Ishonch yorliqlari topshirildi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 10-dekabr kuni
Oqsaroyda Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi, Shveytsariya Konfederatsiyasi,
Eron Islom Respublikasi, Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan
Qirolligi, Kuvayt Davlatining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchilari
etib tayinlangan Solih Ahmad al-Javarneh, Shtefan Klyotsli, Bahman Og'araziy
Do'rmoniy, Kristofer Allan va Ahmad Xolid Abdulla al-Jiyrondan ishonch
yorliqlarini qabul qilib oldi.
Davlatimiz rahbari
mamlakatimizdagi diplomatik vakolatxonalarning yangi tayinlangan rahbarlarini
samimiy qutlar ekan, O'zbekiston ushbu davlatlar bilan o'zaro munosabatlarni
izchil rivojlantirishga alohida ahamiyat berishini ta'kidladi va ularning
mas'uliyatli faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.
Iordaniya elchisi bilan suhbatda
mamlakatlarimiz o'rtasida turli sohalarda o'rnatilgan hamkorlikka yuksak baho
berildi, o'zaro munosabatlarni yanada rivojlantirishdan tomonlar manfaatdor
ekani, bu ko'p qirrali hamkorlikning mavjud salohiyatidan to'liq foydalanish
imkonini berishi ta'kidlandi.
Elchi Solih Ahmad al-Javarneh
Iordaniya Podshohi Abdulloh Ikkinchining samimiy salomi va ehtiromini yetkazdi,
mamlakatimiz butun mintaqada muhim o'rin tutishini va Iordaniya rahbariyati
O'zbekiston bilan munosabatlarni yanada mustahkamlashga alohida e'tibor
qaratishini ta'kidladi.
Shveytsariya Konfederatsiyasi
elchisi Shtefan Klyotsli nafaqat tajribali diplomat, balki Markaziy Osiyoning
ekologik muammolari bo'yicha mutaxassis sifatida ham yaxshi ma'lum. U
mamlakatimizda boshlayotgan faoliyatida Shveytsariya bilan O'zbekiston
o'rtasidagi an'anaviy aloqalarni yanada kengaytirishga e'tibor qaratishini qayd
etdi.
Shveytsariya Prezidenti Dide
Burkxalterning o'tgan yilning oxirida O'zbekistonga tashrifi va oliy darajadagi
samarali muzokaralar siyosiy muloqotni mustahkamlash, turli sohalarda o'zaro
hamkorlikni kengaytirishning istiqbolli yo'nalishlarini belgilash imkonini
berdi.
Mamlakatimizga yaqin qo'shni va
istiqbolli hamkor hisoblangan Eron bilan munosabatlar o'zaro manfaatli barcha
yo'nalishlarda mustahkamlanib bormoqda. Tomonlar, ayniqsa, savdo-iqtisodiy va
transport-kommunikatsiya sohalaridagi aloqalarni izchil rivojlantirmoqda.
Elchi Bahman Og'araziy Do'rmoniy
Eron va O'zbekiston, xalqlarimiz o'rtasidagi do'stona munosabatlarni yanada
chuqurlashtirish, davlatlararo bitimlar va erishilgan kelishuvlarni amalga
oshirishda o'zining bilim va diplomatik tajribasini ishga solishini ta'kidladi.
O'zbekistonda Buyuk Britaniyaga
dunyodagi kuchli siyosiy, iqtisodiy, gumanitar imkoniyatga ega, global va
mintaqaviy jarayonlarga ta'sir ko'rsata oladigan yetakchi davlatlardan biri
sifatida qaraladi. Ayni paytda turli sohalarda aloqalarni bosqichma-bosqich
rivojlantirish imkonini beradigan o'zaro anglashuv va amaliy yondashuv
O'zbekiston – Britaniya hamkorligining asosini tashkil etadi.
Elchi Kristofer Allan Buyuk
Britaniya rahbariyati O'zbekiston bilan uzoq muddatli va o'zaro manfaatli
munosabatlarni mustahkamlashga tayyor ekanini va ushbu vazifani amalga
oshirishda u bor kuch-g'ayratini ishga solishini ta'kidladi.
Kuvayt Davlati elchisi bilan
suhbat chog'ida bugungi kunda ikki tomonlama aloqalar izchil rivojlanib
borayotgani qayd etildi. O'zbekiston va Kuvayt turli sohalarda, jumladan, BMT,
Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa tashkilotlar doirasida samarali hamkorlik
qilib kelmoqda.
O'zbekiston Prezidentining
2004-yil yanvarda Kuvaytga tashrifi va Kuvayt Amirining 2008-yil iyul oyida
mamlakatimizga tashrifi o'zaro munosabatlarimizni yangi bosqichga ko'tardi,
siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar aloqalarni
yanada faollashtirish imkonini berdi.
Elchi Ahmad Xolid Abdulla
al-Jiyron o'zaro manfaatli munosabatlar bo'yicha to'plangan tajribani yanada
boyitish, O'zbekiston va Kuvayt manfaatlariga mos keladigan yangi qo'shma
loyihalarning hayotga tatbiq etilishiga hissa qo'shishni o'zining asosiy
vazifasi, deb bilishini ta'kidladi.