Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Iqtisodiy salohiyatimiz ko'zgusi

11423 19-Iyun, 2015 Chop etish Yuklab olish (PDF 28 Kb)


"Xalq so'zi" gazetasining 2015 yil 18-iyun sonida "O'zavtoyo'l" Davlat aksiyadorlik kompaniyasi Boshqaruv raisi o'rinbosari Sh.Nazarovning "Iqtisodiy salohiyatimiz ko'zgusi" maqolasi e'lon qilindi. Unda o'tgan yillar davomida yo'lsozlik borasida amalga oshirilgan ishlar, sohada erishilgan natijalar hamda yaqin yillarda amalga oshiriladigan rejalar xususida so'z boradi.

Quyida ana shu maqola bilan tanishishingiz mumkin: Mamlakatimizda istiqlolning dastlabki yillaridan transport-kommunikatsiya sohasini rivojlantirishga ustuvor vazifalardan biri sifatida alohida e'tibor qaratilgani bugun o'zining yuksak samaralarini bermoqda. Negaki yo'l-transport infratuzilmasi zamon talablari darajasida rivojlanayotgani iqtisodiyotimiz taraqqiyotida tobora hal qiluvchi ahamiyat kasb etayapti. Bunda Prezidentimizning soha istiqboliga qaratilgan qator Farmon va qarorlari dasturilamal bo'lib xizmat qilayotir.

Ta'kidlash kerakki, yo'l-transport infratuzilmasi ravnaqi yurtimizdagi eng uzun yo'llar hisoblangan avtomobil yo'llari qurilishi va ularni jahon andozalariga mos ravishda rekonstruktsiya qilish bilan chambarchas bog'liq. Bugungi kunda umumiy foydalanuvda bo'lgan xalqaro, davlat va mahalliy ahamiyatdagi 42654 kilometr avtomobil yo'li mavjud bo'lib, shahar hamda tumanlarning ichki yo'llari bundan mustasno. Davlatimiz rahbarining mamlakatimizni 2014 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015 yilga mo'ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo'nalishlariga bag'ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma'ruzasida ta'kidlanganidek, yo'l-transport infratuzilmasini taraqqiy ettirish sanoatni jadal rivojlantirish va uning salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda. Shuning uchun 2014 yilda tizimda bunyodkorlik ishlari yanada kengaytirilib, umumiy foydalanish uchun mo'ljallangan 540 kilometr avtomobil yo'lini qurish va rekonstruktsiya qilish tadbirlari to'liq yakunlandi. 116 kilometrdan iborat ikki tasmali yo'l esa kengaytirilib, to'rt tasmali qilib qayta qurildi. Bu, o'z navbatida, ushbu yo'llarda qatnovni 3 barobar oshirish imkonini berdi.

Darhaqiqat, o'tgan yili umumiy foydalanuvdagi avtomobil yo'llarini joriy ta'mirlash va saqlash ishlari oldingi yildagiga nisbatan 2,1 marta o'sib, 946 kilometrni tashkil etdi. Bundan tashqari, bevosita "O'zavtoyo'l" davlat-aksiyadorlik kompaniyasi tizimidagi pudratchi tashkilotlar tomonidan respublikamizning 69 ta ob'ektida uzunligi 283 kilometrlik avtomobil yo'li qayta qurilib, rekonstruktsiya qilindi. Masalan, "Samarqand — Qarshi" yo'nalishidagi avtomobil yo'lining 79 kilometrida to'rt polosali asfalt-beton qoplamalarni yotqizish ishlari yakuniga yetkazildi. Farg'ona viloyatida joylashgan 4R-143 "Farg'ona — Quvasoy" yo'lining 0-5,5 kilometrlari oralig'ini qayta qurish ishlari so'nggi bosqichga yetdi. Qolaversa, bugungi kunga qadar Jizzax viloyatida 38, Sirdaryo viloyatida 11, Buxoro viloyatida esa 10 kilometr yo'l qaytadan qurildi.Xuddi shuningdek, poytaxtdagi kichik halqa yo'lining Olmazor va Shayxontohur tumanlari hududidan o'tgan qismida, Beruniy va Xurshid ko'chalarini bog'laydigan, Forobiy, Qorasaroy, Sag'bon, Sebzor va Labzak ko'chalarini o'zaro tutashtirgan 5,1 kilometr uzunlikdagi yangi Nurafshon ko'chasi bunyod etilgani Toshkent shahri aholisi va mehmonlariga qo'shimcha qulayliklar yaratdi.Kompaniya tizimidagi korxonalarning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanayotgani ishlar ko'lamini yil sayin kengaytirish imkonini berayapti. Uzoqqa bormaylik, birgina 2014 yilda tizimdagi korxona va tashkilotlar tomonidan jami 536 dona zamonaviy yo'l qurilish texnikasi xarid qilindi. Ularning asosiy qismi o'zimizda ishlab chiqarilgan "MAN", "Isuzu" rusumidagi maxsus texnikalar ekanligi diqqatga sazovordir.

Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo'llarida harakat xavfsizligini ta'minlash maqsadida yo'llarni jihozlash ishlari ham aslo susaytirilgani yo'q. O'tgan yili 24448 dona eskirgan yo'l belgisi almashtirilgani, 25 ming kilometrdan ziyod yo'llarda yo'l chiziqlari qaytadan chizilgani, 608 ta avtobus to'xtash maydonchasi va 764 ta avtobus bekati, 804 kilometr uzunlikdagi piyodalar yo'lakchalari ta'mirlangani bunga yaqqol dalildir.Shu o'rinda aytish joizki, sohada erishilayotgan bu kabi yutuqlar bilan birga, hali bajarilishi zarur bo'lgan vazifalar ham talaygina. Ularni amalga oshirishda Prezidentimizning 2015 yil 6 martdagi "2015 — 2019 yillar uchun muhandislik-kommunikatsion va yo'l-transport infratuzilmasini rivojlantirish va zamonaviylashtirish dasturi to'g'risida"gi qarori muhim o'rin tutadi.

Gap shundaki, ushbu qarorga muvofiq, 2015 — 2019 yillarda O'zbek milliy avtomagistrali tarkibiga kiruvchi avtomobil yo'llari qismlari va umumiy foydalanishdagi avtomobil yo'llarini qurish va rekonstruktsiya qilish hamda yo'l tashkilotlarining ishlab chiqarish bazalarini texnik rivojlantirish chora-tadbirlarining manzilli ro'yxati tasdiqlandi. Unga ko'ra, Respublika yo'l jamg'armasi mablag'lari hisobidan besh yil davomida O'zbek milliy avtomagistrali tarkibiga kiruvchi, umumiy hisobda 1227,8 kilometr uzunlikdagi avtomobil yo'llari va undagi transport yechimlari, ko'priklar hamda yo'l o'tkazgichlarni qurish va rekonstruktsiya qilish ko'zda tutilgan. Natijada O'zbekiston milliy avtomagistralida olib borilayotgan qurilish va rekonstruktsiya ishlari to'liq yakunlanib, Andijondan Qo'ng'irotgacha, Samarqanddan Termizgacha bo'lgan avtomobil yo'llari jahon standartlari talablariga mos darajada yangilanadi.

O'z navbatida, 4 ming kilometrdan ziyod xo'jaliklararo yo'llar, qariyb 2 ming kilometr shahar, qishloq va tuman markazlari ko'chalari ta'mirlanishi ham rejalashtirilgan.

Mazkur hujjat "O'zavtoyo'l" kompaniyasi tarkibiga kiruvchi sanoat korxonalari ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida yangi ufqlarni ochib bermoqda. Sababi, unga asosan, 28 jamlanmada asfalt-beton, tsement-beton zavodlari, beton qorish uskunalari, tosh maydalash va saralash liniyalari hamda boshqa texnikalar xarid qilinadi.

Umuman olganda, 2015-2019 yillarda muhandislik-kommunikatsiya va yo'l-transport infratuzilmasini rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish dasturining amaliyotga joriy etilishi nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy samaralari bilan ham g'oyatda ahamiyatlidir. Chunonchi, birgina "O'zavtoyo'l" DAK tizimida 1,5 mingta yangi ish o'rni yaratilishi, 5,5 mingga yaqin kollej bitiruvchilarini tizimdagi korxona va tashkilotlarga jalb etish imkoniyati paydo bo'lishi shunday deyishimizga asos bo'la oladi.

Bularning barchasi yurtimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, eng avvalo, inson va uning manfaatlariga qaratilganining yana bir amaliy tasdig'idir.Shuhrat NAZAROV,"O'zavtoyo'l" davlat-aksiyadorlik kompaniyasiBoshqaruvi raisi o'rinbosari.

Shuhrat NAZAROV,
"O'zavtoyo'l" davlat-aksiyadorlik kompaniyasi
Boshqaruvi raisi o'rinbosari.

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali