Odamlarning hayotdan rozi boʻlib yashashi uchun barcha sharoitlarni yaratish – bosh maqsadimiz
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi islohotlar, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va yirik loyihalar bilan tanishish maqsadida 11 yanvar kuni Samarqand viloyatiga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari 2018 yil 17-18 mart kunlari viloyatga tashrifi chogʻida koʻplab istiqbolli loyihalar bilan tanishgan, tuman va shaharlarda qurilish-bunyodkorlik ishlari koʻlamini kengaytirish, sanoat, turizm, qishloq xoʻjaligi, xizmat koʻrsatish va servis sohalarini jadal rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish yuzasidan vazifalar belgilab bergan edi.
Oʻtgan vaqt mobaynida mazkur topshiriqlar ijrosi doirasida muayyan ishlar amalga oshirildi. Sanoat, qishloq xoʻjaligi, xizmat koʻrsatish va servis yoʻnalishlarida umumiy qiymati 1 ming 142 ta loyiha ishga tushirilib, 10 mingdan ortiq yangi ish oʻrni yaratildi.
2018 yilda Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy kompleks rivojlantirish dasturi doirasida sanoat yoʻnalishida jami 88 ta loyiha amalga oshirilib, 1 trillion 322 milliard soʻmdan investitsiyalar oʻzlashtirildi. Toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar hajmi 58 million 267 ming dollarni tashkil etdi.
Prezidentimiz Samarqand viloyatiga tashrifini Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qilishdan boshladi. Qurʼon tilovat qilindi.
Maʼlumki, 2016 yili Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi ochilish marosimida davlatimiz rahbari Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi yonida ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish taklifini ilgari surgan edi. Keyinchalik davlatimiz rahbari ushbu markaz loyihasi va qurilishi bilan bir necha bor tanishdi, muhim tavsiyalar berdi. Bugungi kunda qurilish va pardozlash ishlari nihoyasiga yetkazildi.
Shavkat Mirziyoyev ushbu markazda yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi.
Markaz Imom Buxoriy va boshqa mutafakkir allomalarimizning bebaho ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganish, ular yaratgan asarlarning ilmiy-izohli tarjima va qiyosiy matnlarini nashr etish, mamlakatimiz va xorijiy davlatlardagi kutubxonalar, arxiv fondlarida saqlanayotgan qoʻlyozmalarning elektron nusxalarini toʻplash, ularni xalqimiz va jahon jamoatchiligiga yetkazish bilan shugʻullanadi. Bu yerda ajdodlarimizning boy merosini alohida-alohida oʻrganish, yetuk mutaxassislar tayyorlash uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Markazning birinchi qavatida muzey tashkil etilgan. Unda Imom Buxoriyning hayoti, ilmiy safarlari aks etgan. Muzey markaziga "Sahihi Buxoriy" kitobining qadimiy qoʻlyozma nusxasi qoʻyilgan.
Muzey bilan tanishar ekan, Prezidentimiz bu joy ziyoratchilarga Imom Buxoriy haqida keng tasavvur berishini, bilimini boyitishini taʼkidladi.
Dunyo xaritasida yana bir ilmiy markaz paydo boʻldi. Bu markaz mamlakatimizga ilm, baraka olib keladi. Yoshlarimizga bilim, kuch beradi. Bu yerda oʻqiganlar, ziyoratga kelganlar katta maʼnaviyat, maʼrifat oladi, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Markaz tomonidan oʻtgan vaqt mobaynida buyuk allomalarimiz merosini oʻrganish, keng targʻib qilish, nufuzli xalqaro markazlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Yevropa va Sharq mamlakatlari, dunyodagi yetakchi islom tadqiqot markazlari, universitetlar bilan aloqalar oʻrnatildi. Jumladan, Buyuk Britaniyaning Oksford islom tadqiqotlari markazi, Kembrij universiteti, "Al-Furqon" fondi, Britaniya muzeyi, Fransiyaning Arab dunyosi instituti, Fransiya milliy kutubxonasi va boshqa ilm-fan maskanlari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyildi.
Markaz ilmiy xodimlari tomonidan "Imom Buxoriy taʼrifi", "Alouddin Usmandiy Samarqandiy hayoti va ilmiy merosi", "Lubobul hadis" asari kabi 17 ta kitob nashrga tayyorlandi. Xorijiy mamlakatlarning kutubxona fondlarida saqlanayotgan 535 ta qoʻlyozma va toshbosma asarlarning elektron nusxalari olindi. Markazda saqlanayotgan 1 ming 168 asarning katalogi tayyorlandi.
Davlatimiz rahbari qoʻlyozma kitoblarni avaylab saqlash, tarjima qilib xalqqa yetkazish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Imom Buxoriy ilmiy-tadqiqot markazi bilan birga oliy diniy taʼlim muassasasi – Hadis ilmi maktabi ham bunyod etilgan. Shavkat Mirziyoyev ushbu maktab bilan ham tanishdi.
Hadis ilmi maktabida oʻqish muddati besh yil. Maktabga arab tilini puxta oʻzlashtirgan, hadislarni yod olishga salohiyati boʻlgan oʻrta maxsus diniy taʼlim muassasalarining 10 nafar iqtidorli bitiruvchisi saralab olingan. Maktabda hadisshunoslik fanlari bilan bir qatorda Qurʼoni karim, fiqh, aqida, tafsir, islom tarixi kabi fanlar hamda xorijiy tillardan chuqur bilim beriladi.
Buyuk ajdodlarimiz asos solgan Hadis ilmi maktabi faoliyatini tashkil qilish mamlakatimiz maʼnaviy taraqqiyotining bugungi bosqichida muhim ahamiyat kasb etadi. Tashkil etilgan muassasa oldiga hadis ilmining ilmiy-nazariy asoslarini puxta oʻrganish, xorijiy tillarni chuqur oʻrgatish, mashgʻulotlarni "Ustoz – shogird" anʼanalari asosida tashkil etish, dunyoviy davlatda diniy qadriyatlarni asrab-avaylash, hadis ilmi ulamolari asarlarining ilmiy-izohli tarjima va qiyosiy matnlarini tayyorlash, oʻzbek va xorijiy tillarda nashr etish, ilmiy seminarlar, konferensiyalar tashkil etish, eng muhimi, "Jaholatga qarshi – maʼrifat" shiori asosida murosasizlik, ekstremizm va terrorizmning har qanday koʻrinishlariga ilm-maʼrifat, yuksak odob-axloq bilan qarshi turishdek katta vazifalar qoʻyilgan.
Kelajakda Hadis ilmi maktabi bitiruvchilari diniy fanlar, xususan, hadis ilmi sohasida taʼlim berib, diniy tashkilotlarda imom-xatib, ilmiy xodim vazifalarida ishlashi, shuningdek, ilmiy-tadqiqot markazlarida ilmiy xodim sifatida faoliyat olib borishi koʻzda tutilgan. Bitiruvchilar taʼlimni oʻz ixtisosligiga koʻra, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi magistraturasida, tayanch doktorantura va doktorantura bosqichlarida davom ettirishi mumkin.
Prezidentimiz maktabda oʻqitish uslublarini takomillashtirish, xalqaro ilmiy markazlar bilan hamkorlikni rivojlantirish zarurligini taʼkidladi.
Shavkat Mirziyoyev Samarqand tumani Qorasuv massivida qurilayotgan zamonaviy uy-joylarni borib koʻrdi.
Prezidentimiz hududlarga tashrifi chogʻida eng muhim ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar qatori aholi uchun qulay turmush sharoiti yaratish masalasiga alohida eʼtibor qaratadi. Samarqand viloyatida ham keyingi yillarda bu borada salmoqli ishlar qilinmoqda.
Jumladan, Samarqand shahri aholisining uy-joyga ehtiyoji yuqoriligini inobatga olib, 2018 yilgi dasturga qoʻshimcha ravishda koʻp qavatli arzon uylar qurish kiritilgan edi. Shunga muvofiq, Samarqand tumani Qorasuv massividan Samarqand shahri uchun 50 gektarga yaqin yer ajratilib, keng koʻlamli bunyodkorlik-obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.
2018 yilning oʻzida "Oʻzshaharqurilishinvest" injiniring kompaniyasi buyurtmasi asosida jami 1 ming 344 xonadondan iborat 7 qavatli 32 ta arzon uy barpo etildi. Bundan tashqari, "Qishloq qurilish invest" injiniring kompaniyasi tomonidan Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya xizmatchilari va yosh oilalarga moʻljallangan 5 qavatli 12 ta turar joy qurib, foydalanishga topshirildi. Shu bilan birga, hududda xususiy bogʻcha, ichki ishlar boʻlimi binosi, savdo va maishiy xizmat majmuasi, "Registon" supermarketi qurib bitkazildi. 540 oʻrinli maktab qurilishi yakunlanmoqda.
Shu tariqa bu yerda qisqa fursatda zamonaviy massiv qad rostladi. Yangi uylarda odamlarning hayotdan rozi boʻlib yashashi uchun barcha qulayliklar eʼtiborga olingan. Har bir xonadon individual isitish qozonlari bilan taʼminlangan. Uylar oldida bolalar oʻyin maydonchalari barpo etilgan.
Davlatimiz rahbari Jasur Tursunqulov va Jamshid Kattaqulovlar oilalari koʻchib oʻtgan xonadonlarni kirib koʻrdi, uy sohiblari bilan suhbatlashdi.
Shu yerda Qorasuv massivida 2019 yilda foydalanishga topshiriladigan uylar, jumladan, "Agromir bildings" kompaniyasi tomonidan Turkiyaning zamonaviy texnologiyasi asosida monolit usulida barpo etilayotgan 16 qavatli turar joylar, kommunal soha infratuzilma obyektlarining loyiha koʻrinishidagi taqdimotlari oʻtkazildi.
Yangi massivda "Oʻzshaharqurilishinvest" injiniring kompaniyasi tomonidan 12 ta, "Qishloq qurilish invest" injiniring kompaniyasi tomonidan 7 ta uy qurilishi jadal olib borilmoqda.
Prezidentimiz turar joylar qurilishining odamlar hayotidagi, hudud infratuzilmasidagi ahamiyati haqida toʻxtaldi.
Samarqand turizm markazi boʻlishi kerak. Shuning uchun bu yerda koʻp qavatli uylar qurilishini koʻpaytiramiz. Shaharda eng zamonaviy talablarga javob beradigan uylar qurib, aholini taʼminlaymiz. Uylarni qurishdan oldin uning egasi, qaysi qavatda, necha xonali uyda yashashigacha aniq boʻlishi lozim, dedi davlatimiz rahbari.
Samarqand seysmik jihatdan qulay hududda joylashgani bois kelajakda Kattaqoʻrgʻon, Urgut, Paxtachi, Narpay, Qoʻshrabot tumanlari markazlarida ham koʻp qavatli uylar qurilishi zarurligi taʼkidlandi.
Mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, jumladan, yogʻ-moy mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish, tarmoq korxonalarida zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Toyloq tumanidagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, oʻsimlik yogʻi ishlab chiqarish va qadoqlashga ixtisoslashtirilgan "Pet Agro Oil" qoʻshma korxonasi 2017 yilda Shimoliy Irlandiyaning "Nortec Estate LLP" kompaniyasi hamda Oʻzbekistonning "Tony Green" firmasi tomonidan tashkil etilgan.
Ayni paytda korxona faoliyatini kengaytirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Italiya, Avstriya, Turkiya, Shveysariya, Hindiston, Bolgariya va Xitoydan 7 million dollarga zamonaviy texnologiyalar keltirib oʻrnatildi.
Korxona toʻliq quvvat bilan ish boshlagach, 800 kishining bandligi taʼminlanadi. Kuniga 350 tonna oʻsimlik yogʻi, 3 ming tonna tomat pastasi, 2 ming 500 tonna olma konsentrati ishlab chiqariladi.
Shu yerda Samarqand viloyatiga biriktirilgan Oʻzbekiston Respublikasining Turkiya, Xitoy va Ispaniya davlatlaridagi elchixonalari hamda Afina shahridagi Bosh konsulligi koʻmagida amalga oshiriladigan loyihalar, viloyatda intensiv bogʻlar, paxta-toʻqimachilik klasterlari tashkil etish, suv tejaydigan texnologiyalar, parrandachilikni rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish ishlari taqdimotlari oʻtkazildi.
Davlatimiz rahbariga Xitoyning "Henan Wanbang Selected Supply Chain Management Co.LTD" kompaniyasi tomonidan chorvachilik klasteri qurish loyihasi, Bulungʻur, Jomboy va Payariq tumanlarida chorvachilik klasteriga tanlangan yer maydonlari, aholi tomorqasidan samarali foydalanish va "Tomorqa xizmati" MCHJ faoliyatini kengaytirish vazifalari haqida maʼlumot berildi.
Samarqand tumanidagi "Afrosiyob Parranda" MCHJ Samarqand, Toshkent, Andijon va Surxondaryo viloyatlarida omixta yem hamda premiks ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishni rejalashtirgan. Surxondaryoda 2019 yilning toʻrtinchi choragida 6,6 million yevro evaziga yiliga 50 ming tonna omixta yem tayyorlaydigan korxona barpo etiladi.
Prezidentimiz Turkiyadagi elchixona tomonidan qishloq xoʻjaligi uchun dori vositalari va oʻgʻitlar, tomchilatib sugʻorish uskunalari, traktor, polipropilendan ip-kalava, sendvich panel ishlab chiqarish, Samarqand shahrida 130 oʻrinli mehmonxona qurish loyihalari bilan tanishdi.
Ispaniya qirolligidagi elchixona viloyatda zamonaviy qurilish materiallari, issiqxona qurish uchun asbob-uskunalar ishlab chiqarish, paxta uchun tomchilatib sugʻorish tizimini joriy etish hamda qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻini tayyorlash zavodi qurish loyihalarini amalga oshiradi.
Shavkat Mirziyoyev ushbu loyihalarning asosi, samaradorligi bilan qiziqdi. Ular yuzasidan tegishli koʻrsatmalar berib, xorijiy tajribani oʻrganish, kerak boʻlsa, chet eldan konsultantlar jalb etish zarurligini taʼkidladi.
Samarqand viloyatida 37 ming gektardan ziyod lalmi yer maydonlaridan foydalanilmayotgani, ularni ishga solib, aholini ish va arzon mahsulotlar bilan taʼminlash mumkinligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari Samarqand shahrining Universitet xiyobonida qurilayotgan Konfutsiy maydonida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Konfutsiy eramizdan oldingi 551 yilda tugʻilgan. Xitoy madaniyati asoslarining yaratilish davrini boshlab bergan. Konfutsiy taʼlimoti asoschisi, siyosiy arbob sifatida tanilgan.
2014 yilda Shanxay xorijiy tillar universiteti va Samarqand davlat chet tillar instituti oʻrtasida imzolangan oʻzaro hamkorlik shartnomasiga muvofiq, chet tillar instituti qoshida Konfutsiy instituti tashkil etilgan edi.
Prezidentimizning avvalgi tashrifi chogʻida berilgan topshiriqlarga muvofiq, Samarqand davlat universiteti yonida buyuk mutafakkir Konfutsiy haykali oʻrnatildi. Haykal atrofidagi maydonda qadimgi Xitoy anʼanalariga xos ayvonlar barpo etildi.
Samarqand davlat universitetiga qarashli 9 qavatli oʻquv va maʼmuriy binoda qurilish ishlari amalga oshirilib, uning har bir qavati rivojlangan mamlakatlarning nufuzli oliy taʼlim muassasalari andozalariga moslashtirildi.
Bu yerda xalqaro taʼlim dasturlari markazi tashkil etilmoqda. Unda Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Hindiston va Yevropa Ittifoqi davlatlari universitetlaridagi eng yaxshi tajribalar oʻrganiladi. Mamlakatimiz tarmoqlari uchun zarur malakali mutaxassislar tayyorlanadi. Talabalar ikki yil ushbu markazda taʼlim olsa, keyin xorijda oʻqishni davom ettiradi.
Prezidentimiz markaz loyihasi bilan tanishib, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Shu yerda Samarqandda turizmni rivojlantirish, kongress-xoll va mehmonxonalar qurishga oid va boshqa loyihalar namoyish etildi.
Oʻn toʻrt gektardan ziyod maydonda bunyod etiladigan kongress-xollda yirik xalqaro anjumanlar oʻtkazish uchun barcha sharoit yaratiladi. Uning atrofida besh yulduzli ikkita zamonaviy mehmonxona, biznes markazlar va boshqa obyektlar quriladi.
Bugungi kunda Samarqand viloyatida 540 dan ziyod turistik obyekt, 119 ta mehmonxona, 23 ta uy mehmonxona, 127 ta turoperator faoliyat koʻrsatmoqda. Oʻtgan yili viloyatga 2 million 400 mingdan ziyod mahalliy va xorijlik sayyoh tashrif buyurgan. Ayni paytda viloyat turizm salohiyatini yanada rivojlantirish boʻyicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Indoneziyaning "Sahid group" kompaniyasi bilan hamkorlikda ikkita zamonaviy mehmonxona qurilmoqda. Urgut, Samarqand, Nurobod kabi qator tumanlarda yangi turistik marshrutlar tashkil etish ishlari boshlangan.
Davlatimiz rahbariga turizmni rivojlantirish boʻyicha "Smart Chain" kompaniyasi tomonidan "Nazzar" innovatsion ilovasi haqida maʼlumot berildi. Ushbu innovatsion ilova istalgan materialni toʻldirilgan voqelik elementlari bilan boyitishi mumkin. Smartfon "Nazzar" belgisiga yoʻnaltirilsa, mobil qurilma ekranida real obyektning tasviri chiqib, u turli effektlar bilan toʻldiriladi.
"Smart Chain" kompaniyasi mutaxassislari taklif etayotgan innovatsion ilovalar orqali mamlakatimizning sayyohlik salohiyatini keng targʻib qilish hamda tarixiy obidalar va muzeylarni yoshlar oʻrtasida yanada ommalashtirish mumkin. Ushbu kartochkalarga smartfonni yaqinlashtirish orqali tarixiy obyektlarni "gavdalantirish", lavha fonida audiomatnni eshitish yoki uni 3D realligida tomosha qilish imkoniyati mavjud. Prezident mamlakatimiz turizm salohiyatini yanada rivojlantrish uchun, avvalo, malakali mutaxassislar tayyorlash zarurligini qayd etdi. Mutasaddilarga turizm rivojlangan mamlakatlar tajribasini oʻrganish, Samarqanddagi "Ipak yoʻli" turizm xalqaro universiteti faoliyatini yanada kuchaytirish boʻyicha topshiriqlar berdi.
Shu kuni Samarqand shahrida xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boʻlib oʻtdi.
Sessiyada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yurtimiz ravnaqi yoʻlida fidokorona mehnat qilayotgan Samarqand ahliga chuqur hurmatini bildirib, iqtisodiy-ijtimoiy sohalarni rivojlantirish, xalqimiz hayotini yaxshilash boʻyicha viloyatda ham koʻp ishlar qilinayotganini taʼkidladi.
Jumladan, "Obod qishloq", "Obod mahalla" dasturlari doirasida 29 ta qishloq, 4 ta mahallada qariyb 200 milliard soʻmlik qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgan. Oʻtgan yili 1 ming 500 kvartirali 36 ta koʻp qavatli uy, 2 ming 349 ta arzon uy-joy barpo etilib, egalariga topshirilgan. 60 ga yaqin davlat bolalar bogʻchasi qurilib, 356 ta xususiy maktabgacha taʼlim muassasasi tashkil etilgan. Sogʻliqni saqlash, xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, kommunal tarmoqlarni rekonstruksiya qilish boʻyicha ham aniq manzilli ishlar bajarilgan.
Davlatimiz rahbari Germaniyaning yetakchi universitetlari bilan hamkorlik oʻrnatib, Samarqandda "raqamli iqtisodiyot" uchun kadrlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrsatma berdi.
Sessiyada tashkiliy masala koʻrildi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning tavsiyasiga binoan Samarqand viloyati hokimi vazifasini vaqtincha bajarib kelayotgan Erkinjon Turdimov Samarqand viloyatining hokimi etib tasdiqlandi.
Soʻzga chiqqanlar Prezidentimiz tomonidan Samarqand viloyatini jadal rivojlantirish boʻyicha belgilab berilgan vazifalarni bajarish yoʻlida bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etishini taʼkidladilar.
Viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish, investitsiya jarayonini faollashtirib, yangi korxonalar qurish va ish oʻrinlarini koʻpaytirish eng muhim va ustuvor yoʻnalish hisoblanadi. Oʻtgan yili viloyatda 448 ta obyekt ishga tushirilgan. Lekin Samarqanddek katta salohiyatga ega hudud uchun bu yetarli emas, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu maqsadda 2019-2020 yillarda amalga oshiriladigan 968 ta investitsiya loyihasi shakllantirilgani, xorijiy davlatlar bilan hamkorlikda yirik sanoat korxonalari tashkil etilishi maʼlum qilindi.
Samarqandning turizm salohiyatidan foydalanish, qishloq xoʻjaligini diversifikatsiya qilish, tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Shu bilan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Samarqand viloyatiga tashrifi yakunlandi.