Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Matbuot anjumani o'tkazildi

9752 24-Aprel, 2017 Chop etish Yuklab olish (PDF 1518 Kb)


2017 yilning 24 aprel kuni Milliy matbuot markazida O'zbekiston Respublikasi Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun "Ravon avtomobil yo'llari – inson manfaatlarining muhim omili" mavzuida matbuot anjumani o'tkazildi. 

Respublikamizdagi jami avtomobil yo'llar tarmog'i 184 ming km uzunlikda bo'lib, undan 42695 kilometri – umumiy foydalanishdagi avtomobil yo'llaridir (2755 km uzunlikdagi "O'zbek milliy avtomagistrali" ham shu tarkibga kiradi). Bundan tashqari, shahar ko'chalari (7126 km), tuman markazlari ko'chalari (12529 km), qishloq aholi punktlari ko'chalari (64839 km), ichki xo'jalik yo'llari (32066 km) hamda korxona va tashkilotlarning idoraviy yo'llari (24745 km) ham mavjud.


2007 yil oktyabrda qabul qilingan "Avtomobil yo'llari to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi Qonuniga asosan Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasining asosiy faoliyati maxsus vakolatli organ sifatida - umumiy foydalanuvdagi avtomobil yo'llarini rivojlantirish bo'yicha davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish vazifalariga qaratilgan. 

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 fevraldagi "Yo'l xo'jaligini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi Farmoniga asosan Avtomobil yo'llari qurish va foydalanish davlat-aktsiyadorlik kompaniyasi ("O'zavtoyo'l" DAK) tugatilib, O'zbekiston Respublikasi Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasini tashkil etildi.

Avtomobil yo'llarini boshqarish bo'yicha maxsus vakolatlarga ega bo'lgan davlat organi sifatida Davlat qo'mitasining asosiy vazifalari va faoliyat yo'nalishlari etib - avtomobil yo'llari sohasida yagona texnik siyosatni olib borish, avtomobil yo'llari tarmoqlarini rivojlantirish va takomillashtirish istiqbollarini belgilash, avtomobil yo'llarining xalqaro tranzit yo'laklarini shakllantirish, avtomobil yo'llari sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish va boshqa vazifalar belgilandi.


Farmonda, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Yo'l-qurilish ishlarining sifati ustidan nazorat olib boradigan Davlat inspektsiyasini tashkil etish nazarda tutilgan edi. Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 31 martdagi qaroriga binoan bevosita hukumatga bo'ysunuvchi hamda Respublikadagi yo'l qurilishini nazorat qiluvchi vakolatli davlat organi ham tashkil etildi.

Farmonga muvofiq, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo'l jamg'armasi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bo'ysundirildi.


Mintaqaviy avtomobil yo'llarining yo'l qoplamalari holatini zarur darajaga keltirish va ularni ekspluatatsiya qilish xususiyatlarini oshirish orqali yo'l-transport infratuzilmasini yanada takomillashtirish, aholining hayot faoliyati uchun, ayniqsa, qishloq joylarda qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlarini va hududlarini istiqbolli rivojlantirish maqsadida 2017 yilning 14 fevral kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidentining "2017-2018 yillarda mintaqaviy avtomobil yo'llarini rivojlantirish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarori qabul qilindi. 

Mazkur Dasturda 2017-2018 yillarda 5454 kilometr, jumladan, 2017 yilda – 2700 kilometr, 2018 yilda – 2754 kilometr xo'jaliklararo qishloq avtomobil yo'llari, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloq va ovullarning ko'chalarini kapital va joriy ta'mirlash, bu ishlarni bajarish uchun mintaqaviy yo'llarni ta'mirlashga ixtisoslashtirilgan tashkilotlarni 330 ta yo'l texnikasi bilan ta'minlash, ichki yo'l va ko'chalarni bosqichma-bosqich xatlovdan o'tkazish hamda ularni pasportlashtirish, bu boradagi ishlar natijalari bo'yicha elektron ma'lumotlar bazasini yaratish vazifalari ko'zda tutilgan.


Jumladan, ikki yil davomida Qoraqalpog'iston Respublikasi bo'yicha 295 kilometr, Andijon viloyati bo'yicha – 324 kilometr, Buxoro viloyati bo'yicha – 439 kilometr, Jizzax viloyati bo'yicha – 222 kilometr, Qashqadaryo viloyati bo'yicha – 679 kilometr, Navoiy viloyati bo'yicha – 216 kilometr, Namangan viloyati bo'yicha – 309 kilometr, Samarqand viloyati bo'yicha – 479 kilometr, Surxondaryo viloyati bo'yicha – 535 kilometr, Sirdaryo viloyati bo'yicha – 267 kilometr, Toshkent viloyati bo'yicha – 516 kilometr, Farg'ona viloyati bo'yicha – 520 kilometr, Xorazm viloyati bo'yicha – 321 kilometr va Toshkent shahri bo'yicha – 332 kilometr yo'llar va ko'chalarni ta'mirlash vazifasi qo'yilgan. 


Bugungi kunda hududlardagi mahalliy hokimliklar bilan birgalikda tasdiqlangan manzilli dasturlar asosida ushbu vazifalar bajarilmoqda. Xususan, joriy yil boshidan to shunga qadar - Qoraqalpog'iston Respublikasi bo'yicha 103,6 km, Andijon viloyatida – 128,3 km, Buxoro viloyatida – 94,3 km, Jizzax viloyatida – 77,3 km, Qashqadaryo viloyatida – 81,4 km, Navoiy viloyatida – 77,4 km, Namangan viloyatida – 70,6 km, Samarqand viloyatida – 99,5 km, Surxondaryo viloyatida – 85,8 km, Sirdaryo viloyatida – 87,7 km, Toshkent viloyatida – 97,6 km, Farg'ona viloyatida – 152,6 km, Xorazm viloyatida – 73,6 km va Toshkent shahrida – 25,9 km, Respublika bo'yicha esa jami 1255,6 km ichki yo'llar va ko'chalar ta'mirlandi. Ushbu ta'mirlash ishlari bugungi kunda ham jadal sur'atlarda davom etmoqda.

Qo'mita va uning tarkibidagi korxona va tashkilotlar tomonidan, yuqorida qayd etilganlardan tashqari, umumiy foydalanuvdagi, xalqaro, davlat va mahalliy ahamiyatda bo'lgan avtomobil yo'llaridagi yo'l qurilish va ta'mirlash ishlari davom ettirib kelinmoqda. 


Jumladan, 2017 yilning o'tgan 1-choragi davomida Investitsiya dasturi bo'yicha 59,7 mlrd. so'mlik rekonstruktsiya ishlari, kapital ta'mirlash dasturi bo'yicha 9,4 mlrd. so'mlik, joriy ta'mirlash va saqlash ishlari bo'yicha esa 195,3 mlrd. so'mlik miqdoridagi bajarildi. 710 kilometrdan ortiq umumiy foydalanuvdagi avtomobil yo'llari holati yaxshilandi.

Matbuot anjumanida qo'mita rahbariyati hamda bo'linma boshliqlari jurnalistlarni qiziqtirgan barcha savollarga javob qaytarishdi.

Qo'mita raisning o'rinbosari bosh-muxandis:O. Adilovning ma'ruzasi

Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasi

matbuot xizmati

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali