Jizzaxlik yo'lsozlar faoliyatidan
"O'zbekiston 24" telekanalida namoyish etilgan ko'rsatuv Jizzax viloyati yo'lsozlari faoliyatiga bag'ishlandi.
Bugungi kunda Baxmal tumanida umumiy uzunligi 1137 km dan ortiq avtomobil yo'llari bo'lib, shundan 280 km umumiy foydalanishda. Jumladan, uning 129 km – davlat, 151 km esa – mahalliy ahamiyatiga ega. Ayni paytda tumanga kiraverishdagi "O'smat-Baxmal qishlog'i" avtomobil yo'lining 35 kilometrlik qismida joriy ta'mirlash ishlari olib borilmoqda. Tumanning O'smat shaharchasi, Alamlik va Kildon qishloqlaridan o'tuvchi avtomobil yo'lining 12 kilometrlik qismi esa to'liq asfaltlanmoqda, – deyiladi ko'rsatuvda.
"Olis yo'l – otni, og'ir yo'l – mardni sinar" degan maqolni biroz mulohazalarimizga moslasak, bu yo'llarning yaxshilanishi – ayniqsa, haydovchilar uchun yaxshigina qulaylik bo'lishi turgan gap. Yo'llarni ravon qilish va uning atrofida turli infratuzilma ob'ektlarini tashkil etish, tabiiyki, aholining turmush farovonligiga ham o'zining ijobiy ta'sirini ko'rsatadi.
"Obod qishloq" dasturi doirasida tumanning Oqtosh QFY, Do'stlik MFY da ham yo'llarni ta'mirlash ishlari boshlab yuborilgan. Yana bir muhim jihat. Joriy yilda davlat rahbarining Jizzax viloyatiga tashrifi doirasida hudud imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda ekoturizmni rivojlantirish, xususan yurtdoshlarimiz va xorijlik sayyohlarni Zomin turistik zonasiga jalb etish maqsadida bu manzilga olib boruvchi yo'llar va uning atrofini obodonlashtirish bo'yicha topshiriqlar berilgan edi.
Ayni kunlarda umumiy uzunligi 182 km bo'lgan "Dashtobod-Zomin-Baxmal-G'allaorol shaharchasi" avtomobil yo'lining Baxmal tumani hududidan o'tuvchi deyarli 40 km lik qismida joriy ta'mirlash ishlari bosqichma-bosqich olib borilmoqda.
Shundan so'ng ko'rsatuvda G'allaorol tumanidagi ishlar to'g'risida hikoya qilinadi.
Bugungi kunda tumand¬¬¬a 1325 km avtomobil yo'llari bo'lib, shundan 302 km umumiy foydalanishda. Yo'lning 30 km xalqaro, 176 km davlat, 96 km esa mahalliy ahamiyatiga ega. Ayni paytda yuqorida to'xtalib o'tganimiz - Zomin turistik zonasiga olib boruvchi 182 km uzunlikdagi "Dashtobod-Zomin-Baxmal-G'allaorol" avtomobil yo'lining G'allaorol tumanidan o'tadigan qismi aniqroq aytsak, 166 va 182 km lar oralig'ida ta'mirlash ishlari yakuniga yetkazildi. M39 – "Olmaota-Bishkek-Toshkent-Shahrisabz-Termiz" yo'nalishining tuman hududidan o'tuvchi yo'lida esa qizg'in ish jarayoni ketmoqda.
Ko'rsatuv bilan to'liq ravishda ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin.
Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasi
matbuot xizmati