Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Benzin xarid qilishda to'lanadigan yo'l solig'i qayoqqa ketmoqda?

10888 30-May, 2017 Chop etish Yuklab olish (PDF 31 Kb)


Bugun hech kimga sir emas, har kuni duch kelayotgan manzaramiz ham, manzilimizni yaqin qiladigan ham, yashirishning hojati yo'q – gohida asablarimizni tarang qiladigan makon ham bu – yo'llar. Bu haqda ko'p gapirildi: tanqid ham qilindi, o'rniga qarab, maqtaldi ham. Bir haqiqatni unutmaslik kerakki, bugun jarayon bir joyda to'xtab qolgani yo'q. Bu sohaga oid Prezident farmoni va qarorlari, hukumatning qator normativ-huquqiy hujjatlari qabul qilindi. Xo'sh, o'zgarishlar kechmoqdami va ular nimalardan iborat? Bugun yo'lovchilarning manzili ravon bo'lishi uchun nimalar qilindi va muammolar nimalardan iborat?

Shu va shunga o'xshash savollar bilan O'zbekiston Respublikasi Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasi raisi o'rinbosari S.Saifnazarovga murojaat qildik.

- Sohib Ismoilovich! Bugun bir qaraganda, avtomobil yo'llarimiz ta'miri uchun ko'p-ko'p ishlar qilinayotgandek taasurot qoladi. Farmonu qarorlar qabul qilindi. Ularning ijrosi bo'yicha qilinayotgan ishlar haqida xabar berib bormoqdasizlar. Ammo ochig'ini aytganda, natija – ko'pchilik kutgan darajada emasdek. Chunki yo'llar ahvolidan odamlarimizning ko'ngli to'lmayotir... Nega shunday?

- O'zingiz ham savol boshida bilibmi-bilmaymi, e'tirof qilayotganingizdek, bugungi kunda avtomobil yo'llari va ularning rivojlanishi borasida eng yuqori darajalarda, juda ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. O'zingiz o'ylab ko'ring – mamlakatdagi avtomobil yo'llarining umumiy uzunligi qariyb 184 ming kilometr. Buncha uzunlikdagi yo'lni bir-ikki oyda emas, yillar davomida ham risoladagidek, ravon qilib qo'yish mushkul masala. O'zbekiston MDH davlatlari orasida umumfoydalanuvdagi yo'l tarmog'i zichligi bo'yicha yuqori pog'onalarni egallab, 1000 kishiga to'g'ri keladigan yo'l uzunligi bo'yicha 5-o'rinda, 1000 km2ga to'g'ri keladigan yo'l uzunligi bo'yicha 9-o'rinda turadi. Demak, bu yo'lni bir kunda yo bir soatda ta'mirlash va yoki qurish – mumkin emas...

Shunga qaramasdan, joriy yilning 14 fevral kuni qabul qilingan "Yo'l xo'jaligini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi farmon, u bilan bir qatorda "2017-2018 yillarda mintaqaviy avtomobil yo'llarini rivojlantirish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida" hamda "O'zbekiston Respublikasi Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasi va O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo'l jamg'armasi faoliyatini tashkil etish to'g'risida"gi qarorlar – sohada chinakam "inqilob" yasashi kutilmoqda.

Umumiy foydalanuvdagi avtomobil yo'llarining bugungi tarmog'i iqtisodiy taraqqiyot hamda aholi talablariga asosan javob berib, Respublika ichidagi va xalqaro avtomobillar qatnovida havfsiz transport aloqasini ta'minlaydi. Ammo aholi sonining doimiy o'sishi, yuzlab yangi aholi turar-joylarining barpo etilishi hamda shaharlarning kengayishi Respublika ichki xo'jalik yo'llari holatini ham tubdan yaxshilash bo'yicha amaliy choralar ko'rilishini talab etadi. Bugun asosiy urg'u shunga qaratilmoqda.

- Qaror asosida eng avvalo ta'mirlanadigan yo'llar qanday belgilab olinmoqda?

- Avvalo ta'kidlash kerakki, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining yuqorida tilga olingan qarorida 2017-2018 yillarda butun respublika miqyosida 5454 kilometr, jumladan, 2017 yilda – 2700 kilometr, 2018 yilda – 2754 kilometr xo'jaliklararo qishloq avtomobil yo'llari, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloq va ovullarning ko'chalarini kapital va joriy ta'mirlash vazifasi belgilab berilgan. Bu – hazilakam raqam va ozmuncha miqyosdagi yo'l ishlari emas.

Qolaversa, tumanlar kesimida qancha yo'l ta'mirlanishi belgilab berilgan bo'lsa-da, aynan qaysi yo'l va ko'chalarning birinchi navbatda ta'mirga muhtojligi masalasi mahalliy hokimliklar bilan birgalikda, alohida shakllantiriladigan manzilli dasturlar bilan belgilab olinadi.

Bundan tashqari, mahalliy yo'llarni ta'mirlash barobarida xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo'llarini qurish va tubdan ta'mirlash ishlari izchil davom ettirilaveradi. Xususan, yuqorida tilga olingan – ichki yo'llarga daxldor dasturdan tashqari – har yilgi Investitsiya dasturlarida ko'rsatilganidek, 2017-2018 yillarda 540 km uzunlikdagi - xalqaro va davlat ahamiyatida, deya tavsiflanuvchi (masalan, M-39 "Toshkent-Termiz", A-373 "Toshkent-O'sh" kabi va boshqa) umumfoydalanuvdagi avtomobil yo'llari qurilishi va rekonstruksiya qilinishi ham nazarda tutilgan.

Bu – ichki yo'llardan tashqari, qo'mita tomonidan shu paytgacha amalga oshirilib kelingan ishlarning davomi bo'lib, mazkur qurilish va ta'mir ishlarining ichki yo'llarda olib boriladigan ishlarga daxli yo'q.

- Yo'llarni qurish va ta'mirlashda xususiy yo'l qurilishi kompaniyalari ishtirok etishi mumkinmi?

- O'zbekiston Respublikasi Prezidentining "O'zbekiston Respublikasi Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasi va O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo'l jamg'armasi faoliyatini tashkil etish to'g'risida"gi qarorida qo'mita huzurida Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo'llarini qurish va rekonstruksiya qilish direksiyasini, qo'mitaning Qoraqalpog'iston Respublikasi va viloyatlar avtomobil yo'llari hududiy bosh boshqarmalari huzurida mintaqaviy yo'llarga buyurtmachi xizmatini, mintaqaviy avtomobil yo'llarini ta'mirlash bo'yicha ixtisoslashtirilgan korxonalarni tashkil etish nazarda tutilgan.

Bundan anglashiladiki, bugun qo'mita tizimida ixtisoslashtirilgan korxonalarni tashkil etish jarayonlari davom etmoqda. Buyurtmachi sifatida esa, qarorda ta'kidlanganidek, Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo'llarini qurish va rekonstruksiya qilish direksiyasi qatnashadi. Bugungi kunda mazkur direksiya tashkil etildi va amaliy sa'y-harakatlar boshlangan.

Shuningdek, yuqoridagi qarorga asosan pudrat tashkilotlari sifatida esa qo'mitaning tarkibiy korxonalari ko'rsatib o'tilgan.

- Yo'l qurilishi loyihalarida ishtirok etuvchilar qanday tanlab olinadi?

- Bunday tanlovga zarurat yo'q. Chunki O'zbekiston Prezidentining "O'zbekiston Respublikasi Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasi va O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo'l jamg'armasi faoliyatini tashkil etish to'g'risida"gi qarori 3-bandida umumiy foydalanuvdagi hamda mintaqaviy avtomobil yo'llarining qurilishi, rekonstruksiyasi va ta'miri uchun loyiha tashkilotlari sifatida "Yo'l loyiha byurosi" MChJ va "Boshtransloyiha" AJ belgilab qo'yilgan.

- Ayrim nashrlar va ijtimoiy tarmoqlarda yo'lsozlar ta'mir ishlarida ko'zbo'yamachilikka yo'l qo'yayotgani, masalan, asfalt o'rniga oddiy tuproq yoki loydan foydalanayotgani, ta'mirni nomigagina amalga oshirayotgani haqida xabarlar paydo bo'lmoqda. Bunday holatlarning oldini olish ishlari qay ahvolda?

- Siz nazarda tutgan holat bo'yicha aytishim mumkinki, u kabi tasvirlarga Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasi tizimidagi korxonalarning aloqasi yo'q. Menimcha, bu savolga javobni o'sha xabarlarni tarqatganlardan va yoki tasvirlarda qaysi hudud aks etgan bo'lsa, o'sha hudud mansub bo'lgan hokimlik mutasaddilaridan so'rash kerak.

Bunday holatlarning, jumladan, Toshkent shahri miqyosida oldini olish bo'yicha esa bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. Shu paytga qadar poytaxt ko'chalari ta'miri va ularning infratuzilmasini shakllantirish vazifasi qo'mita funksiyasiga kirmas edi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining avvalroq nomi keltirilgan qarorida butun respublikadagi, jumladan, Toshkent shahridagi ichki yo'llar va ko'chalarning ta'mirlanishi tumanlar kesimida belgilab berildi.

Mazkur qaror ijrosi yuzasidan joriy yilning 7 mart kuni 2017 yilda Toshkent shahri tumanlarining yo'l infratuzilmasini rivojlantirishning manzilli dasturi tasdiqlandi. Shuni ta'kidlab o'tish kerakki, bugungi kunda ko'chalarning ta'miri hamda ulardagi infratuzilmani yaxshilash ishlari boshlangan va ular ayni kunda ham jadal sur'atlar bilan davom ettirilmoqda. Ta'mir ishlari Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasi tizimidagi korxonalar, jumladan, "Avtomagistral" birlashmasi, Toshkent ko'priklardan foydalanish korxonasi hamda "Transyo'lqurilish" korxonalari tomonidan amalga oshirilmoqda.

Tasdiqlangan dasturga muvofiq, Toshkent shahri ko'chalarini joriy va to'la ta'mirlash ishlari 2017 yilning o'zida ikki bosqichda, birinchi navbatda hamda yil davomida ta'mirlanishi zarur bo'lgan ko'chalar kesimida amalga oshiriladi.

Toshkent shahridagi ko'chalarning infratuzilmasini rivojlantirish va ta'mirlash maqsadlari uchun 1-bosqichda - 20,6 milliard so'm, 2-bosqichda esa - 50 milliard so'm mablag' ajratilishi ko'zda tutilmoqda.

Qolaversa, yuqorida tilga olingan salbiy holatlarning oldini olish uchun jiddiy choralar ko'rilayotganini ham eslatib o'tmoqchiman. Xususan, O'zbekiston Prezidentining 2017 yil 14 fevraldagi "Yo'l xo'jaligini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi farmonida Vazirlar Mahkamasi huzurida Yo'l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tashkil etilishi belgilangan. Bu inspeksiyaning asosiy vazifalari sirasiga yo'l qurilishi ishlarida, yo'l-qurilish materiallari, mahsulotlar va konstruksiyalarni ishlab chiqarishda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya etilishini nazorat qilish, qurilishi tugallangan yo'l ob'yektlarini foydalanishga qabul qilish bo'yicha komissiyalar ishida qatnashish, yo'l-qurilish materiallari, mahsulotlar va konstruksiyalarni standartlashtirish va sertifikatlashtirish ishlarini olib borish kabilar kiritilgan.

Shularni hisobga olib, bundan keyin yo'l qurilishi va ta'miri masalasida nazorat yanada kuchaytirilishi, sifat birinchi o'ringa qo'yilishini eslatib o'tmoqchiman.

- Aholi orasida, "Benzinning har bir litriga falon so'mdan yo'l solig'i to'laymiz. Bu pullar qayoqqa ketmoqda?" degan bir savol tug'iladi. Ularga nima deb javob bergan bo'lardingiz?

- Bir narsani siz ham, o'sha savolni berayotganlar ham bilib olishlari lozim. "Avtomobil yo'llari to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi Qonunida ko'rsatib berilganidek, "Shaharlar va boshqa aholi punktlarining ko'chalarini, shuningdek, xo'jaliklararo qishloq avtomobil yo'llarini moliyalashtirish mahalliy byudjyet mablag'lari hisobidan amalga oshiriladi. Ushbu yo'llar mahalliy hokimiyat organlari ixtiyorida bo'ladi".

Siz nazarda tutgan tushumlar to'g'ridan-to'g'ri mahalliy byudjyetga tushadi. U mablag'lar qonuniy asosda, maqsadli ravishda shahar ko'chalari qurilishi va ta'miriga yo'naltirilishi lozim. Agarda yuqoridagi kabi savollar tug'iladigan bo'lsa, bu savollar - o'sha ko'chalar mansub bo'lgan mahalliy hokimliklarga tegishli.

To'g'ri, yangi chiqqan qarorlarga asosan – ichki va mintaqaviy yo'l va ko'chalar ta'miriga ham endilikda Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasi mas'ul qilib belgilandi. Ammo u yo'llar – aynan mahalliy hokimliklar ixtiyorida, ularning qaysi biri ravonligi-yu, qaysi biri ta'mirga muhtojligini – aynan o'sha hokimliklar va ular qoshidagi obodonchilik boshqarmalari belgilab, har tomonlama asoslab, moliyalashtirish manbalarini kafolatlab, dasturga kiritib berishi kerak.

Boshqacha qilib aytganda, biror yeringiz og'rib, shifokor chaqirganda ham, avval o'sha og'rigan joyingizni aniqlashingiz, dori-darmonini olishingiz kerak. Shifokor esa keyin davolaydi-ku. Yoki uyingizga usta chaqirmoqchi bo'lsangiz, usta degani to'ppa-to'g'ri xonadoningizga bostirib, to'g'ri kelgan joydan ishni boshlamaydi-ku. Bizning holatda ham – shunday...

Agarda rasmiy raqamlarga murojaat etsak, bugungi kun holatiga Respublikadagi 1700 km dan ortiq ichki yo'llar ta'mirlandi. Ya'ni qaysidir joylarda tuproq yo'llar shag'alga o'tkazildi, shag'al yo'llar – asfaltlandi. Toshkent shahridagi ahvol esa boshqacharoq, ya'ni bu hududda tuproq va shag'al yo'l yo'q, demak, ta'mirlaganga yarasha, zamonaviy tarzda amalga oshirish lozim. Bu ishlar ham bugun bir zum bo'lsin, to'xtagani yo'q. Bunaqa sur'at yaqin yillar ichida kuzatilmagandi.

Demak, jarayon davom etmoqda...

kun.uz

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali