Namanganlik yo'lsozlarning bayram sovg'asi: Yangiqo'rg'on tumani markazida yangilangan ko'prik
Mustaqillikning qutlug' 25 yillik sanasi arafasida Namanganning barcha shahar va tumanlari bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari avjida. O'zining olmalari-yu, betakror tabiati bilan dong taratgan Yangiqo'rg'onda ham bugun bayram shukuhi ustuvor. Yurtboshimiz rahnamoliklarida olib borilayotgan iqtisodiy-ijtimoiy yo'nalishdagi chora-tadbirlar har bir tuman ahlini turmush farovonligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Umumiy foydalanishdagi davlat ahamiyatidagi 4P-118 "Jiydakapa-Uychi-Chortoq-Yangiqo'rg'on-Nanay-Qirg'iziston Respublikasi chegarasi" avtomobil yo'lining 32-kilometridagi, Yangiqo'rg'on shaharchasi markazida joylashgan ko'prikning qaytadan barpo etilganligi ham fikrimiz dalilidir. Ushbu hayrli ish uchun jami 2 milliard so'm mablag' sarf etildi.
Aslida ob'ektning topshirilishi 1 sentabrga rejalashtirilgan bo'lsa-da, qayta qurish ishlari muddatidan oldin yakunlanib, aholiga bayram tuhfasi sifatida taqdim etildi. Ko'prik avvalgidan ko'ra 4 metrga kengaytirildi va piyodalar yo'lakchasi yangi, zamonaviy ko'rinishga keltirildi.
Mazkur ob'ektning ochilish marosimi tuman faxriylari, yoshlar, jamoatchilik vakillari, yo'lsozlar ishtirok etdi. "Namanganavtoyo'l" hududiy yo'llardan foydalanish tashkiloti direktori O'.Muradov hamda tuman hokimi T.Rapiqovlar ochilish marosimi qatnashchilarini ushbu voqea bilan muborakbod etdilar. Ta'mirlash ishlarida jonbozlik ko'rsatgan yo'lsozlarga qimmatbaho sovg'alar topshirildi.
"O'zavtoyo'l" AK matbuot xizmati