Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Barcha harakatlarimiz aholini ish bilan taʼminlash, iqtisodiyotimizni rivojlantirishga qaratilgan

5991 13-Mart, 2019 Chop etish Yuklab olish (PDF 41 Kb)


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan yirik loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 12 mart kuni Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbari barcha hududlar kabi Navoiy viloyatiga ham bir necha bor tashrif buyurib, iqtisodiyot tarmoqlarini kengaytirish, aholi farovonligini oshirish masalasiga doimiy eʼtibor qaratib kelmoqda. 2017 va 2018 yillardagi tashriflar chogʻida belgilangan chora-tadbirlar natijasida viloyatda keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. 

Bu galgi tashrif Nurota tumanidagi "Marmarobod" davlat unitar korxonasi faoliyati bilan tanishishdan boshlandi.

Prezidentimiz sanoatda bozor talablarini oʻrganish, xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarishni oʻzlashtirish gʻoyat muhim ekanligini doim taʼkidlaydi. Zero, bu tovarning sifatini, korxonaning barqaror ishlashini taʼminlaydi.

Keyingi yillarda ham ichki, ham tashqi bozorda pardozbop toshlarga talab oshmoqda. Nurota tumanida esa bunday toshlarning katta zaxirasi mavjud.

Prezidentimizning avvalgi tashrifi chogʻida berilgan topshiriqqa muvofiq, "Marmarobod" davlat unitar korxonasi tashkil etilib, 10 milliard soʻm evaziga 6 gektar dasht yerda zamonaviy korxona ishga tushirildi. Xorijdan 655,5 ming dollarlik texnologik uskunalar keltirilib, yiliga 24 ming kvadrat metr granit toshni qayta ishlash imkoniyati yaratildi. Qirq kishi doimiy ish bilan taʼminlandi.

Bular – loyihaning birinchi bosqichi.

Ikkinchi bosqichda tosh qazib olish va uni qayta ishlashni klaster usulida yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan. Loyiha quvvatini yiliga 3 million kvadrat metrga yetkazish, mahsulot turini koʻpaytirish va eksportga yoʻnaltirish koʻzda tutilgan. Buning natijasida yillik ishlab chiqarish hajmi 250 milliard soʻm, eksport hajmi 10 million dollarga yetadi, bir yarim mingga yaqin ish oʻrni yaratiladi.

Davlatimiz rahbari korxona mahsulotlarini koʻzdan kechirar ekan, ular xorijiy muqobillaridan qolishmasligini qayd etdi. Samarali texnologiyalarni qoʻllash, transport xarajatlarini arzonlashtirish hisobidan mahsulot tannarxini kamaytirish, shu orqali tashqi bozorga chiqish zarurligini taʼkidladi. Toshni jahon standartlari darajasida chuqur qayta ishlash uchun malakali kadrlar tayyorlash, yoshlarni ish bilan taʼminlash boʻyicha topshiriqlar berdi.

Shu yerda "National stone" Oʻzbekiston – Kanada qoʻshma korxonasi mahsulotlari ham namoyish etildi. Olmaliqda faoliyat yuritayotgan bu zavodda tosh kukunini zichlash orqali turli rang va oʻlchamdagi plitalar ishlab chiqarilmoqda. Ulardan binolarning tashqi qismi va yoʻlaklarini pardozlash, ofislar, oshxona, yuvinish xonasi va boshqa joylarni jihozlashda keng foydalanilmoqda. Bundan tashqari, korxonada tayyorlanayotgan tosh kukuni qurilishda, kvars toshlari suv tozalashda qoʻllanilmoqda.

"National stone" "Navoiy" erkin iqtisodiy zonasida yana bir shunday korxona ochishni rejalashtirmoqda. Bu reja amalga oshsa, yiliga 75 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish, 60 kishini ish bilan taʼminlash imkoniyati yaratiladi.

Prezident ushbu rejani maʼqullab, korxona rivoji uchun barcha yordam koʻrsatilishini taʼkidladi. Qurilishlarda yurtimizda ishlab chiqarilgan materiallardan foydalanish, mahalliy tadbirkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash muhimligini qayd etdi.

Navoiy viloyatida 2019-2020 yillarda qurilish materiallari ishlab chiqarish, xitoylik investorlar bilan hamkorlikda marmardan sanoat haykaltaroshligini tashkil etish, Nurota tumani Gʻazgʻon shaharchasini Bosh reja asosida rivojlantirish loyihalari taqdimoti ham oʻtkazildi.

Davlatimiz rahbari mazkur hudud infratuzilmasi va sanoatni rivojlantirish uchun bu yerga temir yoʻl liniyasi tortish taklifini bildirdi.

Prezidentimiz 2017 yili Navoiy viloyatiga tashrifi chogʻida Nurota tumanidagi "Chashma" ziyoratgohi atrofini kengaytirish va obodonlashtirish, zamonaviy mehmonxona qurish boʻyicha koʻrsatmalar bergan edi.

Oʻtgan yili bu ishlar toʻla amalga oshirilib, ziyoratgoh hududi oʻzgacha chiroy ochdi. 50 oʻrinli "Nurota" mehmonxonasi foydalanishga topshirildi. Manzarali buta va daraxtlar ekilib, favvora bunyod etildi. Ziyoratchilar hordiq chiqarishi uchun soʻri va oʻrindiqlar oʻrnatildi. Muzey binosi, Hunarmandchilik markazini barpo etish ishlari davom etmoqda.

Shavkat Mirziyoyev tarixiy qadamjoni ziyorat qildi, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarini koʻzdan kechirdi.

"Chilustun" va "Panjvaqta" masjidlari, Abul Hasan Nuriy maqbarasini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.

Shu boradagi loyiha takliflari bilan tanishar ekan, Prezidentimiz ziyoratchi va chet ellik sayyohlar uchun qulayliklarni oshirish, talab yuqoriligini inobatga olib yana 80 oʻrinli mehmonxona qurish, sayyohlarga koʻrsatiladigan xizmat turlarini koʻpaytirib, aholini qoʻshimcha daromad bilan taʼminlash zarurligini taʼkidladi.

Quduqlar qazish va tomchilatib sugʻorishni yoʻlga qoʻyish orqali Nurota tumanidagi lalmi yerlardan samarali foydalanish, dukkakli ekinlar yetishtirish va chorvachilikni kengaytirish, parrandachilik-gʻallachilik klasteri tashkil etish rejalari muhokama qilindi.

Shavkat Mirziyoyev ushbu barcha chora-tadbirlarni qamrab oladigan Nurota tumanini kompleks rivojlantirish boʻyicha hukumat qarorini ishlab chiqish yuzasidan topshiriq berdi.

Aholi vakillari – nuroniylar, tadbirkorlar, xotin-qizlar va yoshlar bilan suhbatda shu kabi rejalar, Navoiy viloyati va mamlakatimizdagi oʻzgarishlar haqida soʻz bordi.

Prezidentimiz Nurota tumanida ham toʻplanib qolgan masalalar bosqichma-bosqich hal etilayotgani, ushbu tashrif chogʻida yana ulkan rejalar belgilanishini qayd etdi.

Odamlar bizga ishonib, ertangi kunga umid bilan qarayapti. Bu ishonchni har bir rahbar yuragidan oʻtkazib, yangicha dunyoqarash bilan ishlashi, xalqqa xizmat qilishi kerak. Eng muhim masala – ish joylari. Hamma harakatlarimiz aholini ish bilan taʼminlash, iqtisodiyotimizni rivojlantirishga qaratilgan, dedi davlatimiz rahbari.

Navoiy issiqlik elektr stansiyasi yuqori darajada sanoatlashgan va unga tutash mintaqalardagi isteʼmolchilarni elektr va issiqlik energiyasi bilan taʼminlovchi asosiy manba hisoblanadi. Yirik sanoat korxonalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining samarali faoliyati va aholini yanada ishonchli elektr energiyasi bilan taʼminlash ushbu stansiyada amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalariga bevosita bogʻliq.

Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 28 mart kuni Navoiy viloyatiga tashrifi chogʻida Navoiy issiqlik elektr stansiyasida boʻlib, ikkinchi bugʻ-gaz qurilmasi poydevoriga tamal toshi qoʻygan edi.

Umumiy qiymati 432 million AQSH dollariga teng ushbu inshootning quvvati 450 megavatt. Qurilish "Mitsubishi Corporation and MHPS" konsorsiumi va Turkiyaning "Calik Enerji" kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda.

IESda ishga tushirilgan birinchi loyihadan farqli ravishda ikkinchi bugʻ-gaz qurilmasida jami 200 gigakaloriya (Gkal) issiqlik energiyasi ishlab chiqarish koʻzda tutilgan. Bugungi kunda loyihaning bugʻ turbina qurilmasida sinov-sozlash ishlari olib borilmoqda.

Prezidentimiz bugʻ-gaz qurilmasi gaz turbinasining ishlash jarayonini koʻzdan kechirdi.

Anʼanaviy elektr stansiyalarining foydali ish koeffitsentini oshirish yoʻllarini izlash butun dunyo texnologlari eʼtiboridagi masala. Bugʻ-gaz qurilmalari ushbu muammoning zamonaviy yechimidir. Issiqlik elektr stansiyalarining foydali ish koeffitsienti odatda 40 foizni tashkil etadi. Navoiy IESning birinchi bugʻ-gaz qurilmasida bu koʻrsatkich 57 foiz boʻlsa, ikkinchisida 61 foizga teng.

Bugʻ-gaz qurilmasi toʻliq tayyor holda joriy yil sentabr oyida ishga tushiriladi.

Davlatimiz rahbari eʼtiboriga loyiha amalga oshirilishi tufayli erishiladigan natijalar va bugʻ-gaz turbinasining texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari haqidagi taqdimotlar havola qilindi.

Bugʻ-gaz qurilmasi ishga tushirilishi natijasida yiliga 3 milliard 454 million kilovatt-soat elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi. Hisob-kitoblarga koʻra, loyiha samarasida 1 kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun shartli yoqilgʻi sarfi kamayishi hisobidan yiliga oʻrtacha 829 million kub metr tabiiy gaz tejaladi.

Mamlakatimiz energetika tizimida 2025 yilgacha yana bir qator zamonaviy bugʻ-gaz qurilmalari barpo etish rejalashtirilmoqda. Bu, oʻz navbatida, ming nafardan ortiq xizmat koʻrsatuvchi yuqori malakali mutaxassis tayyorlash zaruratini keltirib chiqaradi.

Prezidentimiz ushbu ehtiyojni taʼminlash maqsadida Navoiy IES bazasida bugʻ-gaz qurilmalari uchun xodimlar tayyorlaydigan oʻquv markazi tashkil etish boʻyicha topshiriq bergan edi. Korxonada Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi – JICA moliyaviy koʻmagida oʻquv markazi tashkil etildi. Hozirga qadar bu yerda 166 mutaxassis tayyorgarlikdan oʻtdi.

Davlatimiz rahbari korxona ishchilari va xorijlik investorlar bilan suhbatlashdi.

Energetika tizimida amalga oshirilayotgan bunday yirik investitsiya loyihalari mavjud energetika quvvatlarini oshirish, eng muhimi, isteʼmolchilarni uzluksiz energiya manbai bilan taʼminlashga xizmat qiladi. Shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlarini jadal rivojlantirish, hududlar infratuzilmasini tubdan yaxshilashga zamin yaratadi. Zamonaviy texnologiyalar joriy etilishi esa yoqilgʻi sarf-xarajati va atrof-muhitga chiqarilayotgan zararni kamaytirish imkonini beradi.

Prezidentimiz "Navoiyazot" aksiyadorlik jamiyatiga ham bordi.

Mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim oʻrin tutuvchi ushbu korxonada uchta yirik investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Shavkat Mirziyoyev 2018 yilda mazkur korxonada boʻlib, bu yerda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari bilan tanishgan va ularni oʻz vaqtida, sifatli yakunlash boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar bergan edi.

Maʼlumki, "Navoiyazot" korxonasi 1964 yilda ishga tushirilgan. Bu yerda qishloq xoʻjaligi, neft-gaz tarmogʻi, energetika va togʻ-kon sanoati ehtiyoji uchun 70 dan ortiq turdagimahsulot ishlab chiqariladi. Vaqt oʻtishi bilan texnologik uskuna hamda qurilmalar jismonan va maʼnan eskirdi, koʻp miqdorda elektr energiyasi va boshqa tabiiy resurslarni sarf qilish evaziga mahsulot ishlab chiqarib kelinayotgan edi. Shu bois, korxonada bosqichma-bosqich modernizatsiya ishlari amalga oshirilmoqda.

Hozirgi kunda jamiyat hududida uchta yirik investitsiya loyihasi – Polivinilxlorid (PVX), kaustik soda va metanol, Ammiak va karbamid hamda Azot kislotasi ishlab chiqarish korxonalari qurilishi qizgʻin davom etmoqda. Bunyod etilayotgan ushbu korxonalarga zamonaviy, tejamkor texnologik uskunalar oʻrnatiladi.

Polivinilxlorid elektr oʻtkazgich va kabellarni izolyatsiya qilish, listlar, quvurlar ishlab chiqarishda qoʻllaniladi. Shuningdek, kiyim va aksessuarlar ishlab chiqarishda undan keng foydalaniladi. Yuviladigan gulqogʻozlar namiqmasligi uchun PVXdan tayyorlangan plyonka bilan qoplanadi. Bu mahsulot boshqa koʻplab sohalarda ham qoʻllaniladi.

Davlatimiz rahbari ushbu yangi obyektlardagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi, quruvchilar, xorijlik investorlar bilan muloqot qildi.

Polivinilxlorid, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish loyihasining umumiy qiymati 500 million AQSH dollaridan oshadi. Qurilishni Xitoyning "China CAMC Engineering CO. LTD" va "HQC (Shanghai)" kompaniyalari konsorsiumi hamda yurtimiz mutaxassislari amalga oshirmoqda.

Korxona foydalanishga topshirilgach, yiliga 100 ming tonna polivinilxlorid, 75 ming tonna kaustik soda, 300 ming tonna metanol tayyorlanadi. 900 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratiladi. Mahsulotning 50 foizdan ortigʻi eksport qilinadi. Korxonani joriy yilning sentabr oyida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

"Navoiyazot" aksiyadorlik jamiyatining mavjud energiya sarfi yuqori boʻlgan ammiak ishlab chiqarish 1-2-navbatlari ekspluatatsiyadan chiqarilmoqda. Xususan, ammiak va karbamid ishlab chiqarish boʻyicha umumiy qiymati 985 million dollardan ziyod boʻlgan loyiha amalga oshirilmoqda. Qurilish ishlari yakunlangach, bu yerda yiliga 660 ming tonna ammiak, shuningdek, 577,5 ming tonna karbamid olish, ulardan tayyorlanadigan mineral oʻgʻitlar turini oshirish imkoniyati paydo boʻladi. 500 ga yaqin ish oʻrni yaratiladi.

Yaponiyalik hamkorlar – "Mitsubishi Heavy Industries, Ltd" va "Mitsubishi Corporation" kompaniyalari bilan birgalikda barpo etilayotgan majmuani 2020 yilda foydalanishga topshirish koʻzda tutilgan.

Aksiyadorlik jamiyatining azot ishlab chiqarish boʻyicha eski 1-2- navbatlari ham ekspluatatsiyadan chiqarilmoqda. Yaʼni bu yerdajoriy yil yana bir loyiha – azot kislotasi ishlab chiqarish majmuasi qurilishini nihoyasiga yetkazish rejalashtirilgan. 216,6 million AQSH dollariga teng bu ishlab chiqarish obyekti Shveysariyaning "CASALE SA" kompaniyasi tomonidan bunyod etilmoqda. Bu yerda yiliga 500 ming tonna mahsulot tayyorlash mumkin boʻladi, 120 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratiladi.

Bugungi kunda bu yerda oʻrnatiladigan zamonaviy uskunalarni boshqarish uchun yurtimizdagi oliy taʼlim muassasalarida muhandis-texnolog, mexanik, energetik, iqtisodchi va dasturchilar tayyorlanyapti. Mutaxassislar mamlakatimiz va xorijdagi korxonalarda malaka oshirmoqda.

Prezidentimiz zamonaviy energiya tejamkor texnologiyalar bilan jihozlanadigan majmualarda mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish, tannarxini tushirish, raqobatbardoshlikni taʼminlash muhim omil boʻlishini qayd etdi.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, bu kabi zamonaviy korxonalarni barpo etishga nafaqat mintaqa mamlakatlari, balki uncha-muncha rivojlangan davlatlar ham jurʼat etolmaydi. Barpo etilayotgan ushbu korxonalar koʻplab ish oʻrni yaratilishi bilan birga, mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojida ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Navoiy viloyatida mamlakatimiz ehtiyoji uchun juda muhim boʻlgan yirik korxonalar bunyod etayapmiz. Eng zamonaviy uskunalar oʻrnatiladigan bu korxonalarda ishlaydigan kadrlar ham shunga munosib boʻlishi kerak. Buning uchun mamlakatimizda jahon talablariga javob beradigan malakali mutaxassislar tayyorlashning izchil tizimini yoʻlga qoʻyish, yoshlarni xorijda oʻqitish kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu yerda Navoiy viloyatida mamlakatimizning Amerika Qoʻshma Shtatlari, Birlashgan Arab Amirliklari va Ukrainadagi elchixonalari koʻmagida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari taqdimoti oʻtkazildi. Prezidentga viloyatda sanoatni rivojlantirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va boshqa tarmoqlarda bajarilishi koʻzda tutilgan loyihalar haqida ham maʼlumot berildi.

Mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi, xususan, baliqchilik tarmogʻini jadal rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Baliqchilik xoʻjaliklarini yanada rivojlantirish, yangi inkubatsiya sexlari tashkil etish, ozuqa bazasini mustahkamlash, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, baliqni qayta ishlash va eksportga yoʻnaltirish tizimini takomillashtirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning 2018 yil 6 noyabrdagi "Baliqchilik sohasini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi qarori mazkur ishlarni yangi bosqichda davom ettirishda muhim omil boʻlmoqda.

Sohaga qaratilayotgan eʼtibor tufayli 2018 yil dekabr oyida Karmana tumanida "Export Fish Product" masʼuliyati cheklangan jamiyati ish boshladi. Amalga oshirilgan loyihaning umumiy qiymati 37 milliard soʻm boʻlib, uning 30 milliard soʻmi bank krediti, 7 milliard soʻmi korxona mablagʻidir. Bu yerda usti yopiq suv havzalari, 500 tonna sigʻimga ega muzlatkichli omborxona, shuningdek, aholining hordiq chiqarishi, yaʼni shu yerning oʻzida baliq tutib isteʼmol qilishi uchun umumiy ovqatlanish shoxobchasi va sayilgoh qurilgan. 50 ish oʻrni yaratilgan.

Korxona toʻliq quvvat bilan ish boshlagach, yiliga 500 tonna baliq, 100 million dona baliq chavogʻi yetishtiriladi. Kelajakda korxona 800 ta aholi xonadonida ham intensiv usulda baliq boqishni rejalashtirgan. Natijada 900 ga yaqin kishi ish bilan taʼminlanadi. Korxona tasarrufidagi 2 ming gektarlik koʻlda yetishtiriladigan baliq klaster usulida qayta ishlanib, undan baliq uni, moyi, filesi, konservasi, yarim tayyor holatda baliq kotleti va dudlangan baliq tayyorlanadi. 600 tonna tayyor mahsulot eksport qilinadi.

Prezidentimiz Navoiy viloyatiga tashrifi doirasida mazkur korxona faoliyati bilan ham tanishdi.

Mahsulot koʻp boʻlsa, raqobat boʻladi, raqobat boʻlsa, sifat oshadi, sifat yuqori boʻlsa, eksport samarali boʻladi. Oddiy odamlarni boy qilsak, davlat ham boy boʻladi, dedi davlatimiz rahbari.

Shu yerning oʻzida viloyatda qishloq xoʻjaligining turli tarmoqlari boʻyicha agroklasterlar tashkil etish, yaylovlar holatini yaxshilash loyihalari taqdimoti oʻtkazildi.

Masalan, "Navoiy" erkin iqtisodiy zonasida "Navoiy ishonch gilamlari" MCHJ tomonidan qishloq xoʻjaligi ekinlarini sunʼiy yomgʻir usulida sugʻorish uskunalarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Natijada suv, yoqilgʻi, mineral oʻgʻitlar sarfi kamayadi. Umumiy qiymati 41 milliard soʻm boʻlgan ushbu loyiha tufayli 50 kishining bandligi taʼminlanadi.

Shuningdek, viloyatda chorvachilikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, Konimex tumanida "Konimex texno oazis" MCHJ tomonidan tuyachilik va yilqichilikni rivojlantirish loyihasi hayotga tatbiq etiladi. Xorijdan 900 bosh tuya, yilqi, naslli qoʻy keltiriladi. Chavandozlik maktabi tashkil etilishi koʻzda tutilgan.

Davlatimiz rahbari baliq yetishtirishga ixtisoslashgan shunday korxonalarni, chorvachilik xoʻjaliklari sonini koʻpaytirish, yer unumdorligini hamda tomorqadan foydalanish samaradorligini oshirish boʻyicha tavsiyalar berdi.

OʻzA

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali