Bugungi bunyodkorlik ishlarimiz el-yurtimiz ulkan salohiyatining yorqin ifodasidir
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-oktyabr kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va yirik loyihalar bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbari Toshkent metropolitenining Yunusobod yoʻnalishi ikkinchi bosqichida olib borilayotgan qurilish ishlarini koʻzdan kechirdi.
Keyingi yillarda Toshkent metropolitenini rivojlantirish, uning yangi yoʻnalishlarini ishga tushirish va yoʻlovchilarga yanada qulayliklar yaratish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, shahar transport tizimini rivojlantirish strategiyasiga muvofiq, metropoliten aholiga poytaxtning istalgan hududiga tez va xavfsiz yetib olish imkonini beradi. Bundan tashqari, barcha metro yoʻnalishlarida bepul Wi-Fi ishlamoqda, kelasi yildan Toshkent metropolitenida uyali aloqa tizimini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan. Bularning barchasi metroda yoʻlovchi tashish koʻlamini bir necha barobar oshirishga xizmat qiladi. Ayni paytda ushbu jamoat transporti xizmatidan kuniga 240 ming yoʻlovchi foydalansa, jami 21 kilometrdan iborat uchta yangi – Yunusobod, Sergeli va Qoʻyliq yoʻnalishlari qurilishi natijasida yana 150 mingdan ziyod kishi qamrab olinadi. Bu aholiga katta qulaylik yaratish barobarida, koʻchalardagi tirbandlikni bartaraf etish va yoʻlovchilar xavfsizligini taʼminlashda muhim omil boʻladi.
Prezidentimizning 2016-yil 7-noyabrdagi qaroriga muvofiq, barpo etilayotgan metropolitenning Yunusobod yoʻnalishi ikkinchi bosqichi bu boradagi ishlar koʻlamini kengaytiradi.
Inshootning umumiy qiymati 103,8 million dollar boʻlib, qurilish boshlanganidan buyon 67,5 million dollarlik ish bajarilgan. "Shahriston" bekatidan qariyb 3 kilometr yoʻl tortilib, ikkita yangi – "Yunusobod" va "Turkiston" stansiyalari qurilgan. Tunnelning oʻng qismi toʻliq burgʻilanib, temir-beton bilan mustahkamlangan. Chap tunnelni burgʻilash, tashqi muhandislik-kommunikatsiya tizimlarini koʻchirish tez kunlarda yakunlanadi. Yangi metro bekatlarida qurilish-montaj ishlari jadal olib borilmoqda.
Davlatimiz rahbari "Turkiston" bekatida amalga oshirilayotgan ishlarni koʻzdan kechirib, qurilish sifati va yoʻlovchilar uchun qulayligiga alohida eʼtibor qaratdi.
– Bu bunyodkorlik ishlari xalqimizga boʻlgan yuksak ehtiromimiz ifodasidir. Shu bois, eng muhimi, sifatga eʼtibor qaratish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Qurilish ishlariga Germaniya texnologiyasi va mutaxassislari jalb etilgan. Sifat va xavfsizlik ham Germaniya standartlariga muvofiq boʻladi.
Davlatimiz rahbari bu yerga oʻtgan yilgi tashrifi chogʻida metropoliten va avtobus qatnovlarini optimallashtirish boʻyicha koʻrsatmalar bergan edi.
Hisob-kitoblarga koʻra, mazkur bosqichning ishga tushirilishi natijasida Yunusobod tumanida qatnaydigan avtobuslar soni va masofasi ancha qisqarib, kuniga 5,5 tonna yoqilgʻi iqtisod qilinadi. Yoʻlovchilarning manziliga yetib olishi 20 daqiqaga tezlashadi.
Shu yerda "Buyuk ipak yoʻli" metro bekatidan "Toshkent traktor zavodi" avtoshohbekatigacha boʻlgan yangi yoʻnalish, Samarqand xalqaro aeroportining yangi terminali loyihalari taqdimoti oʻtkazildi.
Prezident Chilonzor tumanidagi "Oriyent keramik" masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi.
Mamlakatimizda mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda eksportga yoʻnaltirilgan yangi turdagi raqobatbardosh qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmini oshirish va ushbu mahsulotlarga boʻlgan ichki ehtiyojni qondirishga alohida eʼtibor qaratilayotir. Bu esa mahalliy va xorijiy tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash borasida keng imkoniyatlar yaratmoqda.
Davlatimiz rahbari 2017-yil Chilonzor tumaniga tashrifi doirasida "Oriyent keramik" korxonasi loyihasi bilan tanishgan, uni oʻz vaqtida va sifatli yakunlash boʻyicha koʻrsatmalar bergan edi. Shundan soʻng korxonaga Chilonzor tumani hududidan 3,6 gektar joy ajratildi. Oʻtgan vaqt mobaynida zamonaviy korxona binosi qad rostlab, xorijdan keramika mahsulotlari va kafel ishlab chiqaradigan uskunalar keltirib oʻrnatildi.
Shavkat Mirziyoyev mazkur korxonaning ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi, ishchilar bilan muloqot qildi.
Joriy yil iyul oyida faoliyat boshlagan korxonaning umumiy qiymati qariyb 14 million dollar boʻlib, yiliga 3,6 million kvadrat metr keramik mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatiga ega. Ayni paytda bu yerda 270 ishchi va mutaxassis mehnat qilmoqda.
Ahamiyatli jihati, korxona mahsulotlari deyarli 100 foiz mahalliy xomashyodan tayyorlanmoqda. Shu bois bu yerda tayyorlanayotgan kafellar xorijnikidan bir necha barobar arzon narxlarda ichki bozorga chiqarilmoqda.
Ayni paytda korxona mahsulotlarining 30 foizi Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston va Afgʻonistonga eksport qilinmoqda. Oʻtgan oylarda 500 ming dollarlik mahsulot eksporti amalga oshirilgan.
Prezidentimizga "Oriyent keramik" MCHJ tomonidan 2020-2021 yillarda amalga oshirilishi belgilangan loyiha haqida ham maʼlumot berildi. Umumiy qiymati 25 million dollar boʻlgan loyiha doirasida yiliga 7,3 million kvadrat metr import oʻrnini bosuvchi keramogranit kafellar ishlab chiqarish koʻzda tutilgan. Ushbu mahsulotlardan asosan bino va inshootlarning tashqi qismini bezashda foydalaniladi. Korxona ishga tushirilgach, yana 700 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.
Oʻzbekistonda ilk bor amalga oshirilayotgan ushbu loyiha natijasida 120x60, 90x30, 80x40, 80x80 oʻlchamdagi zamonaviy kafellar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Hozirda ana shunday mahsulotlar mamlakatimizga toʻliq import qilinmoqda.
Davlatimiz rahbari ushbu jamiyat negizida barcha viloyatlarda kichik korxonalar tashkil etish, logistikaga qulay joylar ajratib, ularni keramik mahsulotlar ishlab chiqaruvchi klaster tizimida ishlatish, mahsulot turini koʻpaytirib, narxini tushirish evaziga eksport hajmini oshirish zarurligini taʼkidladi.
Shu yerda Toshkent shahrida sanoat va xizmat koʻrsatish sohalarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar taqdimoti oʻtkazildi.
Davlatimiz rahbariga Chilonzor tumani janubi-gʻarbiy sanoat hududida amalga oshirilgan loyihalar haqida maʼlumot berildi. Unga koʻra, 313 gektar maydonda tashkil qilingan 256 korxonada 9600 dan ziyod ish oʻrni yaratilgan.
Shavkat Mirziyoyev har bir loyihani oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish boʻyicha aniq vazifalarni belgilab berdi.
"Oʻzbekiston temir yoʻllari" aksiyadorlik jamiyati buyurtmasi va "Boshtransloyiha" aksiyadorlik jamiyati loyihasi asosida "Koʻprik qurilish tresti" unitar korxonasi tomonidan barpo etilayotgan Toshkent metropolitenining Sergeli metro yoʻnalishida qurilish ishlari avjida.
Davlatimiz rahbari mazkur yoʻnalishda olib borilayotgan qurilish ishlari bilan tanishdi.
Loyiha doirasida uzunligi 7,1 kilometr boʻlgan metropoliten liniyasi va 6 ta bekat qurilishi belgilangan. Obyekt qurilishiga 82,6 million dollar mablagʻ sarflanadi.
2017-2020 yillarda qurib bitkazilishi rejalashtirilgan loyiha boshlangandan buyon 42,44 million dollarlik ish bajarilgan. Ayni paytda "Choshtepa", "Toshkent xalqa yoʻli", "Sergeli", "Afrosiyob", "Qipchoq" va "Chinor" kabi 6 ta bekatda qurilish-montaj ishlari davom etmoqda.
Jumladan, "Toshkent xalqa yoʻli" bekatida tashqi fasadni marmar bilan qoplash, elektr yoritish va tashqi bezak ishlari yakunlangan. Platforma toʻsinlarini montaj qilish ishlari tugallangan. Bekatning yoʻlovchi platformasi metall konstruksiyalarini oʻrnatish ishlari boshlangan.
"Sergeli" bekatida poydevor quyish, kotlovan qazish, gʻisht terish va eskalator poydevorini quyish ishlari toʻliq yakuniga yetkazilgan. Qolgan bekatlarda ham bunday ishlar sifatli amalga oshirilgan.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, mazkur metro liniyasining ahamiyatli jihati shundaki, u nafaqat mamlakatimiz, balki Markaziy Osiyoda ham bugungi kungacha qoʻllanilmagan butunlay yangicha estakada usulida bunyod etilmoqda. Bekatlarda yoʻlovchilarga qulaylik yaratish maqsadida maxsus lift va eskalatorlar oʻrnatiladi.
Prezidentimizga metro yoʻnalishida olib borilayotgan qurilish ishlari haqida batafsil maʼlumot berildi.
Sergeli yoʻnalishi Chilonzor liniyasining "Olmazor" bekatiga ulanadi. Shu tariqa aholi koʻp yashaydigan Sergeli tumani shahar markazi va boshqa tumanlar bilan yana bir vosita orqali bogʻlanadi. Jumladan, Sergelidan metroga oʻtirgan yoʻlovchi "Buyuk ipak yoʻli" bekatigacha boshqa liniyaga oʻtmasdan yetib olishi mumkin.
Davlatimiz rahbari Sergeli yoʻnalishining Chilonzor yoʻnalishidagi "Olmazor" bekatiga bogʻlanadigan qismida amalga oshirilgan qurilish ishlarini koʻzdan kechirdi.
Sergeli tumanining rivojlanib borayotgani, koʻp qavatli yangi uylar qurilayotgani nuqtayi nazaridan bu metro yoʻnalishi ulkan ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi. Yoʻlovchilarning metropolitengacha yetib olishi va metroda harakatlanishi uchun yaratiladigan sharoitlar bilan qiziqdi.
Shavkat Mirziyoyev Yashnobod tumaniga tashrif buyurib, yerusti halqa metrosining qurilishi bilan ham tanishdi.
Davlatimiz rahbari ushbu yirik qurilish jarayoni bilan bir necha bor tanishgan, bunyodkorlik ishlarini yanada jadallashtirish va sifatli yakunlash boʻyicha topshiriqlar bergan edi.
Uzunligi qariyb 55 kilometr boʻlgan va 35 bekatdan iborat ushbu transport tarmogʻi metro loyihasining qiymati 422,3 million dollarga teng. Loyiha besh bosqichda amalga oshiriladi. Dastlab metroning "Doʻstlik" bekatidan "Qoʻyliq" bozorigacha boʻlgan qismi quriladi. 11 kilometrlik masofada 7 bekat bunyod etish moʻljallangan. Ikkinchi bosqichda "Qoʻyliq" bozori bilan "Olmazor" bekati bogʻlanadi. Soʻng "Beruniy" bekatigacha, undan keyin "Bodomzor" bekatigacha boʻlgan qismlar quriladi. Soʻnggi bosqichda esa halqa metro liniyasi yana "Doʻstlik" bekatiga ulanadi.
Davlatimiz rahbari yangi keltirilgan poyezdga chiqib, qurilishi yakunlangan "Doʻstlik-2" va "Ohangaron" bekatlari oraligʻida yurib koʻrdi, stansiyalarda yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi.
Ayni paytda "Doʻstlik-2" – "Qoʻyliq" yoʻnalishida qurilish ishlari jadal davom ettirilmoqda. Bunyodkorlik ishlariga 2 mingdan ortiq muhandis va ishchi, 300 ga yaqin texnika jalb qilingan.
Bekatlar yoʻlovchilarga qulaylik yaratuvchi zamonaviy texnologiyalar, yoʻlkirani elektron toʻlash imkonini beruvchi turniketlar, eskalator bilan jihozlangan.
"Qoʻyliq" bozorigacha boʻlgan qolgan qismida ham poydevorlar quyilib, tayanch oʻrnatish ishlari yakunlangan.