Oʻzbekiston Prezidenti YEXHT DIIHB Saylovlarni kuzatish missiyasi rahbarini qabul qildi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13-dekabr kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosining (YEXHT DIIHB) Saylovlarni kuzatish boʻyicha missiyasi rahbari Kayetana de Zulueta Outramni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, Oʻzbekiston bilan YEXHT va uning tuzilmalari oʻrtasidagi konstruktiv hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Bugungi kunda tashkilot Bosh kotibi Tomas Gremingerning mamlakatimizga tashrifi yakunida qabul qilingan YEXHT bilan sheriklikni kengaytirish boʻyicha "yoʻl xaritasi" amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekiston tashkilotning Parlament Assambleyasidagi ishtirokini tikladi. YEXHT yurtimizdagi parlament saylovlariga 1999-yildan buyon ilk bor toʻlaqonli missiyani joʻnatdi.
Bugungi uchrashuvda hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari xususida batafsil fikr almashildi, milliy qonunchilikni yanada takomillashtirish, saylov va boshqa sohalarda qoʻshma tadbirlar oʻtkazish masalalari muhokama qilindi.
YEXHT DIIHB Saylovlarni kuzatish boʻyicha missiyasi rahbari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga samimiy qabul hamda mamlakatimiz YEXHT bilan har tomonlama hamkorlik qilishga tayyorligi uchun minnatdorlik bildirdi.
Kayetana de Zulueta Oʻzbekistondagi saylovlar mutlaqo yangi siyosiy muhitda, salmoqli darajada takomillashtirilgan huquqiy normalar asosida oʻtayotgani, shu sababli DIIHB saylov jarayonlarini katta qiziqish bilan kuzatayotganini taʼkidladi.