Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Belgiya parlamenti delegatsiyasining uchrashuvlari

8473 15-Sentyabr, 2015 Chop etish Yuklab olish (PDF 19 Kb)


O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida mamlakatimizga tashrif buyurgan Belgiya Qirolligi parlamenti Vakillar palatasi raisi Zigfrid Brake rahbarligidagi delegatsiya a'zolari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. 

 

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov bilan uchrashuvda O'zbekiston va Belgiya hamkorligi siyosiy, savdo-iqtisodiy va gumanitar sohalarda izchil rivojlanib borayotgani alohida ta'kidlandi. 

 

O'zbekiston bilan Belgiya o'rtasidagi parlamentlararo munosabatlar tobora faollashmoqda. Belgiya parlamenti vakillari, "Belgiya – O'zbekiston" parlamentlararo hamkorlik guruhi a'zolari mamlakatimizda o'tkaziladigan xalqaro anjumanlarda muntazam ishtirok etib kelayotir.

 

Iqtisodiy sohada O'zbekiston bilan Belgiya o'rtasida eng ko'p qulaylik yaratish tizimi joriy qilingan. O'zbekiston Belgiyaga paxta tolasi, gazlama, noorganik kimyo mahsulotlari eksport qiladi. Belgiyadan mamlakatimizga mexanik uskunalar, farmatsevtika mahsulotlari, plastmassa buyumlar, kauchuk va rezina keltiriladi. 1999-yildan Toshkentda Valloniya Eksport va xorijiy sarmoyalar bo'yicha agentligi (AWEX) vakolatxonasi faoliyat ko'rsatmoqda. O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan G'arbiy Flandriya Savdo-sanoat palatasi o'rtasida hamkorlik to'g'risidagi memorandum imzolangan. Mamlakatlarimizda qishloq xo'jaligi, savdo, iqtisodiyot, sarmoya, shaharlar infratuzilmasini takomillashtirishga bag'ishlangan qator biznes-forum va taqdimotlar, ishbilarmonlar uchrashuvlari o'tkazilmoqda.

 

Belgiya parlamenti delegatsiyasi a'zolari O'zbekistonning tinchlikparvar siyosatini, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlashga qaratilgan sa'y-harakatlarini yuqori baholadi. O'zbekiston bilan parlamentarizm, savdo, iqtisodiyot kabi sohalardagi aloqalarni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini alohida qayd etdi. 

 

– O'zbekiston muhim strategik hamkorlarimizdan, – dedi Zigfrid Brake. – Davlatingiz mintaqada tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga alohida e'tibor qaratmoqda, shu tariqa mintaqadagi osoyishtalik va farovonlikka ulkan hissa qo'shmoqda. Mamlakatingizda tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar, soha taraqqiyoti uchun yaratilgan imkoniyat va qulayliklar e'tiborga molik. Biz O'zbekistonning "Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari" strategiyasi bilan ham yaxshi tanishmiz. Mamlakatingizda amalga oshirilayotgan bunday keng ko'lamli islohotlar xalqingiz farovonligining asosidir. Turli yo'nalishlardagi o'zaro hamkorligimizni yanada ravnaq toptirish niyatidamiz. 

 

Belgiya delegatsiyasi a'zolari mamlakatimiz Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, uning qo'mitalari, fraksiyalari va deputatlik guruhlari faoliyati bilan tanishtirildi. 

 

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari qo'mitasi raisi, Oliy Majlisning Belgiya Qirolligi parlamenti bilan hamkorlik bo'yicha guruhi rahbari A.Saidov bilan uchrashuv chog'ida ikki mamlakat o'rtasida parlamentlararo munosabatlarni rivojlantirish, qonun ustuvorligini ta'minlash, savdo-iqtisodiy kabi qator sohalardagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, o'zaro tajriba almashuvini faollashtirishga oid masalalar muhokama qilindi. 

 

Belgiya delegatsiyasi O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar hamda Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirliklarida ham muzokaralar o'tkazdi.

O'zA

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali