Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Matbuot anjumani haqida

10378 20-Fevral, 2019 Chop etish Yuklab olish (PDF 27 Kb)


O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi press-xollida – Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo'llari qo'mitasi hamda Yo'l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspektsiyasi tomonidan "O'zbekistonda avtomobil yo'llari qurilishi: yutuq va muammolar" mavzusida matbuot anjumani o'tkazildi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-fevraldagi "Yo'l xo'jaligini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi Farmoniga asosan tashkil etilgan hamda 2019-yil 1-fevralga qadar rasman faoliyat yuritgan O'zbekiston Respublikasi Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasiga – avtomobil yo'llari sohasida yagona texnik siyosatni olib borish, avtomobil yo'llari tarmoqlarini rivojlantirish va takomillashtirish istiqbollarini belgilash, avtomobil yo'llarining xalqaro tranzit yo'laklarini shakllantirish hamda boshqa vazifalari va faoliyat yo'nalishlari yuklatilgan edi.

Mamlakatimiz Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi "O'zbekiston Respublikasi transport vazirligi faoliyatini tashkil etish to'g'risida"gi qaroriga binoan O'zbekiston Respublikasi Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasi – O'zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo'llari qo'mitasi sifatida qayta tashkil etildi.

O'zbekistondagi jami avtomobil yo'llar tarmog'i qariyb 184 ming km uzunlikda bo'lib, undan 42.676 kilometri – umumiy foydalanishdagi avtomobil yo'llari, 116.560 km - ichki xo'jaliklararo, qishloq, shahar va ovullarning avtomobil yo'llari, 24.750 km esa - idoraviy inspektorlik yo'llari tarmog'i hisoblanadi.

O'tgan 2018-yil davomida mamlakatimizda Investitsiya dasturiga asosan 280 km uzunlikdagi umumiy foydalanuvda bo'lgan avtomobil yo'llarida qurish va rekonstruktsiya qilish ishlari bajarildi. Misol tariqasida xalqaro ahamiyatdagi M-39 avtomobil yo'lining – Surxondaryo viloyatidan o'tuvchi 100 km va Jizzax viloyati hududidagi 26 km qismlarida, A-380 avtomobil yo'lining – Buxoro viloyati hududidan o'tuvchi 40 km hamda Qoraqalpog'iston Respublikasi hududidan o'tuvchi 24,5 km uchastkalarida, A-373 avtomobil yo'lining Andijon viloyati hududidan o'tuvchi 10,5 km qismida amalga oshirilgan rekonstruktsiya ishlarini sanab o'tish mumkin. 

To'la ta'mirlash dasturiga asosan 145,1 km umumfoydalanuvda bo'lgan avtomobil yo'llarida kapital ta'mirlash ishlari bajarildi.

Joriy ta'mirlash va saqlash ishlari dasturiga asosan 3 252 km umumiy foydalanuvdagi avtomobil yo'llarida joriy ta'mirlash va saqlash (ekspluatatsiya) ishlari bajarildi.

Mintaqaviy avtomobil yo'llari holatini zarur darajaga keltirish va ularni ekspluatatsiya qilish xususiyatlarini oshirish orqali yo'l-transport infratuzilmasini yanada takomillashtirish, aholining hayot faoliyati uchun, ayniqsa, qishloq joylarda qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlarini va hududlarini istiqbolli rivojlantirish bo'yicha ham sezilarli ishlar amalga oshirildi. Xususan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-fevraldagi "2017-2018-yillarda mintaqaviy avtomobil yo'llarini rivojlantirish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarori ijrosi yuzasidan 2018-yil davomida 3 245,1 km uzunlikda mintaqaviy avtomobil yo'llari ta'mirlandi.

2018-yilda – "Obod qishloq" davlat dasturi bo'yicha 2 538,5 km ichki xo'jaliklararo avtomobil yo'llari, "Obod mahalla" davlat dasturi bo'yicha esa 416,5 km shahar ko'chalari va namunali uy-joylarga olib boradigan yangi yo'llarda qurilish va ta'mirlash ishlari amalga oshirildi.

Bu ishlarni amalga oshirish uchun qo'mita tizimidagi korxonalarning moddiy texnik bazasini yanada mustahkamlash maqsadida 448 dona yangi turdagi yo'l qurilish texnikalari xarid qilindi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 11-sentyabrdagi "Avtomobil yo'llarining arxitektura-lanshaft qurilishi va ko'kalamzorlashtirish tizimini takomilashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarori asosida Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasi tarkibida "O'zyo'lko'kalamzorlashtirish" unitar korxonasi  va uning viloyatlardagi hududiy "Yo'lko'kalam" unitar korxonalari tashkil etildi. Natijada, 2018-yilning o'zida avtomobil yo'llari bo'ylab 606 726 dona turli manzarali daraxt va butalar ekildi, qo'shimcha ravishda 137 ta maxsus texnika va avtotransport vositalari sotib olindi.

2019-yilda ham yo'l xo'jaligida amalga oshirilayotgan ishlar jadal davom ettiriladi. Xususan, 2019-yilgi Investitsiya dasturiga asosan Respublika bo'yicha 100,5 km umumiy foydalanuvdagi avtomobil yo'llarida qurish va rekonstruktsiya ishlari amalga oshirilishi ko'zda tutilgan. 

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-yanvardagi "2017–2021-yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini "Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili"da amalga oshirishga oid davlat dasturi to'g'risida"gi Farmoni bilan 2019 yil davomida quriladigan, ta'mirlanadigan va rekonstruktsiya qilinadigan avtomobil yo'llari hamda ushbu maqsadlarga ajratiladigan mablag'lar belgilangan. Unga ko'ra joriy yil ichida mamlakatimizdagi 46,2 km – xalqaro, 18,7 km – davlat,  35,6 km – mahalliy ahamiyatdagi, shuningdek, 65 km – shahar ko'chalari, 60 km – namunaviy qishloq aholi punktlari va xizmat uylariga, 65 km – erkin iqtisodiy, kichik sanoat, iqtisodiy farm zonalarga olib boruvchi yo'llarni qurish, ta'mirlash va rekonstruktsiya qilish ishlari amalga oshiriladi.

Yil davomida  2 200 km umumfoydalanuvdagi avtomobil yo'llarida joriy ta'mirlash va saqlash (ekspluatatsiya) ishlari bajariladi.

2019-yilda Respublikadagi shahar ko'chalari va boshqa aholi punktlarining ichki yo'llarini kapital va joriy ta'mirlash ham ko'zda tutilmoqda. Jumladan, "Obod qishloq" davlat dasturi bo'yicha 5 200 km ichki xo'jaliklararo avtomobil yo'llari, "Obod mahalla" davlat dasturi bo'yicha 400 km shahar ko'chalarida qurilish va ta'mirlash ishlari olib borish ko'zda tutilmoqda. Bulardan tashqari, hukumat topshiriqlari va tasdiqlangan "Yo'l xaritalari"ga asosan 1 200 km ichki yo'llar ta'mirlanishi ham belgilangan.

Matbuot anjumani davomida ommaviy axborot vositalari vakillarini qiziqtirgan ko'plab savollarga javob berildi.

Avtomobil yo'llari qo'mitasi

matbuot xizmati

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali