Islohotlar samaralari va ezgu maqsadlarimiz ijobati
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov joylarda amalga
oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish
maqsadida 29-sentabr kuni Namangan va Farg'ona viloyatlarida bo'ldi.
Mamlakatimizning izchil
taraqqiyoti, inson manfaatlari yo'lida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli
islohotlar samaralari Namangan viloyatida ham o'z ifodasini topmoqda. Viloyat
ahli sanoat, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, qishloq xo'jaligi,
qurilish, xizmat ko'rsatish sohalarida fidokorona mehnat qilib, Vatanimizni
iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirishga munosib hissa qo'shmoqda.
Shahar va qishloqlarimiz qiyofasi
o'zgarib, aholining hayot darajasi yuksalib borayotir. Namangan shahridagi
Istiqlol ko'chasida 8, Bobur ko'chasida 16 ko'p qavatli turar joy binolari,
ko'plab savdo va maishiy xizmat shoxobchalari barpo etildi. Namangan xalqaro
aeroporti, "Yashil" dehqon bozori rekonstruksiya qilindi. Yangi yo'llar, so'lim
xiyobonlar shahar chiroyiga chiroy qo'shdi.
Viloyatda 2015-yilning birinchi yarmida yalpi
hududiy mahsulot hajmi 9,7 foiz o'sdi. Zamonaviy sanoat tarmoqlarini
tashkil etish va mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilish, kichik biznes va
xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish izchil davom etmoqda. 2013-2015-yillarda
viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida 922 loyiha amalga
oshirildi.
Prezidentimiz Namangan viloyatiga safarini
Mingbuloq tumanidagi "Baraka" fermer xo'jaligi bilan tanishishdan
boshladi.
Joriy yilda viloyatda 79 ming gektar maydonda
g'alla ekilib, 500 ming tonnaga yaqin hosil ko'tarildi. Bugungi kunda 82
ming 600 gektar maydonda yetishtirilgan paxta yig'ib-terib olinmoqda.
Davlatimiz rahbari rahnamoligida
yerlarning unumdorligini oshirish, fermerlik harakatini rivojlantirishga
qaratilayotgan e'tibor samarasini "Baraka" fermer xo'jaligi misolida ham
ko'rish mumkin. Fermer xo'jaligida bu yil g'allaning har gektaridan o'rtacha 65
sentnerdan hosil olindi. Paxta dalalarida ham yuqori hosil yetishtirildi.
Islom Karimov mazkur fermer xo'jaligi dalasida
fermerlar bilan suhbatlashdi.
Mamlakatimiz qishloq xo'jaligi uchun muhim
mavsum bo'lgan shu kunlarda sizlar bilan diydor ko'rishish, hormang deb,
barchangizga kuch-quvvat tilash menga katta mamnuniyat bag'ishlaydi, dedi
Prezidentimiz. Ilgari dehqon yetishtirgan paxtasini tezroq zavodga
topshirishni, qanday qilib bo'lmasin rejani bajarishni o'ylardi. Paxtaning
navi, sifati, paxtakorning daromadi hech kimni qiziqtirmas edi. Bugun sifatli
paxta yetishtirishdan, uni vaqtida yig'ib-terib yuqori navlarga topshirishdan
avvalo fermerlarning o'zi manfaatdor. Chunki qancha sifatli paxta tayyorlasa,
shuncha ko'p daromad topmoqda.
Muloqot chog'ida mamlakatimizda
kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, fermerlik rivoji uchun keng imkoniyatlar
yaratilayotgani alohida ta'kidlandi. Davlatimiz rahbarining 2015-yil 15-maydagi
"Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya
qilishni ta'minlash, ularni jadal rivojlantirish yo'lidagi to'siqlarni bartaraf
etish chora-tadbirlari to'g'risida"gi farmoni bu borada muhim huquqiy asos
bo'lib xizmat qilmoqda.
Mamlakatimizning barcha joylarida bo'lgani kabi
Namangan viloyatida ham ushbu soha jadal ravnaq topayotir. Kichik biznes
subyektlarining yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 68,5 foizni tashkil etmoqda.
Ular har tomonlama qo'llab-quvvatlanayotgani natijasida ishlab chiqarish va
ularni eksport qilish hajmi muttasil oshib bormoqda. Joriy yilning birinchi
yarmida viloyatdagi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari tomonidan
56,3 million dollar miqdoridagi mahsulotlar eksport qilindi. 17 ming 260 yangi
ish o'rni yaratildi.
Biz mamlakatimiz
ijtimoiy-iqtisodiy hayotini barpo etishda shoshma-shosharlikka yo'l qo'ymadik,
marrani kim tezroq egallaydi, qabilidagi musobaqalarga qo'shilmadik,
o'zgalardan nusxa olmadik. Chuqur va puxta o'ylangan, mashhur besh tamoyilga
asoslangan, jahon miqyosida taraqqiyotning "o'zbek modeli" deb tan olingan
dasturni bosqichma-bosqich amalga oshirdik. Buning samarasini mamlakatimiz
erishayotgan ulkan yutuq va marralarda ko'rish mumkin, dedi Prezidentimiz.
Mamlakatimiz iqtisodiyoti
istiqlol yillarida 5,5 karradan ziyod o'sgani, aholining real daromadlari jon
boshiga 9-marta ko'paygani, global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz davom
etayotganiga qaramasdan, so'nggi o'n bir yil davomida yalpi ichki mahsulotning
o'sish hajmi 8 foizdan yuqori bo'lib kelayotgani alohida qayd etildi.
Faqat g'alla va paxta yetishtirish bilan yuksak
farovonlikka erishib bo'lmaydi, dedi Islom Karimov. Doim izlanish,
o'rganish, dunyo bilan hamqadam bo'lish, yangi marralar sari intilish zarur.
Qishloqlarda odamlarga yuqori daromad keltiradigan zamonaviy sanoat
korxonalarini ko'paytirish, iqtisodiyot tarmoqlarini tarkibiy o'zgartirishni
izchil davom ettirish kerak.
Ilgari havas qilgan maqsadlarimizga bugun
erishmoqdamiz. "Islohot islohot uchun emas, avvalo inson uchun, uning
manfaatlari uchun" degan ezgu g'oya odamlarimiz hayotida o'z ifodasini
topmoqda. Bu barchamizga qanot, o'z kuchimizga ishonch, ayni chog'da quvonch
bag'ishlamoqda, dedi Yurtboshimiz.
Prezidentimiz Uychi tumanidagi "Obod zamin"
fermer xo'jaligi dalalariga ham tashrif buyurdi.
Mazkur xo'jalik ishchilari bu yil g'alladan 75
sentnerdan xirmon ko'targan. Shu kunlarda yetishtirilgan mo'l paxta
hosili yig'ib-terib olinmoqda.
Barcha hududlarda bo'lgani kabi
Namangan viloyatida ham keng ko'lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari
amalga oshirilmoqda. Ko'rkam uy-joylar, ta'lim va tibbiyot muassasalari,
zamonaviy korxonalar, keng va ravon yo'llar shaharu qishloqlarimiz qiyofasini
butunlay o'zgartirib, xalqimiz farovonligining yuksalishiga xizmat
qilmoqda.
Viloyatda o'tgan yili 260, bu yil
140 namunaviy uy-joy qurilib, foydalanishga topshirildi. Yangi massivlarda
tabiiy gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi tarmoqlari tortilib, ichki yo'llar
qurildi. Mahalla guzarlari, savdo va maishiy xizmat ko'rsatish shoxobchalari,
sport majmualari bunyod etildi.
Obodlik avval qalbda tug'iladi – ko'ngildan
boshlanadi. Inson shuni maqsad qilib, astoydil harakat qilsa, albatta
ro'yobga chiqadi, dedi Yurtboshimiz. Bir necha yillar oldin boshlangan
namunaviy loyihalar asosida uy-joylar qurilishi bugun yaxlit industriyaga
aylandi. Bu uylarda odamlar yayrab yashamoqda. Eng muhimi, bunday uylarda
yashayotganlarning dunyoqarashi ham o'zgarmoqda. Bizning asosiy maqsadimiz ham
xalqimizning hech kimdan kam bo'lmay yashashi, baxtli va farovon hayot
kechirishini ta'minlashdir.
Bularning barchasi mamlakatimizdagi tinchlik va
osoyishtalik sharofatidir. Ayniqsa, yoshlarimiz o'z oldiga aniq
maqsadlar qo'yib, dadil intilayotgani, barcha sohalarda katta yutuqlarga
erishayotgani xalqimiz qalbini g'ururga to'ldirayotir.
Xalqimizning fidokorona mehnati
tufayli qo'lga kiritilayotgan bunday ulkan yutuqlardan har birimiz faxrlanib,
boshimizni baland ko'tarib yashashga haqlimiz, dedi davlatimiz rahbari.
Prezidentimiz kunning ikkinchi yarmida Farg'ona
viloyatiga tashrif buyurdi.
Farg'ona viloyati mamlakatimiz
ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma'naviy hayotida muhim o'rin tutadi.
Islom Karimov Farg'ona shahrining bosh rejasini
amalga oshirish borasidagi ishlar bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbarining 2011-yil 15-noyabrdagi
"Farg'ona shahrining bosh rejasini amalga oshirish, 2012-2015-yillarda ijtimoiy
va transport-kommunal infratuzilmasi obyektlarini qurish va rekonstruksiya
qilish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarori asosida viloyat markazida keng
ko'lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Zamonaviy korxonalar,
ta'lim va tibbiyot muassasalari, sport majmualari va stadionlar, yo'llar,
xiyobonlar bunyod etilayotir.
Qaror ijrosi bo'yicha Farg'ona
shahrining qiyofasini zamonaviy shaharsozlik talablariga muvofiq tubdan
yangilash, ijtimoiy infratuzilma hamda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini
kompleks rivojlantirish va obodonlashtirish bo'yicha keng ko'lamli ishlar
amalga oshirilmoqda. Shaharda bunyodkorlik, obodonlashtirish, uy-joy kommunal,
yo'l xo'jaligi va transport xizmatini, suv, elektr energiyasi, tabiiy gaz
ta'minotini sifat jihatdan yaxshilash borasida salmoqli ishlar bajarildi.
Bugun mamlakatimizda zamonaviy
shaharsozlik sohasida erishilayotgan ulkan yutuqlar ko'pchilikning havasini
tortmoqda. Inshootlar, turar joy binolari, ijtimoiy infratuzilma obyektlari,
dam olish va ziyo maskanlari qurilishida milliy me'morlik an'analari bilan
zamonaviy arxitekturani uyg'unlashtirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Ular atrofi
landshaft dizayni asosida ko'kalamzorlashtirilayotgani har bir hudud qiyofasiga
o'zgacha chiroy bag'ishlamoqda.
Islom Karimov Marg'ilon shahridagi "Narimteks"
qo'shma korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Yurtboshimiz rahnamoligida kichik biznes va
xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, qulay ishbilarmonlik muhiti yaratish
borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar samarasida viloyatda mazkur soha
jadal taraqqiy etmoqda. Bugungi kunda viloyatda 18 mingdan ortiq kichik
biznes subyekti faoliyat ko'rsatib, ularning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi
51,2 foizga yetdi.
Joriy yilning birinchi yarmida
viloyatda xorijiy investitsiya ishtirokida 12 qo'shma korxona tashkil etildi.
Bunda qo'shma korxonalarni modernizatsiya qilish borasida yaratilayotgan imtiyoz
va kafolatlar ham muhim omil bo'lmoqda.
Bu jarayonda paxtani qayta
ishlash va tikuvchilikka ixtisoslashgan qo'shma korxonalar erishayotgan
yutuqlar diqqatga sazovordir. Bugungi kunda viloyatda "Narimteks", "Indorama
Qo'qon tekstil", "Farg'ona Turon tekstil", "Beshariqtekstil" singari ilg'or
texnologiyalar asosida jihozlangan ko'plab korxonalarda xalqaro andozalarga mos
mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Mazkur korxonalarda tayyorlanayotgan
mahsulotlarga ichki va tashqi bozorda talab ortib bormoqda.
"Narimteks" qo'shma korxonasida
2012-2015-yillar mobaynida ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va
texnologik yangilash borasida amalga oshirilgan keng ko'lamli ishlar samarasida
Germaniya, Italiya, Turkiya va Xitoyda ishlab chiqarilgan eng zamonaviy
bichish-to'qish, pardozlash jihozlari va tikuv mashinalari o'rnatildi. Yangi
ish o'rinlari yaratildi.
Davlatimiz rahbarining 2015-yil
15-maydagi "Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli
himoya qilishni ta'minlash, ularni jadal rivojlantirish yo'lidagi to'siqlarni
bartaraf etish chora-tadbirlari to'g'risida"gi farmoni va mazkur farmon asosida
shu yil 20-avgustda qabul qilingan qonun tadbirkorlik faoliyatini ishonchli
himoya qilish va jadal rivojlantirishda muhim huquqiy asos bo'lmoqda.
Prezidentimiz ichki va jahon
bozorida munosib o'rin topish uchun muntazam izlanish, yangi-yangi mahsulot
turlarini o'zlashtirish zarurligini qayd etdi. Bozor konyukturasini o'rgangan
holda mahsulot tayyorlash, dizayn masalalariga e'tiborni kuchaytirish, eng
asosiysi, jahon bozorida o'z brendini yaratish lozim.
– Bugun xalqimizning, ayniqsa,
yoshlarimizning zamonaviy kiyinishga ehtiyoji va talabi tobora oshib bormoqda,
– dedi Islom Karimov. – Ularning o'sib borayotgan talabini yurtimizda ishlab
chiqarilgan zamonaviy va sifatli mahsulotlar hisobidan qondirish muhim
vazifadir. Buning uchun zamonaviy korxonalarni yanada ko'paytirish, iste'dodli,
zamon va bozor talablarini chuqur his etadigan mohir tadbirkorlarimizni har
jihatdan qo'llab-quvvatlash lozim.
Islom Karimov korxona ishchilarining hayoti,
korxonada yaratilgan sharoitlar bilan qiziqdi.
Davlatimiz rahbarining Farg'ona viloyatiga safari davom etmoqda.