ta'mirlash yuzasidan soha mutaxassislari va usta-quruvchilarga zarur ko'rsatmalar berdi.
Davlatimiz rahbari Jondor tumanidagi "Jondor chinor chorva" mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etiladigan parrandachilik majmuasi loyihasi bilan tanishdi.
Buxoro viloyatida parrandachilikni rivojlantirish maqsadida intensiv texnologiyalar keng joriy etilmoqda. Natijada tuxum va parranda go'shti ishlab chiqarish hajmi ortmoqda. Bugungi kunda viloyatda parrandalar 3,8 million boshga, tuxum ishlab chiqarish 347,7 million donaga yetdi.
Parhez go'sht yetishtirishni yanada ko'paytirish maqsadida "Jondor chinor chorva" mas'uliyati cheklangan jamiyati Niderlandiyadan naslli parranda olib keldi. Endi korxona negizida qo'shimcha ravishda parranda go'shtini qayta ishlash sexi, 110 ming bosh jo'ja o'stirishga mo'ljallangan majmua ishga tushiriladi. Umumiy qiymati 15 milliard so'm bo'lgan mazkur loyiha natijasida parranda go'shti tayyorlash 2 ming tonnaga yetkazilib, uning ming tonnasi qayta ishlanadi. Aholiga 18 million dona tuxum, 1 million dona jo'ja yetkazib beriladi. Jami 285 ish o'rni yaratiladi.
"O'zmilliybank" huzuridagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo'llab-quvvatlash jamg'armasi va "Property Industry" mas'uliyati cheklangan jamiyati ta'sischiligida Buxoro tumanida 38 gektarda agrologistika markazi barpo etilmoqda. 21,8 million dollarlik mazkur loyiha doirasida bu yerda Xitoy, Germaniya, Daniya texnologiyalari asosida meva-sabzavotlarni quritish, muzlatish, murabbo, jem va tuzlamalar ishlab chiqarish quvvatlari, muzlatkich va sublimatsiya tashkil etiladi. Bu yiliga 10 ming tonna meva-sabzavotni qayta ishlash, dastlabki yillarda 6,5 million dollarlik mahsulot eksport qilish imkonini beradi. 250 doimiy ish o'rni yaratiladi.
Ushbu agrologistika markazida mahalliy xomashyo asosida eni 12 metrlik polietilen plyonkalar, agrokimyoviy vositalar va suyuq o'g'itlar ham ishlab chiqariladi. Shu paytgacha xorijdan keltirilgan bu mahsulotlar import o'rnini bosish bilan birga, eksportga ham yo'naltiriladi.
Peshku tumanida tashkil etiladigan chorvachilik kompleksi loyihasi namoyish etildi.
2016-yilda Buxoro viloyatida qoramollar bosh soni 2015-yilga nisbatan 4,1 foizga, qo'y va echkilar 5,5, go'sht yetishtirish 7,1, sut ishlab chiqarish 9,5 foizga oshdi.
Yangi chorvachilik kompleksi 1000 bosh qoramol va 1 ming 500 bosh qo'y boqishga mo'ljallangan. Umumiy qiymati 10 milliard so'mdan ortiq bo'lgan mazkur loyiha natijasida 2 ming 650 tonna sut, 200 tonna go'sht, 2,5 tonna jun ishlab chiqarish rejalashtirilgan. 800 gektar maydonda ozuqa yetishtiriladi. 100 dan ortiq ish o'rni yaratiladi.
Shu yerda Buxoro, Peshku, Romitan, Olot tumanlarida tashkil etilayotgan chorvachilik xo'jaliklari loyihalari haqida ham ma'lumot berildi.
Shavkat Mirziyoyev Amu-Buxoro irrigatsiya tarmoqlari loyihasi taqdimoti bilan ham tanishdi.
Birinchi Prezidentimizning 2015-yil 25-avgustdagi qaroriga muvofiq "Amu-Buxoro irrigatsiya tizimlarini qayta tiklash" loyihasi amalga oshirilmoqda. Shu kungacha Quyi mozor, Qorako'l va Olot nasos stansiyalari rekonstruksiya qilindi. Umumiy qiymati 406 million dollardan ortiq bo'lgan mazkur loyiha doirasida Amu-Buxoro-I yangi nasos stansiyasi quriladi, Amu-Buxoro-II, Quyi mozor, Qiziltepa va Qiziltepa-I nasos stansiyalari rekonstruksiya qilinadi. Buning samarasida Buxoro viloyatida 275 ming, Navoiy viloyatida 40 ming gektar yer suv bilan barqaror ta'minlanadi. Yiliga 134,2 million kilovatt elektr energiyasi, 25,6 milliard so'mdan ziyod byudjet mablag'i tejaladi.
Prezidentimiz bu irrigatsiya tizimi Buxoro uchun juda muhim ahamiyatga ega ekanini ta'kidlab, ajratilgan mablag' va texnikalardan oqilona foydalanish, belgilangan tadbirlarni o'z vaqtida amalga oshirish bo'yicha ko'rsatmalar berdi.
Shu yerning o'zida joriy yilda Buxoro viloyatida tashkil qilinadigan intensiv bog'lar rejasi ham namoyish etildi.
Buxoro shahrida mutasaddi rahbarlar va viloyat faollari ishtirokida yig'ilish o'tkazildi. Unda viloyat iqtisodiyotini yangi bosqichga ko'tarish, infratuzilmani rivojlantirish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash, aholini ish bilan ta'minlash va turmush darajasini yanada oshirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.
Ushbu tadbirlarda 2017-2021-yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi hamda "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" Davlat dasturidagi maqsad-vazifalar o'z ifodasini topdi.