Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Fanlar akademiyasiga qator institutlar qaytarildi

8883 18-Fevral, 2017 Chop etish Yuklab olish (PDF 18 Kb)


Prezident muqaddam yopilgan bir qator institutlarni Fanlar akademiyasiga qaytardi.

O'zbekiston Fanlar akademiyasi muqaddam oliy ta'lim muassasalariga o'tkazilgan qator institutlarni qaytarib oldi. Bu Prezident Shavkat Mirziyoyevning 17-fevraldagi "Fanlar akademiyasi faoliyati, ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, boshqarish va moliyalashtirishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarorida o'z aksini topdi.

Qarorga muvofiq, Fanlar akademiyasi tarkibida:

O'zMU huzuridagi Tarix instituti;

O'zMU huzuridagi Romanovskiy nomidagi Matematika instituti;

O'zMU Fizika fakultetining tegishli laboratoriyalari va noyob ob'ektlari, shuningdek, FVV huzuridagi Radiatsiya xavfsizligi markazi negizida Yadro fizikasi instituti;

TDTU Muhandislik-fizika fakultetining tegishli laboratoriyalari negizida Arifov nomidagi Ion-plamza va lazer texnologiyalari instituti;

O'zFA Inshootlar seysmik mustahkamligi instituti va TDTU huzuridagi Tarmoq mashinasozligi muammolari ilmiy-tadqiqot markazi negizida O'rozboyev nomidagi Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti;

O'zMU huzuridagi Polimerlar kimyosi va fizikasi ilmiy-tadqiqot markazi negizida Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti;

TDSHI huzuridagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qo'lyozmalari markazi negizida Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti;

Samarqand shahridagi Arxeologiya instituti va FA Arxeologiya institutining Toshkent bo'limi negizida Yaxyo G'ulomov nomidagi Arxeologik tadqiqotlar instituti;

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi O'zbek tili va adabiyoti ilmiy-tadqiqot instituti negizida O'zbek tili, adabiyoti va folklori instituti;

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi O'zbek tili va adabiyoti muzeyi negizida Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi tashkil etiladi.

Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi huzuridagi O'zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo'yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz Fanlar akademiyasi tasarrufiga o'tkazildi. U Fanlar akademiyasi huzuridagi O'zbekistonning eng yangi tarixi bo'yicha jamoatchilik kengashining ishchi organi etib belgilandi.

Fanlar akademiyasining Navoiy bo'limini tashkil etish rejalashtirildi. Uni tashkil etish va ilmiy-tadqiqot ishlari xarajatlari Navoiy kon-metallurgiya kombinati hisobidan qoplanishi belgilandi.

Qaror bilan Fan va texnologiyalar bo'yicha Davlat komissiyasi tashkil etilib, ilmiy-texnik faoliyat sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish uning asosiy vazifasi etib belgilandi. Uning qoshida Ilmiy-texnik faoliyatni qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg'armasi tashkil etildi.

Fan va texnologiyalar bo'yicha Davlat komissiyasi bilan birgalikda Vazirlar mahkamasi huzurida Fan va texnologiyalar agentligi tashkil etilmoqda. Agentlik respublikaning ilmiy-tadqiqot, ta'lim va boshqa muassasalari tomonidan amalga oshiriladigan davlat ilmiy-texnika dasturlari va loyihalarining yagona buyurtmachisi etib belgilandi.

Qo'shimcha ravishda ilmiy tadqiqotlar yakunlari bo'yicha salmoqli natijalarga erishgan Fanlar akademiyasi ilmiy xodimlarini moddiy rag'batlantirish jamg'armasi tashkil etilmoqda.

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali