"O'zavtoyo'l" DAK boshqaruvining 2015 yil 9 oylik yakunlari bo'yicha yig'ilishi
2015 yilning 22 oktyabr kuni kompaniya boshqaruvining 2015 yil 9 oylik yakunlari
bo'yicha kengaytirilgan yig'ilishi bo'lib o'tdi. Yig'ilishda kompaniya tizimidagi
hududiy bo'linmalar, sohaviy korxona va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi. Yig'ilishni
boshqaruv raisi A.Abduvaliev olib bordi.
Yig'ilishda O'zbekiston Respublikasi
Prezidenti I.Karimov tomonidan 2015 yilning 16 yanvarida, Vazirlar Mahkamasining
yil yakunlariga bag'ishlab o'tkazilgan yig'ilishida belgilab berilgan – O'zbekistonning
iqtisodiy rivojlanish dasturidagi ustuvor yo'nalishlarning kompaniyadagi ijrosi
muhokama qilindi. Shuningdek, joriy yilning 9 oyida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy
rivojlantirish yakunlariga qaratilgan, 2015 yil 19 oktyabrda bo'lib o'tgan Vazirlar
Mahkamasi yig'ilishida ko'tarilgan masalalar ham diqqat markazida bo'ldi.
Yig'ilishda ta'kidlanganidek, 2015 yilning 9 oyi davomida umumiy foydalanuvdagi avtomobil yo'llarida tizim korxonalari tomonidan jami 1038,8 mlrd. so'mlik yo'l qurilish, ta'mirlash va saqlash ishlari bajarilgan bo'lib, bu o'tgan 2014 yilning shu davriga nisbatan 132,4% ni tashkil etadi.
Investitsiya dasturiga muvofiq
2015 yilda 141,6 km uzunlikdagi umumiy foydalanuvda bo'lgan avtomobil yo'llarini
qurish va rekonstruktsiya qilish ishlari belgilangan. Tuzilgan shartnoma va tasdiqlangan
rejaga muvofiq I yarim yillik yakunlari bo'yicha 375,6 mlrd. so'mlik yo'l ishlari
bajarilib, 93,7 km uzunlikdagi avtomobil yo'llari rekonstruktsiya qilindi.
Xalqaro, davlat va mahalliy ahamiyatdagi
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo'llarida hamda shahar ko'chalarida "O'zavtoyo'l"
kompaniyasi korxona va tashkilotlari tomonidan yo'llarni mukammal ta'mirlashda 135,6
mlrd. so'mlik ishlar amalga oshirilib, 63,3 km uzunlikdagi umumiy foydalanuvdagi
avtomobil yo'llari ta'mirlandi.
42654 km uzunlikdagi umumiy foydalanishdagi
avtomobil yo'llarini saqlash va joriy ta'mirlash ishlari bo'yicha 2015 yilning 9
oyida 431,7 mlrd. so'mlik mablag'lar o'zlashtirildi.
Hisobot davri mobaynida tizim korxona va tashkilotlarida 205 ta yangi ish o'rinlari yaratildi.
Yig'ilish davomida tizimdagi korxonalar
tomonidan ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini
joriy etish, ijro intizomiga qat'iy rioya etish kabi masalalarga tanqidiy yondashilib,
muammolarni ijobiy hal etish yo'llari muhokama qilindi.
Boshqaruv yig'ilishi yakunida kun
tartibdagi ko'rilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
"O'zavtoyo'l" DAK matbuot xizmati