Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

O'zbegimning yo'llari

18754 8-Iyul, 2016 Chop etish Yuklab olish (PDF 921 Kb)


O'zbegimning yo'llari: kecha, bugun, ertaga
yoxud
 Otabekning armoni 

 Oramizda o'zbek romanchiligi asoschisi Abdulla Qodiriyning mashhur "O'tkan kunlar" asarini o'qimagan, Otabekning sevgisiga havas qilib, Kumushning taqdiriga achinmaganlar bo'lmasa kerak. Muhabbat uchun vaqtu-masofa muhim emas deganlaridek, xurjunini otining egariga osib, jazirama yozu, izg'irin ayozda Toshkentu Marg'ilon orasida qatnayverib, charchamagan Otabekka rahmi kelganlar ham yetarli bo'lgandir. Axir yo'l azobi, go'r azobi deb bejizga aytilmaganku?...


Zamonaviy talqin

Endi bir o'ylab ko'ring, Otabek XXI asrda, shu mustaqillik zamonida yashaganida ahvol qanday kechardi? Tabiiyki tabiatan xushxulq va tadbirkor Otabekning shaxsiy avtoulovi bo'lardi. Prezidentimiz, o'z ma'ruzalaridan birida ta'kidlaganidek, "bugungi kunda deyarli har ikki oiladan biri shaxsiy transport vositasiga ega va bu mashinalar aynan yurtimizda ishlab chiqarilgani barchamizga mamnuniyat va g'urur bag'ishlaydi". Qolaversa, mamlakatimizda yuk va yo'lovchi tashishda avtotransport hissasi 90 foizdan oshig'roqni tashkil etadi. Shunday ekan, qahramonimiz - Otabekning uzoq yo'ldan tezda horiydigan oti o'rniga zamonaviy Kaptivami yoki juda bo'lmaganda, bir Lasettisi bo'lishi tabiiy hol, nazarimizda. Endi tartib bo'yicha mashinalarimiz ta'rifini ko'klarga ko'tarishimiz kerak edi. Lekin biz undan-da muhim bir jihatga e'tiboringizni qaratishni istadik. Otabekning oti yo'rg'alagan yo'llar esingizdami? Ko'z oldingizda o'nqir-cho'nqir, past-balandliklardan iborat so'qmoq yo'l gavdalangan bo'lsa, ajab emas. Uzoq, chang-to'zonli, ustiga ustak kimsasiz yo'llar... Ushbu yo'l azobidan cho'chish hissi, yo'lning o'zi tugul, taraddudiyu xavotiri qancha vaqt va kuch talab qilishini bir eslab ko'ring-a? Aslida insoniyatning rivojlanishiga ham turmush tarzini yaxshilash zarurati, qulaylikka intilish turtki bo'lgan desak, mubolag'a qilmagan bo'lamiz. Shunday ekan olis manzillarni yaqinlashtirib berayotgan yo'l qurilishi sohasidagi bunyodkorlikni amalga oshirayotgan yo'lchilarimiz sha'niga qancha maqtovlarni aytsak shuncha kam.


Kecha...

Otabeklar yashab, Qodiriylar ijod qilgan davrni qo'ya turaylikda, shu yaqin o'tmishga bir nazar solaylik. Ko'p emas, bundan bor-yo'g'i chorak asr avval yo'lovchi yurtimizning olis hududidan, deylik poytaxtga kelgunga qadar tinka-madori qurib, avtobus oynasidan ko'zga tashlanayotgan bir xildagi zerikarli yo'l manzaralaridan ko'ngli xira tortardi. Yo'l atrofidagi infratuzilma, to'g'rirog'i uning mavjud emasligi dillarni xira qilib, bir talay noqulayliklarga sabab bo'lardi. Yo'llarning ravonligiyu, xavfsizligi masalasini gapirmasa ham bo'ladi. 

Sobiq ittifoq davrida yo'l qurish ishlari faqat markaz manfaati ko'zlangan loyihalarga ko'ra amalga oshirilgan va iqtisodchilar tomonidan mamlakatimiz avtomobil yo'llari tarmog'ini samarasiz tarmoqlar qatoriga qo'shib kelingan. Shuning uchun ham avtomobil yo'llarini qurishda, O'zbekistondagi iqlim sharoiti, aholining turmush tarzi masalalari individual tarzda o'rganilmagan.


 Natijada:

havo-haroratining keskin o'zgarishlari yo'llar sifatining pasayishiga (koleya hosil bo'lishi) olib kelgan;  

avtomobil yo'llari qurilishida yo'l bo'yi infratuzilmasini barpo qilish ko'zda tutilmagan (avtomobilga yoqilg'i quyish shaxobchalari, kempinglar va x.k.);

Avtomobil yo'llari tor qilib ya'ni, asosoan 2 tasmalik qilib qurilgan.

Mustaqillikka erishganimizdan so'ng, mamlakatimiz milliy iqtisodiyotida avtomobil yo'llari muhim ahamiyatga ega ekanligini e'tiborga olib, yo'lsozlik sohasida ham ijobiy o'zgarishlar davri boshlandi. Xususan, 1992 yil O'zbekiston Respublikasida MDH davlatlari ichida birinchi bo'lib, "Avtomobil yo'llari to'g'risida"gi qonun qabul qilindi va avtomobil yo'llarini saqlash, qurish va ta'mirlash ishlarini amalga oshirishning qonuniy asosi tartibga solindi.


Bugun...

Mustaqillik yillari davomida O'zbekistonda zamonaviy avtomobil yo'llarini rivojlantirish, jahon talablariga javob bera oladigan yangi yo'llar qurish, kompleks rekonstruktsiya qilish va ta'mirlash borasida keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda. 

Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan mamlakatimizning shimoliy-g'arbiy hududini sharqiy hudud bilan, janubiy hududini shimoliy hudud bilan bog'lab beruvchi zamonaviy talablarga to'la mos keladigan "O'zbek milliy avtomagistrali"ni qurish loyihasi ilgari surildi. Loyiha yagona milliy transport tizimini yaratish, uning negizida avtotransportda yuk tashish hajmlarini ko'paytirish va samaradorligini oshirish, yangi ish joylarini shakllantirish hamda aholining bandligi oshirilishini ta'minlashga xizmat qiladi. O'zbekiston milliy magistrali tarkibiga kiradigan, xalqaro standartlarning yuqori talablariga javob beradigan, zamonaviy tsement-beton va asfalt-beton qoplamalar bilan ta'minlangan to'rt tasmali yo'l uchastkalarini qurish va rekonstruktsiya qilishni kengaytirish, Qamchiq dovonidan o'tadigan avtomobil yo'llarini rekonstruktsiya qilish ushbu loyihaning asosiy vazifalaridandir va bu kabi vazifalar shubhasiz, mamlakatimiz avtomobil yo'llari tizimi rivoji uchun xizmat qiladi.

Bugungi kunda mamlakatimiz avtomobil yo'llari tizimi 184 000 kilometr uzunlikdagi yo'llardan tashkil topgan. O'zbekiston Respublikasining "Avtomobil yo'llari to'g'risida"gi qonuniga muvofiq uzunligi 42 676 km bo'lgan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo'llari maxsus vakolatli organ sifatida "O'zavtoyo'l" kompaniyasi tomonidan saqlanadi. Ta'kidlash o'rinliki, ushbu yo'llarning asosiy qismi mustaqillik yillarida tubdan ta'mirlandi, rekonstruktsiya qilinib, yangidan barpo etildi. Tarix qarichida arzimagan bo'lib tuyuladigan chorak asrlik bu davrda, yo'lsozlik sohasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Biroq, bugungi kunda olib borilayotgan islohotlar ko'lami shu qadar keng-ki, ularning ko'lami sobiq mustabid tuzum davri tugul,  mustaqillikning ilk yillarida yo'lsozlik sohasida amalga oshirilgan ishlar ko'lamidan ham bir necha barorbarga oshiqroqdir.


Xususan: 

Mustaqillikning chorak asrlik davri davomida 4867 km avtomobil yo'llarini qurish va rekonstruktsiya qilish hamda 24854 km ta'mirlash ishlari amalga oshirildi. 

So'nggi 5 yil ichida  yuzlab kilometr tor yo'llar kengaytirildi. Shu davr ichida jami 2224 km umumfoydalanuvdagi avtomobil yo'llarini qurish va rekonstruktsiya qilish amalga oshirilib, 458 km avtomobil yo'llari 2 tasmalikdan 4 tasmalikka o'tkazildi, 87 km avtomobil yo'li yangidan qurildi. Bu ko'rsatkich, 90-yillarga nisbatan 14 barobarni tashkil etadi. 

Respublikamizning qaysi viloyatida bo'lishidan qat'iy nazar, avtomobil yo'llari qurilgan yoki rekonstruktsiya qilingan hududda, xalqaro talablarga javob beradigan yo'l yoqasida shunday yo'lga arzigulik infratuzilma ham barpo etilmoqda. 

Avtomobil yo'llarini qurish sohasida jahon tajribasi va zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanilmoqda. Xususan, Qoraqalpog'iston Respublikasi va Xorazm viloyatida xalqaro ahamiyatdagi A-380 "G'uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu" avtomobil yo'lining 440-490 km, 490-581 km. qismlarini rekonstruktsiya qilish ob'ektlarida yo'l qoplamasi tsementobetondan qurildi. M-39 "Almati-Bishkek-Toshkent-Termiz" avtomobil yo'lining Surxondaryo viloyati hududidan o'tgan 100 kilometrlik qismida qoplama qurish ishlari yangi texnologiyalar qo'llagan holda amalga oshirildi.

"O'zbek milliy avtomagistrali"ni qurish loyihasi doirasida tranzit transport vositalarini yirik shaharlarni aylanib o'tishi orqali yonilg'i-moylash mahsulotlari va vaqtni tejashga, masofalarning qisqarishiga, shaharlar ekologik muhitini yaxshilanishiga erishildi. O'tgan davrda Qo'qon, Buxoro, Kattaqo'rg'on, Guliston, Qarshi kabi yirik shaharlarni aylanib o'tishda 108 km yangi yo'llar barpo etildi. Yirik shaharlarni aylanib o'tishda yangi yo'llarning barpo etilishi tajribasi, 90-yillarda hali amalga tadbiq etilmagan. 

Hozirda butun O'zbekiston bo'yicha yiliga o'rtacha 500 km avtomobil yo'llarini qurish va rekonstruktsiya qilish va 1500-1600 km avtomobil yo'llarini ta'mirlash ishlari bajarilmoqda. Bugungi kunda, avtomobil yo'llarini qurish va rekonstruktsiya qilish ko'rsatkichi, 90-yillarga nisbatan 12 barobarni tashkil etadi. 

"O'zavtoyo'l" AK tizimida bugungi kunga kelib, 23082 nafar ishchi va xodimlar faoliyat yuritadi. 

Qayd etish joizki, yo'l qurilish va ta'mirlash ishlarida bor texnikalarni ta'mirlab, 2013-2015 yillar davomida bir yarim mingga yaqin zamonaviy yo'l qurilish texnikalarini xarid qilindi. Bu esa qurilayotgan yo'llarning sifatini oshirib, qurilish muddatlarini yanada qisqartirishga hamda avtomobil yo'llaridan foydalanish muddatining uzayishiga ijobiy ta'sir ko'rsatmoqda.

Yo'l quruvchilarni "Farhod va Shirin" qissasidagi pahlavon Farhodga o'xshatish mumkin. Tog'ni talqon qilguvchi shahdga ega shunday Farhodlar bugun o'z kuch-g'ayratlarini dunyodagi eng savob ishlardan biri - yo'l qurishga bag'ishlamoqda. Ayniqsa tog' yonbag'ridagi tekis va ravon avtomobil yo'llaridan yurganingizda, bahaybad tog'lar orasida biri yeng shimarib, toshlarni olib tashlayotgan, boshqasi uning o'rnini tekkislayotgan Farhoddek pahlavonlarning  mehnati ko'z oldingizda gavdalanadi. Saodatli insonlar qurgan bu yo'llarning saodatga olib borishida hech shubha yo'qdek go'yo... Otabeklarning Kumushi vasliga tezroq yetishida manzilllarni qalblar kabi yaqinlashtiruvchi shu yo'llar ravonligigina lozimdek...


Ertaga...

Mustaqillik yillarida Respublika rahbariyati tomonidan kommunikatsiya va yo'l-transport infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan qator dasturlar qabul qilinmoqda. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 6 martda qabul qilingan "2015-2019 yillarda muhandislik-kommunikatsiya va yo'l-transport infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish dasturi to'g'risida"gi PQ-2313-sonli qarori ham mamlakatimizdagi yo'l-transport infratuzilmasini rivojlantirish uchun xizmat qiladi. Joriy yilda, O'zbek milliy avtomagistralini modernizatsiya qilish ishlarini yakuniga yetkazish borasida qariyb 513 kilometrga yaqin avtomobil yo'llarini qurish va rekonstruktsiya qilish ishlari amalga oshiriladi, buning uchun 1379,4 mlrd. so'm miqdoridagi investitsiya mablag'lari ajratilishi belgilangan. Qayd etish joiz, bu vazifalar ko'lami 2000 yillarga nisbatan 10 barobarga ko'pdir. 

Yaqin yillarda O'zbekistonning iqtisodiy salohiyatini yanada oshiradigan ulkan milliy avtomagistral foydalanishga topshiriladi. Natijada yo'l-transport tizimida quyidagi ijobiy o'zgarishlar amalga oshadi: 

avtomobil transportining respublika ichida yuk va yo'lovchi tashishini 60-70% ga oshishi;

xalqaro va tranzit avtotashishlarni o'rtacha 45-55% ga ko'payishi;

rivojlangan yo'l atrofi infratuzilmasining barpo etilishi;

avariyalarni va respublika yo'l-transport majmuining atrof muhitga noxush ta'sirini kamaytirish;

mamlakat avtotransport kommunikatsiyalarining yagona, yaxlit va samarali tarmog'ini shakllantirishning navbatdagi bosqichini tugallash. 

Qolaversa, yo'llarning yuqori sifati tufayli vaqt va yoqilg'i tejalishiga erishiladi. "O'tkan kunlar"dagi Otabek bir necha kunu-tunlar davomida bosib o'tgan Toshkent va Marg'ilon o'rtasidagi 350 km masofani bosib o'tish uchun yaqin kelajakda atigi 2,5-3 soatgina vaqt talab qilinadi xolos.


Xulosa o'rnida

Bugun biz axborot asrida yoki mashhur olim Toffler bashoratida aytganidek "uchinchi to'lqin" - postindustrial  jamiyatda yashayapmiz. Bunday jamiyatda barcha qadriyatlar vaqt tushunchasi bilan to'qnashadi, barcha sohalarda tezkorlik tamoyiliga amal qilina boshlaydi va shu jamiyatning har bir a'zosi zamonning bu xususiyati bilan ertami-kechmi, hisoblasha boshlaydi. Qodiriyning "O'tkan kunlar"idagi bosh qahramonning onasi – O'zbek oyimning Yusufbek hojiga ko'z yosh qilishiyu, Kumushdan ginasi zamirida ham uzoq masofa sabab, uni o'g'li – Otabekdan ayirayotgan shu vaqt yotgandek go'yo. Agar "O'tkan kunlar" asaridagi voqealar tasmasi XXI asrda, shu kecha kunduzda ro'y berganida edi, Toshkent va Marg'ilon o'rtasidagi atigi 350 km.ni tashkil etadigan masofa O'zbek oyimning jahliga, Otabekning azoblariyu, Kumushning ayanchli taqdiriga sabab bo'lmasdi, chunki bir necha kunda bosib o'tiladigan uzoq yo'lni atigi bir necha soatda bosib o'tish imkoniyati hijronga yo'l quymas va ularning hayotida Zaynabning paydo bo'lishiga zarurat tug'ilmas edi. Zero, Otabeklar Kumushidan ayrilmasligi, Farhodlar o'z Shiriniga yetishishi uchun yo'llar ravon, masofalar ham qalblar kabi yaqin bo'lishi kerak. 

Minglab Otabeklarni Kumushi visoliga yetkazishiga bel bog'lagan Farhod kabi yo'lchilarning ezgu ishida hamisha zafarlar yor bo'lishini tilaymiz! 

Gulnoza Alimova, "O'zavtoyo'l" AK

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali