Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

O'zbekiston Prezidenti Turkiya tashqi ishlar vazirini qabul qildi

7527 27-Aprel, 2017 Chop etish Yuklab olish (PDF 195 Kb)


O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-aprel kuni mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Turkiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho'g'luni qabul qildi. 

O'zbekiston – Turkiya munosabatlari 2016-yilning 17-18-noyabr kunlari Samarqand shahrida o'tgan oliy darajadagi muzokaralarda erishilgan kelishuvlarga muvofiq izchil rivojlanayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. 

O'zaro manfaatli savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish, to'qimachilik, ko'nchilik, kimyo va farmatsevtika sohalari, qurilish materiallari sanoati, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va boshqa yo'nalishlarda, jumladan, "Urgut" erkin iqtisodiy zonasi doirasida yuqori texnologiyali zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish bo'yicha loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi. 


Uchrashuvda mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. 

Mevlut Chavusho'g'lu O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga qabul uchun samimiy minnatdorlik izhor etdi. Davlatimiz rahbariga Turkiya kompaniyalarining mamlakatimizdagi loyihalarini qo'llab-quvvatlayotgani uchun Turkiya rahbariyati nomidan tashakkur bildirdi va keng ko'lamli o'zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanini ta'kidladi. 

O'zA

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali