Namangan viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi
26 noyabr kuni xalq deputatlari
Namangan viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo'lib o'tdi. Unda O'zbekiston
Respublikasi Prezidenti Islom Karimov nutq so'zladi.
Majlisda kun tartibidagi asosiy masalaga o'tishdan
oldin Namangan viloyatidagi bugungi ahvol, turli soha va tarmoqlarda amalga oshirilayotgan
muhim o'zgarishlar haqida atroflicha fikr yuritildi.
Namangan viloyati, butun yurtimiz qatori, so'nggi
yillarda katta rivojlanish yo'lini bosib o'tdi. Bu fikrning tasdig'i sifatida ko'p-ko'p
raqam va misollarni olib kelish mumkin.
Agar faqatgina joriy yilning 9 oylik yakunlarini
tahlil qiladigan bo'lsak, yalpi hududiy mahsulot 9 foiz, sanoat 17 foiz, qishloq
xo'jaligi 5 foizdan ziyod, qurilish ishlari qariyb 12 foiz, chakana va pullik xizmatlar
13 foizdan ortiq o'sgani albatta e'tiborga loyiq.
Aytish joizki, Namangan viloyatini ham ijtimoiy,
ham iqtisodiy nuqtai nazardan rivojlantirish masalasi davlatimiz, hukumatimizning
e'tibor markazida bo'lib kelmoqda.
Bu haqda so'z yuritar ekanmiz, 2009 yili qabul qilingan,
Namangan shahrining me'moriy qiyofasini tubdan yaxshilash, ijtimoiy infratuzilma
va kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish va shu asosda shahar aholisining hayot
darajasi va sifatini oshirishga qaratilgan dastur doirasida bajargan ulkan ishlarimiz
barchangizga yaxshi ma'lum, deb o'ylayman, dedi Islom Karimov. Ushbu dasturga muvofiq
140 ga yaqin yangi ob'ektlar ishga tushirilib, barcha manbalar hisobidan qariyb
325 milliard so'm mablag' o'zlashtirildi. Eng muhimi, bunday keng ko'lamli qurilish
va obodonchilik ishlari viloyatning barcha shahar va tumanlarida jadal amalga oshirilmoqda.
Sessiyada Namangan viloyatida o'tgan davr mobaynida
erishilgan yutuq va marralar qatorida ko'pgina yo'nalishlarda, soha va tarmoqlarda
kamchiliklar, aytish mumkinki, oqsoqlik holatlari mavjud ekani qayd etilib, ularning
sabablari keng tahlil etildi.
Viloyat aholisining hayotiy ehtiyoj va manfaatlarini
ta'minlash, katta umid bilan hayotga qadam qo'yayotgan yoshlarimizning yo'lini ochib
berish, viloyat va tumanlarda boshqaruv ishlarining samarasini oshirish nuqtai nazaridan
ko'zga tashlanadigan nuqsonlar, xulosa chiqaradigan masalalar haqida ochiq fikr
almashib olindi.
Ayni vaqtda viloyatda mavjud bo'lgan juda katta
imkoniyatlar ishga solinmayotgani, eng tashvishli tomoni – ko'p yo'nalishlar bo'yicha
Namangan boshqa viloyatlardan orqada qolayotganini ko'rib, afsuslanishga to'liq
asoslar borligi aytib o'tildi.
Davlatimiz rahbari o'z nutqida viloyatda oxirgi
yillarda iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining amalga oshirilishi natijasida subventsiya,
ya'ni markaz byudjetidan yordam ulushi kamaygan bo'lsa-da, uning hajmi haligacha
yuqori darajada saqlanib qolayotganiga alohida e'tibor qaratdi. Bugungi kunda mahalliy
xarajatlarning 41 foizi mamlakatimiz byudjeti hisobidan qoplanib kelayotgani ham
bu fikrni tasdiqlaydi. Eng achinarlisi, viloyatdagi 11 ta tumandan 10 tasida bu
ko'rsatkich 60 foizdan oshib ketgan. Ayniqsa, Kosonsoy, To'raqo'rg'on, Uychi, Yangiqo'rg'on
tumanlarida bu masala o'ta dolzarb bo'lib qolmoqda.
Majlisda viloyatda ma'muriy-hududiy tuzilish masalasida
yuzaga kelgan jiddiy muammolar haqida ham atroflicha fikr yuritildi. Ba'zi joylarda
qaerda shahar, qaerda tuman boshlanadiyu qaerda tugashini aniq bilib bo'lmaydi.
Bu borada, ayniqsa, Namangan tumani va Namangan shahrining ma'muriy chegarasini
qaytadan ko'rib chiqish talab etiladi.
Amaldagi chegaralar shunday o'tkazilganki, shaharning
rivojlanishi uchun zaxira yerlar nazarda tutilmagan va buning oqibatida tuman va
shaharning yerlari tutashib ketgan. Eng yomoni, shahar va tumanlar rahbarlarining
hududlarni rivojlantirish masalasidagi mas'uliyati va javobgarligi aniq emas. Bu
masalani atroflicha ko'rib chiqib, uning amaliy yechimini topishimiz kerak.
Joriy yilda viloyatdagi 10 ta yirik sanoat korxonasida
mahsulot ishlab chiqarish hajmi 36 milliard so'mga kamaygan, aholi jon boshiga iste'mol
tovarlari ishlab chiqarish esa mamlakatimizdagi o'rtacha ko'rsatkichdan 1,7 barobar
orqada qolgan.
Eng yomoni, mavjud korxonalarning aksariyati to'la
quvvat bilan ishlamayapti. Bunga esa ishlab chiqarishga korporativ boshqaruv tizimini
joriy etish, menejment ishini to'g'ri yo'lga qo'yish, bu borada zamonaviy usullardan
foydalanish bo'yicha deyarli siljish yo'qligi sabab bo'lmoqda. Natijada buyurtma
portfeli nomiga shakllantirilmoqda, bir qator korxonalarning moliyaviy ahvoli yildan-yilga
yomonlashmoqda, ularning texnika va texnologiyalari eskiligicha qolmoqda.
Bugungi kunda viloyat bo'yicha 327 ta yoki jami
sanoat korxonalarining 10 foizi faoliyat ko'rsatmayotgani, 16 foizi esa past quvvat
bilan ishlayotganini afsus bilan qayd etishga to'g'ri keladi.
Bu boradagi ahvolni xolisona tahlil qilib aytadigan
bo'lsak, viloyatning ko'pgina tumanlarida xomashyo va ishchi resurslari, tegishli
infratuzilmalar yetarli bo'lishiga qaramasdan, zamonaviy sanoat korxonalari barpo
etish bo'yicha tashabbus va amaliy harakatlar deyarli sezilmayapti.
Shu munosabat bilan ilgari ham ko'p bor aytgan gapni
yana takrorlashga to'g'ri keladi – faqat paxta, g'alla va sabzavot yetishtirish,
faqat agrar soha hisobidan yangi korxonalar, uy-joylar qurish, pensiya, nafaqa va
stipendiyalarni o'z vaqtida to'lash, ijtimoiy ehtiyojlarni bajarish, ko'payib borayotgan
aholimizni boqish mumkinmi, dedi Yurtboshimiz.
1991 yilda mamlakatimiz aholisi 20 million 500 ming
kishi bo'lgan bo'lsa, mustaqillik yillarida xalqimiz 1,5 karra o'sib, 31 milliondan
oshdi.
Hammamizga ma'lum, bizning yer va suv bo'yicha imkoniyatlarimiz
cheklangan. Agar mamlakatimizda yer va suv resurslari yetarli bo'lsa, O'zbekistonning
bugungi holati butunlay boshqacha bo'lardi. Yer ham, suv ham tanqis bo'lib, ekin
maydonlarining aksariyat katta qismi sho'rlangan, tuproq unumdorligi pasayib borayotgan
hozirgi murakkab bir sharoitda O'zbekiston dehqonlarining qahramonona mehnati, matonati,
chidamiga tan berib, ularning oldida har qancha ta'zim qilsak, arziydi, deb ta'kidladi
Prezidentimiz. Lekin takror va takror aytishni zarur deb bilaman. Bizning eng ustuvor
vazifamiz – bu tarkibiy o'zgarishlar siyosatini olib borish, sanoatni diversifikatsiya
qilish, ishlab chiqarishni texnik va texnologik modernizatsiya qilish, axborot-kommunikatsiya
tizimlarini keng joriy etish hisobidan iqtisodiyotimizning raqobatdoshligini oshirishdan
iborat.
Davlatimiz rahbari o'z nutqida ayni shu maqsadda
Namangan viloyatining sanoat salohiyati va infratuzilmasini keskin rivojlantirish
bo'yicha 2016-2019 yillarga mo'ljallangan maxsus dastur ustida boshlangan ishlar
o'z yakuniga yetayotganini ma'lum qilib, keng ko'lamli bu dastur haqida to'xtalib
o'tdi.
Mazkur dastur 5 ta asosiy yo'nalishdan iborat bo'lib,
birinchi yo'nalish Namangan viloyatida yangi sanoat ob'ektlarini barpo etishga qaratilgan
16 ta yirik investitsiya loyihasini o'z ichiga oladi. Bu haqda gapirganda, To'raqo'rg'on
issiqlik elektr stantsiyasini bunyod etish loyihasi haqida alohida so'z yuritish
o'rinlidir. Birinchi bosqichda, ya'ni, 2017 yilda har biri 450 megavatt quvvatga
ega ikkita eng zamonaviy bug'-gaz turbinasini ishga tushirish bo'yicha bugungi kunda
jadal ish olib borilmoqda. Ikkinchi bosqichda, ya'ni, 2020 yilda yana ikkita ana
shunday turbinani ishga tushirish ko'zda tutilmoqda.
Ana shu ulkan loyihalarni amalga oshirish hisobidan
biz nafaqat Namangan viloyati, balki butun Farg'ona vodiysining iqtisodiyoti hamda
aholining elektr energiyasiga bo'lgan ehtiyojini to'la qondirish, shu asosda yangi-yangi
ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish imkoniyatiga ega bo'lamiz.
Dasturning ikkinchi yo'nalishi viloyatda faoliyat
ko'rsatayotgan ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik
jihatdan qayta jihozlash bo'yicha 25 ta investitsiya loyihasini qamrab oladi. Ularning
orasida Namangan shahridagi "Elektr qurilmalari" aktsiyadorlik jamiyatining ishlab
chiqarish quvvatini oshirishga qaratilgan loyiha muhim o'rin tutadi. Shu asnoda
metall konstruktsiyalar va quyi voltli elektr asbob-uskunalari ishlab chiqarish
yo'lga qo'yiladi.
Uchinchi yo'nalish – mahalliy hokimiyat idoralari
va tadbirkorlik tuzilmalarining sanoat salohiyatini rivojlantirish va yangi ish
o'rinlarini yaratish bo'yicha tashabbuslari asosida tuzilgan bo'lib, unda 177 ta
loyiha o'rin olgan. Ularning orasida Uychi tumanida xorijiy investorlar bilan birgalikda
tashkil etiladigan ipak-trikotaj mahsulotlar korxonasi, Namangan shahridagi "Kamol-medfarm"
mas'uliyati cheklangan jamiyatida mahalliy shifobaxsh o'simliklardan dori-darmon
va in'ektsiya vositalari ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish, "FT tekstil grup" mas'uliyati
cheklangan jamiyatida esa paxta xomashyosidan ip-kalava va tayyor trikotaj mahsulotlari
ishlab chiqarish va boshqa istiqbolli loyihalar diqqatga sazovordir.
Dasturning yana bir muhim yo'nalishi – muhandislik
kommunikatsiyalari va ishlab chiqarish infratuzilmalarini qurishga doir bir qator
loyihalardan tashkil topgan. Shular qatorida Pop tumanida elektrlashtirilgan "Angren
– Pop" temir yo'li podstantsiyalarini elektr bilan ta'minlaydigan inshootlarni barpo
etish ko'zda tutilmoqda.
Shuningdek, viloyatdagi foydali qazilma konlarini
aniqlashga qaratilgan geologiya-qidiruv ishlarini bosqichma-bosqich amalga oshirish
va rivojlantirishga oid chora-tadbirlar ham mazkur hujjatning uzviy bir qismini
tashkil etadi. Bu borada foydali qazilma konlarini topish ehtimoli bo'lgan Pop,
Chust, Kosonsoy, Yangiqo'rg'on, Chortoq tumanlarida geologiya-qidiruv ishlarini
davom ettirish va ularning hududida yangi korxonalar qurish mo'ljallanmoqda.
Muxtasar qilib aytganda, ushbu dastur doirasida
kelgusi 4 yilda umumiy qiymati 5 milliard dollar bo'lgan 250 dan ziyod loyihani
joriy etish va shuning hisobidan 16 mingdan ortiq ish o'rnini yaratish mo'ljallanayotgani,
o'ylaymanki, bu sohada amalga oshiradigan ishlarimizning ko'lami va miqyosidan dalolat
beradi, dedi Prezidentimiz.
Bugungi kunda har qanday davlatning taraqqiyotini
iqtisodiyotning qon tomiri bo'lgan zamonaviy transport-kommunikatsiya tarmoqlarisiz
tasavvur etib bo'lmaydi. Bu borada Namangan viloyatida, butun Farg'ona vodiysida
qanday ulkan ishlarni amalga oshirayotganimizdan sizlar yaxshi xabardorsiz, albatta,
dedi davlatimiz rahbari. Ayniqsa, 123 kilometr uzunlikdagi "Angren – Pop" elektrlashtirilgan
temir yo'lining qurilishi O'zbekistonimiz hayotida ulkan tarixiy voqea bo'lishi
shubhasiz. Dengiz sathidan qariyb 1,5 ming metr balandlikda joylashgan, murakkab
tog' tizmalarini kesib o'tadigan, 19 kilometrdan ziyod tonnelni o'z ichiga oladigan,
xitoylik sheriklarimiz bilan hamkorlikda barpo etilayotgan ushbu noyob loyiha bo'yicha
hozirgi vaqtda 104 kilometr yo'l qurib bitkazildi.
Bu zamonaviy kommunikatsiya tarmog'i Farg'ona vodiysini
mamlakatimizning boshqa hududlari bilan temir yo'l orqali ishonchli bog'lash imkonini
beradi. Ayni vaqtda u Yevropa va Osiyo qit'alarini bir-biri bilan bog'laydigan transmilliy
transport yo'lagining eng muhim bo'g'iniga aylanishi bilan ham muhim strategik ahamiyatga
egadir.
Shuningdek, viloyatda yaqin 5 yil ichida 130 kilometrdan
ortiq avtomobil yo'llari, qator yo'l o'tkazgichlar, transport infratuzilmasi ob'ektlari
qurish rejalashtirilmoqda.
Bugungi kunda Namangan viloyatining aholisi qariyb
2 million 600 ming kishini tashkil etmoqda. Keyingi 5 yilda viloyat aholisining
soni 10 foizga o'sdi. Tabiiyki, hayot o'zgarishi bilan ana shu insonlarning talab
va ehtiyojlari, orzu-niyatlari, kerak bo'lsa, tashvish-muammolari ham ortib boradi.
Shu nuqtai nazardan qaraydigan bo'lsak, viloyatda aholining real daromadlari
2009 yilga nisbatan jon boshiga ikki barobar ko'paygani, shu davrda o'rtacha oylik
ish haqi qariyb ikki yarim marta, pensiya va ijtimoiy nafaqalar salkam uch marta
ortganini alohida ta'kidlash lozim.
Ayni paytda aholiga xizmat ko'rsatadigan
ijtimoiy infratuzilmalar tarmog'ini kengaytirish bo'yicha ham e'tiborga loyiq ishlar
qilinmoqda. Masalan, joriy yilda viloyatda 89 ta ijtimoiy soha va infratuzilma ob'ekti
foydalanishga topshirildi, ko'plab maktablar, bolalar sporti inshootlari, litseylar,
kasb-hunar kollejlari, oliy o'quv yurtlarida qurilish va rekonstruktsiya ishlari
amalga oshirildi. Shuningdek, viloyatning 34 ta qishloq aholi punktini ichimlik
suvi bilan ta'minlash yaxshilandi. Ana shu ishlarni izchil davom ettirish maqsadida
Namangan shahrida kelgusi yilda 40 kilometr uzunlikdagi ikkinchi suv tarmog'ini
qurish va ichimlik suvi tarmoqlarini modernizatsiya qilish ko'zda tutilmoqda.
Keyingi yillarda viloyatning qishloq
massivlarida namunaviy loyihalar asosida 4 mingdan ortiq uy-joy qurib foydalanishga
topshirildi. Mazkur massivlarda 216 kilometr ichimlik suvi tarmog'i, qariyb 100
kilometr elektr, 186 kilometr gaz tarmoqlari va 78 kilometr yo'l hamda 114 ta infratuzilma
ob'ekti barpo etilgani bu uylarda yashayotgan odamlar uchun qulay hayot sharoitlarini
tug'dirmoqda.
Kelgusi yilda viloyatda yana 911 ta
ana shunday zamonaviy uy-joylarni tegishli muhandislik va kommunikatsiya tarmoqlari
bilan birga barpo etish rejalashtirilgan bo'lib, bu qishloq aholisining turmush
farovonligini oshirishga xizmat qiladi.
Sessiyada tashkiliy masala ko'rildi. B.Yusupov Namangan
viloyati hokimi vazifasidan ozod qilindi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov
tavsiyasiga ko'ra, viloyatning Mingbuloq tumani hokimi vazifasida ishlab kelayotgan
Xayrullo Bozorov Namangan viloyati hokimi etib tasdiqlandi.