Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Mamlakatimizda Birinchi Prezidentimizni xotirlash tadbirlari bo'lib o'tdi

8871 28-Iyul, 2017 Chop etish Yuklab olish (PDF 22 Kb)


Bugun – Vatanimiz mustaqilligining 26-yillik bayrami arafasida yurtimizning barcha hududlarida Birinchi Prezidentimiz, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug'aniyevich Karimovni xotirlash tadbirlari bo'lib o'tdi. 

Milliy urf-odatimizga binoan ushbu marosimlarda elga osh tortildi. Birinchi Prezidentimiz xotirasiga Qur'on tilovat qilinib, duoi fotiha o'qildi. 

Toshkent shahrida bo'lib o'tgan ana shunday marosimda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi. 

Xotira tadbirlarida vatandoshlarimiz, keng jamoatchilik vakillari Islom Karimovning mustaqil O'zbekiston davlatini barpo etish borasidagi buyuk xizmatlarini yana bir bor esga oldilar. 

Xalqimiz o'zining istiqlol yillarida erishgan barcha olamshumul yutuqlari va natijalarini haqli ravishda Birinchi Prezidentimiz nomi va faoliyati bilan uzviy bog'liq, deb hisoblaydi. Islom Karimov nafaqat O'zbekiston, balki jahon miqyosida ham katta hurmat va obro'-e'tiborga sazovor bo'lgan ulkan shaxs va arbob sifatida tanilgan edi. 

Islom Karimov 1991-yil 31-avgust kuni Vatanimiz mustaqilligini e'lon qildi va g'oyat qaltis, tahlikali bir vaziyatda og'ir qiyinchilik va sinovlarga qaramasdan, tarixan qisqa davrda O'zbekistonni jadal va barqaror sur'atlar bilan rivojlanayotgan zamonaviy demokratik davlatga aylantirdi. 

Islom Abdug'aniyevich o'z faoliyati, butun ongli hayotining ma'no-mazmuni bo'lgan "Bizdan ozod va obod Vatan qolsin!" degan ezgu g'oyani ilgari surdi va bu shior barchamizning, butun xalqimizning qalbidan chuqur joy oldi. Ulug' Yo'lboshchimiz ana shu buyuk vazifani hamma vaqt, har qanday vaziyatda ham sharaf bilan ado etdi, bu yo'lda beqiyos kuch-g'ayrati va aql-zakovatini, kerak bo'lganda, hatto aziz jonini ham ayamadi. U butun umr "Elim deb, yurtim deb yonib yashash kerak" degan da'vatga amal qilib, kelajak avlodlar uchun buyuk ibrat maktabini yaratib ketdi. 

Ko'p millatli O'zbekiston xalqining qalbidan chuqur joy olgan Birinchi Prezidentimizning so'nmas xotirasini abadiylashtirish bo'yicha o'tgan davr mobaynida yurtimizda katta ishlar amalga oshirildi. 

Xususan, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Birinchi Prezidentimiz siymosi tasvirlangan haykallarni yaratish, ulug' Yo'lboshchimiz xotirasini abadiylashtirish, Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma'rifiy yodgorlik majmuasini tashkil etish bo'yicha muhim qarorlari qabul qilindi. 

Yurtimizda Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi tuzildi. Xalqimizning samimiy tilaklari va xohish-irodasidan kelib chiqib, mamlakatimizdagi yirik muassasa va obyektlar, Qoraqalpog'iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi markaziy ko'chalarga Islom Karimov nomi berildi. 

Yaqin vaqt ichida poytaxtimizdagi Oqsaroy qarorgohida Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma'rifiy memorial majmua, Samarqand shahridagi Islom Karimov dafn etilgan hududda maqbara, shuningdek, Toshkent, Samarqand va Qarshi shaharlarida Birinchi Prezidentimizning muhtasham haykallari tantanali ravishda ochilishi kutilmoqda. 

O'zining noyob iste'dodi, doimo uzoqni ko'zlab ish yuritishi, donishmandlik, mardlik va olijanoblik fazilatlari bilan barchamiz uchun el-yurtga cheksiz mehr va sadoqat timsoli bo'lib qolgan Islom Karimovning yorqin xotirasi xalqimizni doim yuksak maqsad va marralar sari ruhlantiradi. 

O'zA

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali