"O'zavtoyo'l" qo'mitasi raisi: "YTHlar yo'llarning torligidan emas, harakat noto'g'ri tashkil etilgani oqibatida yuz bermoqda"
Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov O'zbekiston hukumati va Senatidan uzunligi 75 kilometr bo'lgan ikki polosali "Pungan—Namangan" yo'lini rekonstruksiya qilish va kengaytirish loyihasini qayta ko'rib chiqishni so'radi, deya xabar bermoqda "daryo.uz".
Xayrullo Bozorov 12-oktabr kuni Senatning 23-yalpi majlisidagi chiqishida Osiyo taraqqiyot banki (OTB) 2013-yili Milliy avtomagistralning Namangan viloyatidan o'tgan qismi — "Toshkent—O'sh" (A-373) trassasining bir bo'lagini qurish uchun O'zbekistonga 220 million dollar miqdorida kredit taqdim etganini eslatib o'tdi.
Loyiha bo'yicha asfalt qoplamali ikki polosali yo'l sement-beton qoplamali to'rt harakatlanish bo'lagidan iborat yo'lga aylantirilishi kerak edi.
"Namanganga olib boradigan bitta asosiy yo'l bor. Bu dovondan tushgandan so'ng keladigan, uzunligi 75 kilometr bo'lgan 'Sadoqat—Angor' yo'li. Afsuski, mana shu asosiy yo'l ikki polosaligicha qolib ketdi. Yil sayin avtomobillar soni ortmoqda va yo'l ikki polosaliligicha qolgani bois, odamlar qurbon bo'layotgan avariyalar soni yildan yilga ko'paymoqda. Bu yo'l nafaqat Namangan shahri va Namangan viloyatini, balki Farg'ona viloyatining chegaradosh tumanlarini ham qolgan hududlar bilan bog'laydi", — deya ta'kidladi hokim.
Viloyat hokimining so'zlariga ko'ra, 2016-yili mazkur yo'lda transport oqimi sutkasiga 15—20 ming avtomobilni tashkil etgan bo'lsa, 2017-yilda ko'rsatkich 20—25 minggacha, 2018-yilda esa 30 minggacha ko'paygan, vaholanki yo'l kuniga 10—15 ming mashinani o'tkazish quvvatiga ega.
"Bugungi kunda bu yo'l bo'ylab ikki barobar ko'p mashina o'tyapti. Oqibatda 2019 yilning dastlabki to'qqiz oyida 33 ta YTH yuz berib, 19 kishi halok bo'ldi, 42 kishi tan jarohati oldi", — deya ma'lum qildi Xayrullo Bozorov.
Hokim ushbu yo'lni rekonstruksiya qilish va kengaytirish 2015—2019-yillarda yo'l-transport infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritilganini eslatib o'tdi. Loyihani amalga oshirish uchun Jahon banki mablag'larini jalb etish ko'zda tutilgan edi.
"Uch yil avval yo'l kengaytirilishi munosabati bilan buzilgan uy-joy va fermer xo'jaliklari mulkining o'rnini qoplab berish uchun 11 milliard so'm ajratilgan edi. Kimlargadir yetkazilgan zarar puli to'lab ham berilgan, 220 xo'jalik boshqa joyga ko'chirilgan, bog'lar buzilgan, tabiatga zarar yetkazilgan. Biz barcha sharoitni tayyorlab qo'ygandik. Ammo loyiha to'xtab qoldi. O'shanda yana LBMA (Prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi) paydo bo'lib, loyiha maqsadga muvofiq emasligi haqida asossiz xulosa chiqarib berdi", — dedi u.
Bunga javoban Avtomobil yo'llari qo'mitasi rasisi Abdurahmon Abduvaliyev loyiha 2016-yilda to'xtatilgani, shunga qaramay yo'l qoplamasini ta'mirlash uchun 100 ming tonna asfalt ishlatilganini ma'lum qildi. Uning so'zlariga ko'ra, takroriy muzokaralar vaqtida OTB vakillari yo'lning bu qismi kengaytirishga muhtoj emasligini ta'kidlagan.
"Harakatni tartibga keltiring — shunda avariyalar ham bo'lmaydi", — dedi Abdurahmon Abduvaliyev, OTBning transport bo'yicha katta mutaxassisi Pavan Karkining so'zlaridan iqtibos keltirib.
Qo'mita raisi YTHlar yo'lning torligidan emas, balki harakatning noto'g'ri tashkil etilgani oqibatida yuz berayotganini ta'kidlab, so'zlariga dalil sifatida Germaniya tajribasini keltirdi.
"Mana, hammamiz chet elda bo'lganmiz. Masalan, Germaniyada 37 million avtomobil bor, bizda esa 2,5 million. U yerda bir tomonlama harakatga mo'ljallangan uch polosali yoki ikki tomonlama harakatga mo'ljallangan olti polosali yo'llar yo'q. Eng yirik avtobanlarda polosalar soni ikkitadan to'rttagacha, xohlasang, soatiga 300 kilometr tezlikda harakatlanish mumkin. Sababi — yo'l harakati xavfsizligi mas'ul tashkilotlar tomonidan to'g'ri tashkil etilgan. Bizda haydovchilar tunda uxlamay mashina haydaydi va qarama-qarshi qatnov qismiga chiqib, boshqa avtomobillar bilan to'qnashadi", — dedi qo'mita raisi Abdurahmon Abduvaliyev.
Shunga qaramay, Abdurahmon Abduvaliyev u rahbarlik qilayotgan qo'mita yaqin vaqt ichida ushbu loyihani boshqa vazirliklar bilan birgalikda yana bir bor o'rganib chiqishiga va'da berdi.