Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Har bir loyiha iqtisodiyotimiz rivoji, xalqimiz farovonligiga xizmat qiladi

8093 10-Noyabr, 2017 Chop etish Yuklab olish (PDF 26 Kb)


O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo'yicha reja va dasturlar bilan tanishish, istiqboldagi vazifalarni belgilash maqsadida 9-noyabr kuni Samarqandga keldi. 

Davlatimiz rahbari Hazrati Xizr majmuasida bo'lib, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov qabrini ziyorat qildi. Qur'on tilovat qilindi. 

Shavkat Mirziyoyev mazkur majmuada olib borilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlarini ko'zdan kechirdi. 

Davlatimiz rahbarining shu yil 25-yanvardagi "O'zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug'aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to'g'risida"gi qarori ijrosi doirasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. 2017-yil 31-avgust kuni poytaxtimizda, 2-sentabr kuni Samarqand shahrida mustaqilligimiz asoschisi, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimovning ulug'vor haykallari ochildi. 

Ayni paytda Islom Karimov dafn etilgan yodgorlik majmuasi hududida so'nggi pardozlash ishlari amalga oshirilmoqda. 

Prezidentimiz viloyatga avvalgi tashriflari chog'ida maqbara qurilishini yakuniga yetkazish, ziyoratchilar uchun sharoitlarni yanada yaxshilash, hududni obodonlashtirish bo'yicha ko'rsatmalar bergan edi. 

O'tgan vaqt mobaynida bu yerda bajarilgan keng qamrovli ishlar natijasida majmua yaxlit me'moriy ansamblga aylandi. Maqbara atrofida Hazrati Xizr masjidi bilan uyg'un holda milliy uslubdagi ayvonlar barpo etildi. Yo'laklar atrofi marmar panjara bilan qoplandi, ziyoratchilarga qo'shimcha qulaylik yaratish maqsadida zamonaviy liftlar o'rnatildi. 

Ziyoratga keluvchilarga yilning to'rt faslida ham qulay bo'lishi uchun zarur sharoitlar yaratildi. Atrofdagi yo'laklar ta'mirlanib, avtomobillar to'xtash joyi barpo etildi. Shohi Zinda qabristoni devorlari rekonstruksiya qilinib, hududi obodonlashtirilmoqda. 

Davlatimiz rahbari majmuadagi sharoitlarni yanada yaxshilash bo'yicha mutasaddilarga tavsiyalar berdi. 

Prezidentimiz Samarqand shahridagi sobiq liftsozlik zavodi hududida tashkil etilgan yangi sanoat majmuasida bo'lib, viloyatda amalga oshirilayotgan yirik loyihalar bilan tanishdi. Dastlab yengil sanoat korxonalarida ishlab chiqarilgan mahsulotlar namunalarini ko'zdan kechirdi. 

Davlatimiz rahbarining shu yil 14-15-aprel kunlari viloyatga tashrifi chog'ida berilgan topshiriqlar asosida 2017-2018-yillarda amalga oshirilishi mo'ljallangan 19 loyiha bo'yicha izchil ishlar bajarilmoqda. 

"Sam Rafoat tekstil", "8 mart", "Iman teks", "Samarqand Yevro Aziya tekstil", "Amin invest interneyshnl", "Maroqand sifat" kabi korxonalarda tayyorlanayotgan tikuv-trikotaj mahsulotlari, bo'yalgan trikotaj mato va kiyim-kechaklar ichki bozordan tashqari eksportga ham yo'naltirilmoqda. Bu korxonalar salohiyatini oshirish, qo'shimcha ish o'rinlari yaratish imkonini berayotir. 

Ayni paytda Pastdarg'om, Samarqand, Bulung'ur, Oqdaryo tumanlaridagi qator korxonalarda yangi loyihalar ishlab chiqilmoqda. Buning natijasida jinsi mato, jinsidan tayyor kiyim-kechak, yangi turdagi velvet, mebel gazlamalari, aralash va sintetik matolar ishlab chiqarish hajmi kengayadi. 

Shavkat Mirziyoyev sohada yaratiladigan har bir ishchi o'rni muhim ekani, bu korxonalar istiqbolini belgilash va aholini doimiy ish bilan ta'minlashda alohida ahamiyat kasb etishini ta'kidladi. 

Shu yerda terini qayta ishlash, charm-poyabzal ishlab chiqarish bo'yicha amalga oshirilayotgan loyihalar haqida ham ma'lumot berildi. 

Davlatimiz rahbari "Ideal elektroluks" O'zbekiston – Turkiya qo'shma korxonasida ishlab chiqarilayotgan maishiy texnika jihozlari, "Sino" aksiyadorlik jamiyatida tayyorlanayotgan muzlatkich va sovutkichlarni ko'zdan kechirdi. Mahsulotlarga tashqi bozorda xaridor topish, eksport imkoniyatlarini kengaytirish yuzasidan topshiriqlar berdi. 

Prezidentimizga 2018-2019-yillarda Samarqand viloyatini kompleks rivojlantirish dasturi doirasida amalga oshiriladigan loyihalar to'g'risida ma'lumot berildi. Unga ko'ra, umumiy qiymati 5,2 trillion so'mlik 2020-loyiha hayotga tatbiq etiladi, 19-mingdan ziyod yangi ish o'rni yaratiladi. 

Mazkur dastur ijrosi samarasida kelgusida aholi daromadlarini 2 barobar, sanoat mahsulotlari hajmini 1,7, xizmat ko'rsatish hajmini 1,8, pudrat ishlari ko'lamini 1,9, qishloq xo'jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini 1,4 marta oshirish rejalashtirilgan. 

Shavkat Mirziyoyev loyihalarni amalga oshirish muddatlarini qisqartirish, ayni paytda 2018 yilga mo'ljallangan rejalar tuzish zarurligini ta'kidladi. Bunda xorijlik investorlarni kengroq jalb qilish va tayyor mahsulot ishlab chiqarishga e'tibor qaratish lozim. 

Viloyatda avtomobilsozlik, elektrotexnika, farmatsevtika sohalarida amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar ham mahsulotlar turlarini ko'paytirish va aholi daromadlarini oshirish imkonini beradi. 

Samarqand viloyatida yer osti boyliklari ko'p. Jumladan, keramik plitkalar, sement, tabiiy pardozbop toshlar, metallni ruxlash va polimerzatsiyalashda ishlatiladigan qazilma boyliklar zaxiralari mavjud. 

"O'zqurilishmateriallari" aksiyadorlik jamiyati tomonidan mazkur yo'nalishda kelgusida 100 dan ziyod loyihani amalga oshirish ko'zda tutilgan bo'lib, ushbu maqsadlar uchun asosan xorijiy investitsiyalar jalb qilinadi. 

Bugungi kunda viloyatdagi karerlardan to'liq foydalanib, qurilishbop ashyolar qazib chiqarish ko'paytirilmoqda. Birgina Nurobod tumanida Turkiya bilan hamkorlikda 25 million dollar evaziga 500 ming kubometr gazoblok ishlab chiqarish loyihasi ishlab chiqildi. 

Shavkat Mirziyoyev belgilangan loyihalar viloyat salohiyatiga mos emasligi va bu borada yanada samarali loyihalarni o'zlashtirish zarurligini ta'kidladi. 

Paxtachi, Kattaqo'rg'on, Narpay tumanlarida hali foydalanilmagan qanchadan-qancha boyliklar mavjud, dedi davlatimiz rahbari. Bu hududlarda geologik izlanishlar olib borish, chetdan investorlarni jalb qilgan holda yangi konlarni o'zlashtirish lozim. Bu sifatli qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish hamda viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish bilan birga, yuzlab yangi ish o'rinlari yaratish imkonini beradi. 

Davlatimiz rahbari Samarqand viloyatining turizm salohiyatini rivojlantirish yuzasidan amalga oshiriladigan loyihalarga ham alohida e'tibor qaratdi. 

2017-2018-yillarda Samarqand viloyatining turistik salohiyatini rivojlantirish dasturi bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko'tardi. Dasturga binoan 2018-yil viloyatda 19 mehmonxona qurilib foydalanishga topshiriladi. Natijada sohada mingdan ortiq ish o'rni yaratiladi. 

Samarqand shahrida qo'shimcha mehmonxonalar qurish uchun o'ndan ortiq joy tanlangan. Jumladan, Turkiyaning "APEAS" kompaniyasiga 20 million dollar miqdorida investitsiya kiritish hisobiga 4 yulduzli mehmonxona qurish uchun yer ajratib berilgan. Zamonaviy mehmonxonalar bilan birga xorijiy sayyohlar orasida katta qiziqish uyg'otadigan uy mehmonxonalar tizimini barpo etish rejalashtirilgan. 

Prezidentimiz joriy yilda xorijdan kelgan sayyohlar viloyat iqtisodiyotiga keltirgan foyda boshqa ko'plab sohalardagidan yuqori ekanini ta'kidladi. Viloyatda turizm infratuzilmasini jadal rivojlantirish xorijiy sayyohlar oqimini ko'paytirish, iqtisodiyot taraqqiyotiga yangicha sur'at berishi qayd etildi. 

Davlatimiz rahbarining viloyatga tashriflari chog'ida bergan ko'rsatmalari asosida Samarqand shahrining Cho'ponota massivini obodonlashtirish, yangi avtomobil yo'li ochish, shahar aholisi hamda sayyohlar uchun zamonaviy xizmat ko'rsatish obyektlari va mehmonxonalar barpo etish mo'ljallanmoqda. 

Viloyat turizmiga taalluqli yana bir yirik loyiha – Amir Temur ko'chasidagi sobiq "Alpomish" zavodi hududida barpo etiladigan "Samarqand-Siti" turistik zonasidir. Shuningdek, Samarqand eshkak eshish kanali atrofida ham zamonaviy sayyohlik shaharchasi barpo qilinadi. 

Prezidentimiz xorijlik mutaxassislar ishtirokida ishlab chiqilgan sayyohlik maskanlari loyihalari bilan tanishar ekan, turistik xizmatlarga bo'lgan talab oshib borayotganini inobatga olib, sayyohlar uchun barcha sharoitlarni yaratish zarurligini ta'kidladi. 

Shavkat Mirziyoyev shu yerda zamonaviy loyihalarni amalga oshirish yuzasidan turkiyalik ishbilarmonlar bilan suhbatlashdi. 

Loyihalar bilan tanishuv chog'ida Prezidentimiz qishloq xo'jaligida yangi tarmoq – yong'oq yetishtirishni ko'paytirish, bu borada ilg'or xorijiy tajribani o'rgangan holda o'zimizga xos bog'dorchilik madaniyatini shakllantirish, bugungi kunda dunyo bozorida talab yuqori bo'lgan yong'oq mahsulotlari eksportini rivojlantirish choralarini ko'rish bo'yicha topshiriqlar berdi. Shuningdek, Samarqand viloyatida chorvachilik, baliqchilik va boshqa tarmoqlarda istiqbolli loyihalarni belgilangan muddatlarda amalga oshirish masalalari atroflicha muhokama etildi. 

Shu kuni xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo'lib o'tdi. Unda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so'zladi. 

Sessiyada tashkiliy masala ko'rildi. Prezidentimiz tavsiyasiga ko'ra, Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajarib kelayotgan Turobjon Jo'rayev Samarqand viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlandi. 

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Samarqand viloyatiga tashrifi davom etmoqda. 

O'zA

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali