O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pekinga keldi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin taklifiga binoan 11-may kuni davlat tashrifi bilan Pekinga keldi.
Ikki davlat bayroqlari bilan bezatilgan "Shoudu" xalqaro aeroportida oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Davlatimiz rahbarini Xitoy Xalq Respublikasining rasmiy shaxslari kutib oldi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni 12-may kuni Butunxitoy xalq vakillari kengashi binosida rasmiy kutib olish marosimi bo'ldi.
O'zbekiston va Xitoy davlat madhiyalari yangradi. Davlat rahbarlari faxriy qorovul safi oldidan o'tdilar.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokidagi muzokaralari bo'lib o'tdi.
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin davlatimiz rahbarini Xitoyga birinchi davlat tashrifi bilan samimiy qutladi.
Siz bilan Pekinda uchrashib turganimdan g'oyat xursandman. Bu yil davlatlarimiz o'rtasidagi diplomatik aloqalar o'rnatilganiga 25-yil to'lgani hamkorligimizning bundan keyin ham jadal rivojlanishiga zamin bo'ladi. 2016-yilda Buxoroda bo'lganimda menga hamrohlik qilganingiz uchun minnatdorman. Bugun barcha sohalarda hamkorligimiz izchil rivojlanayotgani bizni quvontiradi, dedi Si Szinpin.
XXR Raisi Xitoy va O'zbekiston munosabatlari yangi davrga, sifat jihatdan yangi bosqichga qadam qo'yayotganini, bu bosqich yuqori texnologiyalar sohasida keng ko'lamli hamkorlik boshlangani bilan izohlanishini ta'kidladi.
Shavkat Mirziyoyev taklif uchun minnatdorlik bildirdi va bugungi muzokaralar oliy darajadagi muloqotlarning mantiqiy davomi ekanini ta'kidladi.
O'zbekistonning boy tarixi va madaniyatiga hurmat ko'rsatib, 2016-yil Buxoroga borganingiz, ajdodlarimiz qoldirgan boy madaniy merosga katta qiziqish bildirganingizdan xursandmiz. O'zbekiston Xitoyni qadimiy tarix va noyob madaniyat, ulkan salohiyatga ega, jahon iqtisodiyotining yetakchilaridan bo'lgan va o'z maqsadlari yo'lida dadil borayotgan mamlakat sifatida biladi, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Muzokaralarda o'zaro va ko'p tomonlama munosabatlarga oid dolzarb masalalar, jumladan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish xususida atroflicha fikr almashildi.
Xitoy O'zbekistonning hayot sinovidan o'tgan ishonchli hamkoridir. Xalqlarimiz o'rtasidagi munosabatlar Buyuk ipak yo'li tarixi bilan chambarchas bog'langan bo'lib, milliy qadriyat va an'analarimiz jahon madaniyatini rivojlantirishga ulkan hissa qo'shgan, savdo aloqalarimiz dunyo ahliga o'z davrining noyob buyumlarini taqdim etgan. Bugun insoniyatning kundalik ehtiyojlariga aylangan choy, paxta, ipak, qog'oz kabi mahsulotlar ularning bir qismi, xolos.
Kengaytirilgan tarkibdagi muzokarada iqtisodiy va madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Bugungi kunda Xitoy O'zbekiston iqtisodiyotiga eng ko'p investitsiya kiritayotgan davlatlardan biridir. Mamlakatimizda Xitoy kapitali ishtirokidagi 700 dan ziyod kompaniya va korxona faoliyat ko'rsatmoqda. O'tgan yillar davomida xitoylik sarmoyadorlar O'zbekiston iqtisodiyotiga qariyb 7,8 milliard dollar miqdorida investitsiya kiritgan.
2016-yil yakunlari bo'yicha o'zaro savdo aylanmasi hajmi 4,2 milliard dollarni tashkil qildi. Xitoy bozorida O'zbekistonda ishlab chiqarilgan to'qimachilik mahsulotlari, plastmassa buyumlar, qishloq xo'jaligi mahsulotlariga talab oshib borayotir.
Xitoy tomoni O'zbekistondagi iqtisodiy rivojlanish dinamikasi va keng ko'lamli tuzilmaviy yangilanishlarga yuksak baho berdi va yuqori texnologiyalar sohasida, jumladan, sanoat va texnologiya parklari yaratish orqali hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.
Muzokaralar ikki tomonlama munosabatlar izchil rivojlanayotganini hamda ustuvor yo'nalishlar bo'yicha hamkorlikning istiqboli porloq ekanini yorqin namoyon etdi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi doirasida siyosiy va iqtisodiy sohalarda muhim kelishuvlarga erishildi, hamkorlikning istiqbolli yo'nalishlari bo'yicha qator hujjatlar imzolandi.
Ikki davlat rahbarlarining kengaytirilgan tarkibdagi uchrashuvidan so'ng hujjat imzolash marosimi bo'lib o'tdi.
Uchrashuvlarda o'zaro hamkorlikni yangi bosqichga ko'tarish, bunda ikki davlatning mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar bo'yicha pozitsiyasi bir xil yoki o'xshashligi muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Si Szinpin O'zbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi o'rtasidagi Qo'shma bayonotni imzoladilar. Hukumatlararo texnikaviy hamkorlik to'g'risidagi, xalqaro avtomobil qatnovi to'g'risidagi bitimlar, umumta'lim maktablarida ta'lim sifatini oshirish, sog'liqni saqlash sohasini asbob-uskunalar bilan jihozlashga doir loyihalarni moliyalashtirish to'g'risidagi hukumatlararo notalar almashinuvi hamda veterinariya va o'simliklar inspeksiyasi karantini sohasida Anglashuv memorandumi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'eklari o'rtasidagi hamkorlikni rag'barlantirish bo'yicha Anglashuv memorandumi, qishloq xo'jaligi sohasida 2018-2020-yillarga mo'ljallangan idoralararo almashinuv hamkorlik rejasi kabi qator muhim hujjatlar imzolandi.
Erishilgan kelishuvlar O'zbekiston – Xitoy munosabatlarini yanada rivojlantirish va ikki mamlakat xalqlarining farovonligini yuksaltirishga xizmat qilishi alohida qayd etildi.