Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashi majlisi to'g'risida axborot

7792 8-Aprel, 2017 Chop etish Yuklab olish (PDF 25 Kb)


Toshkent shahrida 7-aprel kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi majlisi bo'lib o'tdi. 

Majlisda Armaniston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Edvard Nalbandyan, Belarus Respublikasi tashqi ishlar vaziri Vladimir Makey, Qozog'iston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Kayrat Abdraxmanov, Qirg'iziston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Erlan Abdildayev, Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Tojikiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Aslov, O'zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Moldova Respublikasi tashqi ishlar va Yevropa bilan integratsiya vaziri o'rinbosari Lilian Dariy, Ozarbayjon Respublikasi tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Xalaf Xalafov, Turkmaniston tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Vepa Xajiyev va MDH Ijroiya qo'mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev ishtirok etdi. 

Majlisga Rossiya tomoni raislik qildi. 

Delegatsiyalar rahbarlari tashkilot faoliyatining turli yo'nalishlaridagi hamkorlikning hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari, xalqaro va mintaqaviy masalalarni hal etishdagi uning roli va ahamiyatini oshirishni muhokama qildi. 

Tadbirda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish hamda MDH davlatlarining barqaror rivojlanishini ta'minlashning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi. 

Kun tartibiga ko'ra, MDH davlatlari tashqi siyosat idoralari rahbarlari tomonidan 15 hujjat ko'rib chiqildi. Ulardan 9 tasi shu yilning oktabr oyida bo'lib o'tadigan Hamdo'stlikning Davlat rahbarlari kengashi va may oyida o'tkaziladigan Hukumat rahbarlari kengashi muhokamasiga kiritiladi. 

Hujjatlar Hamdo'stlik mamlakatlarining tashqi siyosat, huquqiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorligi masalalarini qamrab olgan. 

Ishtirokchilar xristian, musulmon va boshqa konfessiyalarni kamsitish va ularga nisbatan murosasiz munosabatda bo'lishga yo'l qo'ymaslik to'g'risidagi Bayonotni qabul qildi. Hujjatda diniy mansublik va e'tiqodiga asoslangan holda ayrim shaxslarga nisbatan murosasiz munosabatda bo'lish, kuch ishlatish va terrorchilik harakatini amalga oshirish holatlari davom etayotganligi sababli xavotir bildirilgan. Xristian, musulmon va boshqa konfessiya vakillariga nisbatan murosasizlik qilish, ularni kamsitish, kuch ishlatish hamda terrorchilik harakatlarining barcha ko'rinishlari qat'iy qoralanadi. Tomonlar xalqaro hamjamiyatning mazkur yo'nalishdagi pozitsiyalarini birlashtirish bo'yicha sa'y-harakatlarni yanada olg'a surish maqsadini bildirdi. 

TIV rahbarlari kvotalar taqsimoti, Ijroiya qo'mitasi raisi – Ijrochi kotib o'rinbosarlarini va MDH bosh qarorgohidagi boshqa mansabdor shaxslarni kvota asosidagi amallarga tayinlash va almashtirish to'g'risidagi MDH Ijroiya qo'mitasining axborotini tingladi. 

Davlat rahbarlari kengashida ko'rib chiqish uchun kiritiladigan MDH davlatlarining jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg'in qurollarini tarqatishga qarshi kurashish sohasidagi hamkorligi Konsepsiyasi hamda jinoiy ishlarning moddiy dalillari bo'lgan narkotik va psixotrop moddalar hamda ularning prekursorlarini, o'qotar qurollar, ularning asosiy qismlari, o'q-dorilar, portlovchi moddalar va portlovchi qurilmalarni topshirish tartibi to'g'risidagi Bayonnoma loyihalari ma'qullandi. 

2018-yilda "Hamdo'stlikning madaniy poytaxti" davlatlararo dasturini amalga oshirish, MDH mamlakatlarining qurolli kuchlari metrolog mutaxassislarini hamda moliyaviy tergov organlari uchun kadrlar tayyorlash bo'yicha ayrim ta'lim va akademik muassasalarga asosiy tashkilot maqomini berish masalalari muhokama qilindi. 

Majlis konstruktiv muhitda va hamjihatlik ruhida o'tdi. 

Ishtirokchilar TIVK yig'ilishini yuqori darajada tashkil etganligi va Toshkent shahrida o'tkazilgan tadbir davomidagi an'anaviy samimiy mehmondo'stlik uchun O'zbekiston Respublikasiga minnatdorlik bildirdi. 

TIVK yig'ilishi doirasida ishtirokchi davlatlar tashqi siyosat idoralari rahbarlarining ikki tomonlama uchrashuvlari o'tkazildi. 

MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi majlisi 2017-yil 10-oktabr kuni Moskva shahrida bo'lib o'tadi. 

O'zbekiston Respublikasi

Tashqi ishlar vazirligi

Matbuot xizmati

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali