Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Iqtisodiyot barqarorligini taʼminlash boʻyicha asosiy yoʻnalishlar belgilandi

4688 10-Iyun, 2020 Chop etish Yuklab olish (PDF 32 Kb)


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-iyun kuni milliy iqtisodiyot barqarorligini taʼminlashga doir dolzarb masalalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.

Koronavirus pandemiyasi butun dunyo uchun katta sinov boʻlmoqda. Vujudga kelgan global inqiroz barcha mamlakatlar iqtisodiyotiga jiddiy taʼsir koʻrsatyapti. Jahon bankining prognozi boʻyicha 2020-yilda yalpi global mahsulot 5,2 foizga, AQSHda yalpi ichki mahsulot 6,1 foizga, Rossiyada 6 foizga, Yevropa Ittifoqida 9,1 foizga tushishi kutilmoqda. Shu bilan birga, Xitoyda 1 foiz, Oʻzbekistonda esa 1,5 foiz iqtisodiy oʻsish boʻlishi taxmin qilinmoqda.

Oʻtgan uch oyda yurtimizda iqtisodiyot tarmoqlariga 2,3 trillion soʻm soliq imtiyozlari berildi, Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasidan 3,6 trillion soʻm ajratildi.

Yigʻilishda davlatimiz rahbari yangicha yondashuv va instrumentlarni qoʻllash orqali joriy yil iqtisodiyotda oʻsish surʼatlarini taʼminlash uchun barcha imkoniyatlar borligini taʼkidlab, shu boradagi 8 ta asosiy yoʻnalishni koʻrsatib oʻtdi.

Birinchi – iqtisodiyot va byudjet barqarorligini taʼminlash;

ikkinchi – kambagʻallikni qisqartirish va aholi bandligini oshirish;

uchinchi – bank tizimidagi islohotlarni jadallashtirish;

toʻrtinchi – toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni koʻpaytirish;

beshinchi – eksport salohiyatini oshirish va valyuta tushumlarini taʼminlash;

oltinchi – sanoatda raqobatbardoshlikni kuchaytirish;

yettinchi – kichik biznesni rivojlantirish;

sakkizinchi – raqamli texnologiyalarni barcha tarmoqlarda keng joriy qilish ustuvor vazifalar etib belgilandi.

Birinchi masala muhokama qilinar ekan, byudjet tushumi va xarajatlarini optimallashtirish topshirildi. Korxonalar faoliyatini qayta tiklash va soliq maʼmuriyatchiligini yaxshilash hisobiga qoʻshimcha daromadlarni taʼminlash, tashqi qarz bitimlarini tuzishda belgilangan cheklovdan oshmaslik boʻyicha koʻrsatma berildi.

Ikkinchi yoʻnalish boʻyicha bu yil 810 mingta doimiy ish oʻrnini qayta tiklash, 310 ming doimiy va 633 mingta mavsumiy ish oʻrni yaratish zarurligi taʼkidlandi.

8-iyun kuni qabul qilingan "Tadbirkorlik faoliyati va oʻzini oʻzi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi Prezident qaroriga muvofiq, oʻzini oʻzi band qiluvchi faoliyat turlari soni 24 tadan 67 taga koʻpaytirildi.

Davlatimiz rahbari Xitoy tajribasidan kelib chiqib, kambagʻallik darajasi yuqori boʻlgan qishloqlarga vazirlik va idoralarni biriktirib, muhtojlarga koʻmaklashish tizimini yaratish, oilaviy tadbirkorlik va tomorqachilikni rivojlantirish boʻyicha topshiriqlar berdi. Davlat granti hisobiga tahsil olgan talabalarni 3 yil muddatga shunday hududlarga mehnat faoliyati uchun yoʻnaltirish taklifi bildirildi.

Maʼlumki, bank tizimida katta islohotlar belgilangan. Yigʻilishda bu choralarni jadallashtirib, davlat ulushiga ega oʻnta bankda transformatsiya jarayonini oʻz vaqtida amalga oshirish, foiz stavkalarini inflyatsiyaga qarshi siyosat bilan uygʻunlashgan holda pasaytirish muhimligi taʼkidlandi.

Joriy yilda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish va oʻzlashtirish boʻyicha Bosh vazir oʻrinbosarlariga topshiriqlar berildi.

Pandemiya sharoitida eksportni oshirish va valyuta tushumlarini taʼminlash juda dolzarb masala. Tashqi bozorlarda talabning keskin kamayishi eksportchi korxonalarimizga jiddiy taʼsir qilmoqda.

Shu munosabat bilan, beshinchi ustuvor yoʻnalish oʻlaroq, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga eksport koʻrsatkichini 2019-yilgidan kam boʻlmagan miqdorda taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha choralar koʻrish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Yigʻilishda sanoatni rivojlantirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Ayrim tarmoqlarda xomashyoni chuqur qayta ishlash va qoʻshimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishning yaxlit zanjiri yaratilmagani koʻrsatib oʻtildi.

Misol uchun, misni qayta ishlash 25 foiz, ipakchilikda 20 foizga ham yetmaydi. Tarmoqlararo kooperatsiya ham toʻliq yoʻlga qoʻyilmagan. Jumladan, elektrotexnika va qishloq xoʻjaligi sohalarida oʻzaro kooperatsiya hisobiga kamida 80 million dollarlik mahsulot tayyorlasa boʻladi. Yoki kimyo sanoati toʻqimachilik uchun sintetik tola va poliester, avtomobilsozlik hamda qurilish materiallari sohasiga kord va turli boʻyoqlar, oziq-ovqat sanoatiga aromatizatorlar yetkazib berishi mumkin.

Shu bois zamonaviy texnologiyalar transferini yoʻlga qoʻyish, tarmoqlarning energiya samaradorligi va raqobatdoshligini oshirishni nazarda tutuvchi Sanoat siyosati strategiyasini ishlab chiqish zarurligi taʼkidlandi.

Kimyo, toʻqimachilik, qurilish materiallari, avtomobilsozlik, elektr texnikasi hamda oziq-ovqat sanoatlariga alohida eʼtibor qaratish, davlat korxonalarini isloh qilish jarayonlarini jadallashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Mamlakatimizda kichik biznes iqtisodiyotning oʻsish nuqtasi etib belgilangan. Yigʻilishda tadbirkorlarga erkin raqobat muhitini yaratish uchun xususiy mulkchilikni himoya qilishga qaratilgan sud-huquq tizimini isloh etish zarurligi taʼkidlandi.

Yuqori texnologiyali tarmoqlarda kichik biznes hissasi kamligi qayd etilib, bunday subyektlarni davlat tomonidan ragʻbatlantirish mexanizmini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi. Hududlarda kichik sanoat zonalari tashkil etish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Maʼlumki, kecha, 8-iyun kuni Prezidentimiz huzurida oʻtkazilgan taqdimot chogʻida raqamli texnologiyalarni tezkor rivojlantirish, ularni barcha tarmoqlarda keng joriy qilish vazifalari kelishib olingan edi. Bu boradagi ishlarni bugun belgilangan sakkizinchi ustuvor yoʻnalishga muvofiq tashkil qilish lozimligi koʻrsatib oʻtildi.

Yigʻilishda mutasaddi rahbarlar iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha qisqa va oʻrta muddatda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan oʻz takliflarini bildirdi.

OʻzA

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali