Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Imkoniyatlardan to'la foydalanish, yangicha dunyoqarash bilan mehnat qilish – xalqimiz farovonligini yanada oshirishning muhim omilidir

10435 15-Aprel, 2017 Chop etish Yuklab olish (PDF 464 Kb)


O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 14-aprel kuni Samarqand viloyatiga tashrif buyurdi. 

Samarqand viloyati rivojlangan sanoati va qishloq xo'jaligi, tabiiy boyliklari, ulkan sayyohlik salohiyati bilan mamlakatimiz iqtisodiy-ijtimoiy va madaniy hayotida muhim o'rin tutadi. 

Jahondagi eng yuksak standartlar asosida jihozlangan Samarqand avtomobil zavodi, "JV Man Auto Uzbekistan" qo'shma korxonasida o'nlab turdagi mashinalar ishlab chiqarilmoqda. "British-Amerikan tobakko", "Sam Antep Gilam", "Urg-Gaz Carpet", "Amin Invest", "Daka Teks", "Agromir Samarqand" qo'shma korxonalari, "Sino", "Samarqandkimyo" aksiyadorlik jamiyatlari, "Sharq sanoati" xususiy konserni singari yirik ishlab chiqarish quvvatlari viloyatning iqtisodiy rivojiga muhim hissa qo'shmoqda. 

2016-yilda 19 yangi qo'shma korxona tashkil etilgan va viloyat bo'yicha ularning soni 263 taga yetgan. Viloyatning tashqi savdo aylanmasi 1 milliard 195 million dollarni tashkil etgan. Eksport hajmi 2015-yilga nisbatan qariyb 1,5 barobar oshgan. 

Bu ko'rsatkichlar Samarqandning iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotida ham namoyon bo'lmoqda. 2016-yilda yalpi hududiy mahsulot 8,7 foiz o'sgani shundan dalolat beradi. 

Azaldan hunarmandlik va ishbilarmonlik fazilatlari bilan dong taratgan samarqandliklar kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida ham ulkan natijalarga erishmoqda. Mazkur sohaning viloyat yalpi hududiy mahsulotidagi ulushi 78 foizdan oshgani va mehnat bilan band aholining 84 foizdan ziyodi shu sohada faoliyat ko'rsatayotgani e'tiborga loyiq. 

Viloyatda qishloq xo'jaligi sohasini isloh qilish va modernizatsiyalash yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. 2016-yilda 2838 ko'p tarmoqli fermer xo'jaligi, 9079 gektar maydonda intensiv bog' va 1000 gektar yerda tokzor tashkil etilgan. Ushbu sohada 11 ming 349 ish o'rni yaratilgan. 

Bugungi kunda sabzavotning 33 foizi, mevaning 38 foizi, sutning 34 foizi, go'shtning 27 foizi viloyatdagi mahalliy korxonalarda qayta ishlanmoqda. Bunday o'sish sur'atlari odamlarning turmush sharoitida, viloyat shahar va qishloqlari qiyofasida o'z ifodasini topmoqda. 

Turizm Samarqand viloyati iqtisodiyotining asosiy yo'nalishlaridan biridir. Viloyatda sayyohlik resurslaridan samarali foydalanish, ko'rsatilayotgan xizmat turlarini ko'paytirish va sifatini zamon talablariga moslashtirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz tomonidan yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar tufayli bugungi kunda Samarqandda yuzdan ortiq mehmonxona va 80 dan ziyod sayyohlik firmasi faoliyat ko'rsatmoqda. Yildan-yilga ularning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, zamon talablari darajasida yuqori sifatli xizmat ko'rsatish imkoniyatlari kengaymoqda. Sayyohlikning ekologik, sog'lomlashtirish, agro va faol turlarini rivojlantirish, ichki turizmni qo'llab-quvvatlash maqsadida viloyat tumanlarida yangi sayyohlik yo'nalishlari ochilmoqda. 

Prezidentimiz tashabbusi bilan qabul qilingan 2017-2021-yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasida iqtisodiyotni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, hududlarni har tomonlama rivojlantirish, ijtimoiy sohalarni yanada takomillashtirish, tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash borasida ulkan reja va maqsadlar belgilangan. Davlatimiz rahbarining farmon va qarorlari bu maqsadlarni amalga oshirish uchun huquqiy asos, tashkiliy tizim yaratmoqda. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga tashrifini Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov qabrini ziyorat qilishdan boshladi. 


Islom Karimov ruhiga Qur'on tilovat qilindi. 

Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 25-yanvardagi "O'zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug'aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to'g'risida"gi qaroriga muvofiq bu borada izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Samarqand shahrida Islom Karimov dafn etilgan hududda yodgorlik majmuasi barpo etilmoqda. 

Loyihaga ko'ra, maqbara marmar, granit va naqshlar bilan bezatiladi, peshtoqlariga Qur'on oyatlari bitiladi. Ziyoratchilar uchun ayvon bunyod etiladi, keksalar uchun liftlar o'rnatiladi. 

Davlatimiz rahbari ushbu maqbara loyihasi bilan tanishdi. Uni yanada takomillashtirish, ziyoratchilar uchun qulayliklarni oshirish bo'yicha tavsiyalar berdi. Zinalarni pasaytirish, majmua atrofini kengaytirish va obodonlashtirish, majmua tunda yorug' nur sochib turishini ta'minlash zarurligini ta'kidladi. 

Islom Karimov mustaqilligimizga, xalqimizning farovon hayotiga asos solgan, ma'naviyatimizni tiklagan buyuk inson edi, dedi Shavkat Mirziyoyev. Majmuada Birinchi Prezidentimizning buyukligi, pok iymon-e'tiqodi, sermazmun hayoti aks etishi kerak. Shu majmua timsolida Islom Karimovga bo'lgan mehr-muhabbatimizni ko'rsatishimiz zarur. 

Davlatimiz rahbari Birinchi Prezidentimiz maqbarasi Hazrati Xizr masjidi bilan uyg'un bo'lishi zarurligini ta'kidladi. Maqbaraga monand ziyoratchilar uchun baland ayvonlar bunyod etish, rasmiy delegatsiyalar uchun ham keng sharoit yaratish bo'yicha ko'rsatmalar berildi. 

Ushbu majmua yuksak ma'naviyat, ilm-ma'rifat maskani bo'lishi kerak. Zero, bu katta tarbiyaviy ahamiyatga ega. Majmuada hamisha mayin ohangda Qur'on suralari yangrab turishi, maqbara devorlariga muqaddas oyatlar bilan birga, Islom Karimovning hikmatli so'zlari ham bitilishi zarur. Toki ziyoratga kelganlar o'ziga ulkan ruhiy quvvat olsin, xalqimizning ilmiga, ma'naviyatiga havasi ortsin. 

Prezidentimiz Jomboy tumanidagi "G'alla Osiyo non" mas'uliyati cheklangan jamiyatida bo'lib, viloyatda yaqin vaqtlar ichida amalga oshiriladigan yirik loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. 

Dastlab "Sharq sanoati" konserni tarkibida tashkil etilgan intensiv ko'chat yetishtirish loyihasi haqida ma'lumot berildi. Polshalik mutaxassislar yangi texnologiyaning ahamiyati, afzalliklari haqida so'zlab berdi. Mazkur usul asosida yetishtirilgan ko'chatlar kasallikka chidamliligi, tezpisharligi bilan boshqalaridan ajralib turadi. 

Samarqandda kartoshka yetishtirish bo'yicha yangi markaz tashkil qilish bo'yicha ko'rsatmalar berildi. Markazning hududlararo filiallari tashkil qilinadi. Viloyatlarda mazkur yo'nalishda laboratoriyalar ochish kerakligi qayd etildi. 

Bulung'ur tumanida tashkil etilayotgan "Tohir" mas'uliyati cheklangan jamiyati loyihasi haqida so'zlab berildi. Mamlakatimizda aholini yil davomida meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlari bilan barqaror ta'minlash, tashqi bozorlarda xaridorgir va raqobatbardosh bo'lgan ho'l meva va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish hajmini ko'paytirish bo'yicha samarali ishlar amalga oshirilmoqda. 

Dunyo bozorida yurtimizda yetishtirilgan sarxil qishloq xo'jaligi mahsulotlariga talab yuqori. Yangi tashkil etilayotgan jamiyat mutaxassislari bu borada talab va takliflarni atroflicha o'rganib, loyihani joriy yilning uchinchi choragida foydalanishga topshirishni rejalashtirgan. 

O'n bir gektar maydonda barpo etiladigan korxona yiliga 12 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash quvvatiga ega bo'ladi. 

Prezidentimizga taqdim qilingan keyingi uchta loyiha ham shu yo'nalishda. Bular Bulung'ur tumanidagi "Samarqand garden plast", Jomboy tumanidagi "Grin agro eksport" mas'uliyati cheklangan jamiyatlari va "Maroqand meva-sabzavot" fermer xo'jaligi tomonidan meva-sabzavot mahsulotlarini saralash, qayta ishlash, qadoqlash markazini tashkil etish loyihalaridir. 

Loyihalar haqida Prezidentimizga batafsil ma'lumot berildi: tashkil etiladigan yangi ish o'rinlari, eksport hajmi, ta'sischi tomonidan sarflanadigan mablag'lar, banklar tomonidan ajratiladigan kreditlar, zamonaviy uskunalarning imkoniyatlari haqida alohida to'xtalib o'tildi. 

Davlatimiz rahbari har bir loyiha bo'yicha fikr bildirib, ularni yanada takomillashtirish yuzasidan zarur tavsiyalar berdi. 

Shavkat Mirziyoyev Oqdaryo tumanidagi "Yunusjon ahli" oilaviy korxonasi tomonidan soya oqsili izolyati ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishdi. Yiliga 26 tonna soya donini qayta ishlash quvvatiga ega korxona Xitoyning yetakchi kompaniyalarining zamonaviy uskunalari bilan jihozlanadi. Joriy yilning dekabr oyida foydalanishga topshirilishi mo'ljallangan korxonada soya yog'i, uni, oqsil izolyati ishlab chiqariladi. Korxonada 80 kishining bandligini ta'minlash ko'zda tutilgan. 

Biz uchun har bir ish o'rni muhim. Loaqal ikkita odamni ish bilan ta'minlagan tadbirkorni boshimizda ko'tarishga tayyormiz, dedi Prezidentimiz. Chunki insonning ish bilan ta'minlanishi uning oilasi farovon bo'lishiga, ertasiga, davlatga ishonchi oshishiga asos bo'ladi. 

Davlatimiz rahbari Jomboy tumanida viloyatda yengil sanoatni rivojlantirishga qaratilgan qator loyihalar taqdimotida ishtirok etdi. 

Viloyatda Milliy bank tomonidan moliyalashtirilayotan yengil sanoat sohasidagi loyihalar to'g'risida ma'lumot berildi. "8-mart", "Urgaz textile", "Urg-Gaz Carpet", "Arfa Exprod", "Alnazar orzu servis", "Samarqand Oqdaryo textil tola" kabi mas'uliyati cheklangan jamiyatlarida yiliga 110,4 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarish ko'zda tutilgan. Bu korxonalarda tayyor trikotaj, jinsi mahsulotlari, ko'ylak va choyshablar ishlab chiqariladi. Korxonalar to'liq quvvat bilan ishga tushgach, besh mingdan ortiq ish o'rni yaratiladi. 

Shundan so'ng "Asakabank" tomonidan moliyalashtirilayotgan loyihalar taqdimoti bo'ldi. "Next textile", "Oqdaryo teks", "Maroqand sifat" mas'uliyati cheklangan jamiyatlarining istiqboldagi faoliyati muhokama qilindi. 

Prezidentimizga loyihalarning ahamiyati, ishlab chiqariladigan mahsulotlar turi va sifati, yaratiladigan ish o'rinlari haqida ma'lumot berildi. 

Shavkat Mirziyoyev jahon bozorida sifatli ip kalavadan tayyorlangan to'qimachilik mahsulotlariga talab ortib borayotgani, paxta tolasini qayta ishlashni yanada kengaytirish va aholini mamlakatimizda ishlab chiqarilgan sifatli kiyim-kechak bilan ta'minlash zarurligini ta'kidladi. Sohani yanada rivojlantirish va korxonalarning istiqboldagi rejalarini aniq belgilash, yangi tashqi bozorlarni topish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berildi. 

Bulung'ur tumanidagi "Inter lego" mas'uliyati cheklangan jamiyatida ip-kalava, trikotaj mato va matoni bo'yash hamda tayyor tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqarish tashkil etiladi. Mazkur loyihaning qiymati 37 million yevro bo'lib, korxona ishga tushgach, yiliga 31 million dollarlik tayyor mahsulot eksport qilinadi, 700 kishi ish bilan ta'minlanadi. 

Mamlakatimizda yengil sanoatni izchil rivojlantirish, tarmoqqa zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning 2016-yil 21-dekabrdagi "2017-2019-yillarda to'qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to'g'risida"gi qarori soha rivoji uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. 

Davlatimiz rahbariga Samarqand viloyatida 2017-2018-yillarda yengil sanoat sohasida amalga oshiriladigan manzilli dastur taqdim qilindi. 

Janubiy koreyalik investorlar tomonidan tashkil qilinayotgan "Samarkand apparel" korxonasida erkaklar, ayollar va bolalar uchun tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish loyihasi haqida so'zlab berildi. 

Prezidentimiz viloyatda terini qayta ishlash, charm va maxsus poyabzallar ishlab chiqarish bo'yicha amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi. "Kattaqo'rg'on charm" qo'shma korxonasida tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish yo'lga qo'yiladi. 

Samarqand viloyatida teri xomashyosini tayyorlash va qayta ishlash, charm-poyabzal sohasida amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti o'tkazildi. Xitoylik investorlar mazkur sohani yanada rivojlantirish, viloyatda sifatli va jahon andozalari darajasidagi mahsulot ishlab chiqarish bo'yicha o'zlarining takliflarini bayon qildi, Prezidentimizga O'zbekistonda xorijlik investorlar uchun yaratilgan qulay investitsiyaviy muhit uchun minnatdorlik bildirdi. 

Shavkat Mirziyoyev ushbu loyihalarning samaradorligini ta'minlashga e'tibor qaratdi. Qishloq joylarda aholi, ayniqsa, yoshlarni muqim ish bilan ta'minlash bo'yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani, hududlarda yetishtirilayotgan paxta tolasini o'sha yerning o'zida qayta ishlash uchun yaratilayotgan qulay imkoniyatlar tadbirkorlarga keng qulayliklar yaratib, yangi ish o'rinlari ko'payishi, aholi daromadlari oshishida muhim omil bo'layotganini ta'kidladi. 

Davlatimiz rahbari viloyatda yengil sanoat korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar namunalarini ko'zdan kechirdi. 

Prezidentimiz Imom Buxoriy yodgorlik majmuini ziyorat qildi. 

Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 18-oktabr kuni poytaxtimizda o'tgan Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi ochilish marosimida Imom Buxoriy yodgorlik majmui qoshida islom madaniyati, umumbashariy sivilizatsiya rivojiga benazir hissa qo'shgan buyuk ajdodlarimizning boy merosini o'rganishga ixtisoslashgan xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. 


Prezidentimiz mazkur markaz qurilishi loyihasi bilan tanishdi. 

Markaz Imom Buxoriy va boshqa allomalarimizning bebaho ilmiy-ma'naviy merosini o'rganish, ular yaratgan asarlarning ilmiy-izohli tarjima va qiyosiy matnlarini nashr etish, mamlakatimiz va xorijiy davlatlardagi kutubxonalar, arxiv fondlarida saqlanayotgan qo'lyozmalarning elektron nusxalarini to'plash, ularni xalqimiz va jahon jamoatchiligiga yetkazish bilan shug'ullanadi. 

Prezidentimiz mazkur xalqaro markazning mazmun-mohiyatiga alohida e'tibor qaratdi. Bu muassasada islom madaniyati targ'iboti bo'yicha kompleks tadbirlar ishlab chiqish kerakligini ta'kidladi. Bino xonalarida buyuk allomalarimizning ma'naviy qudrati va salohiyati namoyon bo'lib turishi, buning uchun har bir xonani muayyan alloma nomi bilan atash va shunga yarasha jihozlash zarurligi qayd etildi. 

Buyuk mutafakkir bobomiz, barcha muhaddislar peshvosi Imom Buxoriy mangu qo'nim topgan ushbu maskanda o'ziga xos ma'naviy-ruhiy muhit mavjud, dedi davlatimiz rahbari. Majmuaga ziyoratga kelgan odam bu markazga ham kirib, o'ziga katta ma'naviy ozuqa olsin, bobolarimiz hikmatlaridan o'rganib ketsin. Shunda ularning qalbida ulug' ajdodlarimiz bilan faxrlanish tuyg'usi yuksaladi, ayni paytda shunday buyuk zotlarning avlodi degan mas'uliyatni his etadi. 

Shavkat Mirziyoyev olimlar va ulamolar bilan suhbatda ushbu markazda tadqiqotchilarga Qur'oni karim oyatlarini qiroat bilan o'qish, to'g'ri talaffuz etish, arab imlosida yozish – kalligrafiya bo'yicha mamlakatimiz yetakchi olimlari darslarini yo'lga qo'yish, xorijlik tadqiqotchilar uchun stajirovkalar ta'sis etish lozimligini ta'kidladi. 

Poytaxtimizdagi Hazrati Imom majmuasi hududida Islom taraqqiyot markazini tashkil etamiz. Ushbu maskanda ham Imom Buxoriy xalqaro markazi kabi xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodning ma'naviy dunyosini boyitishga, buyuk ajdodlarimiz islom ta'limotiga beqiyos hissa qo'shganini aniq misollar bilan ko'rsatishga alohida e'tibor qaratish kerak, dedi davlatimiz rahbari. 

Imom Buxoriy majmuasi atrofida joylashgan savdo va maishiy xizmat ko'rsatish shoxobchalarini rekonstruksiya qilish loyihasi haqida ham ma'lumot berildi. Bu ziyoratchilar uchun qo'shimcha qulaylik yaratib, hudud infratuzilmasini yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. 

Davlatimiz rahbari Maxdumi A'zam ziyoratgohidan Imom Buxoriy majmuasigacha bo'lgan yo'l bo'yida ikki qavatli zamonaviy uylar va ijtimoiy obyektlar qurish, hududni obodonlashtirish bo'yicha mutasaddi rahbarlarga topshiriqlar berdi. 

Prezidentimiz Qo'shrabot tumanida ham bo'ldi. Tumandagi "Oqtepa" qishloq fuqarolar yig'inida bo'lib o'tgan uchrashuvda tog'oldi hududlarida 2017-2018-yillarda yong'oqzorlar, tokzorlar barpo etish, 2017-2021-yillarda chorva boqishni tashkil qilish, tumanda ichimlik suvi ta'minotini yaxshilashga oid loyihalar bilan tanishdi. 

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 4-martdagi "Dehqon xo'jaliklari va aholining tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, suvga chidamli, eksportbop daraxt plantatsiyalarini rivojlantirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida Jomboy, Ishtixon, Kattaqo'rg'on, Pastdarg'om, Payariq, Samarqand, Urgut va Qo'shrabot tumanlarining tog'oldi hududlarida 2017-2018-yillarda 4 ming 211 fermer xo'jaligi tashkil etiladi. Fermer xo'jaliklarida 5,7 ming gektar yong'oqzor va 13 ming gektar tokzor barpo etish rejalashtirilgan. 

2017-yilda 2,5 ming gektar yong'oqzor, 6,6 ming gektar tokzor barpo etilishi mo'ljallangan. 

Bu loyihalarni amalga oshirish uchun 271 milliard so'm va 8,4 million dollar mablag' sarflanishi ko'zda tutilgan. Bu qo'shimcha 15 ming tonna yong'oq, 50 ming tonna uzum va uzum mahsulotlari eksport qilish imkoniyatini yaratadi. 2017-2018-yillarda 26 mingdan ortiq yangi ish o'rni yaratiladi. 

Shunday yong'oqzorlardan biri Qo'shrabot tumanidagi "Oqtepa unumdor zamin" fermer xo'jaligida barpo etiladi. Prezidentimiz bu yerga yong'oq ko'chati o'tqazdi. 


Mamlakatimizning barcha joylarida bo'lgani singari Samarqand viloyatida ham hali foydalanilmagan imkoniyatlar ko'p. Ularni ishga solib qo'shimcha daromad topish, xalqimiz farovonligini yanada oshirish mumkin. Buning uchun odamlarda tadbirkorlikka qiziqishni kuchaytirish, tomorqadan unumli foydalanish kerak, dedi davlatimiz rahbari. 

Qo'shrabot tumanida 2017-2021-yillarda aholi, fermer va dehqon xo'jaliklarida 10 ming echki va 5 ming qo'y boqishni tashkil qilish loyihasi ham yirik loyihalardan. Qiymati 7,7 milliard so'm bo'lgan mazkur loyihada Rossiyadan 10 ming naslli echki, Surxondaryo, Qashqadaryo, Navoiy viloyatlaridan 5 ming hisori qo'y olib kelish mo'ljallangan. 

Birinchi Prezidentimizning 2015-yil 18-dekabrdagi qaroriga muvofiq, OPEK hamda Saudiya Arabistoni taraqqiyot jamg'armalari tomonidan O'zbekiston ishtirokida 2016-2018-yillarda Qo'shrabot tumanida ichimlik suvi ta'minotini yaxshilashga qaratilgan umumiy qiymati 36,4 million dollarlik loyihaning amalga oshirilishi belgilangan. 

Loyiha amalga oshirilgach, 77 qishloq fuqarolar yig'inida 49 suv olish inshooti quriladi, 6 tasi rekonstruksiya qilinadi. 408,1 kilometr magistral suv quvurlari va tarmoqlari barpo etiladi. 

Bundan tashqari, loyihaga 110 suv olish qudug'ini burg'ulash va rekonstruksiya qilish, 16,1 kilometr uzunlikdagi suv inshootlarini himoya devorlari bilan o'rash, 164 quduq nasosini o'rnatish, 14 avtomatlashtirilgan nasos stansiyasini qurish, 55 transformator, 3 quyosh generatori hamda 52 dizel generatori o'rnatish, 24,5 kilometr uzunlikdagi tashqi elektr ta'minoti tizimi bilan ta'minlash kiritilgan. 

Davlatimiz rahbari Qo'shrabotda eksportbop mevalar ekish, chorvachilikni rivojlantirish, buning uchun aholiga kredit mablag'lari ajratish zarurligini ta'kidladi. 

Qo'shrabotda junni qayta ishlash fabrikasi qurish, Samarqand va Oqdaryo tumanlarida 2017-yilda qurilishi rejalashtirilgan zamonaviy issiqxona majmualari loyihalari taqdimoti ham o'tkazildi. 

Shavkat Mirziyoyev shu yerda bir guruh nuroniylar bilan suhbatlashdi. Nuroniylar mamlakatimizning barcha hududlarida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlardan, ro'y berayotgan o'zgarishlardan odamlar rozi ekanini qayd etdi. 

Prezidentimiz Kattaqo'rg'on suv ombori havzasida baliqchilikni rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi. 

Mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashga, aholiga arzon va sifatli mahsulotlar yetkazib berishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda baliqchilik, parrandachilik, quyonchilik va boshqa turdagi xo'jaliklar tobora rivojlantirilmoqda. 

"Kattaqo'rg'on jayxun" fermer xo'jaligi va "Kattaqo'rg'on baliqchilik" xususiy korxonasi tomonidan karp, oq amur, oq va chipor do'ngpeshona hamda boshqa turdagi baliqlarni, baliq chavoqlarini yetishtirishda Vetnam texnologiyasidan foydalanish mo'ljallangan. Ushbu ilg'or texnologiya samaradorlikni besh barobargacha oshiradi. Hududda baliq mahsulotlarini qayta ishlash ham rejalashtirilmoqda. 

Loyihani hayotga tatbiq etish uchun 5,1 milliard so'm mablag' sarflanadi va natijada baliqchilik xo'jaliklariga yiliga 2 million dona chavoq, 500 million dona lichinka, ming tonna omixta yem yetkazib beriladi. 400 tonna baliq qayta ishlanadi, 200 tonna qadoqlangan, 50 tonna dudlangan baliq mahsulotlari aholiga yetkazib beriladi. Xo'jalikda 40 yangi ish o'rni yaratiladi. 

Davlatimiz rahbari Payariq, Samarqand tumanlarida "Maroqand baliq sanoat agro" agrofirmasi va "Oq amur baliqlari" fermer xo'jaligi tomonidan "Ipoteka-bank" bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalarni ko'zdan kechirdi. Mazkur loyihalarga ko'ra 450 gektar suv maydonida baliq chavoqlarini ko'paytirish va baliq mahsulotlarini qayta ishlash yo'lga qo'yiladi. Ushbu loyihalar uchun 12 milliard so'm mablag' jalb etiladi. 

Loyihalarning ishga tushirilishi natijasida baliqchilik xo'jaliklariga 10 million dona chavoq, 300 tonna omixta yem yetkazib beriladi, 500 tonna baliq qayta ishlanadi. 300 tonna qadoqlangan, 50 tonna dudlangan baliq mahsulotlari xalq iste'moli uchun bozorlarga chiqariladi. Loyihada 50 kishini ish bilan ta'minlash ko'zda tutilgan. 

Prezidentimiz mazkur loyihalar bilan tanishar ekan, xalqimiz "luqmai halol" deb ta'riflaydigan baliq yetishtirishni yanada ko'paytirish, bunda zamonaviy texnologiyalardan unumli foydalanish, mahsulotlarni nafaqat ichki bozorga, balki eksportga ham yo'naltirish bo'yicha zarur ko'rsatmalar berdi. 

Davlatimiz rahbari Samarqand viloyatida suv resurslaridan unumli foydalanish, suv tarmoqlarini modernizatsiya qilish loyihalarini ko'zdan kechirdi. 

Viloyatda so'nggi yillarda bir necha suv inshootlari qurildi. Urgut tumanida "Kamangaron", Qo'shrabot tumanida "Oqchobsoy" suv omborlari, Nurobod tumanida "Omondara" suv to'g'onining barpo etilishi hududlarda suv resurslarini boshqarishda samaradorlikni yanada oshirdi, minglab gektar maydonlarda suv tanqisligining oldini oldi. 

Kelgusi uch yilda viloyatda 55 nasos stansiyasini to'liq ta'mirlash rejalashtirilgan. Natijada 60 ming 619 gektar maydonda suv ta'minoti yaxshilanadi, yiliga 29,9 million kVt soat elektr energiyasi hamda 720 million so'm ekspluatatsiya xarajatlari iqtisod qilinib, 6,4 milliard so'm mablag' tejaladi. 

Suvni samarali ishlatish mintaqamizdagi dolzarb masalalardan biri, dedi Prezidentimiz. Shu bois ushbu resursdan foydalanishni zamon talablari asosida tashkil etish lozim. 

Davlatimiz rahbari viloyatda 2017-yilda moliyalashtirilishi ko'zda tutilayotgan yirik chorvachilik loyihalari bilan tanishdi. 

Viloyatda joriy yilda "Chortut", "Chorva sut servis" fermer xo'jaliklari, "Naslli chorva import", "Samarqand milk", "Aykan savdo", "Chorva nasl birlashma" mas'uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan jami 35 million 810 ming so'mlik loyihalar amalga oshirilishi mo'ljallanmoqda. Ushbu korxonalarda yiliga 14 ming 250 tonna sut, 875 tonna go'sht mahsulotlari ishlab chiqariladi, 230 ish o'rni yaratiladi. 

Mamlakatimizda aholini arzon va sifatli parrandachilik mahsulotlari bilan ta'minlashga alohida e'tibor qaratilmoqda. 

Urgut tumanida "Cho'ponota parranda" mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan zamonaviy texnologiyalar asosida parranda ozuqasini ishlab chiqarish rejalashtirilgan. "Urgut" erkin iqtisodiy zonasi hududida faoliyat olib boradigan mazkur korxona 3 million AQSh dollari qiymatiga teng. U 2018-yilning birinchi choragida ishga tushiriladi. Natijada viloyatdagi parrandachilik xo'jaliklari va aholi xonadonlarida boqilayotgan parrandalar uchun yiliga 8-10 ming tonna ozuqa mahsulotlari yetkazib beriladi. Loyihada 30 ish o'rni yaratish ko'zda tutilgan. 

"Afrosiyob parranda" mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan parrandachilik, baliqchilik va chorvachilik xo'jaliklari uchun omixta yem ishlab chiqarish loyihasi taqdim etilmoqda. 

Loyihaga muvofiq korxonaga soatiga o'n tonna komponentlari elektron aniqlik bilan dozalashtirilgan yuqori sifatli omixta yem ishlab chiqarish quvvatiga ega Gollandiya texnologiyasini o'rnatish rejalashtirilmoqda. Tayyor mahsulotlar mamlakatimizdagi xususiy tadbirkorlar va aholi ehtiyojlari uchun, shuningdek, eksportga yo'naltiriladi. 

"Zarafshon parranda" xususiy ishlab chiqarish tijorat firmasi loyihasiga ko'ra, Jomboy tumanidagi Mang'it qishlog'ida 39 gektar hududda jo'ja va tuxum yetishtirish kompleksi tashkil etiladi. Bunga 12 milliard so'm mablag' jalb etish mo'ljallangan. Loyihaning ishga tushirilishi natijasida yiliga 5 million dona jo'ja aholi xonadonlari va parrandachilik korxonalariga yetkazib beriladi. 

"Siyob Shavkat Orzu" fermer xo'jaligi tomonidan Tayloq tumani Payshanbasiyob qishlog'idagi o'n gektar hududda parranda boqish va parranda go'shti yetishtirish rejalashtirilgan. Loyihaga 3 million 518 ming dollar sarflanadi. 

Korxonada yiliga 800 ming dona parranda boqish va 12 ming tonna parranda go'shti yetishtirish yo'lga qo'yiladi. Yetishtirilgan mahsulot ichki bozorga chiqariladi, muayyan qismi eksport qilinadi. Ushbu loyiha 60 yangi ish o'rni yaratish imkonini beradi. 

Samarqand viloyatida keyingi yillarda kurkachilik ham izchil rivojlanib bormoqda. Ushbu yo'nalishda hayotga tatbiq etilayotgan kompleks chora-tadbirlar kurkalarni ilg'or texnologiyalar asosida ko'paytirish, boqish, tuxumni sifatli saqlash imkonini bermoqda. 

"Maroqand parranda" mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan loyihaga muvofiq yiliga 3 million tuxum va 2 million dona kurka jo'jasi yetishtiriladi. Loyihaga 39,6 milliard so'm ajratilishi mo'ljallangan. 

Prezidentimiz mazkur loyihalar bilan tanishar ekan, viloyatda parrandachilikni rivojlantirish uchun tabiiy iqlim, xomashyo va ishchi kuchi mavjudligini ta'kidladi. Ulardan unumli foydalanish, tarmoq tadbirkorlarini har tomonlama qo'llab-quvvatlash bo'yicha mutasaddilarga zarur topshiriqlar berdi. 

Samarqand shahrida viloyat faollari yig'ilishi bo'lib o'tdi. Unda viloyat iqtisodiyotini yanada rivojlantirish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash, aholini ish bilan ta'minlash va turmush darajasini yanada oshirish, tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash masalalariga alohida e'tibor qaratildi. 

O'zA

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali