Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Farmatsevtika sohasini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

9444 7-Fevral, 2018 Chop etish Yuklab olish (PDF 28 Kb)


O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 6 fevral kuni farmatsevtika sohasini rivojlantirish borasidagi ishlar natijadorligini tahlil qilish, istiqboldagi dolzarb vazifalarni belgilashga bag'ishlangan yig'ilish bo'lib o'tdi.

Xalqimiz salomatligini mustahkamlash, aholini sifatli va arzon dori vositalari bilan ta'minlash Prezidentimizning doimiy e'tiborida bo'lib kelmoqda. O'tgan yili bu masalalarga bag'ishlab bir necha yig'ilish o'tkazildi. Davlatimiz rahbari mamlakatimiz hududlariga tashrifi chog'ida sohadagi ahvol bilan bevosita tanishdi. Tibbiy xizmatlar ko'lami va sifatini oshirishga qaratilgan 30 ga yaqin farmon va qaror qabul qilindi.

Aholi va sog'liqni saqlash muassasalarini arzon dori vositalari, tibbiyot buyumlari bilan ta'minlashni yaxshilashga qaratilgan qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, Prezidentimizning 2017 yil 7 noyabrdagi "Farmatsevtika tarmog'ini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi Farmoniga muvofiq O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi huzurida Farmatsevtika tarmog'ini rivojlantirish agentligi tashkil etildi.

Shu kabi tizimli ishlar o'z samarasini bermoqda. 2017 yili 1,6 milliard shartli qadoqda dori vositalari va tibbiy buyumlar ishlab chiqarildi. Bu 2016 yilga nisbatan 34 foiz ko'pdir.

Shuningdek, o'tgan yili sohada 71 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish boshlanib, shundan 148 million dollarlik 33 ta ob'ekt ishga tushirildi. 76 nomdagi yangi mahsulot o'zlashtirildi.

Yig'ilishda sohadagi ishlar tanqidiy tahlil qilinib, belgilangan vazifalar ijrosi qoniqarli emasligi ta'kidlandi.

Farmatsevtika korxonalarining aksariyatida zamonaviy texnologiyalar umuman qo'llanilmaydi, dori substansiyalari ishlab chiqarishga umuman e'tibor yo'q, dedi Shavkat Mirziyoyev. Korxonalar to'liq siklda mahsulot ishlab chiqarishga o'tish o'rniga, hali ham asosan xorijdan tayyor mahsulotlarni olib kelib, qadoqlash bilan shug'ullanayapti.

Yig'ilishda ta'kidlanganidek, mavjud 94 ta korxonadan 12 tasigina mahsulotining boshqa davlatlarda tan olinishini ta'minlaydigan GMP - "yaxshi ishlab chiqarish amaliyoti" xalqaro sertifikatiga ega. Buni kengaytirish bo'yicha tarmoq rahbariyatida tashabbus yetishmayapti. Oddiy misol, yillar davomida qizilmiya ildizini chuqur qayta ishlashga umuman e'tibor berilmagan. O'tgan yil oxirida Qoraqalpog'istonga tashrif davomida topshiriq berilganidan keyingina Qizilmiya yetishtiruvchilar va qayta ishlovchilar uyushmasi tuzildi.

Bu masalani alohida nazoratga olish kerakligi, hamma faqat yovvoyi qizilmiya ildizini yig'ish bilan shug'ullanmasdan, plantatsiyalarni tashkil etish va ildizni chuqur qayta ishlab, dori substansiyalari va vositalari ishlab chiqarishga o'tish zarurligi qayd etildi.

Sohadagi aksariyat korxonalar murakkab bo'lmagan, oddiy formulali dori vositalari ishlab chiqarish bilan cheklanayotgani tanqid qilindi. Negaki, 2017 yilda sohada ishlab chiqarishning fizik hajmi 34 foiz oshgani holda qiymat jihatdan 16 foizga ko'paygan, xolos.

Mahalliy korxonalarga import o'rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish uchun yillar davomida qator imtiyozlar berilgan bo'lsa-da, ichki bozordagi talabning 74 foizi import hisobiga qondirilmoqda.

Import qilinayotgan 6 ming 824 nomdagi xorijiy dori vositasining yarmidan ko'pini mamlakatimizda ishlab chiqarish mumkin. Lekin hozirda 27 foizi ishlab chiqariladi, xolos. Onkologiya, ginekologiya, stomatologiyada ishlatiladigan dorilar to'liq import qilinmoqda.

Davlat tibbiyot muassasalarini dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta'minlash ahvoli ham qoniqarsizligicha qolmoqda. Aholi bu islohotlardan kutilgan natijalarni hali umuman sezayotgani yo'q. Buni ommaviy axborot vositalarida biron-bir ijobiy munosabat bildirilmayotganidan ham bilsa bo'ladi, dedi Prezidentimiz.

Yig'ilishda davlat tomonidan barcha imkoniyatlar yaratilganiga qaramay, bu boradagi ishlarni tashkil etish sust kechayotgani, ayrim muammolar hamon saqlanib qolayotgani tanqid ostiga olindi.

Xususan, dori vositalariga ehtiyojni aniqlash tizimi va mavjud ehtiyoj bo'yicha aniq ma'lumotlar bazasi yaratilmagan. Joriy yilda mingta ijtimoiy dorixona tashkil etish bo'yicha hali natijali ish qilinmagan.

Farmatsevtika yo'nalishida 7 ta erkin iqtisodiy zonani tashkil etish bo'yicha farmon qabul qilinganiga 9 oydan ortiq vaqt o'tgan bo'lsa-da, hali birontasining hududida ish boshlanmagan. Ularning bosh rejalari tasdiqlanmagan, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari qurilmagan.

Farmatsevtika sohasidagi ilmiy-tadqiqot institutlarining roli umuman sezilmaydi. Bugungi kunda ular tomonidan o'simlik xomashyosidan atigi 16 nomdagi 1,6 tonna dori substansiyasi ishlab chiqariladi, xolos. Bundan tashqari, sohada zamonaviy ilg'or texnologiyalarni samarali ishlata oladigan kadrlar yetishmaydi.

Prezidentimiz bu muammolarni chuqur tahlil qilib, ularni bartaraf etish bo'yicha istiqboldagi muhim vazifalarni belgilab berdi.

Dori substansiyalari ishlab chiqarishni keskin ko'paytirish va to'liq siklli ishlab chiqarishni kengaytirish, sohada xalqaro standartlar va yangi innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqish zarurligi ta'kidlandi.

Mamlakatimiz ichki bozorida dori-darmonlar narxlarining barqarorligini ta'minlash, ularning sun'iy qimmatlashuvining oldini olish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar ko'rish vazifasi qo'yildi.

Farmatsevtikaga ixtisoslashgan erkin iqtisodiy zonalarning bosh rejalarini ishlab chiqish va tasdiqlash, ushbu zonalarni barcha zarur kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta'minlash bo'yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.

Sohada yaratilayotgan ishlanmalarni amaliyotga joriy etishni jadallashtirish maqsadida Toshkent farmatsevtika institutida o'quv-ilmiy laboratoriya va tajriba-ishlab chiqarish kompleksini tashkil etish zarurligi qayd etildi.

Yig'ilishda farmatsevtikaning tor yo'nalishlari bo'yicha kadrlarni tayyorlash, soha xodimlarini xorijiy farmatsevtika korxonalarida malaka oshirishini tashkil etish masalalariga ham e'tibor qaratildi.

Manba: president.uz

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali