Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Oqsaroyda qabul 3

8397 16-Iyul, 2015 Chop etish Yuklab olish (PDF 22 Kb)


O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 15-iyul kuni Oqsaroyda Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovni qabul qildi.

O'zbekiston bilan Rossiya o'rtasidagi munosabatlar mustahkam strategik sheriklikka asoslangan bo'lib, o'zaro hamkorlikning deyarli barcha yo'nalishlari bo'yicha izchil rivojlanib bormoqda.

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, O'zbekiston mazkur uchrashuvni o'zaro manfaatli keng ko'lamli masalalar yuzasidan fikr almashish imkonini berayotgan doimiy siyosiy muloqotlarning davomi, deb bilishini ta'kidladi.

O'zbekiston va Rossiya Prezidentlarining 10-iyul kuni Ufa shahrida bo'lib o'tgan muzokaralari o'zaro munosabatlar rivojida muhim voqea bo'lgani qayd etildi. Oliy darajadagi uchrashuvlar chog'ida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi alohida ahamiyatga ega.

O'zbekiston va Rossiya hamkorligidan ikki mamlakat ham birday manfaatdor. Iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish, shubhasiz, ko'pqirrali o'zaro muloqotni yanada rivojlantirishning ustuvor yo'nalishlari hisoblanadi. Rossiya O'zbekistonning yirik savdo sheriklaridan biridir.

Suhbat chog'ida dolzarb xalqaro muammolar, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik masalalari ham ko'rib chiqildi.

O'zbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotining Ufa shahrida o'tgan sammiti yakunlarini yuksak baholaydi. ShHTga navbatdagi muddatga raislik qiladigan O'zbekiston mazkur tashkilotga a'zo barcha davlatlar manfaatlariga mos keladigan ko'p tomonlama hamkorlikni izchil rivojlantiradi va mustahkamlaydi.

Sergey Lavrov O'zbekiston Prezidenti Islom Karimovga samimiy qabul va o'zaro hamkorlikning dolzarb masalalari hamda mintaqaviy muammolarni atroflicha muhokama etish imkoniyati yaratilgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali