O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Moskvaga keldi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan 4-aprel kuni davlat tashrifi bilan Moskvaga keldi.
Ikki davlat bayroqlari bilan bezatilgan "Vnukovo-2" aeroportida oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Davlatimiz rahbarini Rossiya Federatsiyasi hukumati a'zolari kutib oldi.
Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin O'zbekiston bilan Rossiya o'rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, ilmiy-texnik, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi o'zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qiladilar, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik muammolar yuzasidan fikr almashadilar.
Mamlakatimiz Prezidentining davlat tashrifi chog'ida ikki davlat Prezidentlarining Qo'shma bayonoti, O'zbekiston bilan Rossiyaning turli sohalardagi hamkorligini yanada rivojlantirishga qaratilgan 50 dan ortiq hujjat imzolanishi mo'ljallangan.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga davlat tashrifiga tayyorgarlik doirasida mamlakatimizning Moskva shahridagi elchixonasida 3-aprel kuni O'zbekiston va Rossiya o'rtasida hujjatlarni imzolash marosimi bo'lib o'tdi. Ikki davlat vakolatli vakillari savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida umumiy qiymati 3,5 milliard AQSh dollaridan ortiq bo'lgan 16 ta ikki tomonlama bitim, shartnoma va boshqa hujjatlarni imzoladi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-aprel kuni Moskva shahridagi "Noma'lum askar" yodgorligiga gul qo'ydi.
Mazkur yodgorlik Ikkinchi jahon urushida halok bo'lgan Vatan himoyachilari xotirasiga bag'ishlab bunyod etilgan.
Shavkat Mirziyoyev tinchlik, ozodlik yo'lida jon fido qilgan vatanparvar insonlar xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
Ma'lumki, shu yilning 3-aprel kuni Sankt-Peterburg shahri metrosida terroristik harakati sodir etilib, insonlar halok bo'ldi. Davlatimiz rahbari ular xotirasini yodga olib, shu yerdagi "Leningrad – qahramon shahar" yodgorligi poyiga gul qo'ydi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi hukumati Raisi Dmitriy Medvedev bilan uchrashdi.
Dmitriy Medvedev Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasiga tashrifidan minnatdor ekanligini bildirdi.
– O'zbekiston Rossiyaning eng ishonchli hamkorlaridan biri, – dedi Dmitriy Medvedev. – Ikki davlat turli sohalarda ishonchli hamkorlik qilib kelmoqda. Sizning tashrifingiz davomida juda katta loyihalar bo'yicha kelishuvlarga erishish ko'zda tutilgan. Men tashrifingiz samarali bo'ladi va ikki do'st davlatning hamkorligida yangi sahifa ochiladi, deb ishonaman.
– Sankt-Peterburgda ro'y bergan mash'um voqea munosabati bilan chuqur hamdardligimni qabul qilgaysiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev. –Terrorizm chegara bilmaydigan xavfdir, shu bois unga qarshi kuchlarni birlashtirgan holda kurashish lozim.
Prezidentimiz ushbu tashrif o'zaro aloqalarni yangi bosqichga ko'tarish, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish uchun qulay imkoniyat ekanligini ta'kidladi.
– Bugungi muloqotlarimiz ko'p sohalardagi hamkorligimizda yangi davrni boshlab berishiga ishonaman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.