Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Mirziyoev: "Bizni yo'l qurilishidagi ishlar ahvoli ham qoniqtirmaydi"

7764 17-Yanvar, 2017 Chop etish Yuklab olish (PDF 21 Kb)


O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev o'zining mamlakatimizni 2016 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017 yilga mo'ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo'nalishlariga bag'ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma'ruzasida shu kabi fikrlarni bildirdi: 

"Bizni yo'l qurilishidagi ishlar ahvoli ham qoniqtirmaydi. Moliya vazirligi va uning Yo'l jamg'armasi aybi bilan mablag'larning keskin yetishmasligi doim sezilib turibdi. Bitumni barqaror yetkazib berish masalasi hal etilmagan. O'g'irliklar tugamayapti. Kadrlar qo'nimsizligi yuqori.... 

... Hayotning o'zi va o'tgan yillar tajribasi hududlarni kompleks rivojlantirishni va infratuzilma faoliyatini tubdan o'zgartirishni ta'minlashdagi jiddiy kamchiliklarni bartaraf etishni talab qilmoqda. Shu sababli Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Bosh vazirning birinchi o'rinbosari rahbarlik qiladigan yangi kompleks va departament tashkil etildi. Ularning bosh vazifasi quyidagi ikki yo'nalish bo'yicha barqaror ishlaydigan tizimni tashkil etishdir: 

birinchi – tumanlar, shaharlar, viloyatlar va Qoraqalpog'iston Respublikasidagi kechiktirib bo'lmaydigan va istiqbolli vazifalarni amalga oshirish yuzasidan hokimlik va tarmoqlarni boshqarish organlarining kuch va harakatini aniq muvofiqlashtirish. Maqsad – iqtisodiyot va ijtimoiy sohadagi, eng muhimi, odamlarning hayot darajasidagi jiddiy tafovutni bartaraf etishdir; 

ikkinchi – yo'l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va modernizatsiya qilish bo'yicha dasturlarning prognoz parametrlarini ishlab chiqish va amalga oshirishni nazorat qilish hamda ularga erishish. 

Yakuniy maqsad – iqtisodiyot tarmoqlari uchun ishonchli infratuzilmani shakllantirish, shahar va qishloq aholisiga qulay shart-sharoit yaratib berishdir. 

O.Ramatovning e'tiborini shaxsan undan va ikkita departamentdan talab etiladigan quyidagi vazifalarga qarataman: 

birinchidan, kompleks tarkibiga kiradigan barcha idoralarning samarali faoliyat yuritishini ta'minlash. Pala-partish takliflarni berish va shoshma-shosharlik bilan qarorlar qabul qilish kerak emas. Yaqinda shu sabablarga ko'ra Orolbo'yi muammolarini hal etish bo'yicha kompleks dasturni qaytarishga majbur bo'ldim. Bu kabi xatoliklar takrorlanmasligi shart; 

ikkinchidan, 14 ta hududda saylovchilar bilan uchrashuvda ko'tarilgan yirik muammoli masalalarni hal etishga doir qarorlar loyihalarini ishlab chiqishni yaqin vaqt ichida yakunlash va taqdim etish zarur; 

uchinchidan, 2017-2021 yillarga mo'ljallangan 12 ta ijtimoiy va infratuzilma dasturini amalda bajarish. Shundan 8 ta dastur tasdiqlangan. Yaqin vaqt ichida transport va savdo xizmatini yaxshilash, avtomobil yo'llarini va ichimlik suv ta'minoti tizimini rekonstruktsiya qilish bo'yicha hujjatlar to'plamini qayta ishlab chiqib, taqdim etish kerak. 

Kun tartibida Uy-joy va kommunal xizmat vazirligini tashkil etish masalasi ham turibdi. Ana shu loyihalarni tasdiqlash jarayoni siz tomoningizdan asossiz ravishda cho'zib yuborildi; 

to'rtinchidan, mamlakatimiz hududlariga salmoqli investitsiyalarni kiritishga doir muammolarga alohida e'tibor qaratish zarur. Shu sababli tajriba loyihasi tariqasida Milliy bank misolida quyidagi tizimni joriy etish bo'yicha taklif kiritaman. 

Bank investitsiya faoliyatiga o'z mablag'lari bilan birga, tashqaridan moliyalashtirish manbalarini jalb etish bo'yicha chora-tadbirlar ishlab chiqishi kerak. Bank rahbari S.Rahimov bugun o'z takliflarini berishi lozim ", - dedi jumladan Shavkat Mirziyoev.

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali