Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Bunyodkorlik ishlarimiz xalqimiz manfaatlariga xizmat qilsin

9877 1-Iyul, 2015 Chop etish Yuklab olish (PDF 29 Kb)


O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish maqsadida 30-iyun kuni Qashqadaryo viloyatiga keldi.

Qashqadaryo viloyati iqtisodiy salohiyati, yer osti va yer usti boyliklari, rivojlangan sanoat tarmoqlari va qishloq xo'jaligi bilan mamlakatimiz taraqqiyotida muhim o'rin tutadi. Omilkor va ishbilarmon insonlar mehnati tufayli barcha sohalarda ulkan muvaffaqiyatlar qo'lga kiritilmoqda.

Viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmi izchil o'smoqda. Mamlakatimiz umumiy sanoat mahsulotining qariyb 11 foizi ushbu viloyatda ishlab chiqarilmoqda. Sho'rtan va Muborak gaz-kimyo majmualari, Dehqonobod kaliyli o'g'itlar zavodi kabi zamonaviy sanoat korxonalarida jahon bozorida xaridorgir mahsulotlar tayyorlanmoqda.

Yirik investitsiya loyihasi asosida Talimarjon issiqlik elektr stansiyasida yiliga 900 megavatt elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega ikkita bug'-gaz qurilmasini qurish ishlari jadal davom etmoqda. Prezidentimiz Islom Karimovning 2013-yil 2-avgustdagi "2013-2016-yillarda Qashqadaryo viloyatining sanoat salohiyatini rivojlantirish dasturi to'g'risida"gi qarori bilan tasdiqlangan dasturga asosan umumiy qiymati 2 milliard 98 million dollarga teng 555 loyiha amalga oshirilishi ko'zda tutilgan. Bugungi kungacha ularning 440 dan ortig'i hayotga tatbiq etilib, sanoat sohasining yangi turlarini rivojlantirish, aholini ish bilan ta'minlash va farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Mamlakatimizning barcha hududlarida bo'lgani kabi Qashqadaryo viloyatida ham ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Iqtisodiy-ijtimoiy infratuzilma rivojlanib, shahar va qishloqlar qiyofasi tubdan o'zgarib bormoqda.

Keyingi yillarda viloyat markazi Qarshi shahri har tomonlama rivojlanib bormoqda. Ayniqsa, shaharning 2700-yilligi munosabati bilan ko'hna Nasaf yanada go'zal va obod maskanga aylandi.

Bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2013-yil 25-iyuldagi "Qarshi shahrini kelajakda qayta qurish rejasi va zamonaviy yo'l-transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish dasturi to'g'risida"gi qarori asosida keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Qarshi shahrining hududi kengaytirilmoqda. Yangi avtostansiya va vokzallar, ko'pqavatli uy-joylar, bog' va xiyobonlar, xizmat ko'rsatish obyektlari bunyod etilmoqda.

Yo'l-transport infratuzilmasini yaxshilash maqsadida uzunligi 56 kilometr bo'lgan halqa yo'li qurilmoqda. Uning temir yo'l va daryolar bilan kesishadigan nuqtalarida 6 zamonaviy yo'l o'tkazgich va ko'priklar bunyod etilmoqda. Bu shahar havosi musaffoligini va harakat xavfsizligini ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Halqa yo'lining Qashqadaryo daryosini kesib o'tadigan qismida uzunligi 108, eni 27 metrlik yangi ko'prik barpo etildi. Amir Temur ko'prigi rekonstruksiya qilindi.

Prezidentimiz viloyatga safarini ushbu ko'priklar bilan tanishishdan boshladi.

Bir paytlar Qashqadaryo deganda odamlarning ko'z oldiga cho'l kelardi. Qurilish va obodonlashtirish ishlariga e'tibor yo'q edi. Bajarilgan qurilishlar ham mendan ketguncha, egasiga yetguncha qabilida, hisobot uchun qilinardi. Mustaqillik yillarida uzoqni ko'zlab, izchillik bilan amalga oshirgan ishlarimiz samarasida Qarshi shahri obod va farovon bo'lib borayotir. Buni zamonaviy inshootlar, mana shunday ko'priklar misolida yaqqol ko'rishimiz mumkin, dedi Islom Karimov.

Davlatimiz rahbari ko'priklar atrofini obodonlashtirish, yo'l va daryo bo'ylariga hududning tabiiy iqlim sharoitiga mos manzarali daraxtlar o'tqazish, aholining mazmunli hordiq chiqarishi uchun zarur bo'ladigan barcha sharoit va qulayliklarni yaratish kerakligini ta'kidladi. Daryoning ikki qirg'og'ini mustahkamlash, sohilbo'yini obodonlashtirish, qayiq stansiyasi tashkil etish yuzasidan ko'rsatmalar berdi.

Prezidentimiz Qarshi shahrining O'zbekiston ko'chasida bunyod etilgan ko'pqavatli uylarni borib ko'rdi.

Ilgari bu yerda rejasiz qurib tashlangan, ko'rimsiz, pastqam uylar bo'lardi. Ular keng va ravon yo'lga mutlaqo mos kelmas, shaharning zamonaviy qiyofasini buzib turar edi.

Shaharning bosh rejasiga muvofiq, mazkur ko'chada zamonaviy ko'pqavatli uy-joylar barpo etildi. Ularning yuqori qavatlarida keng va shinam xonadonlar bo'lib, birinchi qavatida savdo va maishiy xizmat ko'rsatish shoxobchalari joylashgan.

Binolarning birinchi qavati devori granit, yuqori qavatlari oq marmar bilan qoplangani ajib chiroy baxsh etgan. Bunday arxitektura chang-g'uborni sezdirmay, binoning asl qiyofasini saqlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Bunyodkorlik ishlariga butun qalb qo'rini bag'ishlamoq kerak. Obodlik ko'ngildan boshlanadi, degan so'zlar xalqimiz qalbidan chuqur joy oldi, ezgu da'vatga aylandi, dedi Prezidentimiz. Odamlar o'z uyini, ko'chasini, mahallasini obod qilishga, baxtli hayot kechirishga intilib yashamoqda. Bu uy-joylarni qurishdan maqsadimiz ham xalqimizning obod va farovon yashashini ta'minlashdir. Ulardagi sharoit, atrofdagi muhit ham shunga mos bo'lishi kerak.

Qarshi shahridagi ko'chalar, maydon va xiyobonlardagi yashil hududlarni kengaytirish bo'yicha olib borilayotgan ishlar ana shu maqsadga xizmat qilmoqda. Aholi, ayniqsa, ayollar va bolalar bu yerda sayr qilib, hordiq chiqarmoqda.

Har bir shaharning bosh rejasi ustida ishlaganda, bino va yo'llar qurayotganda besh-o'n yilni emas, balki uzoq istiqbolni o'ylab ish yuritish lozim. Ular har tomonlama mukammal manzara hosil qilsin, shu bilan birga, pishiq va mustahkam bo'lsin, nafaqat bugungi, balki kelajak avlodlarimizga ham xizmat qilsin, dedi Islom Karimov.

Davlatimiz rahbari qurilish va obodonlashtirish ishlarini izchil davom ettirish, shahar qiyofasini yanada yaxshilash, aholining dam olishi uchun yanada ko'proq qulayliklar yaratish, yo'l bo'ylarini ko'kalamzorlashtirish va favvoralarni zamonaviy texnologiyalar asosida takomillashtirish bo'yicha zarur ko'rsatmalar berdi.

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali