Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

BMT Bosh Assambleyasining "Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta'minlash bo'yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash" rezolyutsiyasi qabul qilinishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bayonoti

9216 25-Iyun, 2018 Chop etish Yuklab olish (PDF 32 Kb)


Joriy yil 22-iyun kuni BMT Bosh Assambleyasining yalpi majlisida "Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta'minlash bo'yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash" rezolyutsiyasi qabul qilindi. Loyihasi O'zbekiston tomonidan Markaziy Osiyodagi qo'shni mamlakatlar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan ushbu hujjatni BMTga a'zo barcha davlatlar bir ovozdan qo'llab-quvvatladi.

Rezolyutsiyaning qabul qilinishi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yil sentyabr oyida Nyu-Yorkda bo'lib o'tgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan tashabbusning amaliy ijrosi hisoblanadi. O'zbekiston rahbari o'z chiqishida 2017-yil noyabr oyida Samarqandda Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Markaziy Osiyo bo'yicha yuqori darajadagi xalqaro anjuman o'tkazilishini ma'lum qilib, uning yakunlari bo'yicha Markaziy Osiyo davlatlarining xavfsizlikni ta'minlash va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasidagi sa'y-harakatlarini qo'llab-quvvatlashga doir maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etdi. 

Yevropa, Shimoliy va Janubiy Amerika, Osiyo va Afrikaning 55 mamlakati ushbu rezolyutsiya hammualliflari bo'ldi. Ular orasida Avstraliya, Avstriya, Afg'oniston, Belarus, Germaniya, Italiya, Hindiston, Indoneziya, Kanada, Nigeriya, Norvegiya, BAA, Koreya Respublikasi, Singapur, Turkiya, Shveysariya, Ekvador va boshqa mamlakatlar bor. Hujjatni ishlab chiqish bo'yicha maslahatlashuvlarda Markaziy Osiyoning barcha yetakchi hamkor davlatlari, jumladan, Rossiya, XXR, AQSh va YeI mamlakatlari faol va konstruktiv tarzda ishtirok etdi. 

Rezolyutsiyada Markaziy Osiyo davlatlarining mintaqada tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta'minlash, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashdagi muhim roli e'tirof etiladi. Markaziy Osiyo davlatlarining xavfsizlik va taraqqiyot sohalaridagi mintaqaviy va xalqaro tashabbuslari alohida qayd etiladi. 

Hujjatda Bosh Assambleya mintaqa mamlakatlari tomonidan Markaziy Osiyoda barqarorlik va iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan sa'y-harakatlar va tashabbuslarni qo'llab-quvvatlashi bayon etiladi. O'zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahatlashuv uchrashuvlarini muntazam tashkil qilish bo'yicha tashabbuslari mintaqa doirasida qo'llab-quvvatlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etgan holda, rezolyutsiya bunday maslahatlashuvlar platformasidan mintaqaning dolzarb muammolarini birgalikda hal etish yo'lida samarali foydalanishga da'vat etadi. Hujjatda 2018-yil 15-mart kuni Ostona shahrida Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining ilk sammiti o'tkazilgani e'tirof etiladi. 

Rezolyutsiyada Markaziy Osiyoda xavfsizlikni mustahkamlash, suv va energiya manbalaridan unumli va kompleks foydalanish, Orol dengizi qurishi bilan bog'liq ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy asoratlarni yumshatish, mintaqada zamonaviy transport va tranzit tizimini tashkil etish, ma'rifat, fan, texnologiyalar, innovatsiyalar, turizm, madaniyat, san'at va sport sohalaridagi aloqalarni chuqurlashtirish yo'nalishlarida ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish muhimligi qayd etiladi. 

Markaziy Osiyo davlatlarining Afg'onistonda tinchlik o'rnatish va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga ko'maklashishga qaratilgan birgalikdagi sa'y-harakatlariga alohida e'tibor qaratiladi. Ushbu mamlakatda tinchlik va murosaga erishish maqsadida joriy yil mart oyida "Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik" mavzuidagi Afg'oniston bo'yicha Toshkent konferensiyasining ahamiyati qayd etiladi.

Rezolyutsiya xalqaro hamjamiyat, xususan, BMT tizimidagi ixtisoslashgan muassasalar, jamg'arma va dasturlarni mintaqa mamlakatlari tomonidan ko'zda tutilayotgan Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik, integratsiya va barqaror taraqqiyotning ustuvor yo'nalishlarini qo'llab-quvvatlashga da'vat etadi. 

Ushbu rezolyutsiyaning BMTda bir ovozdan ma'qullanishi va qabul qilinishi O'zbekistonning Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida yuritayotgan ochiq, oqilona va konstruktiv tashqi siyosati tufayli Markaziy Osiyoda shakllangan mutlaqo yangi, o'zaro ishonch va yaxshi qo'shnichilik muhiti xalqaro miqyosda keng e'tirof etilayotganidan dalolat beradi. Xalqlarini ming yillik birodarlik va yaxshi qo'shnichilik rishtalari, mushtarak tarix, din, madaniyat va an'analar bog'lab turgan Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta'minlash O'zbekiston tashqi siyosatining asosiy ustuvor yo'nalishi hisoblanadi.

BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan rezolyutsiya Markaziy Osiyoni hamkorlikda umumiy muammolarni hal qilish, mintaqa taraqqiyoti va uning ko'p millionli aholisi farovonligini ta'minlashga qodir yaxlit jipslashgan mintaqa sifatida shakllanishida muhim bosqich bo'lib xizmat qilishi shubhasiz. 

Toshkent, 2018-yil 23-iyun

mfa.uz

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali