Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

"O'zbekiston Mustaqilligiga 25-yil" esdalik nishonini ta'sis etish to'g'risida

11282 1-Iyul, 2016 Chop etish Yuklab olish (PDF 22 Kb)


O'zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni 

Vatanimiz istiqlolining 25-yilligini keng nishonlash munosabati bilan hamda mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, ilmiy, ma'naviy salohiyatini va mudofaa qudratini yuksaltirish, davlatimiz sarhadlarining daxlsizligini ta'minlash, demokratik islohotlarni amalga oshirish, jamiyatimizda hukm surayotgan millatlararo do'stlik va totuvlikni, tinchlik va barqarorlikni asrash, milliy madaniyatimiz va san'atimizni rivojlantirish, sog'lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, yoshlarimizni vatanparvarlik va istiqlol g'oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash ishlariga munosib hissa qo'shgan yurtdoshlarimizni taqdirlash maqsadida: 

1. "O'zbekiston mustaqilligiga 25-yil" esdalik nishoni ta'sis etilsin. 

2. "O'zbekiston mustaqilligiga 25-yil" esdalik nishonining Nizomi va tavsifi 1, 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin. 

3. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (Sh.Mirziyoyev) bir oy muddatda "O'zbekiston mustaqilligiga 25-yil" esdalik nishonlari va ularning guvohnomalarini belgilangan tartibda tayyorlanishini ta'minlasin. 

4. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi D.Nazarmuxamedov zimmasiga yuklansin. 

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov 

Toshkent shahri, 2016-yil 1-iyul 

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 

2016-yil 1-iyuldagi PF-4807-sonli 

Farmoniga 1-ilova

"O'zbekiston mustaqilligiga 25-yil" 

esdalik nishoni to'g'risidagi

NIZOM

1. "O'zbekiston mustaqilligiga 25-yil" esdalik nishoni bilan mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, ilmiy, ma'naviy salohiyatini va mudofaa qudratini yuksaltirish, davlatimiz sarhadlarining daxlsizligini ta'minlash, demokratik islohotlarni amalga oshirish, jamiyatimizda hukm surayotgan millatlararo do'stlik va totuvlikni, tinchlik va barqarorlikni asrash, milliy madaniyatimiz va san'atimizni rivojlantirish, sog'lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, yoshlarimizni vatanparvarlik va istiqlol g'oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash ishlariga munosib hissa qo'shib kelayotgan ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizning barcha sohalari vakillari, mehnat faxriylari, harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamda boshqa shaxslar taqdirlanadi. 

2. "O'zbekiston mustaqilligiga 25-yil" esdalik nishoni bilan O'zbekiston Respublikasi fuqarosi bo'lmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin. 

3. "O'zbekiston mustaqilligiga 25-yil" esdalik nishoni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki uning nomidan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri, O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri, vazirlik, idora va jamoat birlashmalarining respublika organlari rahbarlari, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, shuningdek, bunga vakil qilingan boshqa shaxslar tomonidan tantanali vaziyatda topshiriladi. 

Mukofotlanganlarga esdalik nishoni bilan birga uning guvohnomasi beriladi. 

4. "O'zbekiston mustaqilligiga 25-yil" esdalik nishoni ko'krakning chap tomoniga davlat mukofotlaridan keyin taqiladi. 

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 

2016-yil 1-iyuldagi PF-4807-sonli 

Farmoniga 2-ilova

"O'zbekiston mustaqilligiga 25-yil" esdalik nishonining

TAVSIFI

"O'zbekiston mustaqilligiga 25-yil" esdalik nishoni 0,25 mikron qalinlikdagi oltin bilan qoplangan mis qotishmasidan tayyorlanadi va diametri 34 millimetrli doira shaklida bo'ladi. 

Esdalik nishonining old tomoni markazida quyosh nurlari fonida Mustaqillik maydonida joylashgan Mustaqillik va ezgulik monumentida aks ettirilgan Baxtiyor ona haykali tasvirlangan. Esdalik nishonining aylanasi bo'ylab zarhal hoshiya bilan o'ralgan oq emalli doirada "O'ZBEKISTON MUSTAQILLIGIGA" so'zlari, pastki qismi markazida esa ikkita sakkiz qirrali yulduz oralig'ida "25-YIL" yozuvi aks etgan. Yozuvlar zarhallangan. 

Esdalik nishonining orqa tomonida O'zbekiston Respublikasining Davlat gerbi, pastki qismining markazida "2016" yozuvi tasvirlangan. 

Tasvirlar va yozuvlar qabariqdir. 

Esdalik nishonining old va orqa tomonlarining chetlari qabariq doira bilan o'ralgan. 

Esdalik nishoni ilgakchalar va halqacha yordamida to'g'ri to'rtburchak shaklidagi qadag'ich bilan tutashtirilgan. Qadag'ich O'zbekiston Respublikasining Davlat bayrog'i ranglaridagi, eni 20 millimetrli shoyi lenta bilan qoplangan. 

Qadag'ichning bo'yi – 16 millimetr, eni – 25 millimetr. 

Qadag'ichning orqa tomoniga esdalik nishonini kiyimga taqib qo'yish uchun to'g'nog'ich ko'rinishidagi moslama o'rnatilgan. 


Havola:http://www.uza.uz/uz/documents/o-zbekiston-mustaqilligiga-25-yil-esdalik-nishonini-ta-sis-e-01-07-2016

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali