Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Hududlarning rivojlanishi butun mamlakat taraqqiyotining asosidir

9987 11-Fevral, 2017 Chop etish Yuklab olish (PDF 349 Kb)


O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, yirik loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 10-fevral kuni Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurdi. 

Surxondaryo viloyati iqtisodiy salohiyati, tabiiy boyliklari bilan mamlakatimiz taraqqiyotida alohida ahamiyatga ega. Mustaqillik yillarida ana shu salohiyat va imkoniyatlarni xalqimiz manfaatlari yo'lida ishlatish bo'yicha ulkan ishlar amalga oshirildi. Viloyat iqtisodiyoti barqaror sur'atlar bilan rivojlanmoqda. Buning tasdig'ini 2016-yilda yalpi hududiy mahsulot hajmi 8 foiz o'sgani misolida ham ko'rish mumkin. 

To'palang gidroelektrostansiyasi, Jarqo'rg'on neftni qayta ishlash zavodi, "Sharg'un ko'mir", "Xo'jaikon tuz" aksiyadorlik jamiyatlari, "Xonjizza" kon-boyitish majmuasi kabi yirik korxonalar viloyat sanoatida yetakchi o'rin tutmoqda. 

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasi ham jadal rivojlanmoqda. Mazkur sohaning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 75,3 foizni tashkil etmoqda. Mehnat bilan band aholining 80 foizdan ziyodi ayni shu sohada ish yuritmoqda. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Surxondaryoga tashrifi davomida o'zining saylovoldi dasturida viloyatni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish bo'yicha belgilangan rejalar ijrosi, shahar va tumanlarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarini ko'zdan kechirdi. 

Dastlab davlatimiz rahbari Termiz tumanidagi "Gold Agro Fresh" agrofirmasi faoliyati bilan tanishdi. 

Xalqimiz farovonligi, yurtimiz bozorlarining qishin-yozin to'kinligiga Surxondaryo fermer va dehqonlari ham munosib hissa qo'shmoqda. Mamlakatimizdagi ekin maydonlarining 7 foizi mazkur viloyatga to'g'ri keladi. Voha dehqonlari yurtimizda yetishtiriladigan paxta va g'allaning 8-9 foizini, meva va sabzavotning 11 foizdan ziyodini yetkazib bermoqda. 

Keyingi yillarda paxta maydonlari qisqartirilib, qishloq xo'jaligi tarkibiy o'zgartirilayotgani natijasida meva-sabzavot yetishtirish ko'paymoqda, ularni qayta ishlash sanoati rivojlanmoqda. 

"Gold Agro Fresh" agrofirmasi sabzavot mahsulotlari yetishtirish va ularni eksport qilishga ixtisoslashgan istiqbolli loyihalardan biridir. Qiymati 35 million AQSh dollari bo'lgan korxonaning zamonaviy issiqxonalarida yiliga 30 million dollarlik mahsulot eksport qilish, shuningdek, 1000 ish o'rni yaratish rejalashtirilgan. Hozir 20 gektarlik 15 blokda pomidor, gulkaram, brokkoli, rukkolo va yalpizning xaridorgir navlari o'stirilmoqda. 70 blokning barchasi ishga tushgach, issiqxonalarning umumiy maydoni 100 gektardan oshadi. Bundan tashqari, 434 gektar yerda mavsumiy ekinlar ekilib, 23 million dollarlik mahsulot eksport qilish, 2 ming 100 kishini ish bilan ta'minlash, kelgusida 100 gektar yerda intensiv bog' yaratish rejalashtirilgan. 


Prezidentimiz bu yerda yetishtiriladigan mahsulotlar turini kengaytirish, 5 ming gektarda anor, 5 ming gektarda limon yetishtirishni yo'lga qo'yish, odamlarning daromadini ko'paytirish zarurligini ta'kidladi. 

Davlatimiz rahbari shu yerning o'zida meva-sabzavot yetishtirish, parrandachilik, chorvachilik kabi tarmoqlardagi istiqbolli loyihalar bilan ham tanishdi. 

Angor tumanida qurilayotgan meva-sabzavot yetishtirish, saqlash va qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan "Angor Gold Fruits" mas'uliyati cheklangan jamiyati loyihasiga muvofiq 530 gektar intensiv bog', uch ming tonna meva-sabzavotni saqlash imkoniyatiga ega muzxona qurilishi ko'zda tutilmoqda. 

Jarqo'rg'on tumanida qurilishi rejalashtirilayotgan "Fabullo stroy servis" mas'uliyati cheklangan jamiyati ham meva-sabzavot yetishtirish, saqlash va qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan. Mazkur loyiha amalga oshirilishi natijasida 150 ish o'rni yaratiladi. Zamonaviy issiqxonada 600 tonna meva-sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtiriladi va eksport qilinadi. Sig'imi 2 ming tonna bo'lgan zamonaviy muzlatgichda yil davomida 6 ming tonna mahsulot aylanadi. Meva-sabzavot mahsulotlarini quritish uskunasining quvvatini yiliga 8 ming tonnaga yetkazish mo'ljallanmoqda. 

Prezidentimiz bu boradagi ishlar samaradorligini oshirish, meva-sabzavotlarning noan'anaviy turlarini ko'proq ekish va qayta ishlash, eksportni kengaytirish bo'yicha ko'rsatmalar berdi. 

Qiziriq tumanida ikki ming bosh qoramol boqishga mo'ljallangan zamonaviy chorva kompleksi barpo etilmoqda. 762 gektar maydonda qurilayotgan va qiymati 11,5 milliard so'm bo'lgan ushbu majmuada yiliga to'rt ming tonna sut, ikki yuz tonna go'sht yetishtiriladi. 2,5 milliard so'mlik zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta'minlanadigan korxonada yuzdan ortiq kishi mehnat qiladi. 

Prezidentimiz chorvachilik komplekslari bilan birgalikda agrofirmalar tashkil etib, sut va go'shtni qayta ishlash, raqobatbardosh mahsulotlar tayyorlab, eksportga yo'naltirish zarurligini ta'kidladi. 

Muzrabot tumanida parrandachilik kompleksi tashkil etilmoqda. Loyiha qiymati 5,5 million dollar bo'lgan mazkur majmuada yiliga 59,1 million dona tuxum, 1,4 million jo'ja va 198 tonna tovuq go'shti yetishtirish, 100 ish o'rni yaratish ko'zda tutilgan. Sentabr oyida ishga tushirilishi mo'ljallanayotgan ushbu kompleksning umumiy maydoni 15 gektar bo'lib, uning 2,5 gektarida ishlab chiqarish binolari joylashadi. 

Majmua rahbarlari bilan uchrashuvda odamlarga jo'ja va yem yetkazib berib, oilalar farovonligini oshirish bo'yicha ko'rsatmalar berildi. 

Shavkat Mirziyoyev "Sherobod paxta tozalash" aksiyadorlik jamiyatida ingichka tolali paxtani qayta ishlash korxonasi, zararkunandalarga qarshi kurashishga qaratilgan ishlanmalar, limon va pista yetishtirishga ixtisoslashgan plantatsiyalar loyihalarini ko'zdan kechirdi. 

Davlatimiz rahbari Hakim at-Termiziy maqbarasini ziyorat qildi. Bu yerda olib borilayotgan rekonstruksiya va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi. 

Prezidentimiz Termiz tumanida tashkil etiladigan baliqchilik kompleksi loyihasini amalga oshirish ishlarini borib ko'rdi. 


Mamlakatimizda aholi farovonligini yanada oshirish, xalqimizni sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlash maqsadida chorvachilik, baliqchilik, parrandachilik kabi sohalar rivojiga katta e'tibor qaratilmoqda. Barcha hududlarda shu yo'nalishlarga ixtisoslashgan yangi korxona va xo'jaliklar ishga tushirilmoqda. 

Bugungi kunda Surxondaryo viloyatida 186 baliqchilik xo'jaligi faoliyat yuritmoqda. Endi ular safiga "Termiz agro fish eksport" agrofirmasi ham qo'shiladi. Bu yerda baliq yetishtirish bilan birga, baliq uchun ozuqa ishlab chiqarish, baliq mahsulotlarini eksportga yo'naltirish ishlari ham amalga oshiriladi. 

Korxonada Vetnam texnologiyalari asosida Afrika laqqasi, karp kabi baliqlar yetishtiriladi. Ilg'or usullari bilan ajralib turuvchi ushbu texnologiya baliq yetishtirish samaradorligini besh barobarga oshirishi bilan ahamiyatlidir. Kompleksda 500 tonna baliqni qayta ishlash, 105 ish o'rni tashkil etish rejalashtirilgan. 

Xalqimiz baliqni luqmai halol deb atashida katta hikmat bor, dedi Prezidentimiz. Uning tarkibida inson salomatligi uchun juda muhim bo'lgan elementlar, vitaminlar serob. Surxondaryo baliqchilik uchun zarur tabiiy iqlim, suv zaxiralariga ega. Bundan unumli foydalanish, tarmoqni yanada rivojlantirish uchun maxsus dastur ishlab chiqish kerak. Baliqchilikni chuqur o'zlashtirgan mutaxassislar tayyorlash maqsadga muvofiqdir. 

Davlatimiz rahbari Surxondaryo viloyatida suv resurslaridan samarali foydalanish loyihasi bilan tanishdi. 

Loyihada viloyatdagi gidrotexnika inshootlari, kanal va boshqa suv tarmoqlarini rekonstruksiya qilish, yangilarini qurishga qaratilgan 122,7 million dollarlik chora-tadbirlarni amalga oshirish ko'zda tutilmoqda. Uning 89,5 million dollari Islom taraqqiyot bankining krediti hisobiga qoplanadi. Natijada viloyatning Sherobod, Sariosiyo, Denov, Oltinsoy, Sho'rchi, Boysun, Qumqo'rg'on tumanlaridagi 103,5 ming gektar maydonda suv ta'minotini yaxshilashga erishiladi. 

Prezidentimiz O'zbekiston Respublikasi Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashiga qarashli "Termiz marvaridi sanatoriyasi" mas'uliyati cheklangan jamiyatida amalga oshirilayotgan rekonstruksiya ishlarini ko'zdan kechirdi. 

Uchqizil suv ombori bo'yidagi bahavo hududda joylashgan ushbu sihatgohda bemorlar fizioterapiya va ma'danli suv, qum va quyosh nurlari bilan davolanadi. 

Bugungi kunda sihatgohning 80 o'rinli binosi to'liq rekonstruksiya qilindi. Keyingi bosqichda 60 o'rinli yangi bino qurish va uni ilg'or tibbiy uskunalar bilan jihozlash, qozonxonalarni modernizatsiya qilish, hududda bolalar maydonchasi, futbol, voleybol, basketbol, qo'l to'pi va boshqa sport turlari bilan shug'ullanishga mo'ljallangan stadion va maydonchalar barpo etish rejalashtirilgan. 

Davlatimiz rahbari mutasaddilarga mazkur hududda tom ma'nodagi zamonaviy dam olish kompleksini bunyod etish bo'yicha tegishli topshiriqlar berdi. 

Shavkat Mirziyoyev Angor tumanida Xitoy bilan hamkorlikda tashkil etish rejalashtirilgan "Huashen Silkworm Pro" mas'uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qo'shma korxona loyihasi bilan tanishdi. Joriy yilda foydalanishga topshiriladigan ushbu korxona ipak qurti yetishtirishga ixtisoslashtirilgan bo'lib, bu yerda 3 ming 700 dan ortiq ish o'rni yaratiladi. 

Surxondaryo viloyati ipakchilik sohasida katta tajribaga ega. 2016-yili 3 ming 394 fermer xo'jaligi tomonidan qariyb 1 ming 553 tonna pilla yetishtirildi. 

Davlatimiz rahbari mazkur loyiha bilan tanishar ekan, Surxon vohasi mahsuldor ipak qurti parvarishlash uchun qulay tabiiy iqlim sharoitiga ega ekanini ta'kidladi. 

Yangi korxona mamlakatimiz yengil sanoatini sifatli xomashyo bilan ta'minlash, voha aholisi uchun yangi ish o'rinlari yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi. 

Prezidentimiz Surxondaryo viloyatiga safari davomida Angor tumanidagi Zang gilambob qishlog'ida Shodi bobo Xushboqov xonadonida bo'ldi. Shavkat Mirziyoyev Shodi bobo va u kishining umr yo'ldoshi Salomat momo bilan oilaning kundalik hayoti, farzandlar kasb-kori va nabiralar tarbiyasi to'g'risida suhbatlashdi. 

Sizlar kabi ko'pni ko'rgan, yuzidan nur yog'ilib turgan otaxon va onaxonlar jamiyatimizning mustahkam zamini, yurtimizning fayzu barakasidir, dedi Prezidentimiz. 

Yerdan unumli foydalanilsa, Surxondaryo sharoitida yilda uch martagacha hosil olish mumkinligi, harakat qilgan odam o'zini ham, xalqini ham boy qilishi ta'kidlandi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan o'zgarishlar, istiqboldagi reja va ezgu maqsadlar haqida so'z yuritildi. 

Xonadon egalari davlatimiz rahbari xalq ichiga kirib, odamlarning fikrini o'rganayotganidan yurtdoshlarimiz juda mamnun bo'layotganini ta'kidladi. Odamlar og'irini yengil qilish, turmushini yanada farovon etish borasidagi ulkan, tizimli ishlari uchun Prezidentimizga samimiy minnatdorlik bildirdi. 

Shavkat Mirziyoyev Sherobod tumanidagi "G'urjak-1" massivida yangilangan namunaviy loyihalar asosida barpo etilgan uy-joylar, bu yerda aholi uchun yaratilgan sharoit bilan tanishdi. 


Mamlakatimizda izchil amalga oshirilayotgan keng ko'lamli bunyodkorlik ishlari xalqimizga, avvalo, farzandlarimizga hech kimdan kam bo'lmagan imkoniyatlar yaratmoqda. Davlatimiz rahbarining 2016-yil 21-oktabrdagi "2017-2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo'yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to'g'risida"gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko'tarishda muhim dasturilamal bo'lmoqda. 

Mazkur qarorga muvofiq Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida Surxon vohasida 1009 arzon va zamonaviy uy-joy barpo etilayotir. Sherobod tumanidagi "G'urjak-1" massivida qisqa muddatda 32 xonadondan iborat 2 qavatli ikkita, xo'jalik imoratlari va hovlisi bo'lgan bir qavatli o'nta shinam uy bunyod etilib, foydalanishga topshirildi. 

Zamonaviy va milliy me'morlik andozalari asosida qurilgan yangi massivda ijtimoiy infratuzilma obyektlari, servis va xizmat ko'rsatish shoxobchalari bunyod etilgan. Uylar tabiiy gaz, toza ichimlik suvi va elektr energiyasi bilan ta'minlangan. 

Davlatimiz rahbari yosh oila – O'ktam Abdullayev va Malohat Jumayeva xonadonida bo'lib, ularni yangi uyga ko'chib o'tgani bilan tabrikladi. Yangi uyda yosh oila baxtiyor va farovon yashashi uchun yaratilgan qulayliklar bilan qiziqdi. 3 xonali uyning hovlisida qishloq xo'jaligi mahsulotlari ekish uchun tomorqa bor. Xonadon sohibining buvisi Karomat momo Abdullayeva ko'rkam, obod va shinam uylar olishda keng imkoniyatlar yaratilayotgani, bu yosh oilalarni qo'llab-quvvatlash, ularning manfaatlarini ta'minlashga xizmat qilayotganini aytib, davlatimiz rahbarini duo qildi. 

Shavkat Mirziyoyev 16 xonadondan iborat ikki qavatli uyda yashayotgan uy sohiblari bilan ham suhbatlashdi. Xalqimizning tobora o'sib borayotgan talab va ehtiyojlarini qondirish, ular uchun munosib hayot sharoiti yaratib berish bugungi kundagi asosiy vazifalardan ekanini alohida qayd etdi. Mutasaddilarga viloyatning qishloq massivlarida aholiga shahardagidan qolishmaydigan turmush sharoitlari yaratish, yakka tartibda uy-joy qurish ko'lamini yanada kengaytirish yuzasidan tegishli tavsiyalar berdi. 

Prezidentimiz Sherobod tumanidagi Abu Iso Muhammad at-Termiziy ziyoratgohida amalga oshirilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlarini ko'zdan kechirdi. 

Buyuk ajdodimiz hadis to'plashdan tashqari huquqshunoslik, tabiatshunoslik, tabobat, ilmi nujum, tilshunoslik, axloq va boshqa ko'plab sohalarda ham asarlar yaratgan. Musulmon olamida buyuk muhaddislardan biri sifatida mashhur bo'lgan ulug' allomaning bebaho merosi bugungi kunda ham keng o'rganilmoqda. 

Shu kunlarda bu yerda keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Majmua yonidagi qabriston obodonlashtirildi, 4,5 kilometr yo'lga asfalt yotqizildi, suv, elektr energiyasi va gaz tarmoqlari tortildi. 

Davlatimiz rahbari majmuani yanada obod maskanga aylantirish, qulay sharoitlar yaratish ziyoratchilar oqimini ko'paytirish imkonini berishini ta'kidladi. 

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sherobod tumanida "Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati tomonidan barpo etilayotgan sement zavodi qurilishi bilan tanishdi. 

Surxondaryo viloyatida iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, sanoat korxonalarini texnik va texnologik yangilash, yangi ishlab chiqarish quvvatlari barpo etish yuzasidan qator istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizda bunyodkorlik ko'lami kengaygani, iqtisodiyotning mazkur tarmog'iga ehtiyoj tobora ortib borayotgani qurilish materiallari ishlab chiqaradigan yangi korxonalar barpo etishni taqozo etmoqda. Shu ma'noda ushbu zavodning ishga tushirilishi ayni muddao bo'ladi. 

Tumandagi "Vandob" qishloq fuqarolar yig'ini hududida bunyod etiladigan sement zavodi qurilish sanoatini zamon talablari darajasida rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. 

Loyiha qiymati 212,8 million dollar bo'lgan ushbu sanoat korxonasida yiliga 1,5 million tonna portlandsement ishlab chiqarish ko'zda tutilgan. Korxona ishga tushirilgach, bu yerda mingdan ziyod ish o'rni yaratiladi. 

Davlatimiz rahbari ushbu zavod nafaqat viloyat, balki mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim o'rin tutishini ta'kidladi. Loyihachi va quruvchilar bilan suhbatda qurilish sur'atlarini jadallashtirish, sifat va muddatga alohida e'tibor qaratish zarurligi qayd etildi. 

Termiz shahrida Surxondaryo viloyati faollari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Yig'ilishda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini yanada oshirish, yosh avlodni tarbiyalash va ish bilan ta'minlash masalalariga alohida e'tibor qaratildi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Surxondaryo viloyatiga tashrifi davom etmoqda. 

O'zA

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali