Islohotlarimiz samarasini har bir inson, har bir oila oʻz hayotida his etishi kerak
Avval xabar qilinganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan islohotlarning borishi, yirik loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 12-13-mart kunlari Xorazm viloyatida boʻldi.
Tashrifning ikkinchi kuni davlatimiz rahbari Urganch shahrida Xorazm viloyati va tumanlar hokimlari, mahalliy kengashlar deputatlari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, tadbirkorlar, ziyolilar ishtirokida yigʻilish oʻtkazdi.
Xalqimiz hayotini yana-da yaxshilashga yoʻnaltirilgan islohotlarimizni odamlar bilan muloqot va maslahat asosida ishlab chiqyapmiz. Xorazmga ham joylarda aholini qanday muammolar tashvishga solayotgani haqida suhbatlashgani keldim. Shuning uchun menga koʻproq masala qoʻysalaringiz natija boʻladi. Biz yolgʻon, balandparvoz gapirib shu ahvolga keldik. Prezidentga yolgʻon gapirish – Vatanga xiyonat, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Viloyatning rivojlanish darajasi orqada qolayotgani koʻrsatib oʻtildi. Aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot respublika koʻrsatkichidan 1,5 barobar, sanoat mahsuloti va xizmat koʻrsatish hajmi boʻyicha esa 2 barobar past. Hududda 58 ming oila kambagʻallik boʻsagʻasida kun kechirmoqda. Shundan 856 tasi oʻta nochor ahvolda. Koʻplab odamlar ishlash uchun xorijga ketgan. Bularning barchasidan kelib chiqib, Xorazmda 200 ming ish oʻrni yaratish zarur.
Davlatimiz rahbari aholini tadbirkorlikka jalb etgan holda, yangi korxonalar va ish oʻrinlari yaratish, shu orqali kambagʻallikni keskin qisqartirish asosiy maqsad ekanini taʼkidladi.
Tuman va shaharlarda tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, banklarni "loyihalar fabrikasi"ga aylantirish zarurligi qayd etildi. 2,5 mingta boʻsh turgan binolar negizida ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish obyektlarini tashkil etish, "Hazorasp" erkin iqtisodiy zonasini yangi loyihalar bilan toʻldirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Qishloq tumanlarda pullik xizmat koʻrsatish Urganch shahriga nisbatan 10-15 barobar pastligi taʼkidlanib, bunday obyektlarni keskin koʻpaytirish kerakligi belgilandi.
Yigʻilishda Prezidentimiz Xorazm viloyatini rivojlantirishning muhim yoʻnalishlarini koʻrsatib oʻtdi. Yaqin uch yilda umumiy qiymati 24 trillion soʻmlik 2 ming 736 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 50 mingdan ziyod yangi ish oʻrni yaratilishi rejalashtirilgan.
Hazoraspdagi avtomobil zavodida "Damas" va "Labo" mikrovenlari ishlab chiqarishning mahalliylashtirish darajasini 65 foizga yetkazish (hozir 27 va 14 foiz) boʻyicha yangi loyihalar amalga oshiriladi.
Viloyatda kelgusi yilda paxtani qayta ishlash darajasini 100 foizga, ip-kalavani uch yilda bugungi 35 foizdan 70 foizga yetkazish boʻyicha yangi loyihalar ishlab chiqiladi.
Malayziyalik investorlarning 250 million dollar sarmoyasi hisobidan yiliga 63 ming tonna kaustik soda va xlor ishlab chiqaradigan kimyo zavodi quriladi.
Suvdan unumli foydalanish, meva-sabzavotchilik klasterlari tashkil etish, qovunchilikda "Xorazm navi" brendini yaratib, qovun yetishtirish va eksport qilishni koʻpaytirish boʻyicha vazifalar belgilandi.
Sayyohlik salohiyatini kengaytirish maqsadida Shovot kanalining ikki yonida kichik turizm zonasini, Xivada "Xorazm xonlari shaharchasi"ni tashkil etish boʻyicha topshiriq berildi.
Davlatimiz rahbari milliy sanʼatimizni tarannum etish, xorijliklarni yurtimizga jalb qilish maqsadida Xorazmda lazgi boʻyicha xalqaro festival oʻtkazishni taklif etdi. Bu tashabbusni xorazmliklar mamnuniyat bilan qoʻllab-quvvatladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatiga ilgari kelganida Urganch shahrida Jaloliddin Manguberdi memorial bogʻi tashkil etish boʻyicha koʻrsatma bergan edi. Shunga muvofiq loyiha taklifi tayyorlanib, bu galgi tashrif chogʻida namoyish qilindi.
Prezidentimiz haykalning xomaki nusxasini sinchiklab koʻrdi. Mazkur yodgorlik mahobatli boʻlishi, uzoqdan ham yaqqol koʻzga tashlanib turishi zarurligini taʼkidladi.
Bogʻ uchun moʻljallanayotgan maydon mutasaddilar bilan muhokama qilindi.
Jaloliddin Manguberdi – buyuk sarkarda bobomiz, millatimizning faxru gʻururi. Unga bagʻishlangan maydon shunga yarasha katta, mazmunli boʻlishi kerak. Bogʻ boʻylab Manguberdining ozodlik uchun kurashi, janglari haqida lavhlar oʻrnatilishi zarur. Bu yerga kelgan odam faqat haykalni koʻrmay, oʻziga bilim, kuch-qudrat olsin, sayyohlar tariximizni oʻrgansin, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Loyihani qaytadan puxta ishlab chiqish, transport harakati uchun qulayliklarni inobatga olish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Davlatimiz rahbarining Xorazm viloyatiga safari yakunlandi.