Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Davlatimiz rahbari iqtisodiy loyihalar bilan tanishdi

7307 6-May, 2017 Chop etish Yuklab olish (PDF 32 Kb)


Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 6-may kuni poytaxtimizning Oybek ko'chasidagi ko'p qavatli uylarda ishga tushirilgan zamonaviy, energiyatejamkor lokal qozonxonalarni borib ko'rdi. 

Mamlakatimizda aholi farovonligini yuksaltirish, xonadonlar va ijtimoiy soha obyektlarini issiqlik energiyasi va issiq suv bilan uzluksiz ta'minlash bo'yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining shu yil 20-apreldagi "2018-2022-yillarda issiqlik ta'minoti tizimini rivojlantirish dasturi to'g'risida"gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko'tarishda muhim omil bo'lmoqda. 

Ushbu qarorga muvofiq Toshkent shahrida issiqlik ta'minoti tizimini yangilash va modernizatsiya qilish, energiya samaradorligi yuqori bo'lgan mahalliy qozonxonalar qurish, xonadonlarga yakka tartibda ichki issiqlik tarmog'ini o'rnatish, ko'p qavatli uy-joy fondi va ijtimoiy soha obyektlarining lokal issiqlik ta'minoti tizimini rivojlantirish bo'yicha keng ko'lamli vazifalar belgilangan. 

Poytaxtimizdagi markazlashgan issiqlik ta'minoti tizimi o'tgan asrning 60-70-yillarida barpo qilingan bo'lib, bugungi kunda qozonxona uskunalari va tarmoqlar texnik va ma'naviy eskirgani, markaziy qozonxonalar iste'molchilardan uzoq masofada joylashganligi sababli issiqlik yetkazib berishda ayrim muammolar yuzaga kelmoqda. 

Yuqoridagi qarorga asosan poytaxtimiz tumanlarida zamonaviy qozonxonalar qurish, quyosh energiyasi bilan suvni isitadigan gelioqurilmalar negizida uy-joylar va ijtimoiy obyektlarni issiqlik bilan ta'minlash tizimini barpo etish bo'yicha dastur ishlab chiqilmoqda. 

Unga ko'ra joriy yilda poytaxtimizda jami 211, jumladan, ko'p qavatli uylar tom qismida 134, mavzelar hududida 77 mahalliy qozonxona quriladi. Ushbu maqsadlar uchun sarflanadigan 170 milliard so'm mablag' tijorat banklari kreditlari hisobidan moliyalashtiriladi. 

Oybek ko'chasidagi 40- va 42-uylarda ishga tushirilgan qozonxonalar gelio suv isitgichlari bilan jihozlangan. Ushbu qozonxona an'anaviy markazlashgan isitish tizimiga qaraganda birmuncha afzalliklarga ega. Avvalo, qozonxonada zamonaviy texnologiya asosida quyosh nuridan issiqlik energiyasi ishlab chiqarilib, xonadonlarga kerakli miqdorda taqsimlanadi. Bu yoqiladigan tabiiy gazni tejash, iste'molchilarga issiqlik energiyasi yetkazib berishda yo'qotishlar va qish mavsumida avariya holatlarining oldini olish, ortiqcha sarf-xarajatlarni kamaytirish imkonini beradi. 

Qozonxonada soatiga 146 kilovatt issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi. Loyihaning qiymati 460 million so'm bo'lib, xarajatlar "Toshissiqquvvati" ishlab chiqarish birlashmasi unitar korxonasi hisobidan qoplangan. 

Uy yuqorisidagi texnik qavatda qozonxona, tomda quyosh kollektorlari o'rnatilgan. Davlatimiz rahbari ushbu lokal qozonxonani ko'zdan kechirdi. 

Quyosh suv isitgichlari ekologik tozaligi, ko'p xizmat talab etmasligi va uzoq muddat foydalanish mumkinligi bilan ajralib turadi. Bunday qurilmalar nafaqat quyoshli, balki bulutli kunlarda ham energiya ishlab chiqara oladi. 

Mazkur sohadagi ishlardan ko'zlangan asosiy maqsad ko'p qavatli uylarda yashovchi aholi uchun qulay shart-sharoit yaratishdir, dedi Prezidentimiz. Kommunal sohani yanada takomillashtirish va ko'rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish uchun quyosh energiyasi asosida ishlaydigan issiqlik energiyasi tizimiga o'tishni hayotning o'zi taqozo etmoqda. Shu nuqtai nazardan, Toshkent shahrida kelgusi uch yilga mo'ljallangan alohida tizim ishlab chiqamiz. Bu tizim quyosh energiyasi yordamida uy-joylar va ijtimoiy obyektlarni issiq suv va energiya bilan uzluksiz ta'minlash, energiya resurslarini tejash va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi. 

Davlatimiz rahbari gelioqurilmalar ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar mahsulotlari namunalari bilan ham tanishdi. 

Qozonxonalarni qurish va ulardan foydalanishda zamonaviy texnologiyalarni qo'llash, malakali mutaxassislarni jalb etish borasida zarur ko'rsatmalar berildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Yashnobod tumanidagi "Toshkent qog'ozi" mas'uliyati cheklangan jamiyatiga tashrif buyurdi. 

2017-2021-yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasining 3.5 bandida belgilangan vazifalarga muvofiq hududlar iqtisodiyotini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, xalqimizning turmush darajasi va daromadlarini oshirish uchun har bir hududning tabiiy, mineral-xomashyo, sanoat, qishloq xo'jaligi, turistik va mehnat salohiyatidan samarali foydalanishga qaratilgan izchil ishlar amalga oshirilmoqda. 

Davlatimiz rahbari viloyatlar va poytaxtimiz tumanlariga tashrifi chog'ida bo'sh yotgan yoki to'la quvvat bilan ishlamayotgan obyektlarda bo'lib, ularning negizida yangi sanoat korxonalari, kichik sanoat zonalari tashkil qilish chora-tadbirlarini belgilab bermoqda. Bu mavjud bino va quvvatlardan samarali foydalanish, ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi ish o'rinlari yaratishga xizmat qilmoqda. 

"Toshkent qog'ozi" mas'uliyati cheklangan jamiyatining umumiy yer maydoni 12 gektardan ziyod, bino va inshootlar maydoni 4,5 gektar. Bu yerda ishlab chiqarishni tashkil etish uchun zarur infratuzilma, tayyor imkoniyat mavjud. 

Prezidentimiz bu yerdagi imkoniyatlardan samarali foydalanish, zavod binolarini ishbilarmon va tadbirkorlarga imtiyozli asosda ijaraga berish, ularda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish zarurligini ta'kidladi. 

Shu yerning o'zida Yashnobod tumanida amalga oshiriladigan ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar taqdimoti o'tkazildi. 

Tijorat banklari ko'magida tumanda dori va tibbiyot vositalari, maxsus kiyimlar, yog' va yem mahsulotlari, travertin va marmar plitalar, sim o'ramlari ishlab chiqarish, ko'ngilochar maskanlar, zamonaviy bozor va ekspomarkaz tashkil etish rejalashtirilgan. 

Davlatimiz rahbari ushbu loyihalar bilan tanishib, ularning har biri bo'yicha mutasaddilarga tegishli ko'rsatmalar berdi. 

O'zA

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali