Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

"Davlat xaridlari to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi qonuni nima uchun qabul qilindi?

14421 11-Aprel, 2018 Chop etish Yuklab olish (PDF 27 Kb)


QONUN SHARHI

"Davlat xaridlari to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi qonunini davlat xaridlari ochiqligini va shaffofligini hamda bu sohada tadbirkorlarning raqobat kurashuvini ta'minlaydi, davlat byudjeti, markazlashtirilgan manbalar va davlat ulushiga ega bo'lgan korxonalar mablag'laridan samarali foydalanishga imkon yaratadi.

Qonun qabul qilinishidan avval mazkur soha 30 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solingan, bunda davlat xaridlarining yaxlit tizimi mavjud bo'lmagan, buning natijasida huquqiy kolliziyalar vujudga kelgan. Ko'p bosqichli kelishishlar va takrorlovchi tartib-taomillar korrupsiyaga sharoit yaratgan va ko'p vaqt yo'qotishga sabab bo'lgan. 

Qonun davlat xaridlarini amalga oshirishning amaldagi tajribasini hamda xalqaro tajribani, jumladan, BMTning Xalqaro savdo huquqi bo'yicha Komissiyasining (YuNSITRAL) model qonunchiligining asosiy qoidalarini, Yevropa Ittifoqi, AQSh, Rossiya, Belarus, Qozog'iston va boshqa davlatlar qonunchiligini hisobga olgan. Xalqaro tashkilotlar, Xalqaro bank, ekspert va biznes-hamjamiyati, vazirlik va idoralar vakillari bilan muhokamalar o'tkazilgan. 

Qonundagi asosiy yangiliklar: 

Davlat buyurtmachisining ikkita yangi kategoriyalari kiritilgan – "byudjet" va "korporativ" buyurtmachilar; 

vakolatli organ sifatida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi belgilandi. Ilgari davlat xaridlari sohasida vakolatli organ mavjud emas edi; 

davlat xaridlarining barcha turlari uchun maxsus axborot portali joriy etilmoqda. Elektron do'kon va auksionda g'olibni aniqlash avtomatik tarzda elektron tizim orqali amalga oshiriladi; 

maxsus talablar tatbiq etilmaydigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) elektron do'kon orqali xarid etiladi. Byudjet buyurtmachilari uchun -25 EKIX, yiliga 2500 EKIXdan ortiq bo'lmagan holda, korporativ buyurmachilar uchun – 250 EKIXdan ortiq bo'lmagan limitlar o'rnatildi. Avval elektron savdo orqali birjada faqat 10-13 tovar, ish, xizmatlar guruhi ro'yhatiga kirgan, 100 ming AQSh dollari qiymatigacha bo'lgan faqat birinchi darajada zarur bo'lgan tovarlar xarid qilingan; 

tanlov savdolari o'rnatilgan mezonlarga javob beradigan tovar (ishlar, xizmatlar)ning barcha turlariga tadbiq etiladi. Ilgari tanlov savdolarini o'tkazish mexanizmi faqat kapital qurilish sohasida amal qilar edi; 

tender tanlovlari uchun so'm limitlar o'rnatilgan: byudjet buyurtmachilari uchun – 6000 EKIX dan yuqori, korporativ buyurtmachilar uchun- 25000 EKIX dan yuqori. Ilgari tender savdolari 100 ming AQSh dollaridan yuqori bo'lgan summaga o'tkazilgan; 

xarid qilish tartib-taomillari ustidan monitoring va nazorat tartibga solinmoqda. 

Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko'rib chiqish bo'yicha tuzilayotgan Komissiyaning faoliyati xaridlarning barcha turlariga tadbiq etiladi. Ilgari davlat xaridlarini nazorat qilish masalasi tartibga solinmagan, nizo va kelishmovchiliklar faqat elektron savdolar bo'yicha maxsus komissiya tomonidan ko'rib chiqilgan. 

Qonunni realizatsiya qilish sog'lom raqobat muhitini yanada rivojlantirishga, tadbirkorlik subyektlari uchun davlat xaridlariga teng erkinlik yaratish, davlat sektorini optimal muddatlarda tovarlar (ishlar, xizmatlar) bilan samarali va oqilona ta'minlashga xizmat qiladi hamda mamlakatda qulay investitsion muhitni shakllantirish jarayonini davom ettiradi, xalqaro reytinglarda O'zbekiston ko'rsatkichlarini yaxshilashga xizmat qiladi. 

Manba: O'zA

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali